Mustaqillik beshigini tebratgan inson

0
354
marta ko‘rilgan.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti, buyuk davlat va siyosat arbobi Islom Abdug‘anievich Karimov tavalludining 80 yilligini nishonlash to‘g‘risida”gi Qarori  2017 yil 27 noyabrida e’lon qilindi. Unda O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti, buyuk davlat va siyosat arbobi Islom Abdug‘anievich Karimovning ona Vatanimiz mustaqilligi, el-yurtimiz ravnaqi yo‘lidagi ulkan tarixiy xizmatlarini inobatga olib hamda u kishining xotirasini abadiylashtirish bo‘yicha boshlangan ishlarni davom ettirish belgilangan va OAVlariga ham keng targ‘ib etish topshirig‘i berilgan.
 
Mustaqillikning ilk og‘ir yillarida “Qishloq hayoti” gazetasi muxbiri sifatida faoliyat yuritardim. U paytlar xalqimiz, hukumatimiz Vatan mustaqilligini Oliy Kengash (bugungi Oliy Majlis)ning Qonun va qarorlari bilan muhrlab qo‘yishga harakat qilinayotgan, turli qarashlar to‘qnashib turgan davr edi. “Matbuot-to‘rtinchi hokimiyat” sifatida  siyosiy maydonda ishtirok etar, biz jurnalistlar har bir jarayonni diqqat bilan kuzatardik.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining ikkinchi sessiyasida “Mustaqqillik deklaratsiyasi” qabul qilinib, xalqimiz o‘z yo‘lini tanlab oldi. Uning birinchi bandida shunday deyiladi: “O‘zbekiston SSRning demokratik davlat mustaqilligi Respublikaning o‘z hududida barcha tarkibiy qismlarida va barcha tashqi munosabatlarda tanho hokimligidir”. Bu hujjat jurnalistlar kabi barcha o‘zbek xalqini quvontirdi.

1990 yil 16 iyul kuni  O‘zbekiston Kompartiyasi Markaziy Komitetida respublikaning iqtisodiy mustaqqillikka va bozor iqtisodiyotiga o‘tishi masalalari xususida kengashi bo‘ldi. Kengashda O‘zbekiston SSR Prezidenti Islom Karimov(sobiq sovetlar ichida prezidentlik maqomi birinchi bo‘lib O‘zbekistonda joriy etilgan, bu islohot o‘sha davr uchun jasorat edi.) nutq so‘zlab, ”Biz uchun asosiy yo‘nalish, barcha vazifalarni hal etish kaliti–O‘zbekistonning real siyosiy suvereniteti va iqtisodiy mustaqilligini ta’minlashdir” deya unga erishish yo‘llarini belgilab bergan edi: “Respublikamiz o‘z boyliklarini o‘zi tasarruf eta olmas ekan, uning qanday mas’uliyati haqida, respublika xalqining qanday mulki haqida gap bo‘lishi mumkin? Hozir respublika Oliy Sovetining doimiy komissiyalarida butun tariximiz davomida birinchi marta O‘zbekiston SSRning Mulkchilik to‘g‘risidagi qonuni tayyorlanib bo‘linmoqda. Bu chinakam mustaqqillik sari tashlangan dastlabki qadam, iqtisodiy o‘zaro munosabatlarga mutlaqo yangi yondashuv bo‘ladi. Bunda eng muhim narsa nima? Birinchidan: respublika mulki mustaqil va u federatsiyadan ajratiladi”.

Undan keyin Oliy Kengashning navbatdan tashqari to‘rtinchi sessiyasida  so‘zlagan “Murakkab vaziyatda oqilona siyosat yuritaylik” nomli nutqi “Xalq so‘zi” gazetasida 1991 yil 15 fevralda chop etildi. Unda ham mustaqillik yo‘lidagi vazifalar ko‘rsatib o‘tildi. O‘zbekistonning najoti faqat o‘zimizda, shu zaminda deb ta’kidladi.  O‘zbekiston SSR Prezidenti Islom Karimovning Respublika qishloq xo‘jaligi xodimlari qurultoyida so‘zlagan ”Mustaqillik– eng avvalo xalq birligi va hamjihatligidir” nomli nutqida Vatan mustaqilligi g‘oyalarini yanada yuksaltirdi. Bu “Xalq so‘zi” gazetasida 1991 yil 27 martida chop etildi. Mamlakatimiz rahbari Oliy Kengashning beshinchi sessiyasidagi “O‘zbekiston Birlashgan Millatlar tashkilotiga a’zo bo‘lishiga aminman” nomli nutqida yana O‘zbekiston mustaqilligini mustahkamlash borasida qator fikrlarni bildirdi. 1991 yil 12 iyunidagi so‘zlangan bu nutq ham  “Xalq so‘zi” gazetasida chop etildi.O‘sha paytlar xalqimizning ong- shuuri ulug‘vor o‘zgarishlarga, islohotlarga  bosqichma bosqich tayyorlab borilayotgan ulug‘vor bir davr edi.

 Moskvaning hukmronligi davrida bu ishlar katta bir jasorat edi. Zero, Markaz Moskva o‘z hukmronligini asrab qolishga tish-tirnog‘i bilan intilayotgan bir payt edi. Darhaqiqat, SSSR vitse prezidenti G.I. Yanayevning farmoni, sovet rahbariyatining bayonoti va SSSRda Favqulodda holat davlat komitetining sovet xalqiga murojaati va qarorlari o‘sha paytda barcha respublikaga yuborildi. Mamlakatda favqulodda holat e’lon qilinganligi haqidagi ushbu buyruq Moskvadan O‘zbekistonga ham keldi va  yurtimizdagi  barcha gazetalarga uni chop etish topshirildi.

