Hasadgo‘y shaftoli

0
179
marta ko‘rilgan.

Mashhur musavvir va ixtirochi Leonardo do Vinchi bolalarga ham ko‘plab ertaklar yozgan adibdir. Olim va yozuvchining ertaklarida tabiat, jonivorlar va o‘simliklar, turli-tuman ish qurollari orqali, ular tilidan ota-onalarning farzandiga mehri, insoniy sahovati, sabr-toqati ulug‘lanadi. Yolg‘onchilik, maqtanchoqlik, manmanlik, xasadgo‘ylikning ayanchli oqibatlari haqida qisqa, lo‘nda xulosalar beriladi. Tarjimon Vasila Po‘latova ana shu kichik ertaklarni o‘zbek tiliga o‘girdi. U “O‘zbekiston” nashriyotida “Leonardo da Vinchi xazinasidan” nomi bilan chop etildi.

Quyida ushbu kitobdan joy olgan ertaklardan birini o‘qiysiz.

Hasadgo‘y shaftoli

Bir bog‘da yong‘oq daraxti bilan shaftoli daraxti yonma-yon o‘sar ekan. Shaftoli hasadgo‘y ekan. U yong‘oq daraxtining baquvvat tanasiga, shig‘il mevasiga ichi kuyib qarar, undan o‘zib ketgisi kelar ekan.

– Bu insofdan emas, – ming‘irlarkan u, – nega endi yong‘oq shig‘il-shig‘il hosil solar ekan-u men qarab turarkanman. Mana ko‘rasizlar, hali undan-da ko‘proq meva tugaman.

– Behuda chiranma, – debdi uning vaysashlari joniga tekkan keksa olxo‘ri daraxti. – Nahotki yong‘oqning nihoyatda baquvvat, shoxlari esa egiluvchanligini sezmading. Bellashaman, deb belingni sindirma. Yaxshisi, mevalaringni shirin sharbatga to‘la bo‘lishi uchun harakat qil.

Biroq, hasadgo‘y shaftoli yon qo‘shnisining foydali maslahatiga quloq ham solmadi, o‘ylab ham ko‘rmadi. U ildizlariga yerga mustahkamroq va chuqurroq yopishib olib, hayot sharbatidan ko‘proq sipqorishni buyurdi. Shoxlariga ko‘proq kurtak otishni, gullaridan esa to‘liq mevaga aylanishni talab qildi.

Bahor o‘tib, yoz kelganda shaftoli daraxti murodiga yetgan, shoxlarining uchlarigacha yirik mevalar bilan to‘lgan edi.

Daraxt kundan kunga sharbat yig‘ib, mevalari yiriklasha bordi. Hosil zalvoridan esa shoxlari soat sayin egilmoqda edi.

Kunlardan bir kun shaftoli shoxlari hosilni ko‘tarolmay qarsillab sinib ketdi. Sharbat to‘la shaftolilar duvillab yerga to‘kildilar.

Ular yong‘oq daraxti poyiga bosh urib, uzoq yotishdi, keyin esa chirib, bir uyum axlatga aylanishdi.

Vasila Po‘latova tarjimasi

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.