“Xalqaro ona tili kuni” YuNESKO tashabbusi bilan 2000 yildan buyon jahonda keng nishonlanadi

0
589
marta ko‘rilgan.

2018 yil 21 fevral kuni O‘zbekiston Milliy kutubxonasida Xalqaro ona tili kuni munosabati bilan tadbir bo‘lib o‘tdi. Tadbirda sananing paydo bo‘lishi bilan bog‘liq tarixiy voqyealar, uning mohiyati va dunyoda tinchlikni saqlashdagi ahamiyati tilga olindi hamda O‘zbekiston Milliy kutubxonasiga YuNESKOning 7 jildlik “Istoriya chelovechestva” (Insoniyat tarixi) ensiklopediyasi taqdim etildi. Tadbirda YuNESKOning O‘zbekistondagi vakolatxonasi, diplomatik korpus, O‘zbekistondagi milliy madaniy markazlar vakillari va O‘zbekiston Milliy kutubxonasi foydalanuvchilari ishtirok etdilar.

Tadbir boshlovchisi ishtirokchilarni mazkur kun tarixi va Xalqaro ona tili kuniga asos solgan voqyealar bilan tanishtirdi: “Xalqaro ona tili kuni” YuNESKO tashabbusi bilan 2000 yildan buyon turli tillar va xalqlar madaniyatini muhofaza qilish maqsadida nishonlanadi. Bu sana 1952 yilning 21 fevral kuni bo‘lib o‘tgan voqyea – Bangladeshning Dakka shahrida o‘z ona tili – bengal tilini davlat tili darajasiga ko‘tarish va uni himoya qilish maqsadida shahar ko‘chalariga chiqqan talabalarning politsiya hodimlari tomonidan o‘qqa tutilishi bilan bog‘liq”.

O‘zbekiston Milliy kutubxonasi direktori o‘rinbosari U.Teshabayeva tadbir mehmonlari va ishtirokchilarini qutlab, ona tilining bugungi jamiyatimizda tutgan o‘rni va mavqyei, xalqlar o‘rtasida tinchlik, iqtisodiy munosabatlar va madaniy aloqalarni mustahkamlashda katta ahamiyatga ega ekanligini gapirdi. “Xalqaro ona tili kuni ona tilining jamiyatning har bir jabhasida va barcha munosabatlarda turg‘un rivojlanishi va turli xalqlar madaniy meroslarini sharaflash imkoniyatini beradi”, deya ta’kidladi. Shuningdek U.Teshabaeva O‘zbekistondagi BMTning Rivojlanish Dasturi va O‘zbekiston Milliy kutubxonasi o‘rtasida imzolangan o‘zaro hamkorlik to‘g‘risidagi Memorandumi va uning doirasida amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida ma’lumot berdi.

Tadbirda YuNESKOning O‘zbekistondagi rahbari vazifasini bajaruvchisi D.Badarch, Xalqaro O‘rta Osiyo tadqiqotlari instituti direktori (MITSAI) D.Voyakin, YuNeSKO ishlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy komissiyasi masul kotibi A.Ikramov, Bangladesh Xalq Respublikasining O‘zbekistondagi elchisi M.Mannanlar “Istoriya chelovechestva” (Insoniyat tarixi) ensiklopediyasining yaratilish tarixi, uning mohiyati va ahamiyati to‘g‘risida so‘zladilar.

“YuNESKOning “Istoriya chelovechestva” kitobi – ulug‘vor butunjahon ensiklopediyasidir. YuNESKO tashkiloti o‘zining mavqyeidan foydalanib, ensiklopediya yaratilishiga 450 nafar eng zo‘r, eng taniqli tarixchilar va ilmning barcha sohalari, ya’ni adliya, san’at, falsafa, adabiyotshunoslik, tabiatshunoslik, tibbiyot, antropologiya, matematika, iqtisodiyot bo‘yicha mutaxassislarni jalb etdi”, – deya ta’kidladi janob D.Badrach.

Xalqaro O‘rta Osiyo tadqiqotlari instituti direktori (MITSAI) D.Voyakin institut faoliyati, olimlarining ilmiy izlanishlari, tadqiqot ob’ektlari, O‘rta Osiyo mintaqasida olib borilayotgan ishlar, O‘zbekiston va O‘rta Osiyodagi hamkorlar, shuningdek so‘nggi nashrlar bilan tanishtirdi. Majlislar zali foyesida Xalqaro O‘rta Osiyo tadqiqotlari instituti nashrlari ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tdi.
YuNESKO ishlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy komissiyasi masul kotibi A.Ikramov
“Istoriya chelovechestva” kitobi bilan bir qatorda “O‘zbekiston nomoddiy madaniy merosi” kitobini ham kutubxonaga taqdim etdi. O‘zbek va ingliz tillarida chop etilgan mazkur kitobda xalqimizning milliy qadriyatlari, urf-odatlari, madaniyati va turmush tarzi to‘g‘risida boy ma’lumotlar berilgan.

Tadbir doirasida O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti talabalari tomonidan ingliz, nemis, fransuz, xitoy va ispan tilida she’rlar va milliy qo‘shiq va raqslardan tashkil topgan konsert dasturi namoyish etildi.

O‘zbekiston Milliy kutubxonasining “Jahon” o‘quv zalida Xalqaro ona tili kuniga bag‘ishlangan kitob-rasmli ko‘rgazma ochildi. Ko‘rgazmada ona tiliga cheksiz e’tibor aks etgan va chet tillarni o‘rganishni targ‘ib etishga bag‘ishlangan kitoblar o‘rin olgan. Mazkur ko‘rgazmada O‘zbekiston Milliy kutubxonasi fondida saqlanuvchi, chet tillarni o‘rganishni boshlovchilar va mukammal darajada egallashni xohlovchilar uchun ingliz, nemis, fransuz, xitoy, koreys, ispan, arab, chex, turk, italyan, portugal va shved tillarida o‘quv qo‘llanmalar, risolalar, lug‘atlar, disklar, audio- va videokassetalar namoyish etilmoqda.

O‘zbekiston Milliy kutubxonasi matbuot xizmati

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.