AMUDARYO BO‘YIDA

0
208
marta ko‘rilgan.

Naqadar farahbaxsh Jayhun sohili,
Oltindek tovlanar suv yuzida nur.
Go‘yo silab turar kunning kokilin
Beorom to‘lqinlar chayqalib masrur.

Bahordan daraklar keltirar yellar,
Yulg‘unlar isiga to‘lar to‘rt taraf.
Olis-olislarda oqqushlar suzar,
Kezar baxt qushlari sadafday saf-saf.

Turtib-turtib o‘tar boladek sho‘xchan,
Qirg‘oqda mudragan qayiqlarni suv.
Olovrang qamishlar umidvor, o‘ychan,
Olam sahnasini tark etar mangu.

Harir patlariga berib oroyish,
Laylak qum sohilda turar isinib.
Gujum novdalari etar namoyish,
Qayta yaralishning falsafasini.

Oppoq chag‘alaylar falakning charxi,
Bulutlar ko‘k uzra parqu yelkandir.
O Jayhun, qoshingga sevgidan sarxush
Meni subh tushlari boshlab kelgandi…

Faxriddin Hayit
15.03.2018

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.