ISLOM KARIMOV XOTIRASIGA BAG‘ISHLOV Yohud “O‘zbekiston mustaqillikka erishish ostonasida” rasmiy nashrini o‘qib

0
1302
marta ko‘rilgan.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning “O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti, buyuk davlat va siyosat arbobi Islom Abdug‘anievich Karimov tavalludining 80 yilligini nishonlash to‘g‘risida”gi Qarori  2017 yil 27 noyabrida e’lon qilindi. Unda O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti, buyuk davlat va siyosat arbobi Islom Abdug‘anievich Karimovning ona Vatanimiz mustaqilligi, el-yurtimiz ravnaqi yo‘lidagi ulkan tarixiy xizmatlarini inobatga olib hamda u kishining xotirasini abadiylashtirish bo‘yicha boshlangan ishlarni davom ettirish belgilangan va OAVlariga ham keng targ‘ib etish topshirig‘i berilgan.

“O‘zbekiston” nashriyot-matbaa ijodiy uyi tomonidan chop qilingan “O‘zbekiston mustaqillikka erishish ostonasida” kitobidan mamlakatimizning birinchi prezidenti Islom Karimovning ikki yarim yillik (1989 yil 24 iyun-1992 yil 4 yanvar) ulug‘vor davrdagi ma’ruza va nutqlari joy olgan. Ikki yarim yil. Katta tarix oldida kichkina bir davr hisoblanadi. Bo‘lajak mustaqil O‘zbekiston uchun eng sinovli, eng og‘ir va eng mas’uliyatli davrlar bo‘lganligini kitobdagi har bir satrni o‘qib his etasiz. Unda aytilgan so‘zlar, fikrlar va o‘z vaqtda zudlik bilan amalga oshirilgan ishlar 1992 yil 8 dekabrda qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga asos bo‘lganligini, mamlakatimizning mustaqil taraqqiyoti uchun huquqiy zamin yaratganini, shu bilan birga demokratik rivojlanishning poydevori bo‘lib xizmat qilganligini qayta –qayta his qilamiz.

Ushbu kitobning birinchi maqolasida ya’ni mamlakatimizning birinchi Prezidenti Islom Karimovning “Biz bundan buyon eskicha yashay olmaymiz va bunday yashashga zamonning o‘zi yo‘l qo‘ymaydi” nomli 1989 yil 24 iyunda O‘zbekiston SSR Minstrlar Sovetining Farg‘ona vodiysi oblastlarini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishni jadallashtirish masalalariga bag‘ishlangan Kengashida so‘zlagan nutqida ijtimoiy-iqtisodiy masalalarning yechimiga, yoshlarga, kadrlar tayyorlashga e’tibor masalasiga, aholining ish bilan bandligi masalalariga alohida e’tibor beradi, ishga joylashtirish uchun odamlarni ikki sortga bo‘lish mumkin emasligini, adolat mezoni buzilishi ekanligini ta’kidlaydi.

O‘zbekiston Kompartiyasi Markaziy Komitetining 1989 yil 19 avgustdagi XU1 plenumida so‘zlagan nutqidan shunday deydi: ”Farg‘ona voqyealari o‘zbek xalqining irodasi bilan sodir bo‘lmadi. Bu voqyealarga tuturuqsiz va g‘arazli maqsadlarni ko‘zlab, kim qanday bo‘yoq bermasin, tarix albatta, o‘zining adolatli hukmini chiqaradi. Baynalminalchilik, mehmondo‘stlik, yaxshilik, qalb saxovati hamisha o‘zbek xalqiga xos fazilat bo‘lib keldi. Halqimiz hyech qachon boshqa xalqlarga nisbatan dushmanlik kayfiyatida bo‘lmagan. Bu qadimiy va hozirgi tariximizdan olingan ko‘pgina misollar bilan isbot qilingan.(53- bet)

“Jamiyatni yangilash uchun kurashayotgan barcha sog‘lom kuchlarni birlashtirish zarur” nomli ma’ruzasida esa barcha muammolar nimalarga kelib taqalayotganini sharhlab shunday deydi: Hozir shunday vaziyat vujudga keldiki, u jamiyatni yangilash uchun kurashayotgan barcha kuchlarni birlashtirishni talab qilmoqda Odamlar aslo kechiktirib bo‘lmaydigan muammolar-oziq ovqat, transport, savdo, sog‘liqni saqlash, uy-joy qurilishi, mehnat rejimi va unga haq to‘lash, dam olish sharoitlari kabi muammolarning hal etilishini kutmaqdalar.

