Navro‘z- Ona tabiat, Ona tuproq, Momo yer, Navqironlik

0
1445
marta ko‘rilgan.

Navro‘zi olam haqida gapirishdan avval ekologiya nima degan savolga qisqacha javob berish kerak bo‘ladi. Ekologiya – atrof muhit, bizni o‘rab turgan borliq, jumlai jahon. Ilmiy tilda yer yuzidagi tirik qatlamni biosfera, havoli pardani atmosfera, suvli qatlamni gidrosfera deb yuritamiz.

Ekologiya so‘ziga kelsak, uni 1866 yilda nemis olimi Eduard Gekkel fanga olib kirgan. Bu yashash joyi ta’limoti degan ma’noni anglatadi. Ya’ni eyko-uy-joy, logos fan demakdir. Ekologiya bir qaraganda fanda yangi tarmoqdek taassurot uyg‘otadi. Umuman olganda u biologiya fanining yangi bosqichi hisoblanadi. U insoniyat taraqqiyotidan, olam tamaddunidan kelib chiqqan zaruratdir. Tabiat va inson bir-biriga uzviy bog‘liq. Tabiat- xazina, u bizning milliy qadriyatimizning bir qismi. Zero, xalqimiz uni Ona tabiat, Ona tuproq, Momo yer deya ulug‘laydi, uni avaylab asrash barchamizning milliy qadriyatlarimiz va burchimizdir.

yer yuzidagi eng ko‘hna yozma manba qadimiy «Avesto»da ona ma’buda Avdvisura Anahita insoniyatning hayot-mamoti – suv, tiriklik, go‘zallik va mehr-muhabbat tangrisi hisoblangan. Agar e’tibor bersangiz, Anaxita ya’ni  Onaqut timsolida ham Sharq falsafasining mag‘zi,  hayotning eng oliy ne’matlari – to‘rt unsur: quyosh, havo, tuproq, suv ramzlari Inson timsolida uyg‘unlashgan.

Sharqning Aristoteli deb e’tirof etilgan Abu Nasr Farobiy «Fozil shahar odamlari qarashlari», «Ilmlarning kelib chiqishi to‘g‘risida» asarlarida to‘rt unsur, xususan – olov, havo, suv va tuproq doimo yaxlit. Ular oy doirasi ostidagi substansiyaning – javharning massasini tashkil qiladi. Ularning sifatlari to‘rtta – issiq, sovuq, namlik va quruqlik. Ular substansiyaning aksidensiyasini (obrazi)ni vujudga keltirib, harakat va o‘zgarishni keltirib chiqaradi, deya o‘rgatgan hikmatlari ham olamni asrash an’analari qadimiy qadriyat ekanligining ifodasidir.

Darhaqiqat, HAVO – tiriklik ibtidosi, davomiylikning asosiy manbai. U ko‘zga ko‘rinmaydi, qo‘lga ilinmaydi. Biroq uni biz butun vujudimiz bilan his etamiz. Havoning kuch-qudrati ham ana shu yo‘qlikdan mavjudlikka, bo‘shliqdan borliqqa asos bo‘lganidir. Ota-bobomizning yer yuzidagi birinchi ayolni Momo Havo deb atagani ham bejiz bo‘lmasa kerak.

TUPROQ – bu bizning Ona yerimiz. Odamzotning tub qo‘yib, tomir yoyib, o‘zligini namoyon etish imkoni berilgan muqaddas makon. Barcha modda tuproqda unadi, kamol topadi va yana tuproqqa qaytadi. Ona zaminimiz jamolida o‘tmish va butunning uzviyligi aks etgan. Tuproq eskini ko‘madi, yangini undiradi. Doimiy tiriklikni ta’minlaydi. Oftobdan zarra, suvdan qatra olib, chiroy ochadi. Rabg‘uziyning “Payg‘ambarlar qissasi” asarida Yaratgan egamning Odam otamizni tuproqdan yaratganligi ta’kidlanishi ham bejiz emas.

