FIKRLAYMIZ VA DUNYONI O‘ZGARTIRAMIZ!

0
362
marta ko‘rilgan.

O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasining “Insonni o‘zgartirish orqali jamiyatni o‘zgartirish g‘oyasi” qanchalik ustuvor ekanligini bugun davrning o‘zi ko‘rsatib turibdi. Ayniqsa, xalqimiz uchun bugungi sinovli damlarda inson o‘zini taftish qilishi, o‘ziga chetdan nazar tashlashi, kerak bo‘lsa o‘zini o‘zi qayta isloh qilishi kabi og‘riqli kechadigan ruhiy va ma’naviy tozarish jarayoniga ehtiyoj katta.

Bugun butun dunyodagi “faqat o‘zim bo‘lay” qabilida yashashga o‘rgangan odamizod, o‘zidan ancha uzoqlashib ketdi. O‘ziga yana qaytishi oson kechmayapti. Zero, hozir dunyoning ko‘plab eshiklari, chegaralari yoppasiga koronavirus oqibatida yopilayotgan bir paytda o‘zimizni imtihon qilish, vijdonimiz qo‘yadigan savollarga javob berish, vaziyatdan to‘g‘ri xulosa chiqarishning ayni fursati.

Qolaversa, bugun qalbimiz, ruhiyatimiz, e’tiqodimiz, fikrimizdagi o‘zgarishlarni bayon etish, bu borada bir-birimizni eshitishga har qachongidan ko‘proq andarmonmiz.

Shu bois, yana bir xayrli ishga qo‘l urdik. Muloqotning manzil makonini ijtimoiy tarmoqqa ko‘chirdik.  

Shunday ekan, O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi Markaziy kengashi hamda partiyaning Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi fraksiyasi a’zosi Farida Afruz tashabbusi bilan yangi “Fikrlar chorlovi” loyihasini e’lon qiladi va shoiraning mazkur masala yuzasidan quyidagi murojaatini sizga yo‘llaydi.

Salom azizlarim!

Fayzi Bog‘imizdagi do‘stlarim!

Mana, bir necha kundirkim, uydamiz. Bu baxtmi, imtihonmi, musibatmi, sinovmi, xali unchalik tushunib yetganimiz yo‘q. Bunga biroz vaqt kerak bo‘ladi. Hammaga go‘zal sabr tilayman!

Men uyda o‘tirib, bu pandemiya muammolarining mohiyatini anglamoqchi bo‘ldim. Ammo savollarim ko‘payib ketdi. Javob esa…?!

Shuning uchun “Fikrlar chorlovi” guruhini tuzishga qaror qildikki, zora….

O‘zi azaldan ayon, insoniyatning xatolari ko‘p. Buning ustiga millatlarga xoslari ham bir talay.

O‘zbeknikichi?! To‘g‘ri, yutuqlarimizning ham cheki yo‘q, aytaylik, mehmondo‘stmiz, bolajonmiz, mehribonmiz, sahiymiz, go‘zalmiz……. va ..va hokazolar. Kelinglar, bugun do‘ppimizni yerga qo‘yib, o‘zimizni maqtamasdan, xato va qusurlarimiz haqida gaplashaylik. Til va dil birligi haqida qayg‘uraylik. Axir shu emasmi, bani basharni xarob etgan?!… Nega dunyo shu halokatga duchor bo‘ldi?!  Xullas, gap ko‘p…

Zero, chin iqror – tavbalarning onasi!

Endi vaqtimiz bor, endi hyech narsani bahona qila olmaymiz.

Fikrlashaylik! Hamfikrlar dunyolar yaratgan! Fikrlar almashish maqsadida “Fikrlar chorlovi” guruhini yaratdik. Shuningdek, telegramda ham “Fikrlar chorlovi” guruhini tashkil etdik. Siz ham qo‘shiling va o‘zaro fikrlaringizni biz bilan o‘rtoqlashing.

Maqsad: vatandoshimizni, millatdoshimizni ravnaqini ko‘rish.

Loyiha doirasida bildirilgan eng sara fikrlar O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasining ijtimoiy-siyosiy nashri “MILLIY TIKLANISH”da hamda partiyaning elektron manbalarida chop etiladi.  Shuningdek, gujum.uz  elektron nashrida yoritilishini ham kelishib oldik. Loyiha doirasida eng faol fikr yetakchilari shoira qalamiga mansub ijod namunalari bilan rag‘batlantiriladi hamda ular bilan alohida ko‘rsatuv tayyorlanadi. Shuningdek, eng sara fikrlar “FIKRLAR CHORLOVI” to‘plamida chop etiladi.

Feruza MUHAMMEDJONOVA, O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi Markaziy kengashi raisi o‘rinbosari  

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.