Kavkaz tog‘larida: O‘ZBEKISTON

0
590
marta ko‘rilgan.

O‘zbekiston Respublikasi 1991 yil 31 avgustda mustaqil deb e’lon qilindi. O‘sha paytda Rossiyadagi mamlakatimizning bir parcha yeri – “O‘zbekiston” sihatgohida edik. Biz o‘zbekistonliklar xabarni telefon orqali eshitgan bo‘lsakda, kechqurun “Vremya” teledasturini intiqlik bilan kutdik. Yo‘lakdagi dam olish maydonchasiga qo‘yilgan televizorga barchaning nigohi qadalgan, xonaga sukunat cho‘kkan edi. Moskva orqali xushxabar e’lon qilinganida barcha yurtdoshlarimiz qarsak chalib yubordi. Bir-birini qutlashdi. Yonimda turgan o‘g‘lim quvonchimiz sababini so‘radi. “O‘g‘lim, xalqimizning yuz yillik orzusi amalga oshdi”, dedim ko‘zlarimda beixtiyor yosh qalqib. O‘zbekiston mustaqilligi Ona xalqimizga XX asr so‘ngida nasib etgan ulkan tarixiy g‘alaba ekanligini tushuntirdim.

Darhaqiqat, o‘tgan yigirma olti yil xalqimiz mustaqil taraqqiyot yo‘lini belgilab olgani, tanlagan yo‘li – tinchlik, bosqichma-bosqich taraqqiyot yo‘li to‘g‘ri yo‘l ekanligini isbotlay oldi. Bugungi kunda rivojlanishning “o‘zbek modeli”ni dunyo e’tirof etmoqda. O‘zbekiston 250 dan ortiq davlat bilan diplomatik aloqa o‘rnatdi. Birlashgan Millatlar Tashkiloti binosida bayrog‘imiz hilpirab turibdi. Mustaqillik yillarida respublikada paxtachilik, g‘allachilik, chorvachilik, pillachilik, meva-sabzavotchilik sohalari, sanoatning gaz, neft, qimmatbaho metallar qazib chiqarish turlari keng rivoj topdi.

Men Rossiyaning Stavropol o‘lkasida joylashgan Kislovodsk shahridagi “O‘zbekiston” sanatoriysiga yigirma uch yil o‘tib borganimda buni yana bir marta qalbdan his etdim. Millatimizning mashhur sarkardalari Jaloliddin Manguberdi va Amur Temur bobolarimizning qadamlari yetgan tog‘lar bag‘rida mamlakatimizning bir parchasi – dam olish maskani borligi va u yanada obod bo‘lgani dillarni yashnatadi.

Minvoda” aeroportidan chiqiboq, “O‘zbekiston” sanatoriysi” deb yozilgan mashinaga ko‘zimiz tushdi. U ko‘ngillarga yorqinlik bag‘ishladi. Dam olish maskanining peshtoqida ona tilimizda yozilgan “O‘zbekiston” sanatoriysi yozuvi va yurtimizning ramzi – bayrog‘i va gerbini ko‘rganimizda qalbimizni beixtiyor faxr tuyg‘usi chulg‘ab oldi. So‘lim maskanda hordiq chiqarayotgan yurtdoshlarimiz o‘zbekona lutf bilan “xush kelibsiz” deganlarida yanada yayrab ketdik.

Tabiat mo‘jizasi, shifo manzili, kurortlar shahriga aylangan – Kislovodskda o‘ttiz sakkizta sanatoriy joylashgan. Ularning biri – “O‘zbekiston” sihatgohidir. U o‘rmon-parkning xushmanzara joyida bunyod etilgan. Havosi rohatijon, yam-yashil archalar hidi ayvon orqali xonalarga ufurib, dilga xushkayfiyat baxsh etadi. Sharqiroq soyning toshlarga urilib, billurdek tovlanib oqishi ruhiyatga osoyishtalik olib kiradi.

