Olamdagi eng buyuk va eng go‘zal hodisa Zulfiyaxonim yaratgan qo‘shiq barhayot

0
437
marta ko‘rilgan.

Go‘zal ayyom bahorning birinchi kuni ustoz Zulfiyaxonim tavallud topgan sana! O‘zbek xalqining sevimli shoirasi Zulfiyaxonimning she’rlarini o‘qisangiz u qalblarga qo‘shiqdek oqib kiradi. Tarjimalarichi? Undanda go‘zal!

Talabaligimda Lesya Ukrainkaning ijodi, hayoti va sayohatlari, shuningdek, Zulfiyaxonim tarjimalari bilan tanishar ekanman qalbimga bir cho‘g‘ tushdi. Adibaning ijodi va Zulfiyaxonim tarjimalari bilan yaqinroq tanishish istagi uyg‘ondi. Lesya Ukrainka ijodi va faoliyati bilan tanishish jarayonida shoira Zulfiya tarjimalarini qo‘limga olib, yanada ruhlangandim. Bu tarjimalar qo‘shiqdek tillarga, dillarga o‘rnashar edi. Men diplom ishimni Lesya Ukrainka tarjimalariga bag‘ishlashni yurakka tuydim. Bizga tarjimonshunoslikdan dars bergan ustozimiz G‘aybulla Salomov (oxirati obod bo‘lsin) fikrimni qo‘llab quvvatladi. Men diplom ishimni tugatib, ustoz G‘aybulla Salomovni nazaridan o‘tkazganimda Zulfiya tarjimalari qismidan domlaning ham nihoyatda hayojonlanganini ko‘rdim. Shoira Zulfiya tarjimalarining yoniga “zo‘r, qoyil” deb yozib qo‘ygan edi. ”Juda yaxshi diplom ishi bo‘libdi, mavzu ham uning yoritilishi ham ma’qul keldi. Siz bu izlanishlaringizni kelajakda ham davom qildiring. Hozir esa uni Zulfiya opaga ham bir ko‘rsatib oling”-deya maslahat berdilar.

Lesya Ukrainkaning she’rlarini ko‘pchilik tarjima qilgan edi. Men izlanishlarimni shoira Zulfiyaning nazaridan o‘tkazish uchun “O‘zbekiston xotin-qizlar” jurnaliga (bugungi “Saodat” jurnali)ko‘tarib bordim. Men bu dargohga ko‘p bora kelgan edim. Besh yil jurnalistikada o‘qigan bo‘lsam, juda ko‘p maqollarim chop etilgan edi. Mening ushbu nashrda chop etilgan birinchi jurnalistik izlanishlarim va quvonchlarim hamon esimda. Xorazmda birinchi bo‘lib ratsionalizatorlik unvonini olgan ayol, Urganch tikuvchilik fabrikasining sex boshlig‘i Anajon Otayeva, vohaning mashhur pillakashi, Urganch tumanidagi O‘rta Do‘rman qishlog‘idan(bugungi “Oq oltin” jamoa xujaligi) chiqqan Moskvadagi xalqaro ko‘rgazmalarda bir necha marta qatnashgan, qator ordenlar sohibi So‘najon opa Sobirova, Urganch shahridagi 4-son maktabning boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi Darmonjon opa Raximova kabi vohaning mashhur va sodda ayollari haqida ocherk va lavhalarim chop etilgan edi. Biroq, Zulfiya opa bilan shaxsan hyech uchrashmagan edim. Diplom ishim munosabati bilan opaning huzurida bo‘ldim. Ijod, oila, jurnalistika masalalarida uzoq suhbatlashdik. Diplom ishim u kishiga juda ma’qul keldi. Qo‘llab quvvatladilar. U paytlarda Lesya Ukrainka ijodi o‘zbek kitobxoni uchun yangilik edi.

