O‘G‘IL O‘SSIN O‘G‘LON BO‘LIB…

0
92
marta ko‘rilgan.

Umr o‘tgan sari kishi ota-onaning qadrini yaqqol seza boradi. Ayniqsa, o‘g‘il bola tarbiyasi o‘ta mas’uliyatli ish ekanligini his etganimiz sari ota-bobolarimizning tarbiya usullari e’tiborimizni tortaveradi.

Og‘ir vaziyatga tushganimizda ular nima qilgan ekan, deya yana o‘tmishimizga xayolan murojaat qilamiz. Bu har bir insondagi tabiiy tuyg‘u bo‘lsa ajab emas. Unday paytlarda ajdodlarimizning har bir so‘zi, har bir harakati sog‘lom farzand tarbiyalashga qaratilganini anglaymiz. Eng asosiysi, bola bilan birga bo‘lishga iloji boricha ko‘proq vaqt ajratish kerakligini tushunib yetamiz. Bola bilan birga bo‘lish uchun qancha vaqt ajratayapmiz? U bilan muloqot qilishni bilamizmi?

Bu borada ajdodlarimizning aytgan o‘gitlari bejiz emas. Bolaga bir yoshgacha bekdek, 10 yoshgacha quldek, 10 yoshdan o‘tgach do‘stdek muomala qila bilish kerak ekan. Biz ota-onalar ko‘pchiligimiz ana shu ikki maslahatni eplay olamiz. Biroq uchinchisini bajara olmayapmiz.

Agar e’tibor bersangiz, «Ey, bolaning ishi nima bo‘lardi, chala-chulpa, undan ko‘ra o‘zim qilganim ma’qul» degan so‘zlarni ko‘p eshitamiz. Lekin bu o‘rinda biz ko‘pincha farzandlarimizni emas, o‘zimizni asablarimizni, osoyishtaligimizni o‘ylagan bo‘lamiz. Bolalarni mehnatga o‘rgatish uchun esa ular bilan yonma-yon turish, birga ishlash lozim. Birga ishlash, o‘rgatish kattalar uchun ham sinov – bu sabr-toqat, intizom, qunt degani.

Eslayman, rahmatlik otamiz bitta mix qoqsa-da, biz bolalarni yoniga chorlardilar. Mehnat ta’tiliga chiqsalar uyni ta’mirlardilar. Usta chaqirmasdilar. yetti o‘g‘il bilan o‘zlari bajarardilar. Qurilishda biz qizlarga ham munosib ish topardilar. Faqat bir marta qo‘shimcha uy qurganimizda g‘isht teruvchi usta yolladilar.

Pul berganmiz, o‘zi ishlayveradi, degan tushunchani xayolingizdan chiqaring. Yonida turib, g‘ishtni olib berib tursangiz, unga madad bo‘ladi, yanada pishiq va puxta ishlaydi. Shundagina uy ko‘ngildagidek chiqadi, deya o‘rgatardilar. Endi bilsak bolalarni mehnatga, hunarga o‘rgatib, hayotga tayyorlab borgan ekanlar. Ko‘zi pishgan bola hyech bo‘lmasa uy qurish haqida tasavvurga ega bo‘lib boradi-da.

Qishloqlarda bolalarni mehnatda toblash, hayotga tayyorlash aniqsa e’tiborga molik. Ba’zilar qishloqda bola tarbiyasi oson deyishadi. Aslida u yerda bolalarni mehnatsevarlikka o‘rgatadigan muhit bor. Ya’ni, mehnatga o‘rgatish an’analari deyarli shakllanib ulgurgan. U yerlarda imorat tiklash, to‘y-xasham, yig‘im-terim pallalari hashar yo‘li bilan o‘tkaziladi. Kattayu kichik chorlanadi. Hasharlar qishloq ahlini totuvlikka chorlash bilan birga bolalarni mehnatda toblab boradi. Shuning uchun ular mehnatga, elga qayishuvchan bo‘lib ulg‘ayadilar.

Shaharlarda esa, ayniqsa, ko‘p qavatli uylarda o‘g‘il bola tarbiyasi bilan shug‘ullanish o‘ta murakkab. Chunki, u yerda muhit yo‘q, an’analar shakllanib ulgurmagan. Ba’zilar baland qavatli uylarda o‘g‘il bolalarga ish yo‘q deyishadi. Aslida ular qishloqqa qiyoslab shu xulosaga kelishadi. Agar e’tibor berishsa, ish keragidan ham ko‘p. Chilangar (slesar) chaqiramiz. Shu uyda bir umr yashab kelayotgan ota-yu o‘g‘il  uni ta’mirlashni bilmaydi. Hatto shunga harakat ham qilmaydi. Nega? Chunki uni o‘rgatuvchi kishining o‘zi yo‘q. Yana bir misol: oddiy ohaklash, ranglashni oling. U qanday amalga oshiriladi? Ko‘pchilik buni bilmaydi. Ko‘p qavatli uylarning yo‘laklariga kirsangiz aftiga qarab bo‘lmaydi. U yerda qancha o‘g‘il bola voyaga yetyapti?! Ularning kuchlari birlashtirilsa, kimdir bosh-qosh bo‘lsa, arzimagan pul ekaziga yo‘laklarni guldek yasatib qo‘yish mumkin.