Bizning dam olish maskanimiz ham o‘z navbatida kelinchakdek bezangan o‘rmon hududiga alohida ko‘rk bag‘ishlab turibdi. Jonajon Vatanimizning bir bo‘lagi bo‘lmish Kislovodskdagi “O‘zbekiston”imizning hayratomuz go‘zalliklari bepoyon moviy osmonga intilgan, tog‘lar bilan bo‘ylashgan sarvqomat daraxtlar, oy bilan chiroy talashgan gullar, milliy ruh bilan bezatilgan yo‘laklar so‘lim oromgohga yanada ko‘rkamlik baxshida etgan. Dam olish maskanining orqa eshigidan shunday o‘rmonga yo‘nalasiz va “Billur buloq” yodgorligiga duch kelasiz. Uning bir tomonida ikki buyuk ijodkor Pushkin va ikkinchi tomonida esa Lermontovga qo‘yilgan yodgorlik qad rostlagan. Bu yerlar ulug‘ shoirlarning qadami yetgan va ijod manbai bo‘lgan makondir.

Ijodkorlarning poyqadamida gullarning bellashib, chiroy talashib turishi ham tasodif emas, albatta. O‘rmon tabiati – gulzorlaru bog‘-rog‘lar, xush manzaralar inson va uning qadoq qo‘li, qaynoq qalbi hamda nozik didining mahsulidir. “O‘zbekiston” sanatoriysi esa o‘zbek xalqining baxtli turmushi, farovonligi va ijodkorligi, tashabbuskorligi timsolidir! Zero, tabiat o‘z quyoshi bilan, inson tafakkuri, ijodiy faoliyati bilan ajralib turadi.

“O‘zbekiston” sanatoriysining o‘ziga xos an’analari bor. Ularning avvali toza havo, shifobaxsh “Narzan” bulog‘i suvi hamda tibbiy muolajalardir.

Oromgohning orqa eshigidan o‘rmonga chiqib, billurdek tovlanayotgan soy yoqalab borib shifobaxsh suvdan qonib ichamiz. Bu borada vrachlar ham dam oluvchilarga hamfikr, hammaslakdir. Xizmatga shay sanatoriy xodimlari turli millat vakillari bo‘lib, ularning maqsadu muddaosi yagona – millatning yuzi bo‘lgan bu maskanda buyuk Vatanimizga munosib xizmat ko‘rsatish, sihatgohning go‘zal, rang-barang gullariga hamohang yaxshi kayfiyat baxsh etishdir.

OROMGOHLAR ShAHRI
Kislovodsk Kavkaz tog‘lari bilan o‘ralgan shahar bo‘lib, kavkaz-abazin tilida maftunkor degan ma’noni anglatadi. Kavkaz tog‘larining adrlarida joylashgan Kislovodsk nafaqat Stavropol o‘lkasida, balki butun jahonda eng mashhur kurort shaharlardan biridir. yessentuki, Pyatigorsk, Jeleznovodsk shaharlari u bilan yonma-yon joylashgan. Kislovodskning shahar shaklida tashkil topganiga ko‘p bo‘lmadi, endigina ikki yuz yil to‘ldi. Uni Kislovodsk kurort-shahar ma’muriyati boshqaradi. Bu yerda 95dan ortiq shifo va dam olish maskanlari mavjud. O‘ttiz sakkizta sanatoriy, 12ta pansionat, 4ta klinika va 39ta mehmonxona va undan tashqari mini mehmonxonalar ham mavjud. Kurortlar makonida mamlakatimizning shifo maskani ham borligi, albatta, bu yerga kelgan yurtdoshlarimiz qalbini g‘ururga to‘ldiradi.

Aholisi. Kislovodsk nafaqat shifo maskanlari bilan mashhur, balki ko‘p millatli aholisining do‘stona yashayotgani bilan ham e’tiborga molikdir. Bu yerda turli mazhab va millat vakillari yashaydi. Asosiy aholisi diniy mazhab bo‘yicha nasroniy va musulmonlardan tashkil topgan. Shaharda 13 ta milliy madaniyat markazi bor. 2 ta slavyan, nemis, qorachoy, grek, osetin, abazin, ozarbayjon, arman, dog‘iston, yahudiy, adigey va gruzin xalqlarining madaniy markazlari faoliyat yuritadi.