Darhaqiqat, o‘lkamizdagi og‘ir vaziyatni chinakamiga o‘nglash, yurtdoshlarimizning hayotga qarashini, bugungi va ertangi kunga ishonchini mustahkamlash uchun avvalo, ularning iqtisodiy, moddiy ahvolini yaxshilash, zaruriyatini chuqur anglagan respublika rahbari aholi uchun hal qiluvchi ahamiyatga ega bo‘lgan juda katta bir masalani-odamlarga tamorqa yer berish masalasini kun tartibiga qo‘ydi. Bu boradagi amaliy ishlar natijasida 1989-1990 yillarda bir yarim milliondan ko‘proq oilaga qo‘shimcha yer ajratildi. 700 ming oilaga yangi tomorqa yerlari berildi. Bu murakkab masalaga ana shunday aqlona yondoshuv tufayli mamlakat bo‘yicha ming-minglab odamlar uy-joyli, ishli bo‘lishdi. Bozorlarda mahsulot ko‘paydi. narx-navo arzonlashdi, eng muhimi, ijtimoiy keskinlikning olini olishga erishildi.

Islom Karimovning “Til elni birlashtirishi lozim”(1989 yil 25 oktyabr), “O‘zbekistonda prezident institutining joriy etilishi to‘g‘risida”(1990 yil, 20 iyun), “Mustaqillik deklaratsisi”(1990 yil, 24 mart), “O‘zbekistonning iqtisodiy mustaqilligi to‘g‘risida”(1990 yil, 21 iyun), “Demokratiya qonunga va shaxsga hurmat demakdir” (1991 yil, 4 iyul), Xalqimizning fikri biz uchun oliy mezon (1991 yil, 28 avgust)kabi chiqishlarida mamlakatimizda huquqiy demokratik davlat, fuqarolik jamiyati barpo etish yo‘lida avvalboshdanoq asosiy ustuvor yo‘nalishlarga aylangan masalalar- tinchlik va barqarorlikni saqlash, millatlarora hamjihatlikni asrash, aholini ijtimoiy muhofaza qilish, iqtisodiyotni tubdan isloh qilish, milliy armiyani shakllantirish, sud-huquq tizimini yangi asosda barpo etish, inson manfaati, huquq va erkinliklarini ta’minlash, ijtimoiy –siyosiy hayotni erkinlashtirish, aholi salomatligi, ilm – fan, ta’lim-tarbiya, madaniyat va sport jabhalariga e’tibor qaratish, jahon hamjamiyatidan munosib o‘rin egallash kabi ko‘pdan ko‘p dolzarb vazifalar mustaqilligimizning poydevori qo‘yilayotgan o‘sha davrda har tomonlama o‘z ifodasini topgan edi. Ular faqat ma’ruzalarda qolib ketmadi.

O‘zbekiston Sovet Sotsialistik Respublikasi Prezidentining farmoni bilan 1991 yil 25 avgustda Respublika Ichki Ishlar vazirligi va Davlat xavfsizligi komiteti O‘zbekiston SSRning qonuniy tasarufiga olindi. O‘zbekiston SSR Ichki Ishlar vazirligi, Davlat xavfsizligi komiteti, Prokraturasi va Adliya organlari, shuningdek, respublika hududida joylashgan ichki qo‘shinlar, Turkiston harbiy okrugi qismlari va qo‘shilmalari partiyadan xoli qilindi. 1991 yil 29 avgustda Respublika Prezidentining farmoni bilan Sovet Ittifoqi Kommunistik partiyasining O‘zbekiston SSR hududidagi butun mulki respublika mulki, ya’ni umumxalq mulki deb e’lon qilindi.

Mamlakatimizda Prezidentlik institutining joriy etilishi  O‘zbekistonning davlat suverenitetini va mustaqilligiga erishish yo‘lida qo‘yilgan nafaqat tarixiy qadam, balki chinakam siyosiy va ma’naviy jasorat namunasi bo‘lganini izohlab o‘tirishga hojat bo‘lmasa kerak.