O‘sha paytda “Xalq so‘zi” gazetasida bosh muharrir bo‘lib ishlayotgan turmush o‘rtog‘im N.Sa’dullayev   “O‘zbekiston o‘z yo‘lini tanlab bo‘ldi. Moskvadagi bu o‘zgarish bizning mamlakatga daxldor emas” deb tepadan kelgan topshiriqni “Xalq so‘zi” gazetasida chop etmay turdi. U paytda mamlakat Prezidenti Islom Karimov Hindistonda rasmiy tashrif bilan yurgandi. Bu xabarni eshitgach, tezda orqaga qaytdi va uni chop etmasdan ushlab turganligini ma’qulladi.

Shunday keyin O‘zbekiston Prezidenti  Islom Karimovning respublika aholisiga murojaati gazetalarda  e’lon qilindi. Unda shunday deb xulosa chiqarildi: “Shunday og‘ir sinovdan o‘tayotgan bir paytda xalqimiz sabr-toqat va bardosh bilan vazmin bo‘lib, tinchlikni saqlash maqsadida jipslashishi kerak. Bir yoqadan bosh chiqarib harakat qilish kerak. Tinchlikni buzayotgan, o‘z manfaatini ko‘zlayotgan har xil shaxslarga, muttahamlarga quloq solmasdan, xalqimiz o‘zi tanlagan yo‘ldan qolmasligi kerak. Yurtimiz, xalqimiz tarixda juda ko‘p sinovlardan yuzi yorug‘ bo‘lib chiqqanmiz. Ishonamizki, bu og‘ir sinovlardan ham eson-omon o‘tamiz.”(1991 yil 20 avgust).

Darhaqiqat, u paytda Oliy Kengashda ham turli guruhbozliklar avj olib turgan bir davr bo‘lishiga qaramasdan mamlakatimiz Prezidenti I. Karimov boshliq hukumat a’zolari jasorat ko‘rsatib, O‘zbekistonni mustaqilligi uchun dadil kurash olib borayotgan edi. U paytda qayta qurishning oltinchi yili bo‘lib, Oliy Kengash (bugungi Oliy Majlis) O‘zbekiston mustaqilligini e’lon qilgan, o‘zbek tiliga davlat maqomi berilgan, o‘z konstitutsiyasi, madhiyasi, bayrog‘ini joriy qilish uchun ish olib borilayotgan, milliy qadriyatimiz–navro‘z umumxalq bayramiga aylantirishga qaror qilingan kabi ko‘plab islohotlar, buyuk o‘zgarishlar bosqichma bosqich amalga oshirilayotgan  edi. So‘zsiz bu jarayonlar har bir oddiy jurnalistdan tortib, bosh muharrirgacha katta mas’uliyatni talab qilardi.

O‘n ikkinchi chaqiriq O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining navbatdan tashqari oltinchi sessiyasida mamlakatimiz Prezidenti I. Karimov so‘zlagan “Mustaqil O‘zbekistonning davlat siyosati insoniylik va ezgulik qonunlariga asoslanadi” nutqida (“Xalq so‘zi” gazetasi 1991 yil 31 avgust) shunday deb ta’kidladi: “Menga Hindistonda to‘ntarishdan bir kun oldin, mamlakatingizda harbiy to‘ntarish bo‘lishi mumkinmi, deb savol berishdi. O‘shanda men bizda o‘ngdan ham so‘ldan ham xavf va do‘q-po‘pisa bor, deb javob qaytardim. Bizni qutqaradigan yagona chora– tezroq mustaqil davlatlar shartnomasini imzolash dedim… To‘ntarishning dastlabki soatlari va kunlaridan O‘zbekiston va uning rahbariyati o‘z munosabatini qat’iy ma’lum qildi: bizning o‘z maqsadimiz va o‘z yo‘limiz bor. Bu yo‘l-xalqimizning manfaatiga mos yo‘ldir va biz unga, nima bo‘lmasin, qat’iy amal qilamiz. Shunga asoslanib, biz umumxalq muhokamasidan o‘tgan respublikamiz Davlat mustaqilligi deklaratsiyasi hamda konstitutsiyaviy tuzum prinsiplarini chekinmay himoya etib kelyapmiz”.

Islom Karimov ana shunday olovli, suronli yillarda siyosat maydonida yetakchilik qildi. O‘zbekistonning mustaqilligi va tinchligini, xalqimizning osoyishta hayot kechirishini ta’minlashda jonbozlik ko‘rsatdi.  Mamlakatimiz mustaqil bo‘lib, Birlashgan Millatlar tashkiloti binosida bayrog‘imiz hilpirab turganidan keyin amalga oshirgan ishlaridan biri sog‘lom avlod tarbiyalash ishini umumxalq harakatiga aylantirishi bo‘ldi. 1993 yilning fevralida “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya jamg‘armasi tashkil topdi. Shu yili mustaqil O‘zbekistonning birinchi yuksak mukofoti “Sog‘lom avlod uchun” ordeni ta’sis etildi.

Ra’no Zaripova,

Respublikada xizmat ko‘rsatgan jurnalist

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.