Tabiati ham o‘ziga xos. Kechqurun yomg‘ir yog‘ib, ertalab quyosh porlab turadi. Shuning uchun ruslar bu yerni quyoshli o‘lka deyishadi. Diyorimizdagi kabi to‘rt fasl to‘rt fazilatni o‘zida namoyon etib, turli ko‘rinishda tovlanib ko‘zni quvontiradi. Kishilari yil davomida archalar ifori ufurib turgan havodan nafas oladi. Mamlakat tabiatida, aholisining urf-odatlarida, turmush tarzida betakror rang va ohanglar mavjud. Kavkaz xalqining shiori go‘yo ”Birdamlik – rang-baranglikda” degandek tuyuladi.

Tili. Ko‘p millatli shahar xalqlarining umumiy tili – rus tili. Shahar xalqining ko‘p tilli ekanini o‘rmonning malikasi turli-tuman archalarga mengzayman. Turfa millatli do‘stona yashayotgan xalqni rus tili uyg‘unlashtirib turadi. Archalarga kelsak, turli tuman shaklli, rang-barang archalar bitta yashillikda mujassamlashgan. Ularning ba’zilari baxmal guldek turli xil tovlanadi, faqat yam-yashil, ba’zilari baxmaldek yumshoq, ba’zilari bizning o‘lkalarda ko‘p o‘sadigan nina bargli daraxtlardir. Ular go‘yo yuqorida ta’kidlaganimizdek Kavkazning turli fe’lli, turfa tilli odamlariga o‘xshab ketadi.

Shahar kezar ekansiz, bozoru do‘konlarining peshtaxtalarida turkiy tilimizga o‘xshash so‘zlarni ham uchratish mumkin. Sotuvchilari bilan o‘zbekcha suhbatlashamiz, deyarli ko‘pchiligi tushunadi.

ATIRGULLAR VA ARChALAR VODIYSI

Inson turfa tilli, turfa shakl-shamoyilli bo‘lganidek atirgullar ham turli-tuman ekanligini ana shu vodiyda his qilasiz. Bu yerda atirgulning yuzlab turlari mavjud bo‘lib, barchasi qizil va oq rangda. Bu ikkala rangning ko‘pligini ko‘rib lol qolasiz. Ular bir-biridan na faqat shakli-shamoyili balki, qizil va oq-sariq ranglarining turfaligi bilan ham ajralib turadi.

Ularni o‘rab turgan bulut bilan bo‘ylashayotgan archalar ham atirgullardek shakl-shamoyilga ega. Ushbu qaddi tik archalarning shoxlariga e’tibor bersangiz, ular ham atirgullardek qat-qat tovlanib o‘ziga xosligi bilan ajralib turadi. Beixtiyor hayratga tushamiz. Bu mo‘jizamikan yoki inson qo‘li bilan yaratilgan yangi bir daraxt navi?! Bu yerda archadan g‘orlar yasalgan. Bu maskanda archadan tonnellar bunyod etilgan. Archadan yana betakror ayvonlar qad rostlagan bo‘lib ko‘zni qamashtiradi. Ularning biri nina bargli, biri yashil gulga o‘xshaydi, biri yashil archaga tonggi qirov tushgandek kayfiyat uyg‘otadi. Yana birining ulug‘vorligidan ko‘z uza olmaysiz. Soyasida yuzlab odam dam olishi mumkin. Tanasiga o‘nlab quchoq birlashsa yetmaydi. U donishmand nuroniyni eslatadi. Ularning yonida pastakkina dum-dumaloq pufakdek bo‘lib o‘sgan archalar ko‘zga tashlanadi. U “donishmand archa”ning yonida bo‘y cho‘zayotgan bolani yodga soladi. Betakror manzarani kuzatar ekanman, beixtiyor biz bilan birga dam olayotgan, sobiq tuzum zamonida Pskent tumanida ishlagan rus ayoli Larisaxonimning so‘zlari xayolimga keladi. “Men O‘zbekistonda uch yil yashab, donishmand xalqingizdan uch hikmatni o‘rgandim: mansab – sarob. Cho‘lda sarob suvdek ko‘zga tashlanadi, uning ketidan borsang aldaydi, adashtiradi. Boylik – qo‘lning kiri. Vaqtida yuvib tashlamasang xastalik chaqiradi. Dunyoning ustuni – mehr-muhabbat! Mehrli oilada sog‘lom avlod kamol topadi. Boylik aslida salomatlik va farzandlardir. Zero, farzandlar kelajakda tarix g‘ildiragini aylantiradi.

