Ma’naviy ganjina -Zahriddin Muhammad Bobur tavalludining 535 yilligiga

0
570
marta ko‘rilgan.

  Yangi yo‘l, yangi poezd. Qamchiq dovonida bunyod etilgan temir yo‘l orqali po‘lat karvonda, go‘zal tog‘ manzaralaridan bahramand bo‘lib so‘lim vodiyga borishni, go‘zallikni ko‘rishni har bir yurtdoshimiz qatori men ham ishtiyoqida edim. Bir yil avval Andijonda Zahriddin Muhammad Bobur tavalludining 534 yilligini nishonlanishi umidimga qanot bag‘ishladi. Bir guruh ijodkor-u olimlar Andijonga Zahriddin Muhammad Bobur tavalludining 534 yilligini nishonlashga borish uchun Toshkent Andijon poezdiga chiqdik.

Poezd ulkan qoyalar oralab yelib boradi. Oppoq qor bilan qoplangan daralar, archazorlar, ulug‘vor daraxtlar hayratingga hayrat, quvonchingga quvonch qo‘shadi. Poezdga monand yonma-yon ravon  avto magistral yo‘l o‘tgan. O‘zbekistonning turli rusumdagi mashinalari go‘yo poezd bilan bellashayotgandek uchib boradi. Ravon yo‘llar, obod qishloqlar, yurtimizda toboro ko‘payib ketayotgan namunali uylardan iborat mahallalar ko‘zni quvontiradi.

Vagondagi osoyishta muhit, qulay shart-sharoit safarga ma’no, vujudga orom bag‘ishlaydi. Vagon xizmatchilarining xush muomalasi, iltifotidan ko‘ngil xushnud bo‘ladi. Elimiz odamlarining maqtaganicha bor ekan. Poezd ozoda, saranjom sarishta, O‘tirg‘ichlari ham xuddi samolyot kreslolaridek, uni siljitib qulay joylashishingiz, orom olishga moslashtirishingiz mumkin. Faqat samolyot kreslolaridan kengroq va oyog‘ingiz shishib ketmasligi uchun uni biroz ko‘tarib o‘tirishning ham imkoniyati mavjud. Bu ayniqsa keksa odamlar uchun juda qulay. Stolga bugun chop etilgan, hali bo‘yoq hidi ketib ulgirmagan gazetalar qo‘yilgan. Odamlarning xavfsizligini nazorat qilib borish maqsadida har bir vagonga militsiya xodimlari-qo‘riqchilar belgilangan. Vagon xizmatchilari ham qo‘li ko‘ksida bo‘lgan yigit- qizlar vodiycha mulozamat va halmligi bilan dilingizni xushnid etishadi. Aynan shu xususiyatlari borligi uchun ham mudom samolyotda yurardim. Bu safar bugungi poezdlar ham chakki emas ekan deb qo‘ydim. Yon o‘rindiqda hayotning achchiq-chuchugini tatigan nuroniy onaxon kumush marjon taqqan daraxtlarni, qor qoplagan atrof-olamni kuzatib borayotib, beixtiyor so‘z ochadi:

Avvallari bunday quyuq qor yoqqanda davondan o‘tib bo‘larmidi?! Yaratganga shukr, vatanimiz erishgan shunday yutuqlarni, ajib-davru davronni ko‘rdik… Bir paytlar bu dovondan oshib o‘tish amri-mahol edi. Yo‘lni qor bosib, kunlab sovuqda qolib ketgan kezlarimiz bo‘lgan.
 Poezd o‘rindig‘ining qulayligini aytmaysizmi, bemalol chordona qurib o‘tirsa bo‘ladi. – uning so‘ziga javob qaytardi yonidagi otaxon.
Xushro‘ygina vagon xizmatchisi keksa yo‘lovchilarning suhbatini bo‘lib qo‘yganidan xijolat tortib, iltifot bilan “chanqoqbosdi” uchun ichimlik taklif qildi:

– Men ko‘p choy ichaman, qizim, og‘rinmaysizda, – dedi onaxon jilmayib.