Kattalar gohida ertadan kechgacha takasaltang yuradi, deya bolalardan nolishadi. Biroq, ularni to‘g‘ri o‘zanga sola olmayotgan o‘zlarining bilimsizligiyu tashabbussizligi ekanligini tan olishmaydi. Chunki kattalar o‘z holicha yashaydilar, kichiklar diliga yo‘l topishga intilmaydilar. Ko‘p qavatli uylarda yashovchilarga bolalarni birlashtiradigan, mehnatga o‘rgatadigan urf-odatlar, an’analar yetishmaydi, dedik. Bir so‘z bilan aytganda, mustaqillik in’om etgan tadbirkorlik yetishmaydi.

Hozir mahallalardagi baland qavatli uylarda yashayotgan bolalarga alohida e’tibor kerak. Agar mahalla qo‘mitalari o‘quvchilarni yig‘ib, ularga ustoz tayinlab, ta’mirlash ishlarini amalga oshirsa yomon bo‘lmas edi. Bolalarda mehnatga muhabbat tuyg‘usi shakllanardi, kasb o‘rganardi hamda uylarimiz saranjom-sarishta bo‘lib qolardi. Aynan shu ishlarni mahalla kengashlari amalga oshirishi lozim deb hisoblaymiz. Bolalar maydonchalarini kezib chiqsangiz axlatga to‘laligini ko‘rasiz. Hashar uyushtirish kimni vazifasi xalq tili bilan aytganda “domkom”larning mahalla kengashi bilan birgalikdagi vazifasi  u an’anaga aylansa ma’qul bo‘lardi. 

O‘zim guvoh bo‘lgan bitta misol: mahallada katta-kichik bolalar o‘zicha futbol o‘ynashardi. Har kuni qiy-chuv: birining burni qonagan, biri ikkinchisini xafa qilgan. Qirqni qoralagan farzandsiz bir  kishi ularning boshini biriktirdi. Ikki komanda tuzib, futbol o‘ynay boshlashdi. Bolalar uni yaxshi ko‘rishardi va hurmat qilishardi. Ba’zi otalar esa havas qilish, undan minnatdor bo‘lish o‘rniga masxara qilishardi. «Kap-katta odamning bolalar bilan to‘p tepishini qarang» degan kinoyali gaplar bo‘lardi. Axir, siz ajratmagan vaqtni sizning bolalaringizga begona ajratyapti. Albatta, u hurmatga loyiq, ba’zilar esa buni tushunishni xohlashmaydi. Savobni qarang-ki, shu odamga Olloh qirqdan o‘tgandan keyin ketma -ket o‘g‘il-u qizlar inom etdi.

Biz farzandlarimizning bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazishi hamda ularga  hunar o‘rgatish uchun nima qildik? Kelajakda kundalik turmushda kerak bo‘ladigan qaysi kasbni o‘rgatdik? Ota-onalar hyech shu savollarni o‘ziga berib ko‘radimi? Keling, shu savolni o‘zingizga berib ko‘ring. Agar e’tibor bersangiz Kaykovusning «Qobusnoma»sida hamda «Temur tuzuklari»da bolaga hunar o‘rgatishga alohida urg‘u berilgan. Davrlar o‘tishi bilan hunarlarning turi biroz o‘zgargan. Mohiyat esa o‘sha, o‘sha!

Uy-joy shirkatlari, mahallalar va tashabbus ko‘tarishi lozim bo‘lgan ota-onalar bu borada bir o‘ylab ko‘rishsa maqsadga muvofiq bo‘lardi. Ayni pandemiya pallasi ko‘p qavatli uylardagi 10 yoshdan 17 yoshgacha bo‘lgan bolalar nima bilan shug‘ullanayaptilar? Ular bekor, biroq nega uylarning yo‘laklari, hovlilar, bolalar maydonchalari qarovsiz yotibdi. «O‘nga kirding, songa kirding» deydi xalqimiz. Biz kattalar yosh kuchlardan oqilona foydalana olmayapmiz.  Lekin namuna qilib ko‘rsatsa bo‘ladigan tajribalar ham yo‘q emas.

Aziz ota-onalar, mahalla yetakchilari, pedogoglar bu borada yana bir bor o‘ylab ko‘ring. Sizlardan tajribangiz va an’analaringiz haqida hikoya qiluvchi maktublar kutib qolamiz. Va saytimizda yoritib boramiz.

Ra’no Zaripova, O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan jurnalist

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.