Rossiyaga qaytgach, bu katta donishmandlik ekanligini angladim. Zero, mansab ham, boylik ham o‘tkinchi, qariganda belingni quvvati, ko‘zingning nuri farzandlaring ekan. Kengroq sharhlasak, mamlakatning tayanchi, suyanchi ham o‘g‘il-qizlarimizdir.

– Men O‘zbekistonni, uning donishmand, bolajon xalqini qo‘msaganim uchun “O‘zbekiston” sanatoriysiga keldim. Bu imkoniyatni bolalarim tuhfa etdi – dedi u samimiy.

Darhaqiqat, jahonni o‘rganmay, dunyoni tanimay turib kishi, o‘zligini tan olmaydi. O‘zligini tanigan odam har taraflama uyg‘un rivojlangan insondir. Barkamol shaxs va sog‘lom avlod xalqlarning go‘zal tajribasidan, umuminsoniy qadriyatlaridan o‘rganib, o‘zining ildizlariga – xalq salohiyatining munosib o‘zanlariga, asrlar davomida qaror topgan axloqiy mezonlarga suyanib, o‘ziga xos, o‘ziga mos yo‘lni tanlab oladi. Agar e’tibor bersangiz nafaqat odamzotning, balki millatlarning, davlatlarning ham yashash tarzi, yuksalish a’mollari ana shundan iborat. Izlanish, o‘rganish, yaratish… deyman unga.

Darhaqiqat, Larisaxonim so‘zlarini amalda isbotlaydi. Dam olish maskanida muntazam Botir Zokirov qo‘shiqlari yangrab turardi. U o‘zbekcha xirom bilan ohista raqsga tushadi. “Bu mening sizning xalqingizga bo‘lgan mehr-muhabbatim ramzi”, deya tabassum bilan tavoze ko‘rsatadi.

 

Dombay – Elburs tog‘larining etagi

– Qorachoy-Cherkas Avtonom respublikasining sharqida joylashgan bu qishloq Kavkazdagi eng baland Elburs cho‘qqilariga tutashib ketadi. Bu yerdan yozning jaziramasida to‘rtta osma yo‘l orqali 3 ming metr balandlikka chiqib, saratonda qish bilan uchrashasiz. Oppoq qor kechsiz quvonch baxsh etadi. Tog‘ bag‘rida 25 ming turdagi giyohlar bilan tanishasiz, – deydi sanatoriyning oshxonasi foyesida doimo dam oluvchilarni sayohatga chorlab turuvchi ekskursavod.

Domboyga Qumboshi dovoni orqali o‘tiladi. Qumboshi dovoni xushmanzara joy bo‘lib, tamaddi qilish, biroz yo‘l charchog‘idan forig‘ bo‘lish uchun qulay sharoitga ega maskan.

Sayohatchilarga qorachoy millatiga mansub yigit-qizlar xizmat qiladi. Ular bilan bemalol ona tilimizda suhbatlashdik, go‘mmadan is’temol qildik. Mahalliy oshpazlar tayyorlagan taomlarning nomlari ham aynan tilimizdagidek. Masalan, go‘mma, ayron…

Yo‘l-yo‘lakay yevropadagi eng toza suv deb nom olgan billurdek tiniq Uli Muruju daryosi bilan tanishib o‘tdik. E’tibor bersak, Xorazm shevasida ham ulli so‘zi bo‘lib, u katta, ulug‘, degan ma’noni anglatadi. Yana shu sayohatda tog‘lar orasidagi Qorako‘l havzasi bo‘yida to‘xtab dam oldik. Uning suvi shu qadar tiniqki, suzib yurgan baliqlarini kuzatish mumkin. Darhaqiqat, u mamlakatimizning butun dunyoga mashhur qorako‘l terilaridek tovlanib turadi. Ulli Murujoy, Qorako‘l, Qumboshi, go‘mma, ayron… bularning bari qorachoylarning nafaqat tili, balki, urf-odatlari, taomlarida ham o‘xshashlik borligini anglatadi. Yo‘lboshchimiz Andrey ularning tarixi, insonparvarligi, mehmondo‘stligi haqida to‘lqinlanib hikoya qildi.

