Atoqli adib — O‘zbekiston Respublikasi san’at arbobi Ibrohim G‘afurov ijodidan

0
322
marta ko‘rilgan.

Bugun qutlug‘ 80 yoshini nishonlayotgan atoqli adibimiz — O‘zbekiston Respublikasi san’at arbobi Ibrohim G‘afurov ayni kunlarda yanada kuch-g‘ayratga to‘lib yangi-yangi ijodiy ishlar bilan band. Biz ustoz murabbiy, adabiyotshunos olim, adib, tarjimon va publitsist Ibrohim akaga mustahkam sog‘liq, ijodiy yutuqlar tilaymiz. Ustozning go‘zal nasriy ijodini nazmga, xalqona qo‘shiqqa mengzash mumkin. Marhamat Siz ham undan  bahramand bo‘ling.

ULUG‘ MA’NAVIY NEMAT
(Ko‘ngil bitiklari)

Odamni tinglay bilish ham juda katta odamgarchilik. U yurak va ongning tarbiyasidan darak beradi.

* * *

Yozmagan bilan, o‘qimagan bilan yozuvchining miyasi bir zum bo‘lsin fikrlashdan to‘xtamaydi. Yozuvchi qog‘ozga yozolmasa, miyasiga yozadi. Miya yozuvchida — tegirmon. U to so‘nggi nafasgacha ishlaydi.

* * *

Asqad Muxtorni sevar edik. Uning intellekti ko‘ri atrofida bo‘lishga intilardik. Hyech kim yoshlarga Asqad Muxtorchalik do‘st emas, deb tushunardik. Uning «99 miniatyura», «Sizga aytar so‘zim» she’riy kitoblarini she’riyat mo‘jizasiday o‘zimiz bilan olib yurardik. Ular bizga ritorikadan chiqish va qutulish yo‘lini ko‘rsatayotgandek bo‘lardi…

* * *

Tog‘ay Murodni o‘qisangiz, odam dam-badam to‘lib ketadi. Yig‘i. Zavq-shavq. Ilhomga.

Tog‘ay Murod bu — To‘polon daryo. Uni men dunyodagi eng chiroyli daryolardan biri deb bilaman. Voy, bu daryoning sho‘xligi! Voy, bu daryoning o‘ziga odamni sig‘dirmasligi! Bir kaft suv ololmaysiz! Bir zum oyog‘ingizni rohat to‘lqiniga sololmaysiz. Qo‘ymaydi! Shitob bilan oqizib ketadi. Chirpirak qilib yuboradi. Lekin butun Surxon uning bois gul-gul yashnaydi, ochiladi, tiriklik qo‘shig‘ini aytib jar soladi.

Niagara Amerika diyoridagi shoirlarni yaratganmi yaratmaganmi, aytolmayman. Lekin To‘polon daryo Surxonda Tog‘ay Murodni yaratgan. Unga o‘z shaddod shoirligidan ulug‘ ulush ato etgan. Meni bu ikki ulug‘vor hassoslik doim hayratga soladi. Bu ikki daryo bo‘yida doim odamning bag‘ri kengayganday, yayraganday, dunyoning tahlil etib bo‘lmas sirlariga oshno bo‘lganday sezadi odam o‘zini.

* * *

Adab — odamiylikning o‘zagi. Balki odamiylikning bari boshdan oxir adabdan iborat. Adabning iligi esa — hayo. Ilik qurigan yerda hayo bo‘lmaydi. Hayoni or-nomus, hamiyat, oriyat, sha’n, uyat singari tushunchalar qatoriga qo‘yamiz. Bularning bir-birlaridan sira ajratib bo‘lmaydigan tomonlari, jihatlari bo‘lganidek, juda nozik ma’naviy o‘ziga xosliklari ham xalq ichida farq qilinadi.

Uyat — juda qadimdan kelayotgan turkiy o‘zbakiy so‘z va tushuncha. U yopish, panalash ma’nolarini anglatadi. Uy, uya — panajoy, odamning boshini, boshinigina emas, butun vujud borlig‘ini olamning xavf-xatarli havodis-laridan muhofaza qiladi. Uyat — turkiycha, hayo — arabiycha, sharm — forsiycha kelib chiqishga ega. Ruslar bu tushunchalarni «stid», «sram» so‘zlari bilan ifodalashadi.

* * *

Aytgim keladi: nomusni daraxtdan o‘rganing! Qarang, u hayot sharbatlari yugurayotgan tanasini qanday parda qobiq bilan o‘raydi. Bir joyi kesilsa, darhol shu kesilgan o‘rinni qobiq bilan berkita boshlaydi.

Tabiatda hayo hukmron. Yashash zarurati shuni taqozo qiladi.

