Mamlakatimiz rahbarining Xalqaro xotin-qizlar bayramiga bag‘ishlangan uchrashuvdagi nutqini o‘qib…

0
122
marta ko‘rilgan.

Ushbu tantanada O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev shunday dedi: ”Bu qutlug‘ ayyomda hurmatli ayollarimizga eng samimiy, eng ezgu tilaklarimizni izhor etar ekanmiz, birinchi navbatda muqaddas va mo‘tabar Ona siymosiga ta’zim qilamiz”. Bu so‘zlar bejiz jaranglamadi. Zero, mamlakat kelajagi bo‘lmish farzandlarning beshigini tebratuvchi onalardir.

Prezidentimizning yangiliklarga to‘la nutqini tinglar ekanman, onalik va bolalikka oid vazifalar ham qadimiy, ham navqiron, deyman beixtiyor!

Ona bola gulu lola, degan matal bor xalqimizda. Mamlakatimiz kelajagi bo‘lgan bolani tarbiyalayotgan onani farzandi bilan birga go‘zallik timsoli gulga qiyoslanishi bejiz emas. Zero, gulga qiyoslanayotgan ona-bolani ardoqlash, go‘zallikni asrash, tinchlikni asrash demakdir. Tarix saboqlari shuni ko‘rsatadiki, zavjai bolasini asragan erkakning ruhi tozarib, qalbi kengayib, o‘zi yuksalib boraveradi. O‘g‘lon yuksalsa, qal’a but va mustahkam bo‘laveradi, deydi donishmandlar ham.

Masalan, «Go‘ro‘g‘li» dostoni xalq og‘zaki ijodining eng qadimiy namunalaridan biri! U ozarbayjon, turkman xalq og‘zaki ijodida ham kuylanadi. Asarning ko‘plab variantlari mavjud. Biroq, bitta epizodi barchasida takrorlanadi. Qirq chiltonlar  Go‘ro‘g‘lidan ot kerakmi yoki zot, deb so‘rashganida, u ot tilaydi. Chiltonlar unga afsonaviy G‘irko‘kni armug‘on etishadi. Biroq, tanlashda adashganini ta’kidlashadi. Darhaqiqat, zurriyod qoldirish, go‘zal xulqli farzandlar tarbiyalash  odamzotning zamin oldidagi farzi-yu qarzi, qadriyatlar ichidagi eng go‘zal a’moli, eng go‘zal an’ana, deb qaraladi. El-yurt havas qiladigan farzand tarbiyalash tuyg‘usi barcha xalqu, barcha millatga birdek tanish va birdek aziz. Alpomishdek alp o‘g‘lon, Barchinoydek oy yuzli, go‘zal xulqli qizlar tavsifi har bir dostonu ertagimizda kuylanishi bejiz emas.Chunki mamlakatning kelajagi shular!

Men xotin qizlar bayramiga bag‘ishlangan bayram tadbirini kuzatib o‘tirib, hatto, bayram munosabati bilan ikkita tashabbus, ikkita yangilikdan xursand bo‘ldim. Zulfiya nomidagi Davlat mukofotini o‘n to‘rt yoshga to‘lgan va o‘ttiz yoshdan oshmagan iqtidorli qizlarga berish bo‘yicha yangi tartib joriy etildi. Shu bilan birga  bu yil 28 nafar iste’dodli qizimiz mazkur nufuzli davlat  mukofotiga sazovor bo‘ldi. Bu avvalgilariga nisbatan ikki marta ko‘pdir. Ikkinchi yangilik, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni bilan bir guruh ayollar faxriy unvonlar, orden va medallar bilan mukofotlandi.Albatta bu ayollarimizning ruhiyatini yanada yuksaltirdi.

Mamlakat rahbarining nutqini tinglab, mamlakatimizdagi ulug‘vor o‘zgarishlarni, islohotlarni  birgina xotin-qizlar siyosati masalasida ham ko‘rish mumkinligini his qildim.

