Mehr gulining ifori

0
416
marta ko‘rilgan.

Ona qalbini, mehrini dengizga mengzasa arziydi. Hammamiz bilamizki, dengizning tubida oppoq marjonli chig‘anoqlar yashiringan. Ona mehri beqiyos va mangu bo‘lib, sirli-sinoatli dengiz tubidagi chig‘onaqlar ichiga berkingan oppoq marjonlardek maftunkor bo‘lib, uni ramziy ravishda mehr guli deb atasak arziydi. Mehr guli – mangulikdan sipqirib voyaga yetgan bolaning oldiga katta imkoniyatlar ochiladi. Zero, ona qalbida mangu porlab turadigan mehr guli bor ekan, uning ifori farzand uchun muntazam ortsa ortadiki kamaymaydi. Ana shu ifordan qonib o‘sgan bola yurtga tayanch, oilaga suyanch bo‘lib ulg‘ayadi. Ona qancha azobu uqubatlar chekkmasin bolasi uchun xokisorligicha qolaveradi. Farzand va oila tashvishlaridan kuvonib, uni shirin yumishlar deb bilib, shukrona bildirib yashagan kamtarin, soddadil ayol, onaga, insonga bir kun u ezgulik bo‘lib qaytaveradi. Shirin tashvishlarga shukrona bildirib yashash deyarli barcha onalarga xos fazilat. Unday onalarning aytgan har bir so‘zi hikmat, qilgan ishlari ibrat bo‘lib farzand qalbiga o‘rnashib boraveradi!

Rahima opa Zokirova ikki nafar o‘g‘il, bir qizni el-yurt qatoriga qo‘shdi. Ayolning katta farzandi zahiradagi polkovnik, qizi musiqashunos, professor, skripka ijrosidan yoshlarga saboq beradi. Kichkina o‘g‘li esa kompozitor. Ko‘plab musiqiy tanlovlarning g‘olibi. Albatta bu yutuqlarning o‘zi kelmadi. Bolalarini yoshligida to‘garaklarga olib bordi. tinim bilmadi. Hamma uyining yonidagi maktabga farzandlarini o‘qishga bersa, u Toshkent shahrining mashhur maktablariga uzoq bo‘lsada erinmasdan olib borar edi. Ularning qobiliyatini bilish, nimaga moyilligini aniqlash uchun bolalar bog‘chasida yurgan paytidayoq turli to‘garaklarga berib ko‘rdi. Og‘iri bitta xulosaga keldi. Katta o‘g‘li sport to‘garaklariga qatnadi, qizi maktabdan bo‘sh vaqtlarida sport to‘garagi bilan birga skripka chalishni mukammal o‘rganishga boshladi. Kichik o‘g‘li esa Shermat Yormatov yetakchilikdagi bolalar ansambliga muntazam qatnay boshladi. Hech bir ona o‘z farzandiga yaxshi tarbiya berish va odob o‘rgatishdan ortiq hadya qila olmaydi deyiladi, hadislarda. U hayoti davomida ana shu hadislardagi o‘gitlarga monand yashadi.

Bugungi kunda uchala farzandi ham san’at olamiga oshno, musiqa asboblaridan biror turini chala oladi. Qo‘shiq ayta olishadi. Biroq, bari ham san’at yo‘lini tanlamadi. Katta o‘g‘li Sobitjon Zokirov institutni tugatib, harbiylik kasbini tanladi. Turkiston harbiy okrugi O‘zbekiston harbiy qo‘mondonligiga aylantirilgan kezlarda yosh mutaxassis sifatida o‘zligini namoyon qildi. Qizi esa musiqashunos olima bo‘lib yetishdi. “Men ularning intilishlarini tabiiy qabul qildim. Zero, ularning hammasi san’atkor bo‘ladi, deb o‘ylamas edim. Umidim qalbida ezguliklarni uygotish, yaxshilarga ergashtirish edi, dilida hamisha musiqa ohanglari kezib yurgan inson go‘zal inson bo‘lib voyaga yetadi, deb hisoblardim. Ayni paytda O‘zbekiston mustaqil bo‘lib bolalarga katta imkoniyatlar yaratildi. Yurt bolalari jaxonda bo‘layotgan fan olimpiadalarida, sport musobaqalarida, musiqa tanlovlarida faol qatnasha boshlashdi. Men ham bolalarimning ana shunday tanlovlarda qatnashishini istardim. Bu albatta ularning dunyoqarashining yuksalishiga munosib xizmat qildi, deb hisoblardim” – deydi bolalarini alqab Rahima opa.