Buvijon, sizdek duogo‘y bobo-buvilarga xizmat qilib horimaymiz, bemalol aytavering, hali zamon issiq ovqat ham beraman – qizning yuzida samimiy tabassum yugurdi…
Kim televizor ko‘ryapti, kimdir kitob o‘qiyapti. Kimdir shaxmat-shashka o‘ynayapti. Kimdir ko‘zini yumib orom olyapti. Vagonni osoyishtalik, yo‘lovchilarini do‘stona kayfiyat, o‘zaro samimiyat cho‘lg‘ab olgan.

Albatta, bu yangi yo‘nalishda yangi poezdlarning va undagi qulayliklar-u namunali xizmat ko‘rsatishning samarali yo‘lga qo‘yilgani, bir so‘z bilan aytganda Mustaqil O‘zbekiston sharofati edi.

  Andijon.  Andijonliklar azal-azaldan ziyoga intiluvchan, mutolaani xush ko‘ruvchi kishilardir. O‘qish-o‘rganish, intilish bor joyda ma’naviyat, ma’rifat, pirovardida, yuksalish bo‘ladi. Ayni shu salohiyat tufayli mustaqillikning o‘tgan yigirma olti yilida viloyatda qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish bo‘yicha o‘ziga xos tajriba to‘plandi. Avtomobil zavodi, ko‘plab qo‘shma korxonalar ishga tushdi. O‘ziga xos arxitektura asosida bunyod etilgan muhtasham inshootlar, obod ko‘chalar, mahallalarni aytmaysizmi?!

  Barcha viloyatlar qatori rivojlanish va ravnaq yo‘liga kirgan  Andijonda obodlik kundan kunga oshib, mehnat zavqu-safosi dillarni xursand qilmoqda. Viloyatdagi xayrli ishlarni birgina Bobur nomidagi jamoat fondi misolida ham ko‘rish mumkin.

   Bobur nomidagi fond. Bugun mamlakatimizda olti mingdan ziyod nodavlat notijorat tashkiloti faoliyat yuritayotgan bo‘lsa, ular orasida davlat siyosatini qo‘llab-quvvatlab, yurt tinchligi, el farovonligi, xalqlar do‘stligi, qadimiy go‘zal qadriyatlarimizni tiklash yo‘lida munosib mehnat qilayotgan, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, geologiya fanlari nomzodi Zokirjon Mashrabov yetakchiligidagi tashkilotning ham alohida o‘rini bor.

Poezddan tushganimizda, Bobur nomli xayriya fondi deb yozilgan mashina bizni kutib oldi. Tashkilotga qarashli mehmonxonaga elitib qo‘ydi. Mo‘jazgina mehmonxona uning hovlisi, oshxonasi shoir, hukmdor va mohir sarkarda Bobur tavalludining 534 yilligi munosabati sharafiga gullar bilan bezatilgan.  Allomaning siyrati va suvratini ifodalaovchi shiorlar bayramona kayfiyat bag‘ishlaydi.

Afg‘oniston, Toshkent, Farg‘ona, Namangan, Qoraqalpog‘istondan bir guruh mehmonlar  tashrif buyurgan. Tashkilot faoliyatining ko‘lami keng ekanini, uning qoshida bunyod etilgan Bobur muzeyi, kutubxona, “Boburnoma” asarida tilga olingan o‘simliklardan iborat Chorbog‘ misolida ko‘rish mumkin. Tashkilot turli xayriya tadbirlari uyushtirish, shoir merosini O‘zbekiston va jahon olimlari bilan birgalikda chuqur o‘rganish, asarlarini jahonning turli tillariga tarjima qilish, chop etish kabi ezgu ishlarga homiylik qilib kelmoqda. Shu bilan birga, yurtimizdan yetishib chiqqan, jahon taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shgan buyuk zotlar merosini o‘rganish, targ‘ib qilish, xalqaro ekspeditsiyalar uyushtirish kabi xayrli ishlarga bosh-qosh bo‘lmoqda.