* * *

Mendan muhabbatning go‘zalligi nimada? Uning lazzatlaridami? Uning shahvatlaridami? Uning hirsiy intilishlaridami?   Layliday, Majnunday sarson-sargardonliklaridami? Umidsiz tongriqishlaridami? — deb so‘rasalar, bular bari qalbga doir va ularni hyech qachon inkor qilib bo‘lmaydi, derdim. Shuning bilan birga muhabbat bular bilan go‘zal emas, balki baayni hayo bilangina go‘zal hamda hammadan ortiq lazzatli, deb javob bergan bo‘lardim.

* * *

Islom yaratgan ulug‘ ilohiy Kitob ota-onang­ning betiga qarab uf tortma, uh dema, ular seni kichiklikdan tarbiyat qildilar, dunyoga keltirdilar. Sening uf tortishing ularni adoyi tamom qiladi. Biz bolamizga qanoatli hayot berolmabmiz-da, deb o‘kintiradi, deydi. Mana shu ota-ona yuziga tik karab uf tortish — hayosizlik, uh tortmaslik, ichingdan qirindi o‘tayotgan holda ham buni bildirmaslik, bu — hayo. To‘g‘rirog‘i, hayoning ibtidosi. Uzum gullaganini ko‘rganmisiz? Ilk hayo ana shu uzumning guli. U hali shirin uzum emas, lekin usiz shirin uzum hyech qachon yetilmaydi. Mard odamning mardligi ham, qahramon odamning qahramonligida ham shunday hayo guli mavjud. Hayo bo‘lmasa botirlik bo‘lmaydi.

* * *

Suqrotning umri doim turli falsafiy bahslarda kechardi. U yoshlarni orif va oqil, zamonadan ancha ilgarilab yashashga o‘rgatardi. Ko‘p hollarda o‘z haqligini bilgani uchun qattiq qizishib ketardi. Ba’zi o‘zini bilmaganlar alamning zo‘ridan uni tepib, urib-so‘kib yuborishardi. Suqrot esa kulib turaveradi. «Nega sizni tepgan kishiga munosib javobini bermaysiz?» — deb so‘rashsa, Suqrot: «Eshak meni tepsa, nima, eshakni qoziga yetaklashim kerakmi?!» — derdi. Hyech kachon haqoratga haqorat bilan javob qilmasdi. Bu Suqrotning qo‘rqoqligi emas, uning buyuk insoniy hayo egasi bo‘lganligidan edi. Hayo uni kimsaning sha’nini yerga urish, toptashga sira yo‘l qo‘ymasdi.

* * *

Qadim-qadimlardan xohish der edik. Ke­yin-keyinlar islom diniy madaniyati ta’sirida tilimizga «taqdir», «qadar», «qazo», «tavakkal», «tavakkul», «ixtiyor» va «iroda» degan so‘zlar, tagida juda murakkab mafhumlar yashirinib yotgan tushunchalar kirib keldi. Islom dinida, islomiy madaniyatda iroda — qazo va qadar tushunchalari bilan chambarchas bog‘langan. Bir zamonlar shu tushuncha atrofida qadariylar mazhabi vujudga kelgan edi.

Iroda atrofida fikrlash donishmandlar va faylasuflarning eng ko‘hna zamonlardan beri suyumli mashg‘ulotlari sirasiga kiradi. Buyuk nemis faylasufi Artur Shopengauer «Olam iroda va tomosha kabi» degan qalin asar ham yozgan va irodani azaldan mavjud qadar deb tushuntirishga uringan. Odamlarni — yevropaliklarni iroda va tomosha zimnida qanday insonga munosib yashashga o‘rgatishga, barcha hayot maromlarining markaziga hamdardlikni qo‘yishga harakat qildi.

Odamzod xamisha tug‘ilish va o‘lim o‘rtasida yashaydi. Uning umri vaqti chegaralangan. Shuning uchun «iroda erkinligi» deganda, ko‘plar va hatto ulug‘ faylasuflar ham shunday erkinlik bo‘lishi mumkinmi? Axir, odam chegara ichida istiqomat qiladi. Uning xohishlari shu chegaradan tashqariga chiqib ketolmaydi. Iroda azaldan, oldindan belgilab qo‘yilgan hodisa deb aytadilar. Iroda erkinligi tushunchasi «inson erki» tushunchasi bilan tutash, qarindosh. Qolaversa,   hozirgi zamonda insonning yashash haq-huquqlaridan — ularning jamidan iroda ro‘yobga chiqadi.

* * *

Umuminsoniyat irodasi insoniyatni u qaerda yashamasin, qaerda tug‘ilmasin, qaysi irqqa mansub bo‘lmasin, birlashtirib turadi. Insoniyat boshiga xavf tushgan kezlarda birlashadi. Aks holda insoniyat fashizm vabosi yoxud termoyadro jalalari ostida allaqachon yo‘qolib ketgan bo‘lardi. Bu umuminsoniyat irodasi urush ofatlariga qarshi kurashda, diniy, milliy, irqiy terrorizmning xavfini birgalikda bartaraf etishda, tabiat ekosistemalarini omon saqlash uchun harakatlarni aktuallashuvida, texnologiyalarni yer yuzi tabiatida kechadigan cheksiz jarayonlarga oqilona muvofiqlashtirishga urinishlarda tobora kuchayib ko‘zga tashlanmoqda. Tabiat bugun insoniyatdan o‘zini saqlash, muhofaza etish yo‘lida faollashuvlarni tobora kat’iyat bilan talab qilmoqda. Yo hayot, yo mamot… Odamzod bundan kelib chiqadigan barcha ziddiyatli karama-qarshi hodisalarning birini tanlashga majbur.