Domboy qishlog‘idagi mehmonxonalarning, oshxonalarning peshtoqidagi nomlar ham ona tilimizni, yurtimizni yodga soladi. Beixtiyor Nosiruddin Rabg‘uziyning “Payg‘ambarlar qissasi” asarini esladim: “Dunyodagi barcha odamizot Odam Ato va Momo Havodan tarqalgan” deya yozadi. Mamlakatimizdan uzoq joyda yurtimga, odamlariga, tiliga, urf-odatlariga xos belgilarni ko‘rar ekanman, yuragim hapqiradi. Yurtga, elga bo‘lgan muhabbat, sog‘inch tuyg‘usi qalbimda jo‘sh uradi…

Yo‘lboshlovchi Amir Temur, Jaloliddin Manguberdi kabi buyuk sarkarda bobolarimiz bu joylarda bo‘lganini gapirib o‘tdi. Darhaqiqat, Jaloliddin Manguberdi Kavkaz xalqlarini birlashtirib, tinchlik, osoyishtalik o‘rnatgani tarix kitoblarida ham bitilgan. Amir Temurning turkiylar saltanatini barpo etganini jahon yaxshi biladi.

Kavkaz xalqlarining rivoyatlarini yig‘ib, ular asosida “Kislovodsk va Kavkaz rivoyatlari” nomli kitob yozgan yozuvchi Vladimir Savchenko Samarqandda uch yil yashagan. U shunday deydi: “Kavkazdagi ko‘plab rivoyatlar turkiy xalqlar bilan bog‘liq bo‘lgani, bizning o‘lkalarda Amur Temur, Jaloliddin Manguberdi haqida rivoyatlar ham mavjudligi, meni ana shu yurtni ko‘rishga undadi. Samarqandda muxbir bo‘lib uch yil ishladim”, – deydi u. Darhaqiqat, bu muallifning rivoyatlari bilan tanishsangiz ularning ko‘pchiligi turkiylar hayotidan olib yozilganligini anglash mumkin.

“Narzan” bulog‘i

Kislovodsk shifobaxsh suvi – “Narzan” bilan mashhurdir. Atirgullar vodiysi va hayotbaxsh “Narzan” bulog‘i haqida mahalliy aholi orasida ko‘plab rivoyatlar yuradi. Shulardan biri “Burgut va Jahonoy” hikoyasi el orasida ko‘p tarqalgan. Emishki, Burgut bilan Jahonoy oila qurib 6 qiz, 6 o‘g‘il farzand ko‘rishibdi. Bu baxtiyor xonadonga zaharxanda jodugarning hasadi kelibdi. Botir Burgutboy va uning farzandlarini jodu qilib burgutga aylatirib qo‘yibdi. Suyangan tog‘i va farzandlarining ko‘zdan g‘oyib bo‘lganini ko‘rib, Jahonoy oh-faryod tortibdi. Kunlardan bir kuni uy tepasida ulkan burgut parvona bo‘libdi. Merganlikda tengi yo‘q ona miltiq bilan qushni urib tushiribdi. Jon taslim qilayotgan burgut nogoh insonga, Jahonoyning suyukli yori Burgutboyga aylanibdi. Visoldan so‘ng Jahonoy farzandlari haqida so‘rabdi. Turmush o‘rtog‘i bo‘lgan voqyealarni so‘zlab beribdi. Jahonoy farzandlarini sog‘inib shunchalar fig‘on qilibdiki, u chekkan nadomatlaridan, ohu zorlari sabab burgutga aylanib qolibdi. Tog‘lar tomon parvoz qilib, farzandlarining diydoriga to‘yibdi. So‘ng ilon tusiga kirib olgan zaharxandani izlab topibdi. Qo‘qqisdan unga tashlanib, panjalari orasiga qisib olib, balandlikdan toshga uribdi.