 Andijon shahridagi 300 gektarlik “Bobur bog‘i”ni obodonlashtirish, ushbu maskanni aholining madaniy -ma’rifiy dam olish va ko‘ngil ochar go‘shasiga aylantirish, tadbirlar uyushtirish sa’y -harakatlari ham tahsinga loyiq.

  Boburga atalgan gullar. Andijon shahrining markaziy maydoni! Tadbir Zahriddin Muhammad Boburning haykali poyiga gulchambarlar, guldastalar qo‘yish marosimidan boshlandi. Maydonga minglab kishilar yig‘ilgan. Ketma-ket gapirishayapti. Men ot ustida mardonovor o‘tirgan siyratni mehr bilan kuzataman. Uning bir qo‘li o‘zbekona tarzda ko‘ksida, ikkinchi qo‘li qilichining sopida. Sallasining old qismida parqu, orqa tomonida sallaning uchi uchib  shamolda pirpirab turibdi. Uning mag‘rur va shiddatli qiyofasi, ko‘ksini shamol-u dovullarga tutgan insonning namunali hayotini ifodalab turibdi. Uni diqqat bilan kuzatayotganimni ko‘rib,  Dilorom Yormatova ushbu haykal yaratilishining tashabbuskori va homiysi ham Zokirjon Mashrabov boshliq fond bo‘lganligini ta’kidladi.

  Turli tashkilotlardan poyiga qo‘yilgan savatdagi gulchambarlar o‘n to‘qqizta bo‘libdi. U Andijonni tark qilganida ayni shu navqiron yoshda edi. Bu tasodifmikan!  Aslida u hayotining eng navqiron davrlarini o‘zga yurtlarda o‘tkazgan bo‘lsada,  kindik qoni to‘kilgan yurtni qo‘msab, uning dong‘ini olamga taratib, o‘zining yurtiga xos an’analarni targ‘ib-tashviq qilib  yashadi.

Qabri ona yurtiga yaqin bo‘lishini istab, jismini o‘z imperiyasining bir hududi bo‘lgan Qobulga qo‘yilishini vasiyat qilgan. Avvalo uning qabri o‘zi vafot etgan Agrada bo‘lgan.  So‘ngra vasiyatiga ko‘ra Qobulga olib o‘tishgan. Fond esa deyarli besh yuz yil o‘tib, uning ich-ichida qolib ketgan orzusini amalga oshirdi. Qobuldagi maqbarasiga o‘xshash Andijonda ramziy maqbara bunyod etib, u yerga Qobuldagi qabridan keltirilgan hokni sochdi. Fonddan, yurtdan, eldan Boburning ruhlari shod bo‘lsin.

  Konferensiya. Buyuk bobokalonimiz Bobur tavalludi munosabati bilan xalqaro konferensiya o‘tkazildi. Tadbir o‘tkaziladigan joy shoir, hukmdor va mohir sarkarda sharafiga gullar bilan bezatilgan. Fond a’zolari Mamlakatimizning birinchi prezidenti Islom Karimovning “O‘zlikni anglash tarixni bilishdan boshlanadi” degan so‘zlarini o‘zlariga shior qilib olishgan.

Fondning manzilgohida Bobur nomidagi kutubxona, madaniyat va ma’rifat markazi va muzey mavjud bo‘lib, xalqaro ekspeditsiya vaqtida olib kelingan ko‘plab qadimiy qo‘lyozmalarning nusxalari saqlanmoqda. Zahriddin Muhammad Bobur tavalludining 534 yilligi va fond tashkil etilganligining 25 yilligiga bag‘ishlangan konferensiyada boburshunos olimlar, shoirlar, muxlislar ishtirok etishdi. Tadbirni O‘zbekiston yozuvchilar uyushmasi raisi Muhammad Ali kirish so‘zi bilan ochdi. Mamlakatimiz  prezidenti Shavkat Mirziyoevning Andijon ahli bilan bo‘lgan uchrashuvda  Bobur haqida aytgan fikrlari ekran orqali namoyish qilindi.

O‘sha uchrashuvda Prezidentimiz shoir shaxsi haqida gapirib, uning nomi bilan ataluvchi bog‘ni yanada so‘lim go‘shaga aylantirish, Bobur ijodi va faoliyatiga oid xalqaro konferensiyalar uyushtirish lozimligi xususida alohida ko‘rsatmalar berdi.