SUVni xalqimiz obi hayot deya ulug‘laydi. Suv bor joyda hayot bor. Qora tuproq gulchechakka, shig‘il-shig‘il mevali bog‘larga aylanadi. Momolarimiz farzandlariga «Tushingni suvga ayt» deya uqtiradilar. Suv dilning g‘uborlarini yuvib ketadi. Axir farzand onagagina dardini aytadi. Onadek bola tilini, dilini bilguvchi, yupatguvchi, ko‘nglini ko‘targuvchi topilmaydi.

Olimlarning ta’kidlashicha, dastlab Ona zaminimiz ulkan ummondan iborat bo‘lib, ilk mavjudotlar uning bag‘rida paydo bo‘lgan. So‘ngra suv chekinib, yer ochilgan. Unda hayot boshlangan. Hozir Ona sayyoramizning yetmish bir foizi ummondan iborat. Inson jismining ham to‘rtdan uch qismini suv tashkil qiladi. Bu ham suvning tiriklik, hayot manbai ekanligini aks ettiradi. Inson vujudidagi suv yosh o‘tgan sari kamayib boradi va shu tufayli odamzot vujudida keksarish vujudga kelishini bugungi kunda olimlarimiz isbotlashgan.

OLOV – quyoshning zarrasi! Uning yaratuvchanlik, ohangrabolik qudrati beqiyosdir. Chunki, quyosh tiriklik manbai, murod hosil qilguvchi quvvatdir. Jamiki, mavjudot quyoshga intiladi, hatto o‘simliklar ham.

Sharq falsafasining uzviy bir qismi bo‘lmish tabiat bilan, tabiatning uyg‘onishi bilan uzviy bog‘liq bo‘lgan Navro‘zi ayyom an’analarining mazmun-mohiyati mantiqiy kuchga ega ekanligini allomalar ta’kidlagan to‘rt unsur bilan chambarchasligini bugungi kunda  butun jahon ahli tan olmoqda, desak xato bo‘lmaydi.

Navro‘z 2009 yilning 30 sentyabr kuni YUNESKO tomonidan insoniyatning nomoddiy madaniy merosi ro‘yxatiga kiritildi. Qaror Tashkilotning nomoddiy merosni saqlash hukumatlararo qo‘mitasining 24 nafar a’zosi tomonidan tasdiqlandi. 2010 yilning 19 fevral kuni BMT Bosh Assambleyasining 64-sessiyasi 21 martni  «Xalqaro Navro‘z kuni»  sifatida nishonlash to‘g‘risidagi qarorni bir ovozdan qabul qildi. Qabul qilingan rezolyusiyada mazkur bayram madaniyatlararo muloqot va o‘zaro ishonch­ni rag‘batlantirishi ta’kidlandi. Shu tariqa Navro‘z biror bir millat yoki madaniyatning bayrami sifatida emas, balki butun insoniyat merosining bir qismi sifatida nishonlanmoqda. Bunda albatta Vatan mustaqilligidan keyin navro‘z bayramini, u bilan bog‘liq qadriyatlarni qayta tiklagan, keng targ‘ib-tashviq qilgan O‘zbekistonimizning ham o‘z hissasi bor.

Demak, ulug‘ ajdodlarimiz tabiatning uyg‘onish davri-Navro‘zi ayyomni bejiz bayram etib nishonlamagan. 21 martda kun bilan tun tenglashadi va u uch kun davom etadi. Tenglik bor joyda tinchlik bo‘ladi, deydi xalqimiz. Navro‘zni qadrlashimiz tabiatni, atrof-muhitni, insoniyatni qadrlashimiz va uni asrab avaylashga bo‘lgan da’vatimizdir.

Mustaqqil O‘zbekistonimizda qadimiy qadriyatlarimizni asrab avaylab kelinayotgani, istiqlol sharofati bilan navro‘z bayrami har yili keng nishonlanishi yo‘lga qo‘yilgani bizning faxrimiz, g‘ururimizdir. Vatanimizda 2017 yildan boshlab Navro‘z bayrami o‘zgacha tarzda ya’ni umumxalq sayli sifatida nishonlanadigan bo‘ldi.

Bu yil “ 2018 yilgi Navro‘z umumxalq bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qaroriga  ko‘ra Navro‘z umumxalq bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bo‘yicha hokimlar rahbarligida hududiy komissiyalar tuzildi. 