Bu ahil xonadon farzandlarining kamolatiga qarab, tarbiyada yurt bilan oila e’tibori uyg‘unlashgan oilalarda salohiyatli farzandlar voyaga yetishiga yana bir karra ishonch xosil qilasiz.

Shu bilan birga oiladagi namunali intizom ham katta ahamiyatga ega. Yoshligida Rahima opa qaynona-qaynota xizmati, farzandlar kamolati, xizmatchilik deb yelib-yugirdi. “Bolalarim yoshligida hamisha ikki qo‘limda so‘mka, yelkamda ryukzak bo‘lardi. Darsga, turli xil to‘garaklarga qatnardik. O‘zimga televizor ko‘rishni taqiqlab qo‘ygan edim. Farzand tarbiyasidan diqqatim bo‘linishini, xayollarimni chalg‘itishni istamasdim. Keyinchalik shu sa’y – harakatlarimni nevaralarimga bag‘ishladim”. – deydi u. Farzandlari hayotda qaddini tiklab o‘z o‘rnini topgan sari Rahima opa ham qaddini tiklab bordi. Ularning yutuqlari kuchiga kuch qo‘shar edi.

Kompozitor Shuxrat Zokirov bolaligidayoq yurtimizda va xorijda o‘tkazilgan bolalar va o‘smirlarning musiqa tanlovlarida qatnashib bir necha marta g‘olib bo‘ldi. Belorusiya, Rossiya, Germaniya kabi mamlakatlarni kezib, saxnalarida kuylash, pionino chalish baxtiga erishdi. O‘zbekiston degan mustaqil mamlakat borligini murg‘ak qalbi bilan chet elliklarga namoyon qildi… O‘zi xam el-yurt tanidi. Institutning namunali tolibi sifatida ustozlarining nazariga tushdi. O‘zbekiston Davlat konsorvatoriyasiga o‘qishga kirgan yili fransuz professori Bernard Ringayzindan o‘z sohasida ta’lim olish uchun Germaniyaga yo‘llanma berishdi. Bular bari unga katta maxorat maktabi bo‘ldi.

Bugungi kunda bastakor sifatida o‘zligini namoyon qilmoqda. U bastalagan kuylar san’atkorlar tomonidan Navro‘z, mustaqillik bayramlari va boshqa tantanalarda Nasiba Abdullayeva, Ulug‘bek Otajonov, Ravshan Komilov kabi san’atkorlar tomonidan jaranglamoqda.

Shuxratbek 2006 yili “Bir kam dunyo” qo‘shiqi uchun sovrindor bo‘ldi. Bastakor 2010 yilda respublikamizda yosh ijodkorlar orasida o‘tkazilgan tanlovda “Yilning eng yaxshi bastakori” va “Eng yaxshi musiqa sayqalchisi” nomiga sazovor bo‘ldi. 2016 yil esa “Estrada san’atiga qo‘shgan xissasi uchun” diplomi bilan taqdirlandi. Shuningdek, Moskvada bo‘lib o‘tgan xalqaro tanlovda Dilmurod Musoqovning “Geolog” filmi e’tiborga tushdi. Filmning musiqasini esa Shuxratjon bastaladi.

Rahima opa bilan Rixsivoy akaning kenjasi ya’ni uchinchi farzandi Shuxratbekga san’atga bo‘lgan qiziqishi ota meros, onasi Rahima opadan esa qat’iyatlilik va fidoyilik o‘tgan desak arziydi. Otasi Muqimiy nomidagi musiqa va dramatik teatrda ishlagan va ayni kunda nafaqada bo‘lsada ko‘zi ojizlar maktab-internatida musiqadan dars beradi.