Zokirjon Mashrabov an’anaga ko‘ra o‘tgan bir yil ichida fond tomonidan amalga oshirilgan ishlar haqida yig‘ilganlarga ma’lumot berdi. Shuningdek, fondning tashkil etilishi, xalqaro ekspeditsiya faoliyatiga yigirma besh yil to‘lishi  munosabati bilan o‘tgan chorak asrda bosib o‘tilgan yo‘lga ham nazar tashlandi, kelajak rejalari xususida so‘z yuritildi. Jumladan, YuNeSKO tashkilotiga Andijon shahrining 2500 yilligini tasdiqlash uchun ma’lumotnomalar yuborilgani ta’kidlandi.

Hisobotni tinglab, fond amalga oshirayotgan ishlar nihoyatda keng qamrovli va tahsinga sazovorligini his qildim.  So‘ngra Boburshunos olimlar bir-bir so‘zga chiqishdi. Shoir asaridan namunalar hamda Boburga atalgan zamondosh shoirlarimizning she’rlari yangradi.

Ularga quloq tutib zalni kuzataman. Majlislar zalining to‘rida Amir Temur va  Bobur hayoti va faoliyati aks etgan ikkita rangli ponno turibdi. Tasvirning birida  Amir Temurning Ispaniya elchisi Klavixoni qabul qilayotgan soatlari aks ettirilgan. Uch zinopoya orqali shohsupaga chiqiladi. Supaning orqa tomoni milliy bezaklar bilan jilolangan. Shoxsupa ustidagi mahobatli taxtda hukmdor nevarasi bilan o‘tiribdi. Sakkiz yoshlar chamasidagi shoxzodaning sallasida tovusdan ikkita parqu. Yon atrofida vazirlar, yasavullar, mirzolar ifodalangan.. Taxt ro‘parasida turli mamlakat elchilari tasvirlangan bo‘lib, ulardan biri Klavixo tavoze bilan hujjatnoma uzatayapti.

Ikkinchi rangli tasvirda Boburning xalqni qabul qilish manzaralari, ular bilan muloqot davri aks etgan. Ikkala suvratning chor atrofi sharqona naqshlar bilan bezatilgan.

Albatta bu manzaralar yig‘ilish qatnashchilariga ko‘tarinki kayfiyat bag‘ishlaydi. Beixtiyor shoir, mohir sarkarda va shoh Boburning faoliyatini ko‘z oldingizda namoyon qilish bilan birga Amir Temurning nevarasi ekanligi haqida ham ma’lumot beradi.

 Konferensiyada afg‘onistonlik olim Azimullo Orol so‘zga chiqib, Bobur sarkarda, shoh, shoir bo‘lish bilan birga, o‘simlikshunoslikka, tabiatni asrashga, millatlarning urf-odatlarini o‘rganishga, tarixni bilishga munosib hissa qo‘shganligi, jumladan, “Boburnoma” asarida lolaning 18 turi borligini tilga olgani, bugungi kunda undan o‘n turi fanga ma’lum ekanligini ta’kidladi. Fond tomonidan tashkil etilgan xalqaro ekspeditsiya a’zolari shoir izidan borib, Afg‘onistonda muqim makon topgan ko‘plab buyuk insonlarning qabrini tiklashdek, ulug‘vor ishlarni amalga oshirganligini faxr bilan tilga oldi.

Konferensiya oxirida Z.Mashrabov boburshunoslik sohasida munosib sa’y-harakatlarni amalga oshirgan kishilarni, olim-u ijodkorlarni fond nomidan rag‘batlantirdi. Shuningdek, hozirgacha xalqaro Bobur mukofoti bilan o‘ttizga yaqin jahon va yurtimiz olimlari taqdirlandi.       