Kitobdan o‘rin olgan chiqishlarning ahamiyatga loyiq, g‘oyat muhim jihati shundaki, ularda mamlakat rahbarining doimo o‘z oldiga yuksak maqsadlar qo‘yib, marrani baland olib faoliyat yuritgani alohida ko‘zga tashlanadi. Kitobni o‘qir ekanmiz, yurtimizdagi mavjud holatni tubdan o‘zgartirish, O‘zbkekistonni nafaqat iqtisodiy, balki tom ma’nodagi suveren va mustaqil, kelajagi buyuk davlatga aylantirish, Birlashgan millatlar tashkilotiga to‘laqonli a’zo bo‘lib, dunyohamjamiyatidan mustahkam o‘rin egallash, xalqimiz uchun dunyoda hyech kimdan kam bo‘lmagan hayot sharoitlari yaratishdek bugungi kunda real voqyelikka aylangan ulug‘ maqsadlarning tamal toshi o‘sha yillardayoq qo‘yilganligi yaqqol isbotlab turibdi.

Ushbu ktitobdagi tarixiy materiallarning kattagina qismi bevosita milliy tiklanish, milliy o‘zlikni anglash, ma’naviyat masalariga bag‘ishlangan. Xalqimizning qadimiy tarixi, boy madaniy merosi, urf-odat va an’analarini asrab avaylash va rivlojlantirish, mustabid tuzum davrida ta’qiqlab qo‘yilgan Navro‘z bayrami, Ramazon va qurbon hayiti, dinga hurmat bilan munosabatda bo‘lishni qaror toptirish, ulug‘ ajdodlarimiz xotirasiga nisbatan tarixiy adolatni tiklash borasida fikr mulohazalar aytildi. qaror va farmonlar berildi.

“Sog‘lom avlod- mamlakatimiz kelajagi” degan shior o‘sha yillarda hayotga kirib keldi. Masalan, “Jamiyatni yangilash uchun kurashayotgan barcha sog‘lom kuchlarni birlashtirish zarur” nomli ma’ruzasida yoshlar masalasiga alohida e’tibor berib shunday deydi: Avangard bo‘la oladigan yoshlarning siyosiy tashkilotini qayta tiklash zarur, yoshlarning mayda-chuyda ishlarga aralashishidan do‘stona hamkorlik qilishga o‘tish darkor. Hammamiz yoshlar orasidagi vaziyatni o‘rganishimiz, va bilishimiz, ular o‘rtasida chinakam yetakchilarni tayyorlashimiz, ijtimoiy muammolarni hal etishda, chinakam vatanparvar va baynalminalchi insonlarni tayyorlashda ularga yordam berishimiz lozim (62 –bet).

“Til elni birlashtirishi lozim” nomli ma’ruzasida shunday deydi: O‘z ona tilini bilmaydigan odam o‘zining shajarasini, o‘zining ildizini bilmaydigan kelajagi yo‘q odam, kishi tilini bilmaydigan uning dilini ham bilmaydi, deb juda to‘g‘ri aytishadi (69- bet).

Kitobdagi ma’ruza “O‘zbekiston dunyo xaritasida o‘ziga munosib joy oldi” nomli O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining navbatdan tashqari 1X sessiyasidagi(1992 yil,4 yanvar) ma’ruzasi bilan yakunlanadi. Unda shunday deyiladi: Jahonga, butun dunyoga olib chiqadigan yo‘limizni kengaytiramiz. Sizlarga ma’lum taraqqiy etgan mamlakatlar uchta muhim masalaga e’tibor berishmoqda: inson huquqlari, demokratiya va sarmoya uchun kafolat masalasi. Biz ana shu masalarlarni e’tiborda tutib, Birlashgan Millatlar Tashkilotiga a’zo bo‘lish choralarini ko‘ryapmiz.

Masalalarning aynan shunday qo‘yilganligi to‘g‘ri bo‘lganligini bugungi kun va bosh qomusimizda belgilangan satrlar uni ifodalab turibdi. Konstitutsiyamizning 14- moddasida “Davlat o‘z faoliyatini inson va jamiyat farovonligini ko‘zlab, ijtimoiy adolat va qonuniylik prinsiplari asosida amalga oshiradi”, degan huquqiy norma belgilab qo‘yilgan.

