BAHOR, KETMA BIZNING BOG‘LARDAN

0
862
marta ko‘rilgan.

Inson umrining go‘zal fasli – bolalikni azal-azaldan boboyu momolarimiz bahorga, borliqni yashnatib, ko‘zni quvontiradigan navro‘zi ayyomga qiyoslashadi. Zero, bolalikning bahorga qiyoslanishi bejiz emas. Bahor kelishi, navro‘zi olam sepini yoyishi bilan havo yumshaydi, tog‘u-toshlarda qorlar erib, zamin yashnaydi, dillar quvnaydi. Tog‘larda boychechaklar, shahar bog‘larida binafshalar ko‘z ochadi, ko‘ngillarni yayratadi.

Oilaning kurtagi – farzandning dunyoga kelishi ham bahorni, navro‘zni eslatmaydimi? Bahor, navro‘zi olam bilan tabiat uyg‘onib, borliq yangilansa, farzand bilan yangi nasl, yangi ong, yangi go‘zallik vujudga keladi. Xalqimizning qon-qoniga singgan urf-odatlari ham tabiat bilan uyg‘unlashadi. Har yili bahoru navro‘zda dalalar shudgorlanadi, ariqlar qayta kovlanadi, oqar suvning yo‘llari qaytadan ravonlashtiriladi. Qabristonlar obod qilinadi, ajdodlarimizning ruhi yo‘qlanadi, ularning yodi tilovat ila poklab turiladi.

Zero, bahorning ilk elchisi boychechakni, binafshani momolar bejiz ko‘zlariga surtmaydilar. Unda tabiatning oliy qonuni – yangilanish jarayoni mujassam! Shu tariqa ajdodlar va avlodlar o‘rtasidagi bog‘liqlik uzilmaydi. Bahor, navro‘zi olam tabiatdagi uzviylikni ta’minlaganidek, farzandlar millatlar uzviyligini ta’minlaydilar.

Tiriklik bahordan, hayot mazmuni farzanddan boshlanadi. Kuzimizning qut-barakasi, yilimizning hosilasi bahorga, navro‘zga bog‘liq bo‘lganidek, oilamizning taqdiri, millatimizning kelajagi farzandlarimizning tarbiyasiga bog‘liq. Ular davlatimizning kelajagi!

Biz Mustaqillik nashidasini, sururini ham bahorga, navro‘zga mengzaymiz. U bahor yanglig‘ jo‘shqinlik bilan, bahor yanglig‘ yangilanishlar bilan kirib keldi.

Mustaqillik – Ozodlik ilk bora millatimizning genofondini sog‘lomlashtirish zaruriyati masalasini kun tartibiga qo‘ydi va davlat siyosati darajasiga ko‘tardi. Keyingi yillarda Harakatlar strategiyasi asosida amalga oshirilayotgan ishlar esa ushbu siyosatni yangi bosqichga ko‘tardi. Ushbu o‘zgarishlar navro‘zi olam kabi ko‘ngillarni yashnatadi.

Masalan, maktabgacha ta’lim vazirligi tashkil etilganligi ulug‘vor islohotlardan biri bo‘ldi. “Kelajak – bog‘chadan boshlanadi” degan shior balandparvoz gap emas. Aslida vatanparvarlik, el-yurtga fidoiylik bir qarashda oddiy, lekin hayot talabi bo‘lgan ana shunday dolzarb ishlardan boshlanadi”,- deydi mamlakatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev Xalqaro xotin-qizlar bayramiga bag‘ishlangan uchrashuvdagi nutqida.

Mamlakat rahbari hududlarga borganida shahar va tumanlarda barpo etilayotgan yangi bog‘chalar, ulardagi sharoitlar bilan tanishishga

alohida e’tibor beradi. Qoraqalpoqiston, Qashqadaryo viloyatlariga safari bunga yaqqol misoldir. Eng asosiysi, bunday ishlardan onalar, ayollari, jajji farzandlar xursand bo‘lmoqda. Shunisi quvonchliki, bu yil 3 mingdan ziyod bolalar bog‘chasini tashkil etish rejalashtirilgan. Shundan 1 ming 200 ta bog‘cha yangidan quriladi, 1 ming 360 ta bog‘cha mavjud binolarda va 470 ta bog‘cha esa uy bog‘chasi sifatida tashkil etiladi. Bu borada davlat-xususiy sheriklik munosabatlari asosida hududlarga biriktirilgan tijorat banklari va tadbirkorlar imkoniyatlari keng ishga solinadi.

