Olmoniya kutubxonalari va nemis kitobxoni

0
522
marta ko‘rilgan.

Mustaqil mamlakatimizda xorijiy mutaxassislar bilan tajriba almashish an’anaga aylangan. Yurtimizning ko‘plab kutubxonachi-mutaxassislari Koreya, Rossiya, AQSH, Germaniya kabi mamlakatlarda xizmat safarida bo‘lishdi. Toshkent shahar “Bilim” Axborot-kutubxona Markazi direktori Hafiza KARIMOVA bilan Olmoniya kutubxonalari va nemis kitobxoni haqida suhbatlashdik.

Istiqloldan keyin barcha sohalar kabi kutubxonachilik sohasi ham jadal rivojlantirilayapti. Alisher Navoiy nomidagi Milliy kutubxona buning yaqqol namunasi. Ayniqsa, xizmat ko‘rsatishning yuksakligi, jumladan a’zo bo‘lishning juda qulay tizimi yaratilgani barchaga ma’qul kelyapti. Jahon kezgan, dunyo ko‘rgan kishining esa hayratlari yanada ko‘p bo‘lishi, qiyoslash, solishtirish imkoniyatlari paydo bo‘lishi bilan ahamiyatlidir. Suhbatimizni safarning maqsad va vazifalaridan boshlasak.

Safarimiz maqsadi – xorijning namunali tajribalarini o‘rganib, yurtimizdagi axborot kutubxona va axborot resurs markazlari faoliyatini yanada takomillashtirish, xizmat ko‘rsatish sifatini yanada oshirish, elektron kutubxonalar tashkil etish jarayonlarini yanada tezlashtirish, noyob adabiyotlarning saqlanishi, restavratsiya va konservatsiya jarayonlari bilan yaqindan tanishish edi. Zero, har bir xalqning o‘ziga xos go‘zal tajribasi bo‘ladi. Bir so‘z bilan aytganda, tajriba almashish va malaka oshirish mutaxassisning dunyoqarashini kengaytiradi, qiyoslash, solishtirish imkoniyati paydo bo‘lishi bilan yanada ahamiyatli bo‘ladi.

Safar davomida Berlin davlat kutubxonasi, uning sharqshunoslik va kitoblarni raqamlashtirish va restavratsiya bo‘limi bilan tanishdik. Amerika – Gedenk kutubxonasi, Kutubxona fondlarini saqlash bo‘yicha ekspert markazi, Gumbold nomidagi Berlin universiteti kutubxonasi kabi ko‘plab madaniy markazlarning faoliyati bilan yaqindan tanish imkoniyati bo‘ldi va ularning faoliyatini qiyosiy o‘rganish bizga katta ruhiyat bag‘ishab, fikrat dunyomizni boyitdi.

O‘zbekiston Respublikasining “Axborot kutubxona faoliyati to‘g‘risida” Qonuni 2011 yil 25 martda qabul qilingan bo‘lib, soha ushbu qonun bilan tartibga solinadi. Ularning qonunchilik va tizimni tartibga solish asoslari qay darajada?

Germaniyada kutubxonachilik qonun-qoidarini tartibga soluvchi yagona qonun qabul qilinmagan. Hatto, mamlakat miqyosida hech qanday huquqiy me’yoriy hujjat ham mavjud emas. Mamlakatdagi o‘lkalarda maxsus ishlab chiqilgan tartib asosida kutubxona xizmati yo‘lga qo‘yilgan. Germaniyada qonun yo‘qligi tufayli “Kutubxonalarning siyosiy uyushmasi” tashkil etilgan. Uyushma ushbu sohadagi davlat siyosatini amalga oshiradi. Hozirgi kunda ikki xil uyushma mavjud, ya’ni kutubxonalar va kutubxona direktorlari uyushmasi. Kutubxona uyushmalari bundan 60 yil avval, direktorlar uyushmasi esa 2 yil oldin tashkil etilgan.

Alisher Navoiy nomidagi respublika Markaziy kutubxonamiz eng yetakchi ma’rifat maskani hisoblanadi. Ularning Markaziy kutubxonasidan olgan taassurotlaringiz?.

Germaniyada Milliy kutubxona darajasidagi kutubxonalar soni to‘rtta hisoblanadi. Ularning biri Frankfurtda joylashgan. Ikkinchisi Bavariya davlat kutubxonasi, uchinchisi Berlin davlat kutubxonasi, to‘rtinchisi esa Gumbold universiteti kutubxonasi bo‘lib, biz ulardan ikkitasini Berlin davlat kutubxonasi va Gumbold universiteti kutubxonasining ish tajribasini o‘rgandik.