* * *

Iroda erkinligi ulug‘ ma’naviy ne’mat. Lekin iroda sustligi bu tuganmas kulfat, hasrat va nadomatlardir. Borib turgan xorlik, qashshoqlik ham iroda sustligidan, aslo boshqa narsadan yoki boshqaning qilig‘idan emas. Qaramlik, tobelik, qullik kabi sal-pal o‘zini bilgan inson aslo toqat qilolmaydigan o‘ta ayanchli hodisalarning bitta qolmay hammasi irodasizlik, sustlikning eshigidan ko‘chaga chiqib tarqaladi.

Ayrim toifa odamlar irodasiz yashash — passiv hayot kechirishni o‘zlariga qulay deb biladilar. Qorin g‘amidan boshqani hatto xayolga ham keltirmaydilar. O‘z irodalarini qulchilik va tobelikka bo‘shatib beradilar. Bo‘ysunishda, irodasizlikda behad halovat, tinchlik, shukrguzaronlik topadilar. Albatta, taqdir, qazovu qadar, peshanada borini ko‘rib, oxir-oqibat hisob-kitobdan hyech kim xoli emas.

* * *

Odam muhabbatsiz yashay olmaydi. Muhabbat bo‘lmasa, har qanday mol-dunyo, obro‘-e’tibor tatimaydi. Yosh o‘tib muhabbat o‘ladi, o‘rniga izzat-ikrom keladi, deyishadi. Shunday bo‘lishi mumkinmi? Muhabbat o‘rnini izzat-ikrom bosa oladimi? Yo‘q. Muhabbat o‘lishi mumkin, agar uni o‘ldirsangiz. Muhabbat yashnashi mumkin, agar uni yashnatsangiz. Bu noyob hodisa insonning ixtiyor-irodasiga, o‘zini nimalarga va qanday tayyorlaganiga bog‘liq. Odam o‘zida o‘lmaydigan muhabbatni tarbiyalagan bo‘lsa, bunday muhabbat, bilingki, to‘qsonda ham o‘lmaydi. To‘qsonda ham odam yosh yigitlardek ishqiy g‘azallar yozadi, mo‘yqalami o‘ta hassos suvratlar chizadi, odamzodni lol qiladigan ajib musiqalar yaratadi. Insoniyat buning ko‘p ajo­yib misollarini biladi.

* * *

Vatanparvarlik va millatparvarlik singari e’tiqodiy hodisalarni ham faqat ma’naviyat bilan chambarchas bog‘lagan va undan zarracha ayrilmagan holdagina tushunish, shunga yarasha sa’y-harakatda bo‘lish har bir xalq uchun chin mo‘jizalar yaratadi. Ma’naviyatdan mahrum vatanparvarlik va millatparvarlik o‘z-o‘zinigina ko‘r-ko‘rona sevishga, dimog‘dorlikka, takabburlikka olib boradi, aslini olganda, takabburlikning jaholatdan sira farqi yo‘q. Takabburlik ham, jaholat ham, o‘zgalar haq-huquqlarini mensimaslik, bepisandlik ham — ma’naviyatsizlikdan hosil bo‘ladi.

* * *

Ba’zan hayajonlarimni yashirolmay qolgan kezlarim: agar hamma kunlarimni bir yerga yig‘sam, sening O‘zbekiston, loaqal bir soniyangcha bo‘lmas! — deb hayqirgim keladi. Ko‘ksimdan otilib kelayotgan so‘zlar, tuyg‘ularni to‘xtatolmayman: O‘ZBeKISTON!

TAN BERAMAN: SEN OTASAN! TAN BERAMAN: SEN ONASAN! TAN BeRAMAN: SEN MURABBIYSAN!

Shavqlarga to‘lib yosh boladay sanasam, o‘nsan. Barcha yaxshiliklarda yonimda o‘ngsan.

Mening hayot va tiriklik qovurg‘alarim sening o‘n harfingdan bino bo‘lgan, ya’ni:

O‘ — o‘zligim, o‘ktam zabonim

3 — zebi jahonim

B — bag‘ri keng baland osmonim

ye — yetmish ming asrning jonli sadosi

K — ko‘zim qarosi

I — iymon safosi

S — suzugim

T — tuzugim

O — oromi jonim

N   —   Nonu tuzim — O‘ZBEKISTONIM!

Sen yolqinim, sen to‘lqinim va meni ma’zur tutgaysan bu ko‘tarinki so‘zlarim uchun.

Ibrohim G‘AFUROV,

O‘zbekiston Respublikasi san’at arbobi 

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.