KELGUSIDA BARChA BOG‘ChALARDA SUV HAVZALARI QURILADI

0
94
marta ko‘rilgan.

Abdurashid SODIQOV,

Maktabgacha ta’lim vazirligining oziq-ovqat sifatini nazorat qilish bo‘lim boshlig‘i

 Maktabgacha ta’lim muassasalarida oziq-ovqat sifati hamisha bosh masala hisoblanadi. Yurtboshimizning tizimga qaratgan e’tibori samarasida sifatli oziq-ovqat mahsulotlarini yetkazish masalasining yangi tarmog‘i yo‘lga qo‘yilmoqda. Endilikda hududlardagi bog‘chalar ko‘p tarmoqli fermerlarga biriktiriladi. Bu degani, poliz yoki go‘sht mahsulotlari kabi oziq-ovqat yetishtiruvchi fermerlarning hisob raqamiga tarbiyalanuvchilar uchun ota-onalar tomonidan to‘lanadigan badal pulidan ma’lum qismi o‘tkaziladi va ular o‘zlariga biriktirilgan bog‘chalarni kerakli mahsulotlar bilan ta’minlaydi. Sifatli mahsulot yetkazib beradigan fermerlarga yoqilg‘i va yem arzon narxda yetkazib beriladi.

Shuningdek, kelgusida barcha bog‘chalarda bolalarning jismonan chiniqishi uchun suv havzalari quriladi. Bu bo‘yicha ham rejalar tuzilmoqda. Yurtimizning chekka hududlarini o‘rganish uchun borganimizda ayrim maktabgacha ta’lim muassasalarida ichimlik suvining toza saqlanishiga ehtiyoj borligiga guvoh bo‘ldik va bu borada ham takliflar o‘rganilmoqda.

Joylarda ota-onalar bilan suhbatlashganimizda ular bizga “Bog‘chadagi oziq-ovqatni kim nazorat qiladi? Bolalarga qanday ovqat berilyapti?” kabi savollar bilan ko‘p murojaat qilishadi. Shu fursatdan foydalanib, ota-onalarga shuni aytmoqchiman. Hurmatli ota-onalar, farzandingizni maktabgacha ta’lim muassasasiga olib kelganingizda oshxonaga bir razm soling. Kunlik taomnoma bilan tanishing. Shaxsan o‘zingiz tayyorlanayotgan ovqatning sifatini ko‘rishingiz mumkin. Unutmang, farzandingiz shu yurtning kelajagi. Uning salomatligiga esa barchamiz mas’ulmiz.

«Sog‘lom avlod» gazetasi tahririyati hamda «Sog‘lom ona va bola» ayollar va yoshlarni qo‘llab quvvatlash  markazi hamkorligida o‘tkazilgan davra suhbatini  Dildora FAYZIEVA yozib oldi.

 

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.