Hindiston Tibeti

0
872
marta ko‘rilgan.

Sayohat ocherki

Hindiston tibeti deya nom olgan Himolay tog‘lari avvalo tibetliklarning sir-sinoatli hayoti, o‘ziga xos tabiati, tibbiyoti, turmush tarzi va Hindistondagi Himolay tog‘lari nega Hindiston tibeti deb atalayotgani, ukam Sharifboyning u yerga borishni orzu qilib, yeta olmay armon bilan foniy dunyoni tark etgani tufayli u yerga intildim… Shuningdek, tibetltiklarning o‘ziga xos xalqona malhamlari borligi va ular mashhurligi, ularning uzoq yashash sirlari haqida ko‘plab xorijliklarning qiziqarli esdalik kitoblari mavjudligi, uni qisman bir paytlar “Sog‘lom avlod” gazetamiz sahifalarida ham berganligimiz meni u yerga chorladi. Qolaversa, yurtimizning buyuk farzandi, alloma Bobirning “Yurtim qo‘yib Hind sari yuzlandim, Ne yuz qarolik bo‘ldi”, degan satrlari bir qiziqishimga o‘n qiziqish orttirdi.

Panjob viloyatining markazi Amrisar aeroportidan chiqib, biz besh dugona yaponlarning toyota mashinasida yo‘lga tushdik. Tibetga olti soatlik yo‘l ekan, chor – atrofning go‘zalligidan bahra olib, o‘ziga xoslikni kuzatib ketish ham maroqli edi. Yo‘l chekkalaridagi ibodatxonalar ham do‘konlar ham hatto g‘iz-g‘iz o‘tayotgan mashinalar ham rang-barang yorqin ranglar bilan bezatilgan. Bu xalqning yorqin ranglarni xush ko‘rishi yaqqol sezilib turardi. Faqat bir narsa bizning mamlakatga uyg‘unligini sezdim. Yo‘l chekkasidagi daraxtlar xuddi bizdagidek ohaklangan edi. Bizning mamlakatimizda daraxtlar oppoq ohakka yarim metr bo‘yaladi. U go‘zallik baxsh etish bilan birga daraxtni qut-qumurisqadan asraydi deb tushintirishar edi. Bu yerda ham daraxtlar oppoq ohakka ohaklangan. Ularda shakli shamoili biroz boshqacharoq bo‘lib, o‘simlikning tanasi yerdan o‘ttiz sanimetr qoldirilib undan keyin bo‘yalgan va yana shuncha qoldirilib yana ohaklangan bo‘lib, u ham o‘ziga xos go‘zallik baxsh etib turardi. Yo‘llari juda ravon, mashina qilt etmaydi. Haydovchi yo‘l-yo‘lakay maxsus maskanlarda to‘xtab, yo‘l pulini to‘lab ketyapti. Dilbarjon uni ko‘rib “yo‘l puli olinishiga arzir ekan. Bu yo‘llarda mashina haydaging keladi” deb havasi keldi. Yo‘lning ikki chekkasidagi bug‘doyzor-u sholizorlarni, polizlarni kuzatar ekanmiz, dalada ishlab yurgan dehqonni uchratmaymiz.

– Tuprog‘i juda zo‘r hosildor yerlar ekan, shuning uchun maydonlar ko‘p mehnat talab qilinmasa kerak-deydi Dilbarjon.

– Bu xalqni Olloh shu tomondan yorliqogan. Hindistonliklarning aksariyati sug‘orish degan so‘zni tushinishmaydi. Ekib tashlasa bo‘ldi. Tabiatning o‘zi sug‘orib, o‘zi undiradi. – unga javob qiladi qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, Turon akademiyasi akademigi Dilorom Yormatova.

– Bizdagi lalmikan yerlardek ekanda gapga aralashaman.

– Bizdagi lalmikor yerlardan ko‘p hosil ola olmaymiz. Chunki yog‘ingarchilik kam. Bu yerda namgarchilik ko‘p, hosil ham shunga yarasha,-deydi Dilorom opa.

– Bu borada Rossiyaga o‘xshar ekan. Ular ham ekib tashlashadi. Sug‘orish nimaligini bilishmaydi. Hamma mehnat Xorazmda, qishi bilan ekinzor tuprog‘ining sho‘rini yuvishadi. Bahorda o‘toq o‘tashadi, chekanka qilishadi, yozda esa sug‘orish tashvishi qo‘shiladi. – deydi sherigim Dilbarjon.

Inson biror joyga borsa albatta beixtiyor o‘zining qadrdon yurti bilan taqqoslaydi. Shunda o‘z xalqining sabr-toqatli, tashabbuskor, mehnatkash ekanligini yana bir bora anglaydi.

Yo‘llarning ikki chekkasidagi mo‘jazgina ibodatxonalar, mamlakatimizdagi soyabonli bekatlarga o‘xshab ketadi. Faqat ular juda yorqin ranglar bilan bezatilgan. Hatto, sharqirab oqayotgan soylar o‘rtasidagi baland toshlar ustida ham ma’budlarini yasab bezatib qo‘yishibdi.

– Bizda hamma narsa inson uchun, bu yerda hamma narsa ma’budlar uchun ekanda,-deydi beixtiyor suhbatdoshlarimdan biri.

Bu suhbatlarni tinglar ekanman, jahon kezish, turli xalqlar bilan, ularning turmush tarzi bilan tanishish, insonning dunyoqarashini o‘stirishga o‘z yurtining qadrini yanada chuqurroq anglashini his etaman.