Bobur mongolmi?  Jahon adabiyotida Bobur mongol millatiga mansub deb tilga olinadi. Hindistonga, yevropaga borgan o‘zbeklar bu adashuvlarni eshitganida ajablanishadi. Zokirjon Mashrabov ana shu qarashlarni  O‘zbekiston hukumati va olimlar bilan birga o‘zgartirishga intilayapti. O‘tgan yili Hindistonda “Chingizxon va Amir Temur” nomli konferensiya bo‘lib o‘tdi. Zokirjon Mashrabov xalqaro konferensiyada chiqib Bobur mongol emasligini isbotlab berdi. Shuningdek, Bobur Andijonda tug‘ilganligi, taxtga o‘n ikki yoshida o‘tirganligi, “Boburnoma” asari qadimiy turkiyda yozilganligi ham buni isbotlab turganligini ta’kidladi. Shundan keyin mongol olimlari bu masalani o‘rgangani yurtimizga kelganligi aytildi. Tarixiy haqiqat qaror topib, o‘tmishdagi chalkashliklar barham topishiga fond munosib hissa qo‘shib kelyapti.

  Boburni o‘rganish. Fond shoir va tarixnavis Bobur asarlarini izlab topish va yurtiga qaytarish uchun Hindiston, Eron, Afg‘oniston, Saudiya Arabistoni, Rossiya, Qozoqiston kabi ko‘plab mamlakatlarga 25ga yaqin xalqaro ekspeditsiyalar uyushtirdi. Samarali natijalarga erishdi. Bobur va boburiylarga oid to‘rt yuzdan ortiq kitob, albom, asarlarning qo‘l yozma nusxalarini va hatto toshbitiklarni keltirib, Bobur bog‘idagi “Bobur va jahon madaniyati” muzeyiga tpshirdilar. Ularning ko‘pchiligi ilmiy o‘rganilmoqda. Fondning moddiy va ma’naviy ko‘magida ellikdan ortiq mumtoz adabiyotlar ona tilimizga tarjima qilinib chop etildi.  Ular asosida  uch marta Bobur va boburiylar bibliografiyasi tuzildi va chop etildi. Eng yirik ishlardan yana biri Rossiya Fanlar akademiyasining Turkologiya instituti bin hamkorlikda Moskvada chop etilgan “Zaxriddin Muxammad Bobur. Boburidû. Bibliografiya” asaridir. Unda 6684 ta maqola, esse, ilmiy va badiiy asarlar ro‘yxati sharhi  bilan keltirilgan.

O‘tgan yigirma besh yilda tarixshunos olima va xonzoda, Boburning singlisi Gulbadanbegimning “Humoyunnoma” asari fors tilidan o‘zbek tiliga tarjima qilinib, chop etildi va yilning eng mashhur asari nomiga sazovor bo‘ldi. “Boburnoma”ning qomusiy lug‘ati yaratildi. Arab tilida so‘zlashadigan yigirma ikki mamlakatga rus olimasi tahlilidagi “Boburnoma” asari o‘z tilida yetkazildi. Shuningdek, matematika fanlari doktori Abdulla A’zam muharrirligida “Zahriddin Muhammad Bobur ensiklopediyasi” ikki marta nashr qilindi. Shuningdek, Boburiylar yaratgan asarlarning bibliografiyasi ingliz tilida chop etildi. Undan 150 ta nusxa keltirilib, yurtimizdagi barcha oliy o‘quv yurtlariga, kutubxonalarga tarqatildi.

Boburning xolavachchasi Haydar Rashidiyning “Tarixiy Rashidiy ” asari  o‘zbek tiliga o‘girilib, chop etildi. Shuningdek, Alisher Navoiyning 14 jildli kitobi 14 tilda chop etilyapti. Bu ishni amalga oshirish 10 yilga mo‘ljallangan. Uning dastlabki jildlari konferensiyada ko‘rsatildi.

Fond shu yil may oyida jahon olimlarini jamlab, “Jahon madaniyatida Boburiylar sulolasining tutgan o‘rni” degan mavzuda xalqaro konferensiya o‘tkazishni rejashtirishmoqda.

