Do‘rmon – onamning kindik qoni to‘kilgan qishloq

0
333
marta ko‘rilgan.

Do‘rmon –  bolalik xotiralarim bilan bog‘liq go‘zal maskan. Mevali bog‘lar bilan o‘ralgan hovuzli  go‘sha. Turdiy o‘z she’riyatida turkiylarning to‘qson ikki  urug‘i mavjudligini aytib o‘tadi, Ana shu she’riyatda tilga olingan 92 o‘zbek urug‘ining biri – Do‘rmon. Ayni kunda ushbu nomli qishloqlar respublikamizning ko‘pgina viloyatlarida uchraydi. Masalan, Toshkent viloyatining Qibray tumanida, Navoiy viloyatining Karmana tumanida, Surxondaryo va Xorazm viloyatlarida shu nom bilan yuritiluvchi qishloqlar mavjud.

Urganch tumanida yigirmadan ortiq qishloq bo‘lib, eng kattasi – Do‘rmon. Bir tomoni shahar bo‘lsa, bir tomoni Amudaryo bo‘yidagi to‘qayzorlarga tutashib ketadi. Urganchliklar sholini asosan shu yerda – daryo bo‘ylarida yetishtirishadi. Do‘rmon qishlog‘iga uchta jamoa xo‘jaligi joylashgan. Qishloq katta bo‘lgani uchun bu yerliklar uni uchga bo‘lib: Yuqori Do‘rmon, O‘rta Do‘rmon, Oyoq Do‘rmon deb atashardi. Zero, anjirchilar qishlog‘i desa ham hamma shu yerni tushunadi.

Qishloq odamlariga e’tibor berilsa, aksariyatining ko‘zlari qiyiq, harakatlari samimiy va sodda. Ularning uncha-munchaga jahlini chiqarish qiyin. Bu yerdagi janjal poytaxtgacha kelganini hali hyech kim eshitmagan. Albatta, to‘polonchilar hamma joyda topiladi. Nizolar chiqib turishi mumkin. Biroq tezda tinchishadi. Ular juda kechirimli kishilar. Bir paytlar Xorazm viloyati ijroiya qo‘mitasining xat va shikoyatlar bo‘limi boshlig‘i bo‘lib ishlagan ukam Sharifboy Bekchanov shunday deb ajablangan edi: «Yil oxirida g‘alvirni ko‘tarsak, Do‘rmon qishlog‘idan bitta ham shikoyat tushmabdi. Holbuki, viloyatdagi eng katta qishloqlardan biri!»

TILI. Xorazm shevasi turkiy tillar klassifikatsiyasining o‘g‘iz guruhiga kiradi. «Galdi-getdi» deb gapirishadi. Do‘rmonliklar tilida esa go‘yo «G» harfi yo‘qdek. Vohadagi Gurlan, Yangibozor tumanlari va Do‘rmon qishlog‘i shevasi bir-biriga yaqin. Ular og‘izlarini to‘ldirishib, salmoqlab gapirishni xush ko‘rishadi. Lahjasi ham adabiy tilga yaqin turadi.

Do‘rmanliklarning tilida qadimiy so‘zlar hozir ham saqlanib qolgan.

– Bugun qal’aga borasam-a? Sartlardan qizil chit keltir menga ham, – deydi biri ikkinchisiga.

– Qizingni boyga berding-ma? Kelin olding-ma? – so‘rashadi ular bir-biri bilan uchrashganida.

– Boyingni aytganidan chiqma, seni davlatboshing shu, – o‘rgatadi momolar kelinchaklarga. Ularning tilida qal’a – shahar, sart – shaharlik, boy – er degan ma’noni anglatadi.

URF-ODATLARI. Momolari yaqin-yaqingacha lachak o‘rashardi. (Lachak – boshiyu bo‘yinlarini o‘rab turadigan oppoq ro‘mol). Lachakning uchida sandiqning kalitlari jaranglab yuradi. Ko‘ylaklarining yenglari uzun. Qo‘llari ko‘rinmaydi. Yoz kunlarida hatto ko‘ylakning yengi yelpig‘ich o‘rniga o‘tadi. Buvim Bibijon enam (joyi jannatda bo‘lsin) ko‘z oldimda ana shundayligicha qolgan. Bugungi kunda lachak o‘raydigan momolar sanoqligina. Shuning uchun lachak o‘rash marosimlarini o‘tkazish urfga kirayapti.

– Sartlarning kelinlari enalari bilan gapirishmay, tars yorilib ketmay-ma, – deydi o‘zaro suhbatda ular.

Xorazm xalqining aksariyatiga xos bo‘lgan qaynona-kelinning gapirishmaslik an’analari ularda yo‘q.

– Viy-biy, enajon, bo‘yginangdan aylanayin, desa bo‘lmay-ma, yayrab gaplashsa bo‘lmay-ma, – ajablanadi ular.

Yana do‘rmonliklar orasida g‘assol yo‘q. Ular suyagini birovga tutqazishni uyat hisoblashadi. Marhumni oxirgi yo‘lga kuzatishdan oldin pokizalashga o‘z yaqinlari kirishadi.

Shuningdek, ular qizlarini «sart»larga uzatishsa-da, o‘lganidan keyin suyagini ularning qavmida(xilxona) qoldirishmaydi. «Shuncha yil xizmatda tik turgani yetar, o‘g‘il-qiz tug‘di, farzu qarzini bajardi. Boqiy olamda hur bo‘lsin», deyishadi. Marhumani o‘z qavmiga(xilxonasiga) qaytarishadi. Hurlikni eng oliy ne’mat hisoblashadi.

Ularning urf-odatlarini, muomala-madaniyatini kuzatib turib, xalqimizning “Uchratgan har bir odamingni Xizir bil” degan hikmatli so‘zlari esga tushadi. Qishloqning beg‘ubor kishilarini kuzatganimda beixtiyor har bir odam o‘zi bir olam deyman!

Ra’no Zaripova,

O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan jurnalist

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.