Himolay tog‘lariga ko‘tarilgan sari baland-baland archalarning va turli xil gullarning xushbo‘y ifori dilni yayratadi. Olloh bu yerni juda qadrlab to‘rt faslda yam-yashillikni nasib aylagan, go‘zallik bag‘shida qilgan ekan. Aeroportda biz Tibetga boramiz deb yo‘nalish oldik. Aslida Tibet Hitoy davlatida bo‘lib, bu yerlar Himoloy tog‘laridir. Hindiston Tibeti deb atalishiga sabab u yerda chin mamlakatidan ko‘chib kelgan muhojir tibetliklar yashaydi.

Dalay-lama

Lama so‘zi tibetcha bo‘lib “eng ulug‘” ma’nosini anglatadi. Lamaizm Xitoy Tibetida 8-asrda vujudga kelgan. Lamalar buddaviylarning barcha aqidalarini qabul qilganlar. Ular ayni kunda ko‘pchiligi Xitoyda, Hindistonda va Nepalda yashashadi. Tibetda avval oliy ilmiy daraja olgan va ustoz bo‘lishga haqli rohiblar lamalar deb atalgan. Bugungi kunda esa Tibetda va lamaizm tarqalgan boshqa mamlakatlarda rohiblik ahdini qabul qilgan har qanday shaxs lama deyiladi.

Dalay lama esa mo‘g‘ulcha bo‘lib eng ulug‘ ma’nosini anglatadi. Tibetda Dalay-lama rohiblar boshlig‘ining unvonidir. U 1391 yili joriy etilgan. Birinchi Dalay-lama rivoyatlarga ko‘ra 1351 yili tug‘ilgan. Lamaizmga ko‘ra Dalay-lama tirik xudo deb ulug‘lanadi. U vafot etganda, lamalardan tuzilgan maxsus oliy hay’at yangi tug‘ilgan tibetlik chaqoloqlar orasidan ilohiy mohiyatga ega go‘dakni qidirib topadi. U ibodatxonaga joylashtirilib maxsus tarbiyalanadi. Hozir 14–Dalay lama Tenzin Gyatsodir. U Xitoyning Tibetida 1935 yili tug‘ilgan. 1940 yil Dalay-Lama taxtiga o‘tqazish marosimi bo‘lgan. U mantiq, tibet san’ati, budda falsafasi, she’riyat, musiqa, drama madaniyati, munajjimlik, notiqlik ilmini o‘rgangan. U 24 yoshida ilohiyot doktori darajasini olgan. Tibet milliy uyushmasi 1956 yili favquloda sessiyasida diniy va dunyoviy hokimiyatni to‘laligicha egallashni so‘rab, Giyatsoga murojaat qiladi. Shu paytgacha u Xitoy respublikasidagi Tibet avtonom rayoni edi. 1950 yil Xitoy armiyasi Tibetga kirib kelib uni o‘zining tarkibiga rasmiy ravishda qo‘shib olgandi. Xitoy armiyasi bo‘linmalari va Tibetdagi mahalliy aholi o‘rtasida qurolli to‘qnashuv bo‘lganida Giyatso qon to‘kilishini oldini olish uchun yurtidan chiqib ketishga majbur bo‘ladi. U Hindiston rahbari Maxatmi Gandidan boshpana so‘raydi. Ularga Himolayning baland tog‘lari orasidan tibetliklar yashayotgan joylardan maskan ajratishadi. Aslida azaldan ham, masalan, Britaniya armiyasi kirib kelganida ham bu yerda tibetliklar yashagan. Ushbu tibetliklarning markaziy shahri Dharamsala. 14–Dalay lama Tenzin Gyatso hozir ham shu yerda yashaydi. U quvg‘indagi Tibet hukumatining boshlig‘i hisoblanadi. U o‘nlab kitoblar yozgan. U o‘z kitoblarida Tibet madaniyatini, buddizmni, zo‘rlik ishlatmaslikni, tinchlikni, atrof-muhitni ifloslantirmaslikni targ‘ib qiladi. Tinchlikni mustahkamlash yo‘lidagi xizmatlari uchun 1989 yili Nobel mukofotiga sazovor bo‘lgan. Bu yerda tibetliklar uyushmasining yig‘ilishi muntazam o‘tkazilib turiladi. Zero, tibetliklar uyushmasi ham shu yerda joylashgan ekan.

Dunyo ahli orasida tibetliklar Shambula (o‘zga dunyo va o‘lchamga o‘tuvchi darvoza)ni bilishadi degan rivoyatu-haqiqatlar yuradi. Ufologlarning aytishicha, Gitler bilan Stalin kim o‘zarga Tibetga o‘z maxfiy ekspeditsiyalarini jo‘natib uni izlashgan degan versiyalar ham bor.

Dxaramsala

U Hindiston Tibetining markazi. Bu yerda Tibetlik lamalarning qarorgohi, muzeyi va ibodatxonasi mavjud, Muzey oldida “Ozodlik monumenti” o‘rnatilgan. U juda o‘ziga xos tarzda ishlangan bo‘lib, markazida Dalay Lama aks etgan. Atrofida yerdan chiqqan ko‘plab qo‘llar ko‘kka, ozodlikka intilmoqda.