Kitobdagi ma’ruzalarda bildirilgan fikr va mulohazalar, Prezident qarori va farmonlari Konstitutsiyamizda belgilangan huquqiy normalarning zamini va asoslari edi, desak xato bo‘lmaydi.

Konstitutsiya barcha fuqarolarning qonun oldida huquqiy tengligini hamda qonunning ustuvorligini kafolatlovchi asosiy huquqiy hujjatdir. Vatanning davlat suvereniteti (I-bob), xalq hokimiyatchiligi (II-bob), Konstitutsiya va qonunlarning ustunligi (III-bob) aks ettirilgan.

Konstitutsiya millatimizning tiliga davlat maqomini berdi (4-modda), davlat xalq irodasini ifodalab, uning manfaatlariga xizmat qilishi (2-modda), xalqni davlat hokimiyati manbai sifatida e’tirof etdi. (7-modda). Unda ijtimoiy hayotda siyosiy institutlar, mafkuralar va fikrlarni xilma-xilligi kafolatlandi (12-modda), insonning hayoti, erkinligi, sha’ni, qadr-qimmati daxlsiz oliy qadriyat deb e’tirof etildi (13-modda).

Konstitutsiyada inson eng mo‘tabar mavqyega ko‘tarildi. E’tibor qilsangiz, “Asosiy prinsiplar” (Birinchi bo‘lim)dan so‘ng darhol “Inson va fuqarolarning asosiy huquqlari, erkinliklari va burchlari” (Ikkinchi bo‘lim) boshlanadi. Keyin esa “Jamiyat va shaxs”, “Ma’muriy-hududiy va davlat tuzilishi”, “ Davlat hokimiyatining tashkil etilishi” (Uchinchi, to‘rtinchi va beshinchi bo‘limlari) joy olgan.

Ikkinchi bo‘lim-“Inson va fuqarolarning asosiy huquqlari, erkinliklari va burchlari” deb nomlanadi. “Inson va fuqarolarning deya bosh qomusimizda tilga olishidan maqsad nafaqat mamlakatimiz fuqarolarining balki mamlakatimizda yashayotgan fuqaroligi bo‘lmagan insonlarning ham haq-huquqlarini e’tiborga oladi.

Konstitutsiyamiz, bir tomondan, milliy tafakkurimizning, dinimizning adolat, bag‘rikenglik, saxovat, to‘g‘riso‘zlik kabi qadriyatlarimizni o‘zida aks ettirsa, ikkinchi tomondan, unda xalqaro huquq me’yorlari, umuminsoniy qadriyatlar uyg‘unlashtirilgan. Ikki yarim yillik ulug‘vor bo‘lgan davrni kuzatsangiz ana shu masalalarga a’lohida e’tibor berganligini his etasiz.

Ha, ushbu masalalarning har biriga 6 bo‘lim, 26 bob, 128 moddadan iborat bo‘lgan Konstitutsiyamizda alohida e’tibor berilgan huquqiy normalar mavjud.

Darhaqiqat ushbu rasmiy nashrning so‘zboshisida ta’kidlanganidek, bugungi kunda taraqqiyotning o‘zbek modeli deb nom olgan rivojlanish yo‘limizning asosiy prinsiplari, umummilliy shiorga aylanib ketgan ”O‘zbekiston kelajagi buyuk davlat”,”Mustaqillik bu avvalo huquqdir”, “Yangi uy qurmasdan turib, eskisini buzmang”, “Islohot islohot uchun emas, avvalo, inson uchun”, ”O‘zbek xalqi hyech qachon hyech kimga qaram bo‘lmaydi”, ”Bizdan ozod va obod vatan qolsin”, “Sog‘lom avlod mamlakatimiz paydevori”, “Yoshlar mamlakatimizning kelajagi”, “Sog‘lom ona-sog‘lom bola” kabi mashhur iboralar sokin kabinetlarda emas, aksincha, ana shunday shiddatli kunlarda, shiddatli kurashlarda, tinimsiz bahs va munozaralarda, achchiq hayotiy tajribalarda tug‘ilganini anglashda ushbu kitob g‘oyat muhim manba vazifasini bajaradi.

Ra’no Zaripova,

O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan jurnalist

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.