Gazanda yerga urilgach, kaltakesakka aylanib toshdek qotibdi. Bugungi kunda atirgullar vodiysidagi timsoh ana shu yalmog‘iz ekan.

Onaning o‘z bolalarini qaytadan insonga aylantirish orzusi xayolidan ketmabdi. Odamlar, parranda-yu darrandalar boradigan ko‘plab suvlarni, bulog‘u chashmalarni totib ko‘ribdi. Intilish-izlanishlari behuda ketmabdi, atirgullar orasidan billurdek tiniq suv sizib chiqib turganini ko‘rib qolibdi. Ular hayotbaxsh suvdan ichib insonga aylanibdi. Yana ahil-inoq, hayot kechira boshlabdi.

Bu rivoyat. Biroq, rus xalqining sevimli shoiri Lermontov bolaligida juda nimjon va kasalvand bo‘lgani uchun buvisi yilda ikki-uch marta shu yerga olib kelib, “Narzan” bulog‘i suvidan ichirib unga cho‘miltirib durkun yigit qilib tarbiyalagani, yigit yoshida dvoryanlarga xos tarzda armiyada xizmat qilganini tarix sahifalari tasdiqlaydi.

Biz ham yaxshi tilaklar bilan ushbu shifobaxsh suvdan har kuni uch marta is’temol qildik. U shundaygina sanatoriyning yonida joylashgan.

“O‘zbekiston” sanatoriysining old tomondagi darvozadan chiqsangiz xalq amaliy san’ati mahsulotlarining yarmarka-bozori mavjud. U yerda asosan ayollar tomonidan to‘qilgan turli kiyim-kechaklar, ochiq rangdagi gazlamalardan tikilgan bejirim nimchalar, toza teridan ishlangan shippaklar sotiladi. Ularni bir-bir tomosha qilib, “Narzan” shifobaxsh bulog‘iga kirib borganingizni bilmay qolasiz. Xullas, bu yerdagi barcha yo‘llar shifobaxsh suv tomon olib boradi.

Musiqali favvora

Shifobaxsh ne’mat – “Narzan” suvidan bahramand bo‘lgach, uning old tomonidagi maydonga qo‘yilgan supachalarda o‘tirib, biri-biri bilan bo‘ylashgan archa daraxtlari, qiyg‘os gullab turgan lavanda ifori ostida dam olasiz. Maydon atrofidagi do‘konlarni kezayotganda sharqona taqinchoqlarga mahliyo bo‘lasiz.

Bu manzilga avval kelganimdan buyon 23 yil o‘tdi. Biz o‘zbekistonliklar u paytlarda shahar markazidagi rangli favvorani tomosha qilgani chiqardik. Ayniqsa bu favvoralar o‘g‘lim Ravshanjonga xush yoqardi. Turfa ranglarda tovlanayotgan go‘zal ohanglarga boy favvoraga tikilib, zavqlanardi. Zero, u paytlarda mamlakatimiz poytaxti Toshkentda hali rangli favvora yo‘q edi. Bu safar kelganimda ana shu bizni hayratga solgan favvorani izladim. Uning o‘rnida oddiy rangsiz favvora bo‘lib, tiniq suvlarida bolalar cho‘milib yurishardi. Aytishlaricha, favvora ta’mirlanayotgan ekan.

Bundan yigirma uch yil burun bizni hayratga solgan rangli favvoralarni bugungi kunda mamlakatimiz poytaxti Toshkent shahrida, viloyatlar markazlari, tumanu qishloqlarida ko‘plab uchratish mumkin. Bir kuni oqshom tushganida “Sebzor” mahallasini nevaralarim bilan kezganim ko‘z oldimdan o‘tdi. Bu yerdagi rangli favvoralar atrofida bir-birini quvalashib yurgan bolakaylarni, yoqimli taralayotgan musiqa ohanglari ostida dam olib o‘tirgan onaxonu otaxonlarni, muzqaymoqqa shaydo yoshlarni uzoq kuzatgan edim. O‘shanda biz o‘zbeklar xush ko‘rgan Kislovodskdagi favvora ko‘z oldimda gavdalangandi…

Favvoralar bugungi kunda Toshkent shahriga ko‘rk qo‘shib turgan yuksalish va obodlikning ramzidir. Ko‘kka intilib, yana yerga tushib, atrofga orombaxsh salqinlik ulashayotgan, go‘zal tovlanib turgan favvoralar go‘yo yurtga baland shuhratu shukuh tilab turgandek, ular insonparvar, e’zozli qadriyatlarimizni, an’analarimizni eslatadi.