Ibodatxonasining markazida esa bahaybat ma’bud aks ettirilgan bo‘lib, zarhal ranglar bilan ishlangan. Umuman ibodatxonada turli xil jonivoru parrandalar timsollari ko‘p bo‘lib, ular ham zarhal ranglarda tovlanib turadi. Eshigi tagida qo‘ng‘iroqchalar qo‘yilgan, kiruvchilar uni chalib, go‘zal ohanglarni taratib o‘tishadi. U yerga barcha mazhab, millat vakillari kirib tomosho qilishi mumkin. Tog‘lar orasidagi bu mo‘jazgina shaharga yetib kelganimizda, quyosh chiqib charaqlab turgan edi. O‘sha kuni ularning bayrami ekan. Ko‘chalar juda gavjum bu yerda turli xil mazxabdagi turli xil millat vakillarini uchratish mumkin. Bor-yo‘g‘i kichkinagina uchta ko‘chasi bor, biroq unda o‘nlab mehmonxonalar qurilgan. Bu yerda muqim turuvchilarlan ko‘ra sayyohlar ko‘p. Biz tushgan”Sapfir” mehmonxonasiga ko‘chadan bir yo‘lasiga beshinchi qavatiga kirilar ekan… Bizda ko‘chadan birinchi qavatga kirilib so‘ngra tepaga ko‘tarilsa, tibetliklarda, aksincha qavatlar pastga qarab yo‘nalgan. Chunki, barcha binolar tog‘ yon bag‘rilab qurilganda. Mehmonxonaning ayvoni va derazalari o‘rmon tomonga qarab ochiladi. Tong bilan turfa qushlarning sayraqi tovushi xushkayfiyat bag‘shida etib uyg‘otadi. Havoning musaffoligidan, rang-barang qushlarning go‘zalligidan dil yayraydi. Biz uchun qiziq bo‘lgan maymunlar, olmaxonlar darxtlardan daraxtlarga sakrab tomosha ko‘rsatadi. Tepadagi bulutlarga go‘yo qo‘l cho‘zsangiz yetadiganlek. Tabiatning go‘zalligini tomosha qilib tibetliklarning uzoq umr ko‘rishlarining sababini tushinish qiyin emas. Bu yerda insonga jonli tabiat bilan muloqat yetarli edi. Beixtiyor Sharq allamosi Ibn Sinoning agar havoda chang bo‘lmaganida edi, inson ming yil umr ko‘rardi degan, so‘zlari xayolingizdan kechadi. Tibetliklarning odatlari, yashash tarzi o‘ziga xos ekan. Ularning ayolu erkaklari bir xil qizil matodan bo‘lgan ro‘dapoga o‘ranib yurishadi. Erkaku ayolining sochlari tap-taqir olingan. Biz esdalikka ular bilan suratga ham tushdik. Aytishlaricha, ular uylarining tomini ham qizil shifer bilan bostirishar ekan. Uy qurilishiga ham asosan tabiiy narsalarni-yog‘och, g‘isht, granit ishlatishar ekan. Bu yerdagi o‘ziga xoslikni, go‘zal tabiatni ko‘rib dunyo tashvishlarini unitishingiz tabiiy. Himolay tog‘lari Olloh yorliqagan tog‘lar ekan. Tog‘lar bag‘rida o‘zlashtirilgan obod qishloqlar ko‘p bo‘lib, o‘rmonlar quchog‘ida turgandek tuyuladi. Bu yerda ham sigirlar bemalol yuribdi. Birov ularni po‘sht demaydi. Xosiyatxon hazllashadi: – Ra’noxon, sigirxonim bilan ho‘kizboy kelyapti yo‘l bering – deydi va yana qo‘shimcha qiladi. – Qarang, ular juda sokin-osoyishta yuribdiki, do‘stona munosabatni hayvon ham sezadi. Ularning orasida jangarisi ko‘rinmaydi. Odamlar tomonidan bo‘lgan do‘stona munosabat tufayli bo‘lsa kerak biz tomonlardagi bog‘lab boqiladigan mollardan osoyishta, erkin va beozor yurishlari bilan ajralib turadi.

“Uning gaplariga qo‘shilaman, ana shunday beozor tabiiy muhit nafaqat hayvonot olamini balki, insonning ruhiyatinini ham mustahkamlaydi. Ruhiyatiga shikast yetmagan kishining uzoq umr ko‘rishi tabiiy. Holbuki, Sharq allomasi Farobiy ham ruh bilan tan uyg‘unligi, salomatlik, tinchlik garovi ekanligini ta’kidlagan deyman unga

Tibet tibbiyoti

Tibetlik lamalar bemorning peshobini, tili va ko‘zlarini kuzatib, tomirni ushlab ko‘rib tashhis qo‘yishayotganini guvohi bo‘ldik. Bizning xalqimizda ham “rang ko‘r hol so‘r” degan ibora mavjud. Ibn Sino “Tib qonuni”asarida xiltlarga alohida e’tibor berganidek, Tibet tibbiyotida ham xiltlarga alohida e’tibor berilar ekan. Tibet tibbiyotida tashhis qo‘yishning asosi – yel, safro, balg‘am. Bizning allomamiz tibbiyotida bunday xiltlar to‘rt ekanligi ta’kidlanadi: qon, balg‘am, safro, savdo. Mijozlar haqidagi ta’limot ularda ham bor, bizda ham bor. Ularni qiyoslaymiz desak uyg‘un jihatlar ko‘p. Ularning ibodatxonalariga kirsangiz qandaydir bir o‘simlikni tutatib qo‘yishganining guvohi bo‘lasiz. Albatta, bu antikseptik xususiyatga ega bo‘lgan giyoh. Bizda ham isiriqni ko‘p dardga malham sifatida ishlatadi, tutatadi. Shuningdek, uning urug‘i, ildizi ba’zi kasalliklarda malhamligi yoziladi. Eng asosiysi odam qadami yetmagan, inson tovushi bormagan joylardan yig‘ilgan giyohning shifosi kattaligi ta’kidlanadi. Biroq bugungi kunda odam qadami yetmaydigan joylardan giyohlarni yig‘ish mushkil. Tibetda esa ana shu imkoniyat hozircha mavjud. Shuningdek, u malhamlar tabiiy bo‘lib, kimyoviy ishlovlardan yiroqda, bugungi zamonaviy tibbiyot esa shunga intilmoqda. Tansiq narsaga odam hamisha o‘ch bo‘ladi. Xullas, Tibetda ana shu boshqa joylarda ayni kunda kam kuzatilayotgan tabiat bilan muloqat, yerdan quvvat olish imkoniyati mavjudligi bilan o‘ziga xosdir. Butun jahondan kelayotgan sayyohlarga aynan ana shu osoyishtalik ma’qul kelayotgan bo‘lsa ajab emas!