Indoneziya, Gonkong, Malayziyada Bobur hayoti va ijodini targ‘ib-tashviq qilish masalasida elchixona bilan kelishib olindi.  “Boburnoma” asarida 18 yil mujassamlashgan. Albatta,  buning qolgan qismi ham bo‘lishi kerak degan mulohaza bor. Shuningdek,  tarixiy manbalarda Boburning “Musiqa sirlari” kitobi mavjudligi yozilgan bo‘lib, hamon u topilmaganligi ham ta’kidladi O‘zbekistondagi barcha kutubxonalar o‘rganilib chiqildi. U qaerda?! Shu savolga javob topish kerak degan fikrlar ham ta’kidladi. hisobotda Zokirjon Mashrabov

Fond raisi “Bobur” vidiofilmidagi tasvirlarda Hindistondagi voqyealar Krimda olingani, uni o‘z joyida olish va uch qismli vidio film yaratish kerak degan fikrni ham aytib o‘tdi. Albatta, ular amalga oshirgan ishlar ham va  kelajak uchun rejalar ham bisyor. Fond samarali faoliyat olib borayotganini xorijlik boburshunos olimlarning fikri ham ifodalab turibdi.  Bobur hayoti va ijodiga bag‘ishlangan 2013 yil Toshkentda o‘tkazilgan xalqaro anjumanda jahonning mashhur boburshunoslari yaponiyalik Eyji Mano, germaniyalik Klaus Shoniglar X1X asrda G‘arbiy yevropada shakllana boshlagan Boburshunoslik ilmi O‘zbekistonga ko‘chganligini, O‘zbekistonda boburshunoslik markazi paydo bo‘lganligini mamnuniyat bilan e’tirof etdilar.

Buyuk zotlar izidan. Tashkilot a’zolari buyuk ajdodlarimizning qabrlarini izlab topish, aniqlashtirish bilan birga, qarovsiz qabrlarni tiklash, atrofini obodonlashtirishdek savobli ishlar bilan ham shug‘ullanishyapti. Alisher Navoiy, Abu Rayxon Beruniy, Boboraxim Mashrab, Lutfiy, Ali Qushchi,  Al Xorazmiy(Bog‘dodda),  Haydar Rashidiy(Kashmirda), rassom Behzod kabi  ko‘plab allamolarimizning boqiy olamga muqim qo‘nim topgan joylarini aniqlashtirishdi.

Qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, olima va yozuvchi Dilorom Yormatova shunday deydi: – Bir kuni tunda telefonim jiringlab qoldi. Xorijdan Zokirjon Mashrabov ekan.  Ular  Qo‘qon xoni Xudoyorni qabrini topishganini, unga marmartosh qo‘yish uchun tavalludi va vafotini aniq aytib yuborishni tegishli mutaxassislardan so‘rab aniqlashtirishni iltimos qildi va ularning telefonlarini berdi. Bu Xudoyorxon qabrini topish va obodonlashtirishdagi dastlabki qadamlar edi. Aytgan olimlarini topib, ma’lumotni aniqlashtirib tursam yana telefon jiringlab qoldi. Zokirjon aka ana shunday tezkorlik va mas’uliyat bilan ishlaydi.

Shuningdek, fond raisi Abu Rayxon Beruniy xokini Vatanimizga keltirib, uning tug‘ilgan yurti Beruniyga topshirdi. Ushbu sa’y harakatlari uchun “Qoraqalpoqiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi” unvoniga sazovor bo‘ldi.

Ibrat guli. O‘tgan yili nurotalik sangtarosh yordamida Kobuldagi Alisher Navoiy, Lutfiy, Behzod, Qo‘qon xoni Xudoyorxon qabriga marmartosh qo‘yilib, atrofi obodonlashtirilib, 2150 ta ko‘chat ekildi. U yerda go‘zal bog‘ barpo etilib, bu xayrli ishga mahalliy aholi vakillari ham jalb qilindi.O‘n besh-yigirma kishi vaqtinchalik ish bilan ta’minlandi. Afg‘oniston hukumati vakillari bu sa’y-harakatlarni ko‘rib, “O‘zbekiston Afg‘oniston uchun ibrat gulini, ma’naviyat nurini sochib ketyapti” deya o‘z minnatdorligini  bildirdilar. 