Berlin davlat kutubxonasi Yevropadagi eng katta va qadimiy qadriyatlarga ega kutubxonalardan biri hisoblanadi. Ushbu kutubxonaga bundan 355 yil avval davlat qiroli tomonidan asos solingan. Bu yerda sharqshunoslik bo‘limi eng katta bo‘limlardan biri ekanligi e’tiborimizni tortdi. U yerda noyob kitoblar, qo‘l yozmalar saqlanishi bilan muhim ahamiyat kasb etadi. Demak sharqqa oid kitoblar ko‘pligi uchun ham bo‘lim ulug‘vor. Bu yerda bizning mamlakatimizda yaratilgan Berlinga kelib qolgan va alohida O‘rta Osiyoga tegishli bo‘lgan qadimiy qo‘lyozmalar ham mavjud. Bundan deyarli 100 yil avval, 1919 yil sharqshunoslik bo‘limi ochilgan. Bu bo‘limning asosiy yo‘nalishlari – asarlarni saqlash, targ‘ibot qilish va sotib olishdir. Bo‘lim Yaqin Sharq, Janubiy, Sharqiy Osiyo, Afrika davlatlaridan muhim tadqiqotlarga oid asarlarni sotib olishni uyushtiradi. Bu yerda 2,5 mingga yaqin qo‘l yozmalarning elektron shakli yaratilgan. Kelajakda barcha qo‘l yozmalarning raqamlashtirilishi rejalashtirilgan, ular ham ushbu ishni bizdagidek bosqichma-bosqich amalga oshirishmoqda. Ahvoli og‘ir bo‘lgan, aniq asrab-avaylashga muxtoj bo‘lgan asarlarni raqamlashtirish faoliyati alohida e’tiborga molik. Bunday kitoblarning kitobxonlarga faqat elektron shakli beriladi.

Shuni ham alohida aytish kerakki, jahon miqyosida alohida nufuzga ega bo‘lgan ya’ni noyob hujjatlar haqida “Hujjatlarning to‘plami” mavjud. Bu maskandagi 3 ta muhim hujjatning ushbu to‘plamga kiritilganligi ularning yutug‘i ekanligini ta’kidlashdi.

– Bu yerda aholiga xizmat ko‘rsatish darajasi bizning kutubxonalardan farq qiladimi?

– Berlin davlat kutubxonasida a’zolik badali bir oyga 12 yevro, bir yilga esa 30 yevro. Kutubxonaga masofadan turib yozilish uchun xam albatta kutubxonaga birinchi marta kelish kerak bo‘ladi. Chunki u pullik. Bizda esa a’zo bo‘lish, kitobxonlik qilish tekin hisoblanadi. Biroq menga ularning bir tajribasi ma’qul keldi. Bu yerga a’zo bo‘lgan kishi mamlakatdagi barcha kutubxonalarga ushbu maskandan berilgan guvohnoma orqali kira olar ekan.

– Yana kaysi ish uslubi sizga ma’qul keldi.

– Kitob saqlash bo‘limidagi ajratkichlarga e’tibor berdik. Turli ranglardagi ajratkichlarda kitoblar tartibiga ko‘zimiz tushdi. Bu ranglar nimani anglatishi barchamizni qiziqtirdi. Qizil rang o‘quv zaliga ya’ni kitobxonlarga buyurtma asosida berilgan kitoblarni bildirar ekan. Yashil va zangori rang – kitobxonlarning buyurtmasi asosida uyga berilishi mumkin bo‘lgan va berilgan kitoblar ekan. Sariq rang – shikastlangan, restavratsiyaga muxtojligi bor kitoblar bo‘lib, jigarrang – yo‘qolgan kitoblar ekan. Yo‘qolgan kitoblarning keyingi taqdiri bilan qiziqdik. Ulardan, qaysidir bo‘limda yoki boshqa zahiralar qatoriga qo‘shilib qolgan degan javob oldik. Bu rangdagi kitoblar bilan doimiy ish olib borilar ekan.

Uni o‘zim ishlaydigan Toshkent shahar kutubxonasiga va barcha ARMlarga tadbik etish mumkin deb o‘yladim. Zero, bu kitoblarni asrab avaylashga, mutaxassislarni mas’uliyat bilan o‘z ishiga yondoshishga chorlaydi.

Gumbold universiteti kutubxonasi nega markaziy kutubxona hisoblanadi.