Biz tabiat bag‘ridan bir olam huzur olib, yana Amrisarga qaytar ekanmiz, o‘zimga yoqqan gullarning urug‘ini olishga intildim. Dilorom opa esa qizlari bilan Hindiston Tibetining ko‘chat bozoriga chiqib keldi. O‘zi ishlayotgan universitetda bog‘ bunyod etish rejasi bo‘lib, unga mamlakatimizda bo‘lmagan archa va boshqa daraxtlarning ko‘chatlarini sotib oldi. “Oldingi safar choy ko‘chatini olib ketgan edim. Biroq, uni undira olmadim. Bu safar barcha ko‘chatlarni biroz tuproqi bilan oldim. Zora tutib ketsa”dedi.

– Dilorom opa o‘tkazarmikan?-so‘radim olimadan. Oldingi safar o‘tkazgan edi. Sizning mamlakatingiz qarshilik qilmasa, bizning ishimiz yo‘q deyishdi. Afsuski, aeroportda o‘tkazishmadi, Dehlida maxsus tashkilotning ruxsati bilan olib o‘tishingiz mumkin deb javob berishdi. Olima shunday go‘zal archa ko‘chatlarini olgan edilarki, bunday turlari bizning mamlakatimizda yo‘q. U xuddi palmaga o‘xshash uzun-uzun katta yaproqli edi-yu, biroq ninabargli edi. Xuddi soyabon daraxtga o‘xshardi. Ezgu ish ezguligicha qolib ketganiga afsuslandik. Amrisardan Dehliga qarab yo‘l oldik. Mashina bir tekis uchib ketyapti. Ingliz tilida yozilgan yozuvlarni o‘qib borayotgan edim. Mo‘ltoni deb yozilgan vodiyga ko‘zim tushdi. Samarqandda lo‘lilarni mo‘ltoni deydi. Odamlarini kuzatamiz. Ular bizdagi lo‘li va mo‘ltonilarga o‘xshab ketadi. Qop-qora va ko‘zlari katta-katta. Shuning o‘zi xalqimizning aloqalari, turli mamlakatlarga ko‘chishlar juda qadimiy ekanligini anglatadi.

Boburiylar Hindistonda

Boburiylar saltanati uch yuz yildan ortiq hukmronlik qilgan bu mamlakatni kezib, Mavorounnahrlik alloma, shoir, sarkarda Boburning avlodlari bu yerga juda ulug‘vor yangiliklar olib kirganligining, go‘zal qasrlar qurdirganligining guvohi bo‘ldik. Boburiylar qurdirgan qasrlarning ziyoratiga yuzlab kishilar ko‘rishga mushtoq bo‘lib, chipta olib navbatda turganini kuzatdik. Ulug‘ va ezgu niyatli fazilatli kishilar boqiylikka o‘tib ketganidan keyin ham xalqiga manfaati tegishligining guvohi bo‘ldik. Axir bu mablag‘lar Hindiston byudjetiga borib tushib, mamlakat obodonchiligiga, xalqining farovonligiga xizmat qilayapti.

Dehli

Hindiston hududining kattaligi bo‘yicha jahondagi mamlakatlar orasida yetakchilardan biri… Poytaxti – Dexli. U hind tilida Delhi deb atalar ekan. Ingliz tilida yozilganda ham shunday aks etgan. Hindlar o‘z tilida ham xuddi shunday talaffus etishar ekan.

Mehmonxonadan chiqishimiz bilan riksha haydovchilari o‘rab oladi. Uchta marketga olib boraman. O‘zi yuz rupiylik yo‘l o‘n rupiyga olib boraman deyishadi ular. Yana ba’zilari ruschani o‘rganib olishgan. Nega arzon olib borishadi, so‘rayman avvallari ham hindlar yurtiga kelgan Xosiyatxondan. Biz u yerdan biror narsa sotib olsak, rikshaning bir kunlik benziniga yetadigan pul berishadi. Ularning magazinlar bilan shartnomasi bor deydi u. Bu xalqning tadbirkorligidan ajablanaman. Biz magazinga bormaymiz jome masjidiga borish istagidamiz, deyman unga. “Oldin uchta magazinni ko‘r, undan keyin masjidga tekin olib boraman” deb yana o‘z bilganidan qolmaydi. U ruscha muloqot qilishga intilar, O‘zbekistondan ekanligimizni bilib, o‘zbekcha bir ikki so‘zni ham qo‘shib qo‘yardi. U avvalo, “assalomu alaykum”, so‘ngra “xush kelibsiz” dedi. Toshkent, Samarqand, Xiva, Buxoro so‘zlarini talaffuz qildi.

– Xosiyatxon, shu so‘zlarning hurmati rikshaga o‘tiramiz. Qolaversa, tekin ekan-ku, ko‘rsak ko‘ribmizda uchta magazinni, bahona bilan shahar kezamiz, ular ham biz tufayli foyda ko‘rishsin, savob bo‘lar. – dedim.