Keng qamrovli ijodiy faoliyat. Dilorom Yormatova issiqsevar o‘simlik zaytunni O‘zbekiston tuproqiga, iqlimiga, umuman sharoitga moslashtirib ko‘paytirish fikrini ko‘tarib chiqdi. Buning uchun O‘zbekiston hukumatidan loyiha ham oldi. Avvalo, Surxondaryodagi fermer xo‘jaligida o‘stirib ko‘rdi. Bir qishdan chiqqandan keyin ushbu xo‘jalikka borsa, novdalari kesib olingan, zaytun daraxtlari faqat tayoq bo‘lib qolgan ekan. Nima bo‘ldi, deb fermerdan so‘rasa, odamlar nihol so‘rab kelishgandi bo‘lib berib yubordik deya javob bergan. Olima ilmning qadriga yetadigan odamlarni izlay boshladi. Zokirjon Mashrabovni ana shu munosabat bilan yo‘qlab bordi, uchrashib fikrini tushuntirdi.

– Menga Boburning «Boburnoma» asaridan zaytun haqidagi fikrlarini va zaytun o‘stirish haqidagi olimlarning kitoblarini olib keling,– dedi fond raisi.

Olima arxiv titkilab, zarur ma’lumotlarni turli xil olimlarning kitoblarini topib, olib bordi. Shunday qilib zaytunni ekishni boshlab yuborishdi.

– Hamkorligimiz yomon bo‘lmadi. Yuring o‘z ko‘zingiz bilan ko‘ring,– deya meni bog‘ sari boshladi Dilorom opa.

Men Bobur bog‘ida gurkirab o‘sib turgan zaytun daraxtlarini kuzatib, hayratlandim. Dunyoning turli burchaklaridan keltirilgan zaytunlar qishi qattiq  yurtimizda ham bargini to‘kmasdan mana men deb turardi. “Daraxt nixollari uch qishni ko‘rdi, yurtimiz iqlimiga, tuproqiga o‘rganishdi”, deya xursand bo‘ladi Dilorom opa. Olima yuzlab zaytunni kuzatib, bargini siypalab, o‘z farzandining kamolini ko‘rgan onadek xursand bo‘lardi. “Bularga alohida parvarish kerak. Shuning uchun Zokirjon aka zaytunlarga qaraydigan dehqonlarni ajratgan. Men ularga  parvarishlashni o‘rgatib, ishlarini kuzatib boraman. Ilmning qadrini hamma ham bilavermaydi, shuning uchun ham u kishiga hurmatim baland”– deydi Dilorom Yormatova.

Issiqxonada o‘stirilayotgan zaytunlar bilan tashqaridagi zaytunlarni solishtiramiz. Plenka ostidagilari uch yilda juda balandlab ketgan. Shundan ham ularning issiqsevar ekanliklarini bilish mumkin. “Biroq, tashqaridagilari ham tutib ketdi. Barglarini ushlab ko‘ring. Issiq o‘lkalarda bular archalardek yozin-qishin bargini to‘kmaydi, Bizda ham shunday turibdi. Shoxchalarining uchini qayirib ko‘ring, u ingraydi, chunki tirik”–deydi fikrimni uqqanday Dilorom opa.

Men ham Dilorom opa avaylab ushlaganidek ushlab ko‘raman. Fond faoliyati juda keng qamrovli ekanligiga tan beraman. Beixtiyor O‘zbekiston yozuvchilar uyushmasining raisi Muhammad Alining tantanani ochayotganida aytgan so‘zlarini eslayman. ”Kishida is’tedod-u yurtga mehr-muhabbat bo‘lsa, elga nafi tegadigan ko‘p ish qilishi mumkinligini Zokirjon aka misolida ko‘rib turibmiz”. Darhaqiqat,  bu  aynan Zokirjon Mashrabov uchun  o‘z o‘rnida  topib, aytilgan so‘z edi.

( Ushbu maqola “Sog‘lom avlod” gazetasida 2017 yil 9-sonida qisman chop etilgan)     

Ra’no Zaripova,

O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan jurnalist

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.