Kasbdoshlar bilan tanishuv

Mamlakatimizda 27 iyun – Matbuot va OAV xodimlari kuni sifatida nishonlanadi. Shu kun munosabati bilan biz kasbdoshlarimizni ko‘rish uchun “Kislovodskaya gazeta” tahririyatida bo‘ldik. Nashrning bosh muharriri, Kislovodsk kurort-shahar dumasi deputati Natalya Ivanova bilan milliy va jahon jurnalistikasi xususida uzoq suhbatlashdik. Tajriba almashdik. So‘z orasida u o‘zi Navoiy shahrida tug‘ilib katta bo‘lganligini va bizning tashrifimiz qadrdon joylarini yana bir bor eslatganini quvonch bilan ta’kidladi: – Ota-onamning qabrini ziyorat qilgani u yerga tez-tez borib turaman. Har borganimda O‘zbekistondagi ulug‘vor o‘zgarishlardan lol qolaman. Ayniqsa, mening kindik qonim to‘kilgan Navoiy viloyati sanoat shahriga aylanganligi, bu joyning erkin iqtisodiy hudud deb e’lon qilinganligi meni bag‘oyat xursand qildi. Qaerda yursam men O‘zbekistonda tug‘ilganligimni faxr bilan aytaman, – deydi u. Biz kasbdoshlar huzuriga kirganimizdan, O‘zbekiston tarbiyalagan farzandlar o‘zga yurtlarda qanot qoqib, o‘sha shaharning yuzi-ko‘zi bo‘lib yurganidan faxrlandik. Vatanimizning suvi ham, nonu havosi ham muqaddasligini his qildik.

Darhaqiqat, sayohat – ulkan, beqiyos kuch. U dunyo kezishga, xalqlarni, elu yurtlarni tanishga ko‘mak beradi. Odamlarning tafakkurini boyitadi, aqlu zakovatini charxlaydi, iroda va imkoniyatini baquvvat qiladi. Ma’naviy barkamollikka undaydi. Bejiz xalqimiz, “Yurgan – daryo, o‘tirgan bo‘yra”, deya naql keltirmaydi…

Bu yerda O‘zbekiston mustaqilligining 26 yilligi keng nishonlandi. Maxsus bayram dasturxoni yozildi va san’atkorlar ishtirokida konsert namoyish etildi. 

Keyingi yillarda mamlakatimizlagi yirik karxona va tashkilotlar o‘z hodimlarining mazmunli dam olib, sog‘liklarini mustahkamlashlariga alohida e’tibor berishyapti.Biz bilan fotoga tushgan buxorolik va andijonlik qizlar bankda ishlashadi. Tepadagi suratdagi qizlarga o‘z sohasida yigirma yildan ortiq ishlagani va namunali xizmati uchun O‘zbekiston sanatoriysiga  yo‘llanma 2014 yilda imtiyozli  berilgan. Farg‘onalik Matlyubaxon Abdullayeva bilan Shohnozaxon Abidova esa (pastdagi suvratda)  “Asaka” bank ma’muriyati tashkil etgan “Balli mutaxassis qizlar” tanlovida g‘olib bo‘lib, sanatoriyga rag‘batlantiruvchi yo‘llanma olishga muvaffaq bo‘lishgan. Ular mamlakatimizda yoshlarga berilayotgan e’tibordan benihoyatda xursand bo‘lishdi. “2017 yil bizning hayotimizda unitilmas iz qoldirdi. Ham tanlov g‘olibi bo‘ldik ham Kavkazning go‘zal joylarini ko‘rib, katta taassurotlar oldik”,-deydi ular.

Ra’no Zaripova,

O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan jurnalist

Muallif olgan suvratlar

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.