Biz yo‘lga tushdik. U yo‘l-yo‘lakay chala – chulpa ruscha, chala – chulpa inglizcha gapirib, hindcha qo‘shiqlar aytib bizni zeriktirmaslikka intilib borar edi. Yo‘l-yo‘lakay onasi musulmon, otasi xind ekanligini bilib oldik. Ularning har biri o‘z diniga sig‘inishar ekan. “Bu borada bizda muammo yo‘q” dedi u bizlarning savolimizga javob qaytarar ekan. Sen qaysi mazhabdasan dedik unga. U men ikkala urf – odatlarni ham bilaman dedi va savolimizga javobni nasiya qilib qo‘ya qoldi. Yoki savolni anglamadi, yoki javob bergisi kelmadi. Olib borgan magazinlaridan ozmi ko‘pmi xarid qildik, sovg‘a – salomlar oldik. Haydovchi ham xursand bo‘lib pulini ishlab oldi. So‘ngra bizni Jome masjidga elitib qo‘ydi. Jome masjidi 16 asrda Boburiylar tomonidan qurilgan bo‘lib, juda ulug‘vor edi. Masjidning ustida yon-atrofida qarg‘alar charx urib uchib yuribdi. “Shaharda kuzatilmagan olaqarg‘alar bu yerda nega juda ko‘p? – so‘rayman haydovchidan.

– Chunki musulmonlar go‘sht yeydi. U faqat shu yerdagina sotiladi. Qarg‘alar uning hidini olib keladi. Chiqindilari shularga tashlanadi. – javob qiladi u.

Masjidga ikki ko‘chaning ikki tomondan kirib kelish mumkin edi. Ikkala eshik oldida diniy kitoblar, tasbeh, turli esdaliklar sotilyapti. Shuningdek, Yevropadan kelgan xorijliklarga o‘ranishi uchun ro‘dapolar berilyapti. Oyoqni yechib o‘tilishi lozimligi belgilangan. Masjidning uch tomonida kichkina hujrachalar mavjud. Bir tomonida ulug‘vor ustunli ayvon bo‘lib, namoz o‘qilishiga mo‘ljallab yerga joynamozning suvratlari chizilgan. Hovli ham nihoyatda keng bo‘lib u yerga ham sholchalar to‘shalib, ustiga bo‘zdan qo‘lbola soyabonlar ham o‘rnatilgan. Bino marmarlar bilan bezatilgan, arxitekturasi milliy qadimiy masjidlarimizni eslatadi. Bu yerdan olti kun muzey sifatida foydalanilsa, bir kun-juma kuni muzey ishlamas musurmonlar namoz o‘qigani kelishar ekan. Zero, Hindistonda turli xil mazhabdagi kishilar yashaydi. Musulmonlik mazhabidagi aholi bu yerda son jihatdan ikkinchi o‘rinda turishadi.

Masjid imomi bizga bir hujrani ochib qadimiy mus’habni ya’ni “Qur’oni karim”ning qadimiy qulyozmasini ko‘rsatdi. Darhaqiqat, pag‘ambarimiz o‘tib ketgandan keyin “Qur’on” turlicha bo‘lib qolmasin deb, sahoba Usmon uni qog‘ozga tushirtirgan va undan bir necha nusxa tayyorlatib musulmon mamlakatlariga jo‘natgan edi. Bu ana shu qadimiy mus’hab edi. Undan keyin payg‘ambarimizning qadam izi tushgan toshni, sahoba Alining sochini, tirnog‘ini ko‘rsatdi. Ularni ko‘rsatgach, yana xonani bekitib qulflab qo‘ydi. Uni muzeylardagidek chiroyli qilib namoyon qilib qo‘ysa, masjid tarixi va islomga oid yangi davr haqidagi ma’lumotlarni, kitoblarni namoyish qilib qo‘ysa bo‘lmas ekanmi deb o‘yladim. Toshkent – Islom madaniyati shahri degan nomni bekorga olmaganligini angladik.

Milliy magazinlar

Ertalab mehmonxonadan chiqib katta ko‘chaga o‘tar ekanmiz yana riksha haydovchilari o‘rab olishdi.

– Uchta marketingga tekin olib boraman.

– No marketing, Humoyun maqbarasiga boramiz. – deyman ularga.

– Uch marketing so‘ngra Humoyun maqbarasi – deydi u ruscha inglizcha aralashtirib.

Biz yo‘lga tushdik. Milliy tikilgan ko‘ylaklar magaziniga kirar ekanmiz, u yerni kuzatib,. barcha narsalar qimmatligini angladik. Bu yer sizlarga ma’qul kelmasa, yonidagi magazinga kiring dedi riksha egasi. Unga kirdik. U boyagi peshayvonli magazindan toza va sovutgichlar ishlab turishi bilan ajralib turarli… Ular sermulozamat bilan kutib olishdi. Choy ichasizmi, kofe ichasizmi deb so‘rab qolishdi. Biz go‘zal narsalarni uzoq tomosha qildik, avvalgi magazindan ancha arzon ekanligini sezdik. Ular ataylab o‘zlari ana shunday magazinlarni yonma yon tashkil vilishar ekan. Aslida ikkalasining ham rahbari bir kishi ekan… Hamma narsa risoladagidek, go‘zal. Shuni sezdimki, bu yerda magazin egalari asosan panjabliklar ekan. Ulug‘vor magazinning ichidan kiraverishda stol-stul qo‘yilgan, rahbari shu yerda o‘tiribdi. Ikkinchi tomonida ko‘rgazmali kiyimlar bari manikenlarda. Magazin xo‘jayinlari panjobliklar-u, xizmatchilar bari hindlar edi. Bir payt qarasam boyagi rahbari taqir yerga yotib oldi. Faqat boshiga nimadir qo‘ydi. Bir hind uning oyog‘ini uqalay boshladi. Hammaning ko‘zi oldidagi bu harakat meni hayron qoldirdi. Boshqalar buni tabiiy qabul qilishar edi. So‘ngra o‘ziga o‘xshagan yana bir sallali panjoblik kelib qoldi. Yonma-yon o‘tirib do‘stona suhbatni boshlashdi. Xizmatkorlar ularga ikkita tabiiy kakos ichimligi olib kelishdi. Demak u doimiy mijozlaridan sheriklaridan biri, aziz, hurmatli mehmoniga ular kakos taklif qilishar ekan.

