Iste’molchilar o‘z huquqini biladimi?

0
210
marta ko‘rilgan.

Toshkent shahar “Sog‘lom ona va bola” ayollar va yoshlarni qo‘llab quvvatlash markazi O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash Jamoat fondi loyihasi asosida “Oila madaniyati – yurt tinchligi” mavzuidagi “Salohiyat” ko‘chma klubining yig‘ilishlarini mahallalarda o‘tkazishni rejalashtirgan edi. Uning ikkinchi tadbiri Toshkent shahri Olmazor tumanidagi “Qorasaroy” mahallasida 2017 yil 27 iyul kuni soat 11.00da bo‘lib o‘tdi.

Toshkent shahar “Sog‘lom ona va bola” ayollar va yoshlarni qo‘llab quvvatlash markazi rahbari, Respublikada xizmat ko‘rsatgan jurnalist Ra’no Zaripova tadbirni ochib, kun tartibi va ma’ruzachilar bilan tanishtirdi. Onalik va bolalik davlat himoyasida ekanligi, bu yo‘nalishda 80dan ortiq O‘zbekiston Respublikasi qonunlari va qonun osti hujjatlari mavjud ekanligi, asosiy qonunimiz-O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasidagi oila, onalik, bolalik va ayollarning teng huquqligi belgilangan moddalar haqida qisqagina gapirib, yurist, Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga ikki marta deputat bo‘lib saylangan va hozir ham qonunchilik sohasida samarali mehnat qilib kelayotgan Oysha Оxunovaga so‘z berdi… U har bir oilaga, har bir insonga kundalik turmushida zarur bo‘ladigan O‘zbekiston Respublikasining “Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonunini sharhlab berdi va tinglovchilar bilan muloqot qilib, ularning savollariga javob qaytardi…

Tadbir faqat ma’ruzadan iborat bo‘lib qolmasligi uchun O‘zbekiston Respublikasi “Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonuni asosida “O‘z huquqingizni bilasizmi” mavzuida tayyorlangan savolnomalar tinglovchilarga tarqatildi. Va ulardan o‘sha vaqtning o‘zida bilimlarini mustahkamlash uchun javoblar ham olindi. Shuningdek, ularga ushbu savollarga tinglovchilar tomonidan berilgan javoblar tashkil etilayotgan Markazning saytida “O‘z huquqingizni bilasizmi” rukni bilan berib borilishi tushuntirildi. Tarqatilgan savolnomalarda el. pochta manzili borligi va unga malakali javob yo‘llagan oilalar loyiha yakunida (loyiha bir yillik) taqdirlanishi ham aytib o‘tildi… Bu tadbir tinglovchilarning huquqiy bilimini mustahkamlashga munosib hissa qo‘shadi, deb umid qilamiz.

Ikkinchi yo‘nalish oilalarning mutolaa madaniyatini yuksaltirishga bag‘ishlandi. Respublikada xizmat ko‘rsatgan jurnalist Ra’no Zaripova kitob qalblarni nurlantiruvchi oftob ekanligi haqida gapirib, o‘zining hamda oila a’zolarining mualliflik kitoblaridan va shaxsiy kutubxonasidan 10 ta kitobni mahalla kutubxonasiga sovg‘a qildi.

Shuningdek “Turon” akademiyasi akademigi, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, professor, O‘zbekiston jahon tillari universiteti o‘qituvchisi yuzlab qo‘llanma va darsliklarning muallifi Dilorom Yormatova “Kitob – tafakkurga qanot” mavzuida gapirib ilmning, bilimning, mutolaning o‘z taqdiriga ta’sirini chiroyli hikoya qilib berdi. Olima talabalar va o‘qituvchilar uchun yozgan qo‘llanmalari, o‘zi yozgan badiiy asarlaridan 6 tasini mahalla kutubxonasiga sovg‘a qildi,

Shuningdek, tadbirda markazimiz a’zolari tomonidan berilgan “G‘uncha”(22ta) hamda “Gulxan”(8ta) jurnallari va “Sog‘lom avlod” gazetasining(28ta) yangi nashrlari mahalla kutubxonasiga va tadbir qatnashchilariga armug‘on etildi.

Markazimiz Oliy Majlisi huzuridagi nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash Jamoat fondi loyihasi asosida bir yil davomida har oyda ana shunday tadbir o‘tkazishni rejalashtirgan. Har bir tadbirga nashriyotlarning vakillari, yozuvchi va shoirlar taklif etilib, mahalla kutubxonalarini yangi kitoblar bilan to‘ldirishga ham munosib hissa qo‘shish niyatidamiz.

Shuningdek mahalladagi tadbirlar respublika gazetalarida fotolar bilan yoritib boriladi. Masalan, dastlabki tadbir “Sog‘lom avlod” gazetasida (№27 son, 6 iyul 2017 yil) chop etildi.

 

J. Sa’dullayev

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.