Rahima Zokirova ellik ikki yil tibbiyot sohasida ishlagan bo‘lsa, oxirgi 25 yilda Sog‘likni saqlash vazirligi Tibbiyot sanitariya birlashmasining Markaziy poliklinikasida faoliyat yuritdi. U yerga ishga faqat katta tajribaga ega kishilarni taklif qilishardi. Shu yerda ishlab yurganida Makkaga Umra ziyoratiga boruvchilar uchun vrach-hamshira qilib jo‘natishdi. “O‘shanda ellik yoshimda edim. Bu meni ona shahrim Toshkentdan, oilamdan, farzandlarimdan birinchi marta uzoqlashishim edi. Bolalarimni tashlab ketishga ko‘zim qiymas, biroq katta mas’uliyatni ham his qilib turarlim, unday joyga hammani ham taklif qilishaverishmaydi. Ketma-ket ikki yil Umra ziyoratiga boruvchilarning va ketma-ket ikki yil Haj ziyoratiga boruvchilarning sog‘liklarini asrash – avaylash maqsadida jo‘natishdi. Kechasi bilan uxlamasdan yurtdoshlarimning sog‘ligini muhofaza qilaman va kunduzi ular bilan birga yurib ziyoratni amalga oshiraman. Avtobusda yo‘lda uxlab olardim, yana qush uyqusida bo‘lardim. Odamlarning og‘irini yengil qilish, yugir-yugirlar menga mashaqqat bo‘lib tuyulmasdi, aksincha kuch bag‘ishlardi”, deydi hojiona.

El-yurt, oilam deb yelib – yugirgan Rahima opa yetmish yoshgacha el xizmatida yurdi. Nafaqada bo‘lsada ishladi.

Bizni uyga taklif qilganida, avvalo o‘g‘lining ijodxonasini ko‘rsatdi. Hovlidan yerto‘laga tushiladi. U xuddi studiyadek bezatilgan. Qo‘shiq aytadigan, ovoz yozib oladigan, xullas bir bastakorga nima-ki, kerak bo‘lsa burchasi muhayyo. Katta studiyaga kirishdan oldin yo‘lakdagi mo‘jazgina ko‘rgazma bilan tanishib o‘tasiz. Unda Shuxratbekka nasib etgan faxriy yorliqlari, sertifikatlari, xalqaro tanlovda olgan diplomlari aks etgan. Ular bilan tanishish uchun ancha vaqt sarflaysiz. Maqolada sanab chiqish undanda qiyin. Milliy bayramlarimiz mustaqqillik va navro‘z tantanalarida ishtiroki uchun berilgan tashakkurnomalar xam u yerdan o‘rin olgandi.

So‘ngra biz ayollarni mehmonxonaga taklif qildi, mehmonxona yo‘lakidagi to‘rt devor fotoga to‘la bo‘lib, go‘yo mo‘jazgina ko‘rgazmani eslatardi. “Bu fotolar qizim Feruza Qodirovaning mehnatlari, har ta’til mavsumida meni ham chorlab va oilasi bilan xorijdagi go‘zal maskanlardan birida dam oladi va meni suvratga olishni xush ko‘radi. Bu suvrat birinchi marta dengizga borgan paytim, nevaramga qarab suzishni o‘rganyapman. Birinchi marta 55 yoshimda dengizni ko‘rganman, O‘rta yer dengizida suzishni o‘rnanganman. Bizni qizim suvratga olganini ham sezmaganman” – deydi zavq-shavq bilan Rahima opa.

Yana bir suvratda parashyutdan tashlayapti. “Bu birinchi marta osmonlarni quchishim, unda 56 yoshimda edim. Turkiyada dam oluvchilarga maxsus shunaqa xizmat yo‘lga qo‘yilgan”. Izoh beradi u.

Yana bir suvratda dengiz tagida baliqlar bilan birga suv parisidek suzib ketyapti. Yana bir guruh fotolarda Parij manzaralari aks etgan bo‘lsa, birida Misr eh romlari, birida Volga daryosining xushmanzara joylari ifodalangan edi. Italiya va Ispaniyaning tarixiy qadamjolari aks etgan suvratlar ham o‘ziga xos olingan. Yana birida esa O‘zbekistonning xushmanzara ko‘chalarida Rahima opa mashina haydab ketyapti. U bolalari bilan birga o‘qib haydovchilik huquqini olgan bo‘lsada 65 yoshida mashina rulini ushladi. “Bolalarim menga xizmat qilish uchun shofer yollashdi. Bu bolalarimga ortiqcha chiqim dedimda o‘zim rulga o‘tirdim” deydi u.

