Kitob – ustozim va maslakdoshim, – deydi professor Dilorom Yormatova

0
375
marta ko‘rilgan.

 Men kitob o‘qigan kezlarimda orom olaman, ko‘nglim tinchlanadi, xotirjam bo‘laman. Shuning uchun o‘ylayman-ki, insonga kitobdan yaxshi do‘st yo‘q. Zero, u senga minnat qilishni bilmaydi, har kuni qo‘lingga olmasang hafa ham bo‘lmaydi, ammo bil-ki o‘qimagan kuning sen yutqazgansan.

Kitob tashvishlarni unuttiradi, seni to‘g‘ri yo‘lga soladi. O‘qimasang u senga termulib turaveradi va jimgina seni kutadi, faqat tillari yo‘q-ki ovoz chiqarib so‘ylasa. U sening ovoz chiqarib o‘qishingni kutadi, uning qo‘llari yo‘q, ammo inson degan buyuk zot uni o‘z qo‘llariga olishini kutib intizor bo‘ladi. Qo‘llari yo‘qligidan qiynaladi, ichida o‘ylaydi qani endi qo‘llarim bo‘lsa, yonimdagi shu do‘stimning qo‘llariga sakrab chiqib olardim.

 Ey do‘stim, sotib olgan kiyimlarining eskiradi, tilla ziraklaring shakli-shamoili urfdan qoladi, muyna paltolaringni kuyalar yeyishi mumkin. Faqatgina javonlarga terib qo‘ygan kitoblaring xizmatga maslakka shay turaveradi. Faqat qo‘lga olsang bas. Mazmun-mohiyatli kitob asrlar osha yashayveradi. Elga ezgu xizmat qilaveradi. Mana bunga 26 asr oldin yozilgan “Avesto” nasklari dalildir.  Dunyoning mashhur kutubxonalarida ham bundan 6-7 asr oldin yozilgan qo‘lyozmalar ham mana men deb, ziyoli insonni kutib turibdi.

Avlodlar almashadi. Odamzot yo‘qlik sari yo‘l tutadi. Kitoblar esa nur taratib turaveradi, Ilm manbaasi kitob mutloq eskirmaydi. U bizning sirdoshimiz, hayotdagi yo‘ldoshimiz, yo‘limizni yorituvchi ustozimizdir. Ana shu murabbiy bo‘lmish kitob dunyoga ulug‘vor nigoh bilan qarashga o‘rgatadi. O‘zimiz yashab turgan kichik dunyoni asrash va sevishga undaydi. Ezgulikka chorlaydi. Ezgulik esa do‘stlikni, ahillikni pirovardida tinchlikni ta’minlaydi.

Har bir kishining beminnat maslahatgo‘yi, sirdoshi,  ustozi bo‘lgan kitoblarni sevishga bolalarimizni  o‘rgataylik.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.