Tashqariga chiqib men ham qizlarni kakos bilan mehmon qildim. Kuzatib tursam, kakosning yuqori tomonini bolta bilan chopib tashlab biroz kenglikda ochishar ekanda bizda sharbat olganimizda beriladigan karnoycha qo‘shib uzatishar ekan. Birinchi ichishim edi. Kinolarda ko‘p kuzatganman. Harbiy sharoitda undan glyukoza o‘rnida foydalanishganini ko‘rgan edim. Shuning uchun bu menga qiziq tuyuldi. Darhaqiqat ta’mi nardonroq uzum sharbatigaga o‘xshar edi. Lekin, nihoyatda tiniq. Darhaqiqat, bilib ishlatilsa, tabiat ne’matlarining har biri o‘ziga xos davo vositasi degim keladi. So‘ngra Manaj degan yigit bizni bolalar kiyimlari sotiladigan. firmaning omboriga olib bordi. Tor va nihoyatda notoza joylardan o‘tib bordik. U yerga borganda oyoq kiyimni yechib kirish kerak deyishsa, bir tomondan xafa bo‘ldik, bir tomondan xursand. Shunday tor iflos ko‘chalarni ko‘rib kelgandan keyin bu yer albatta saranjom-sarishtadek edi. Oyog‘imizga sarafan o‘rab kirdik. Shunday qo‘shiqdek tikilgan ko‘ylaklar bor edi-ki, bular tikuvchilikda juda ilgarilab ketishibdi, – deyman beixtiyor. Kuzatib turib magazinlari turli tabaqalarga mo‘ljallanganining guvohi bo‘ldik. Manajning mashinasida qaytib kelar ekanmiz yo‘l harakati tig‘izligidan mashinamiz to‘xtab qoldi. U payt kimdir mashinaning derazasini qoqdi. Yuz-qo‘llari kir, kiygan oq kuylagi tanib bo‘lmas darajaga kelgan yetti yoshlar atrofidagi qizcha sadaqa so‘rab turardi. Katta yo‘l ustida qizchaning yurishidan qo‘rqib darrov o‘n rupiy berdim. U ikki qo‘lini juftlab minnatdorchilik bildirdi.

– Bekor berdingiz hozir ikkinchisi keladi, – dedi haydovchi. Darhaqiqat undan xiyol kattarok ozg‘in, qop-qora bola mashinaning atrofida gir aylanib akrobatik mashiqlar ko‘rsata boshladi. U epchillik bilan o‘yinlarini namoyish qilardiki, ora-chira mashqlardan bir dam to‘xtab sadaqa so‘rab qo‘yardi. Xavotirligim yanada oshdi: Katta ko‘chada akrobatika mashqlari-ya! Tezda ketaqolsin deb unga ham o‘n rupiy berdim. Undan keyin altak-daltak yurib uch-to‘rt yoshlardagi qizcha kelib, derazani chertdi. Unga ham berdim. Shu payt yo‘l ochilib mashina siljiy boshladi. Uchalasi ikkala qo‘llarini juftlashtirib, minnatdorchilik bildirib turishardi. Ularga qarab achindim.

Mustaqillikning ilk yillaridanoq, sog‘lom avlod tarbiyasini umumxalq harakatiga, davlat siyosati darajasiga ko‘targan hukumatimizdan minnatdor bo‘lib, go‘zal diyorimiz bilan faxrlanib ketdim.

Shunday ayanchli manzaralar har qadamda uchraydi. Hatto uyi yo‘qlar juda ko‘p. Devor chetlariga choyshab tutib yashayotganlarni, ovqat pishirib tanovul qilayotganlarni, xullas, uysiz-joysiz kishilarni ko‘p kuzatish mumkin. Eng xunugi, ularning atrofida bolalar ham bor.

– Bizda ko‘chada tug‘ilib ko‘chada o‘lib ketadiganlar ko‘p, – izoh beradi shofyor.

Hindiston aholisining ko‘pligi bo‘yicha dunyoda Xitoy Respublikasidan keyin ikkinchi o‘rinda turadi, 2010 yilgi statistik ma’lumotlarga ko‘ra, bu yerda 1 milliard 22 million aholi yashaydi. Odamning yelkasi ikkinchi odamning yelkasiga tegib yuradigan tig‘iz ko‘chalarni ko‘rib, ular ya’ni ko‘chada yashab ko‘chada o‘tib ketadiganlar ro‘yxatda yo‘q odamlar ekanligini anglash qiyin emas. Zero, riksha haydab yurgan yigitlardan biriga vizitkani uzatib shu yerga olib borishni so‘raganimizda, uni o‘qiyotgandek bo‘lib turganini biroq, teskari ushlab turganini ko‘rdim. Undan olib ikkinchisiga berdik. U yonidagini yordamga chaqirdi. U ham o‘qiy olmadi. Shunda bashangroq kiyingan bir kishini to‘xtatib, vizitkani qo‘liga berdik. U riksha haydovchilariga o‘qib berdi. Riksha haydab yurgan kishilarning aksariyati yozuv-chizuvni bilmaydi. Bu manzaralarni kuzatganda, Vatanimiz mustaqqilligidan keyin mamlakatimizda ta’lim – tarbiya va kadrlar tayyorlash siyosati ayni muddao bo‘lganini tushunish qiyin emas.