“Qizim Feruza bir kuni “Ona, tezroq katta bo‘lsaydim” deb qoldi. Katta bo‘lib nima qilasan. deya so‘radim. Sizni dunyo kezdiraman, deya javob berdi. Oh o‘zimning mehribonginam o‘sha kunlarga yetaylik, degan edim. O‘shanda farishtalar omin degan ekan. Endilikda sermashaqqat yoshlikdan, oilaning shirin tashvishlaridan keyin faraxli onlarim boshlanganiga Ollohga shukronalar bildiraman.”-deydi farzandlarini, qizini alqab Rahima opa.

Kuzatib tursangiz Rahima opa nimaniki birinchi ko‘rgan, his qilgan bo‘lsa bari nafaqaga chiqish yoshida sodir bo‘lgan. Bu davr Rahima opaning ikkinchi umrning boshlanishi desak bo‘ladi. Keyingi o‘n besh yil uning uchun hayotining tub burilishlar davri – go‘zal qanot qoqishlar davri bo‘ldi. Donishmandlar aytganidek oltin kuz, Ollohning baxmal payondozlar to‘shagan go‘zal pallasi bo‘ldi.

Rahima opa yosh bolaga o‘xshab hayratlanib va hayratlar ichida yashashni xush ko‘radi. Shuning uchun ham u yetmish uch yoshni qarshilab turgan bo‘lsada, hamon yoshlarga xos g‘ayrat – shijoatga to‘la. Uning har bir damdan quvonch topib yashashiga havasim keladi, fikrimni unga hurmat-ehtirom bilan bildiraman. U xulosamni eshitib turib, ma’qullaydi va yana donishmandona qo‘shimcha qiladi… “To‘g‘ri hayrat bilan yashash, mudom sa’y-harakatda bo‘lish, intilish kishini yashartiradi, biroq bu yerda boshqa narsa ham bor – yoshlarga xos g‘ayrat-shijoat mavjudligi, hayratlanib yashashim mustaqil Vatanimiz sharofati! Agar O‘zbekiston mustaqilligi bo‘lmaganida men xizmat safari bilan Umra va Haj ziyoratiga bora olarmidim. Kuyovim bilan qizim xorij universitetlarida dars bera olarmidi va meni ana shunday joylarni kezdira olarmidi?!. O‘g‘lim Sobitjon Zokirov qisqa davr ichida harbiy sohaning podpolkovnigi, mutaxassisi bo‘lib yetisha olarmidi. Sovet davrida harbiylar asosan o‘zga millat vakillari edi. Vatan mustaqilligi Olloh bergan buyuk ne’matdir va u mening taqdirimda aks etadi. Uning qadrini bilishimiz kerak. Men hamisha ana shuni qalbdan his qilib, yurtim bilan faxrlanib, shukrona bildirib yashayman”, – deydi u.

Qizi Feruza onasini alqab shunday deydi: “Bolaligimda onamning tinimsiz yugir – yugirlarini ko‘rib, yuragim achirdi. Bizni ulg‘aytirish yo‘lidagi sa’y-harakatlari yetmaganidek, keyinchalik nevaralarining tarbiyasini ham o‘z zimmasiga oldi. Meni hayotda o‘z o‘rnimni topib ketishim, institutni tugatgach, asperanturada yana o‘qishni davom qildirishim uchun nevaralarini qanotiga oldi. Men doimo o‘qishda bo‘lardim, onam ham ishlardi hamda bolalarimga qarardi. Ushbu nevaralar hozir xorijning mashhur oliy o‘quv yurtlarida tahsil olishmoqda. Unda onamning sa’y – harakatlari kattaligini his qilaman”. O‘sha daqiqada Amerikada tahsil olayotgan nevarasi hol-avhvol so‘rab telefon qilib qoldi. Ularni kuzatib farzanddan oqibat kutmoqchi bo‘lsang avval o‘zing unga mehr ko‘rsat degan matal tagida olam-olam hikmat yashiringanini his qildik. Mehr – oqibat o‘zbek xalqi uchun go‘zal qadriyat. Hech bir millat bolasi ota onasiga o‘zbek bolalaridek mehr-oqibatli bo‘la olmaydi. Bu oila ayolining ma’naviyati mevasi desak arziydi.