Joriy yilda birgina paytaxtimizning o‘zida 420 dan ortiq ko‘p qavatli uy quriladi. Ularning 220 tasi xususiy tadbirkorlar tomonidan, 200 tasi esa davlatimiz rahbarining tegishli qarori asosida barpo etiladi. Ikki yuz yigirmata uyning birinchi va ikkinchi qavatida tadbirkorlar tomonidan kichik hajmdagi bolalar bog‘chalari tashkil etilishi e’tiborga olib qurilmoqda. Albatta bu yosh ota-onalar uchun katta imkoniyat, uzoqqa qatnab yurmaydi, vaqti tejaladi. Bolalar esa o‘z muhitida, mahallasida, qo‘ni –qo‘shnilari davrasida ulg‘ayadi. Ota-onalarning xohish va istaklarini inobatga olgan holda yakka tartibdagi xonadonlarda ham 40-50 o‘rinli xususiy bolalar bog‘chalari tashkil etilishi rejalashtirilgan.

Mamlakat kelajagi – farzandlar tarbiyasini o‘ylab qilingan yana bir yangilik, hayotiy islohot shu-ki, joriy yilning 1 martidan boshlab umumiy o‘rta ta’lim maktablarining 1-sinf o‘quvchilari 5 kunlik o‘qish jarayoniga o‘tkazildi. Bundan ko‘zlangan asosiy maqsad ota-onalarning farzandlari bilan oilaviy dam olishlariga yanada ko‘proq imkoniyat yaratish, ota-ona va farzandlar o‘rtasida mehr-oqibatni mustahkamlash hamda oilaviy an’analarni shakllantirishdan iboratdir.

Shuningdek, bunday imkoniyat orqali o‘quvchilar ota-onalari bilan birgalikda teatr, muzey va tarixiy obidalarga sayohat qilishlariga zamin yaratiladi. Qolaversa, haftaning shanba kunlari muassasalarda o‘quvchilarning qiziqishlari va xohish-istaklaridan kelib chiqqan holda, turli fan to‘garaklari, sport seksiyalari va ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar ham tashkil etiladi. Yangi o‘quv yilidan esa bosqichma-bosqich qolgan boshlang‘ich sinflar o‘quvchilari ham haftasiga 5 kunlik o‘qishga o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Xususiy tibbiyot tashkilotlarini yanada rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha shart-sharoitlarni yaratish to‘g‘risida»gi qaroriga asosan 2018 yil 1 yanvardan boshlab tibbiy muassasalarning pensioner shifokorlari, mulkchilik shaklidan qat’i nazar, pensiyani to‘liq hajmda ola boshladilar.

Shuningdek, faxriy unvonlar sohibi bo‘lgan mehnat qiluvchi pensionerlarga joriy yilning 1 yanvaridan boshlab pensiya to‘liq hajmda to‘lana boshlandi. Bunday imtiyoz ilm-fan, adabiyot va san’at sohalarida

ijodiy ishlari uchun qalam haqi oluvchi pensionerlarga ham taalluqlidir. Ijodkorlarning qalam haqlari oshirildi, olimlarga unvonlari uchun qo‘shimcha ustama to‘lanadigan bo‘ldi. Bular ham el-yurtga g‘amxo‘rlik yo‘lidagi islohotlar bo‘lib, navro‘zi ayyomga xos qadriyatlardir.

Zero, navro‘zi ayyomda bemorlardan xabar olinadi, keksa kishilarimizga izzat-hurmat ko‘rsatiladi. Kichkintoylar va yoshlarimizning ong- shuurida milliy qadriyatlarimiz yana bir bora namoyon etiladi.

Mamlakatimizning bugungi siyosiy-iqtisodiy yutuqlari, ijtimoiy-madaniy hayotdagi dadil odimlar, xorij sport maydonlarida bayrog‘imizning hilpirashi Mustaqil Vatan nashidasi va Harakatlar strategiyasi natijasidir.

O‘zbekistonda dunyoviy, madaniy, demokratik, erkin fuqarolik jamiyati qurish yo‘lida qat’iyat, izchillik va sobitqadamlik bilan olib borilayotgan ezgu ishlarga ko‘klami ko‘rkam o‘lkamizning jo‘shqin bahor yanglig‘ bolalari – kelajagi kamarbasta bo‘lib ulg‘ayishida tilakdoshmiz.

Akademik shoir Oybek domla kuylaganidek:

        Bahor, ketma bizning bog‘lardan,

        Quyosh, nuring sochaver mo‘l-mo‘l.

Barcha Vatandoshlarimizni Navro‘zi ayyom bilan muborakbod qilamiz!

Ra’no ZARIPOVA,

O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan jurnalist

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.