Ommaviy axborot vositalari

Har kuni ertalab, mehmonxona ma’muriyatining yonidagi taxtachaga ilingan gazetalarni bir varaqlab chiqaman. U gazetalar asosan ingliz tilida. Sarlavhasi va suratlariga qarab so‘z nima haqida ketayotganini anglayman. “Delhi Times”, “The Times of India” gazetalari Dehlida chop etiladi. Shuningdek, Amrisarda ham ingliz tilida gazetalar chiqar edi. U yerdagi mehmonxonalarda “Amritsar Tribune”(Amrisar minbari) “Hindustan times”(Hindiston yangiliklari), “The Tribune”(Minbar) gazetalarini kuzatar edim. Ularning gazetalari bizning “Xalq so‘zi” gazetasining shakliga o‘xshaydi faqat bo‘yi biroz uzunroq eni qisqaroq va deyarli hammasi 32 betdan iborat. Inglizchani yaxshi bilmasamda, kasbim taqozasi bilan unda berilgan Eron haqidagi maqolani anglashga harakat qilayotgan edim. Ma’muriyatchi bizning Eron bilan munosabatlarimiz, ruslar bilan munosabatlarimizdek yaxshi deb qo‘ydi. Gazetalarida reklamalarga nihoyatda ko‘p o‘rin berilgan. Shuningdek, artistlar hayoti ham chetta qolmagan. Har bir sonida kino artistlar, tanish chehralarni uchratish mumkin. Nashrlarida ana shu ikki mavzu doimo mavjud. Biri obunachining diqqatini tortish, ikkinchisi mablag‘ni ko‘paytirish ekanligi ko‘rinib turardi. Hindistonda 21 tilda gapirishishadi, 1682 ta lahja mavjud. Ana shu 21 tilda gazeta chop etiladi. Biroq davlat tili hind va ingliz tilidir.

Bizning xalqimizdan Hindistonda ulug‘vor bunyodkorliklar go‘zal qasrlar, go‘zal bog‘lar meros bo‘lib qolgan bo‘lsa, yuz yil hukmronlik qilgan inglizlardan esa tili davlat tili sifatida meros bo‘lib qolgan edi. Buning afzalligi shuki, sayyohlar asosan shu tilda muloqot qilishadi.

Tojmahal – yetti mo‘jizaning biri

YUNESKO tashkilotining 2007 yilgi e’lon qilgan ro‘yxatiga ko‘ra, Tojmahalni yetti mo‘jizaning biri deb tan oldi. Unga “Hindistondagi musulmonlarning marvaridi, hind me’morchiligining oltin davriga tegishli qasr” deb ta’rif berishdi. Hindiston imperatori, sarkarda shoir Bobur Mirzoning o‘g‘li Humoyunning nevarasi Shohjaxon (Xurramshoh) qurdirgan qasr Dehlidan 60 kilometr uzoqlikdagi Agra shahrida joylashgan. Oppoq gumbazli, oppoq marmarlardan qurilgan qasr Hindistonning ramziga, muhabbat va sadoqat timsoliga aylangan. Shohjahon uni tug‘ruq paytida dunyodan ko‘z yumgan sevimli xotini Mumtoz Mahal begimga atab qurdirgan. O‘n yetti yil davomida qurilgan qasrning bezak ishlariga 28 xil qimmabaho toshlar ishlatilgan. Xitoydan nefrit, Tibetdan feruza, Afg‘onistondan lazur, Shri Lankadan sapfir, Arabistondan serdolik kabi toshlar keltirilgan. Unda 22 ming kishi, bir ming fil ishlagan. Uning qurilishi 1648 yili tugatilgan. Tarjimonning aytishicha, Shoxjahon Jamna daryosining ikkinchi sohilida unga uyg‘un qora iarmardan ikkinchi qasrni tiklash rejasi bo‘lgan. Biroq u orzuligicha qolib ketgan. Shoxjahon umrini oxirini o‘zi qurdirgan qasrga tikilib, Qizil Qal’ada tutqinlikda o‘tkazgan. U o‘lganidan keyin ushbu qasrga xotinining yoniga dafn etilgan. Tojmahalga odamlar daryodek oqib kelayapti. Bu yerga har yili besh million sayyoh kelar ekan. Uni ko‘rib Bobur avlodlarining shafoati hozir ham tegib turganiga ishonch hosil qilamiz. Zero, sayyohlardan yig‘ilgan mablag‘ Hindiston byudjetiga kelib tushyapti.