Keyinchalik opaning huzuriga bora olmadim. Ish, oila, farzand tarbiyasi bilan band bo‘lib ketdim. Bir kuni jurnalga hikoyalarimni ko‘tarib bordim. U paytda adabiyot bo‘limining mudiri Oydin Hojieva edi. U kishiga hikoya ma’qul kelib Zulfiya opaga tavsiya qilibdilar. U paytda O‘zbekiston televideniyasida muharrir bo‘lib ishlardim. Biroq, bola tarbiyasi uchun beriladigan ta’tilni hujjatlashtirib uyda o‘tirgan paytim edi. Telefon jiringlab qoldi. Uni oldim. Mehribon, e’tiborli ustoz Oydin Hojiyevaning qo‘ng‘iroqdek ovozini eshitib xursand bo‘ldim. “Tezda yetib keling, Zulfiya opa sizni yo‘qlayapti”dedilar. Kichkintoyimni qo‘shnimdan biror soatga qarab turishlarini iltimos qilib yetib bordim. Opaning huzuriga kirar ekanman, u kishining ochiq chehra bilan peshvoz chiqishi meni yanada ruhlantirdi. “Qaerda yuribsiz? Sizni yo‘qotib qo‘ydik-ku ” deb samimiy kutib oldilar. Ular meni eslab qoladilar, deb kutmagan edim. “Abadiy tuyg‘ular” turkum qatralarim u kishiga ma’qul kelibdi. Tabrikladilar. Yana uzoq suhbatlashdik. “Farzandli bo‘libsiz, ishga joylashibsiz. Qutlug‘ bo‘lsin. Biroq, yozgan asarlaringiz ham sizning farzandlaringiz kabi ularni ham bola parvarishlagandek parvarishlashni bilishingiz kerak. Tarjimachilik sohasidagi ishlaringizni davom qildiring” deb maslahat berdilar.

Ustozning ushbu so‘zlari hamon quloqimda jaranglaydi. Opaning huzuridan ularning e’tibori uchun g‘oyat xursand bo‘lib chiqdim. Shoira Zulfiyaning maslahati bilan tarjimachilik sohasidagi izlanishlarimni kuchaytiridim. Lesya Ukrainka tarjimalari qatoriga Oles Gonchar asarlarining tarjimalarini ham qo‘shib, kandidatlik ilmiy ishimni boshladim. Uni yozib tugatdim. Imtihonlarni topshirdim. Biroq oila, farzand tashvishlari bilan bo‘lib yoqlashga imkon topmadim. Ular qog‘ozlarda qolib ketishini ham istamadim.

Shoira Zulfiyaning hayoti qanchalik jasoratlarga boy tarzda o‘tgan bo‘lsa, ukrain xalqining shoirasi Lesya Ukrainkaning hayoti va adabiyot olamidagi izlanishlari ham ana shunday kechgan. Bizning mamlakatimizda Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti bo‘lsa, Ukrainada ham Lesya Ukrainka nomida bolalarga atab yozilgan asarlar uchun Davlat mukofoti berilar edi. 

“Qandaydir daqiqalarda tabiatning sirlarini tushina olgan kuychi insonning vujudi yo‘qolib ketsa ham, u bir vaqt yaratgan qo‘shiq hamon barhayot. Olamdagi eng buyuk va eng go‘zal hodisa shu emasmi? O‘zini insoniyatga bag‘ishlagan odam insonlar qalbida, ularning ishlarida abadiy yashaydi”,- degandi Lesya Ukrainka haqida Mikola Oleynik.

Men bugun Zulfiya opaning Lesya Ukrainka she’rlaridan tarjimalarini qayta o‘qiyotib, o‘zbek xalqining sevimli shoirasi haqida ham shunday degim keldi. Mening nazarimda guyo Mikola Oleynik bu gaplarni shoira Zulfiyaga ham nisbat berib aytgandek…

Mamlakatimizda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2017 yil 27 aprelda Jizzax viloyatiga tashrifi davomida ulkan shoirlar Hamid Olimjon va Zulfiyaning adabiy merosini keng targ‘ib qilish, asarlaridagi ezgu tushunchalar mohiyatini yoshlarga yetkazish lozimligini ta’kidlagan edi. Prezidentimiz tashabbusi bilan barpo etilgan Hamid Olimjon va Zulfiya xiyoboni, ikki shoir nomi bilan ataluvchi o‘zbek tili va adabiyotini chuqur o‘qitishga ixtisoslashtirilgan maktab-internat hamda muzey xalqimizning ardoqli farzandlariga ko‘rsatilgan ulkan ehtirom namunasi bo‘ldi.

Go‘zal ayyom bahorning birinchi kuni ustoz Zulfiyaxonim tavallud topgan sanada yana bir karra xotirlab, Ollohim ustozning oxiratini obod qilsin, deb so‘rab qolamiz!

Ra’no ZARIPOVA,

O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan jurnalist

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.