Yaqinda “Xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash va oila institutini mustahkamlash sohasidagi faoliyatni tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident farmoni qabul qilindi. Unga ko‘ra ko‘plab ulug‘vor ishlar amalga oshirilmoqda.

Farmonga binoan shu yil 1 apreldan boshlab fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlarida xotin-qizlar bilan ishlash va oilalarda ma’naviy-axloqiy qadriyatlarni mustahkamlash bo‘yicha mutaxassis lavozimi joriy etilmoqda. Endilikda 8 ming 800 ta bilimdon, jonkuyar mutaxassis ayollar oilaviy munosabatlarni  yaxshilash, nizoli vaziyatlar, ajralishlar, barvaqt nikohlarning oldini olish, oilaviy qadriyatlarni mustahkamlash, xotin-qizlarning ma’naviy-axloqiy tarbiyasi bo‘yicha doimiy ish olib boradi.

“Kelajak – bog‘chadan boshlanadi” degan shior ostida  bu yil 3 mingdan ziyod bolalar bog‘chasini tashkil etish rejalashtirilgan. Shundan 1 ming 200 ta bog‘cha yangidan quriladi, 1 ming 360 ta bog‘cha mavjud binolarda va 470 ta bog‘cha esa uy bog‘chasi sifatida tashkil etiladi.

Bog‘chalarni qurish bilan birga ularni yuksak saviyada ishlashi ham nazarga tutilgan. Bu borada davlat-xususiy sheriklik munosabatlari asosida hududlarga biriktirilgan tijorat banklari va tadbirkorlar imkoniyatlari keng ishga solinishi ta’kidlandi.

Mamlakatimizda tashabbuslar ko‘paymoqda, yangiliklardan dil yayramoqda, o‘zgarishlardan ko‘zlar quvonmoqda.

 Hatto, o‘zim faoliyat olib boradigan jurnalistika sohasiga e’tibor bersam jurnalistikada dalillarni ifodalashga ham  o‘zgacha yondoshilmoqda. Bu innovatsion g‘oyalar kuchayyayotganini ko‘rsatmoqda. Masalan, bayram kunlari uzbekiston 24  tele dasturini tomosha qilib o‘tirib bir dalil, go‘zal qadriyat e’tiborimni tortdi. Toshkent viloyati ichki ishlar yo‘l harakati boshqarmasi xodimlari  Xotin qizlar bayrami bilan haydovchi ayollarni gul berib tabriklashdi. Zahmatkash haydovchi ayollar uchun bu kutilmagan voqyea bo‘ldi.  Ular bu e’tibordan benihoya xursand bo‘lishdi. Men ular bayram bilan tabriklashayotgan bo‘lsa kerak deb o‘ylagandim. Ushbu jarayonda go‘zal bir dalil qayd etildi. Toshkent viloyatida ayol haydovchilar tomonidan o‘tgan 2017 yilda yo‘l harakati qoidasi buzilmagan va ular javobgarlikka tortilmagan ekan. Qarang-ki, ayollar ko‘chalardagi yo‘l harakati qoidalariga amal qilishda ham namuna bo‘lib, yurt osoyishtaligiga munosib hissa qo‘shib kelishayotganligi e’tiborga molik. Ushbu misol kattami kichikmi baribir yangilik,ko‘pgina ayollarni xushnud etdi. 

Ha, hamma sohada katta o‘zgarishlar, islohotlar kechayapti. Biz bitta yo‘nalishni bitta sohani misolga oldik. Shu soha misolining o‘zida 2018 yil – yurtimizda Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yili, deb nomlanishi be’jiz emasligini anglatib turibdi.  Ushbu yilda mamlakatimizda  nomiga munosib ulug‘vor o‘zgarishlar dillarni quvontirmoqda.

Gujum.uz sayti tahririyati ham opa-singillarni yurt tinchligi, xalq farovonligi va  oilalar osoyishtaligi yo‘lidagi sa’y-harakatlarida omadlar tilab, 8 mart xalqaro xotin-qizlar kuni bilan muborakbod etadi.

Ra’no Zaripova,

O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan jurnalist

 

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.