Tarjimonimiz Tojmahal haqida tushintirish berar ekan. Bizni tashqari arkka ro‘paro qo‘ydi. Undan Toshmahal juda yaqin va butun go‘zaligi bilan namoyon bo‘ldi. Oppoq oqqushlardek saroyning tashqi arkidan ichkariga yurgan sari uning nihoyatda keng maydonni egallashini his qilamiz. Bir tomoni madrasa, bir tomoni machit, bir tomoni maqbara biri biridan go‘zal qasrlar. Uning orqa tomonidan esa Jamna daryosi oqib orombaxsh salqinlik baxsh etib turibdi. Inshoatning to‘rt tomoni bir biriga teng bog‘-rog‘lar bilan o‘rolgan. Asosiy binoning oldidagi billurdek tiniq hovuzda saroyning to‘rt burchagidagi ulug‘vor minoralar jilvalanib turadi. Mayin esayotgan shamol sochlaringni siypab o‘tadi. Issiq o‘lkada mayin shabada esishi bejiz emas, me’morlar aynan ana shunday mo‘jizakor joyni, shamollar yo‘nalishini e’tiborga olib, topib-bilib qurganligini his qilish mumkin.

Shunda beixtiyor Shahrisabzdagi Amir Temur oqsaroyini ziyorat qilgani borganimizda eshitganlarim xayolimdan kechdi. Yozning ayni jazirama issig‘ida u yerda mayin shabada esib turar edi. Uning sababini surishtirganimda, shamol yo‘nalishi topib qurilganligini ta’kidlashgandi. Hozir shamol yo‘nalishini topadigan asbob-uskunalar mavjud. U paytda bu holat qanday aniqlashtirilgan ekan? U paytlarda shamol yo‘nalishini aniqlash uchun yangi so‘yilgan hayvonot go‘shti osib qo‘yilar ekan. Agar u bir hafta ichida aynimasa, ana shu yerda qasrlar bunyod etilar ekan. Ana shu me’moriy qulayliklar bu yerda ham e’tiborga olinganligi aniq.

Saroy eshigi oldida ikkita ustun turgan edi. Ustunlarning toshlari olingan bo‘lib, nihoyatda katta qimmatbaho javohirlar ekanligi, toshlar o‘rnining chaqurligidan ham sezsa bo‘lardi. “Bu go‘zalliklarni bosqinchilar olib ketishgan” deydi tarjimon. Men kimdir bunyod qiladi, kimdir buzadi, dunyoning ishi shu ekanda deyman.

Humoyun maqbarasi

Biz bu maqbaraga ertalab soat sakkizlarda yetib bordik. Undan esa soat to‘rt-beshlarda chiqib ketdik. Uning ulug‘vorligini ana shundan ham bilsa bo‘ladi. Humoyun maqbarasi ulug‘vor saroy bo‘lib, ichkaridan ichkari uch qasr qurilgan. Birinchi eshik oldidagi arkdan qarasangiz yaqindek tuyuladi. Biroq, arkdan arkka yetib borguncha katta maydon ekanligini his qilasiz. Qasrning to‘rt tomonida turfa o‘simliklardan iborat go‘zal bog‘-rog‘ bunyod etilgan bo‘lib, ariqlarda suvlar shaldirab oqib, favvoralar ko‘kka otilib, sayyohlarga xushkayfiyat bag‘shida etib turibdi. Sershovqin, turli xil hidlar ufurib turgan Dehlida shunday go‘zal xushmanzara va osoyishta maskanning borligi go‘yo mo‘jizadek edi. Ariqda shaldirab oqayotgan billur suvlar, atrofga salqinlik bag‘shida etib turgan favvoralar bugungi kunla shunchalik huzurbag‘ishlayotgan ekan, uni bundan besh yuz yil avvalgi ta’sirini tassavvur etish mushkil emas. Holbuki, favvoralar qurish an’anasi Yevropaga 17-asrda kirib kelgan. O‘z-o‘zidan ko‘rinib turibdiki, bu boburiylarning me’moriy an’analari sharq an’analarining, bobolarimizning go‘zallikka intilishlarining mevasi bo‘lib u Boburiylar bilan birga Hindistonga 16 asrda kirib kelgan. Qasr bog‘dan balandda bo‘lib unga 33ta zinopoya orqali chiqib boriladi. Balandlikka ko‘tarilgan sari mayin shabada dillarga huzur bag‘ishlaydi. Maqbara atrofidagi keng maydonga ham qabrlar qo‘yilgan. Maqbaraning ichi esa sarkarda Amur Temur maqbarasini eslatadi. U ham aylana shaklida qurilgan bo‘lib, uning markazida Xumoyunning qabri joylashgan. Amur Temur maqbarasidan farqi aylana shaklida qurilgan maqbaraning atrofida yana hujralar mavjud bo‘lib, ularning har birida uch-to‘rttadan qabrlar bor. O‘n oltita hujraning qay biridan qarasangiz imperator Humoyunning qabri to‘liq ko‘rinadi. Bari bir – biriga uyg‘un qurilgan, oq va qora marmarlar bilan jilolangan. Bu qasrlarning yonida Iso avliyoning maqbarasi va madrasasi ham joylashgan. Bari katta devor bilan o‘rolgan. Devorning ustida bemalol yurib sayr qilish mumkin. Har yerda dam olib turiladigan supachalar qurilgan. To‘rt tomonida baland kuzatuv minoralari ham mavjud. Ularni kuzatib bu qasr Amir Temur maqbarasi hamda Xivaning Ichonqal’a devorlariga uyg‘unligini his qilish mumkin. Bir so‘z bilan aytganda Sharq arxiteturasiga uyg‘un qurilganligi bilan meni hayratlantirdi.

Hindistondek katta mamlakatda buyuk saltanat bino etgan Zahriddin Muhammad Boburni hind xalqi juda qadrlashini his qildik va vatandoshimiz bilan faxrlandik.

 

Ra’no Zaripova,

Respublikada xizmat ko‘rsatgan jurnalist

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.