Darhaqiqat savolingiz o‘rinli. Gumbold universiteti mamlakatdagi faylasuflarning 3 ta universitetidan biri hisoblanadi. Biroq, bu yerda mamlakatda yagona bo‘lgan kutubxonashunoslik bo‘yicha bilimlar nazariyasi o‘rgatiladi va doktorlik unvoni uchun ilmiy ishlar asosan shu yerda himoya qilinadi. Kutubxonashunoslik kafedrasi mavjud bo‘lib, professorlar faoliyat olib borishadi. Shuningdek, bu yerga davlat miqyosidagi tajribali mutaxassislar ham dars o‘tish uchun jalb etiladi. Universitetda bakalavr bo‘yicha 2 ta, magistratura bo‘yicha ham 2 ta yo‘nalish mavjud.

Markaziy va hududiy davlat kutubxonalarining o‘zaro aloqasiga e’tibor berdingizmi?

Markaziy va hududiy davlat kutubxonasi fondlarining saqlanishi bo‘yicha ekspert markazi bilan ham tanishdik. Markaz Kengashi 3 yo‘nalish bo‘yicha faoliyat olib borar ekan. Bu yerda kutubxonachilik faoliyatiga oid maxsus zamonaviy texnikalar o‘rgatiladi, Qadoqlash, po‘panak bosishi kabi zahiraning saqlanishiga salbiy ta’sir etuvchi omillarga oid masalalarni o‘rgatuvchi o‘quv kurslari muntazam uyushtiriladi. Xullas, uzluksiz mutaxassis malakasini oshirilishiga ko‘maklashiladi.

Shuningdek, omma bilan ishlash ya’ni ularga axborot va ma’lumot yetkazish hamda qiziqarli ma’lumotlarni yig‘ib kutubxona saytlariga joylashtirish ham ularning vazifasiga kiradi.

Inson huquqlarini himoya qilish instituti kutubxonasi asosan nogironlarga va ko‘zi ojiz fuqarolarga xizmat ko‘rsatadi. Bu yerda “Kompas kitobi” mavjud bo‘lib u ko‘zi ojiz va quloqi eshitmaydigan kishilar uchun maxsus texnika va texnologiyalar bilan jihozlangan ekan. Hatto ularning elektron shakli onlaynga qo‘yilgan ekan. Bu degani nogironlar zamonaviy texnikalardan foydalanib, internetdan ham foydalanisha olishar ekan.

Kutubxona asosan “Insonlarning milliy huquqlarni himoya qilish”ga oid ma’lumotlarni to‘playdi va targ‘ibot qiladi. Faqat Germaniya aholisi uchun mo‘ljallangan. Bu tizim 2002 yilda tuzilgan. Ingliz tilida ish yuritiladi.

Hududiy kutubxonalaridan olgan tassurotlaringiz?

Treptov – Kopenik tuman kutubxonasi o‘z hududidagi 153 ming aholiga xizmat ko‘rsatadi. Kutubxona ikki joyda joylashgan va ikkita binodan iborat bo‘lgan tuman Markaziy kutubxona hisoblanadi, Bu yerda kitob topshirish jarayoni avtomatlashtirilgan. Kutubxona yopiq bo‘lganida ham kitob topshirish va olish imkoniyati yo‘lga qo‘yilgan. Maxsus apparat xizmat qiladi. Eng asosiysi topshirilayotgan kitoblar yana o‘z joyiga yo‘nalishiga qo‘yiladi.

Pablo Neruda kutubxonasining o‘ziga xos tomoni shuki, talabalarga imtiyozli, olimlar, pensionerlar va ishsizlarga esa bepul a’zolik bileti beriladi.

Tahlil natijalariga ko‘ra oxirgi 10 yilda Germaniyada 60 foizga kutubxonalarda xizmatchilar soni qisqartirilgan. Moliyaviy qiyinchiliklar va muammolar pensiya yoshiga yetgan xodimlarning shtatini qisqartirish bilan yechilmoqda.

Xulosa qilib shuni aytish mumkinki, har bir sohaning zamon talablari asosida faoliyat yuritishi uchun rivojlangan xorijiy davlatlarning tajribasini muntazam kuzatib va o‘rganib borish muhim ahamiyatga ega. Mustaqil O‘zbekistonimizda mana shunday xizmat safarlarining tashkil etilishi, albatta biz kabi soha mutaxassislari uchun quvonarlidir. Bizning safar davomida olgan taassurotlarimiz, bilim va ko‘nikmalarimiz ish jarayonida o‘zining ijobiy natijasini beradi, kelgusida yangi g‘oyalar ishlab chiqishga, elektron kutubxona va elektron katalog yaratishda, xizmat ko‘rsatishning samarali usullaridan foydalanishga mustaxkam zamin yaratadi, deb ishonch bilan aytish mumkin.

– Qiziqarli suhbatingiz uchun tashakkur.

Ra’no Zaripova,

O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan jurnalist

 

 

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.