Bayram sayillarini barcha shahar, tuman, qishloq va ovullarda bosqichma-bosqich ravishda yuqori saviyada, ob-havo sharoitini hisobga olgan holda tashkil etish yuzasidan tadbirlar rejasi ishlab chiqilishi va uni amalga oshirishni ta’minlash topshirig‘i belgilandi. Qarorda Navro‘z kunlarida yordamga muhtoj insonlar, keksalar, nogironlar va kam ta’minlangan oilalar holidan xabar olish, ularga beg‘araz ko‘mak berish, jamiyatda o‘zaro hurmat, do‘stlik va hamjihatlikni kuchaytirishga qaratilgan savob ishlar, xayriya tadbirlari va ommaviy hasharlarni amalga oshirish lozimligi ta’kidlandi.

Mart-aprel oylarida obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish oyligini tashkil etish hamda bu boradagi ishlar eng yaxshi yo‘lga qo‘yilgan tuman, qishloq va mahallalar tajribasini ommalashtirish topshirig‘i ham berildi. Bu maqsadlar 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida ham o‘z ifodasini topgan. Bugungi kunda O‘zbekistonni yanada rivojlantirish bo‘yicha Harakatlar strategiyasida belgilab berilgan maqsad va vazifalarga erishishda butun mamlakatimiz bo‘yicha zamonaviy loyihalar asosida ulkan qurilish va obodonlashtirish ishlari amalga oshirilmoqda. Bu borada ayniqsa “Obod qishloq” dasturi muhim ahamiyatga egadir. Bu avvalo ayollarimizning turmush sharoitini yaxshilash, ularning kayfiyati, dunyoqarashini yuksaltirishga juda katta ijobiy ta’sir ko‘rsatadigan dasturdir. Ana shunday dasturlarimiz asosida yo‘llar, ta’lim va tibbiyot, madaniyat, sport maskanlari, uy-joylar yangilanmoqda. Minglab zamonaviy ishlab chiqarish korxonalari, kichik biznes, turizm va xizmat ko‘rsatish ob’ektlari barpo etilmoqda.

O‘tgan qisqa vaqtda milliy qadriyatlari, jumladan navro‘zi uyg‘un bo‘lgan mintaqa mamlakatlari o‘rtasida hamkorlikni kengaytirish maqsadida tarixiy qadamlar tashlandi. Bunda O‘zbekistonning qo‘shni Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmaniston bilan hamkorlik aloqalarini kengaytirayotgani, Afg‘onistonga alohida e’tibor qaratayotgani, O‘zbekistonda bugungi kunda kechayotgan shiddatli o‘zgarishlar xalqaro miqyosda yuksak e’tirof etilmoqda.

Navro‘z bayrami arafasida ikki mamlakat O‘zbekiston va Tojikiston aholisiga qulay shart-sharoit yaratish maqsadida Tojikiston Respublikasi fuqarolariga 2018 yil 16 martdan e’tiboran Tojikiston Respublikasi fuqarolari amaldagi safar hujjatlari (diplomatik, xizmat va xorijga chiqish umumiy fuqarolik pasporti) bilan O‘zbekiston Respublikasi hududida vizasiz (30 kungacha) bo‘lishlari mumkin.

Ana shunday savobli ishlarni ko‘plab sanab o‘tish mumkin. Ularning tub mohiyati Vatanni qadimiy qadriyatlarni, ezgulikni  ulug‘lashdan iborat.

Inson aslida tabiat mahsuli. Tabiatning jami go‘zalliklari inson uchundir. Shunday ekan, biz borliqni, miliy va umum qadriyatlarimizni asrab avaylashimiz, qadrlashimiz lozimligini tarixning o‘zi ko‘rsatib turibdi.Bu bilan nafaqat o‘zimizning, balki ortimizdan kelayotgan yosh avlodning sog‘u salomat yashashi uchun imkon yaratgan bo‘lar edik.

Navro‘zi olam barcha yurtdoshlarimizga muborak bo‘lsin! Navro‘zimiz yurtimizga qut-barakali kelishida tilakdoshmiz!

Ra’no ZARIPOVA,

O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan jurnalist

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.