Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati: tez tibbiy yordam tizimida har bir chaqiriqqa sarflanayotgan mablag‘ uch baravar oshirildi

0
144
marta ko‘rilgan.

“Sog‘lom avlod” gazetasi va “Sog‘lom ona va bola” ayollar va yoshlarni qo‘llab-quvvatlash markazi hamkorligida tashkil etilgan “Stol atrofida” davra suhbatida ishtirok etgan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Mehnat va ijtimoiy masalalar qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Mavluda Xodjayeva mamlakatning sog‘liqni saqlash tizimida parlament nazorati borasida fikr bildirdi:

– Prezident Shavkat Mirziyoev Oliy Majlis palatalarining qo‘shma yig‘ilishi va Konstitutsiya kuniga bag‘ishlangan marosimda “Aholimiz uchun ikkita muhim masala bor: bu sog‘lik va tinchlik”, degan edi. Joriy yilning 24 fevral kuni o‘tkazilgan yig‘ilishda esa mamlakatdagi aholi salomatligini Qonunchilik palatasi, tinchlik masalalarini Senat o‘z zimmasiga olishi kerakligini ta’kidladi. Shundan keyin Oliy Majlis Qonunchilik palatasida aholi salomatligini asrash, ularni dori-darmon bilan ta’minlanishi masalalari nazorati bo‘yicha muvofiqlashtiruvchi parlament komissiyasi tuzildi. O‘tgan uch-to‘rt oy ichida komissiya amalga oshirgan ishlarni chuqur tahlil qilib berdi. Komissiyaga har bir viloyatdan bitta deputat kiritildi, shuningdek, moliya va iqtisodiyot vazirligi hamda tegishli vazirlik va idoralar a’zo bo‘lib, spiker boshchiligida qattiq ishladi. Tezkorlik bilan komissiyaning nizomi ishlab chiqildi. Hududlarda xalq deputatlari mahalliy kengashlari huzurida hududiy komissiyalar ham tuzildi.

Komissiya joylarda ishni o‘rganganda tez yordam tizimida har bir chaqiriqqa sarflanayotgan mablag‘ 480 so‘mni tashkil etishi aniqlandi. ba’zi tumanlarda esa undanda past 450 so‘m… Ba’zilarida 500 so‘mdan oshmagan. Raqamlardan ko‘rinib turibdiki, juda kam mablag‘ ajratilgan. Vaholanki, katta tumanlarda 100 tagacha va undan ortiq chaqiriq bo‘lishi mumkin. Ochiq aytganda, komissiyada bu masala muhokama qilindi, tegishli vazirliklar oldiga vazifalar qo‘yildi. Mablag‘ni ko‘paytirish lozimligi ta’kidlandi. Mana bugungi kunda ushbu yo‘nalishga mablag‘ ajratish uch baravarga o‘sdi. Hozir har bir tez yordam chaqirig‘iga ajratilgan mablag‘ 1200 so‘mni tashkil qiladi. Bu ham aslida yetarli emas, raqamlar o‘sishi kerak. Bugungi talabga qaraganda kamlik qiladi. Hozir tez yordam xizmatida maxsus brigadalar uchun 41ta, tug‘ruq brigadalari uchun 36 xil dori vositalari bo‘lishi lozim. Biroq, aholi tez yordam chaqirganda ba’zi dori-darmonlar tugab qolgan holatlar kuzatilmoqda. Bu esa ehtiyoj ko‘pligini, dori-darmon ta’minotini yanada kuchaytirish zarur ekanini ko‘rsatadi. Bu borada parlament komissiyasi oldida bajarilishi lozim bo‘lgan vazifalar talaygina…

 

Ra’no Zaripova

yozib oldi

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.