Hayot murakkab, sinovlarga hamisha boy. Ana shu sinovlar va mashaqqatlar asnosida ona hech qachon bolasini unitmaydi. Chindan ham oilaning fayzu barakasi ko‘p jihatdan ayolga bog‘liq. Halqimiz ayollarni uy bekasi, xonadon farishtasi deb ulug‘lashi bejiz emas. Biz buni Rahima opaga qaraganda yanada his qilamiz. Bir umr ko‘p qavatli uyda yashagan Rahima opa yaqinda hovli oldi. Uyni ta’mirlash ishlarini ya’ni devorlarga gul qog‘oz yopishtirishni o‘zi amalga oshirdi. U shunaqa did bilan bezatilgan ediki ularning ulangan joyi sezilmasdi. Avval ham bu ish bilan shug‘ullanganmisiz so‘radik biz. “Yo‘q. Yaqinda shunga oid kitoblarni o‘qib chiqdim. O‘g‘il – qizlarimni bir yangilik bilan kutib olay dedim” javob qiladi u. So‘zlarini tinglab beixtiyor xalqimizning “Ayolning sarishtasi ro‘zg‘orning farishtasi” degan matali yodga keladi. Men bu ayolnig yuragida bemisl tovlanuvchi ming bir ranglarni ko‘raman. Atrofidagi farzandlari, turmush o‘rtog‘i va do‘stlari ana shu ranglardan quvvat olib yashnaydi. Yuragidagi go‘zal ohanglar, kamalak nusxa ranglar ayolning chehrasiga go‘zallik, ulug‘lik bag‘ishlaydi. U hamon orasta va sarishta, hamon el xizmatida qo‘ni-qo‘shni-yu do‘sti yoronlarga tibbiy xizmat ko‘rsatadi. Shunaqa tajribali-ki, ukol qilganida bemor uni sezmaydi. Bemorning vena tomirlarini ham juda osonlik bilan topadi. Shuning uchun hamisha yordamga chaqirishadi. Do‘stlar huzuridan kela solib, yengini shimarib ishga tushib ketadi. Kichkina teshacha bilan mo‘jazgina bog‘chasiga oroyish beradi, yovvoyi o‘tlardan tozalaydi Kaftdek hovliga turfa gullar ekkan, ularning ifori ko‘ngillarga osudalik bag‘ishlaydi. Go‘zalligi dillarni xushnud qiladi. Hovlining bir parchasida xovuzcha salqinlik bag‘ishlab tursa, ayvondagi xontaxta va divan – kreslo ustidagi oppoq dasturxonu yopinchiqlar dillarni yayratadi. U saranjom sarishtalikni va yaqinlariga kutilmagan sovg‘alar ulashishni juda yoqtiradi. Bolalari, do‘stlari yig‘iladigan bo‘lsa, hovliga suvlar sepib, junnat guli-rayxonning hidlarini taratib qo‘yadi. Oilani, vatanni insonni ulug‘lashni u kishidan o‘rganish kerak. U dilkash, samimiy ma’rifatparvar inson. Rahima opaning turish-turmushiga e’tibor berib, ayol – iroda, oriyat, shijoat timsoli deymiz. Chunki u hayoti davomida ishxonasida tajribali tibbiyot xodimi sifatida obro‘-etibor topdi. Oilada zaxmatkash, jonkuyar ona, mehribon rafiqa, sifatida o‘z o‘rniga ega bo‘ldi.”Rahimaxon tinch o‘tirishni bilmaydi, hamisha biror yangilik topib, tashabbus ko‘rsatadi. Hovlida ekilgan gullar ko‘p edi, yanada ko‘paytirib, boshqacha yanada go‘zal shakllarni barpo etdi”, – deydi eri Rixsivoy aka Zokirov.

Darhaqiqat, Rahima hojiona aytganidek, Vatan mustaqilligi Olloh bergan buyuk ne’mat bo‘lib, u har birimizning baxtli taqdirimizda aks etadi.

Ra’no Zaripova,

O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.