O‘yinchoq tanlashda adashmang: qizalog‘ingizni imkoniyatlarini cheklamang!

0
259
marta ko‘rilgan.

Buyuk Britaniyadagi Muhandislik va texnologiya instituti olimlarining tadqiqotlariga qaraganda, bolalarda ilm-fan, texnologiya, muhandislik va matematika sohasidagi dunyoqarashini shakllantirishga ko‘maklashuvchi o‘yinchoqlar asosan o‘g‘il bolalarga moslab ishlab chiqarilar ekan.

Ma’lumotlarga qaraganda, Buyuk Britaniyada bugungi kunda muhandislik sohasida ishlovchilarning to‘qqiz foizinigina ayollar tashkil qilar ekan. Olimlarning boshlang‘ich sinf o‘quvchi qizlar o‘rtasida o‘tkazgan so‘rovnomalariga ko‘ra 39 foiz o‘quvchi qizlar axborot-texnologiyalariga, 38 foizi aniq fanlarga, 36 foizi matematika sohasiga qiziqishlari borligini bildirgan.

Dunyodagi barcha jamiyatda kishilar ongiga qizlarga pushti, qizil, olov rang kabi yorqin bo‘yoqli o‘yinchoqlar ishlab chiqarish lozim degan umumiy tushuncha o‘rnashib qolgan. Ota-onalar ham qizlariga asosan qo‘g‘irchoq, idish-tovoq, shifokor qurollari kabi o‘yinchoqlar xarid qilishadi. Albatta mazkur o‘yinchoqlar ham yomon emas, Biroq, olimlarning ta’kidlashicha, kattalardagi bunday tushuncha qiz bolalarning dunyoqarashini faqatgina bir yonlama shakllantiradi.
Xususan, bizda, sharqda ham qizlarni yoshligidan epli kelin, mehribon ona, namunali uy bekasi qilib tarbiyalashga va shunga mos o‘yinchoqlar sovg‘a qilishga katta e’tibor qilib kelingan. Aslida bu xislatlar fazilatdir. Lekin faqatgina shunday o‘yinchoqlar bilan cheklanish qizlar tafakkurini bir tomonlama shakllantirishiga ko‘maklashadi. Jajji qizlarni bo‘lajak olimalar sifatida ko‘ra bilish, ularni ilm-fan, texnologiya, matematika, fizika kabi aniq sohalarga bo‘lgan qiziqishlarini ham qo‘llab-quvvatlash, shunga mos o‘yinchoqlar ishlab chiqarish va xarid qilish maqsadga muvofiqdir.

Muhandislik va texnologiya instituti tomonidan Buyuk Britaniya do‘konlarida sotilayotgan birgina “Stem” fabrikasi tomonidan ishlab chiqarilgan o‘yinchoqlar o‘rganilganda, qizlar uchun ishlab chiqarilgan 10 ta o‘yinchoqdan 9 tasi pushti ekanligi ma’lum bo‘lgan. O‘g‘il bolalarda esa bu nisbat 10 tadan bittaga to‘g‘ri keladi. Umuman, do‘konlarda turgan 31 foiz o‘yinchoqlar o‘g‘il bolalar, 11 foizi qizlar uchun mo‘ljallanganligi aniqlangan.

“Jamiyatda kattalar ongida mavjud bo‘lgan qadimdan an’ana bo‘lib kelayotgan, ya’ni o‘yinchoqlarni jinsga ajratish kelajakda qizlarga kasb tanlashiga ta’sir ko‘rsatadi” deya ogohlantiradi Muhandislik va texnologiya instituti olimlari.

Shunday ekan, qizaloqlarimiz ertaga olima bo‘lib yetishishi uchun bugundan poydevor qo‘yib borish zarur. Ularni ilm-fan, texnologiya, matematika, astronomiya kabi aniq sohalarga bo‘lgan qiziqishlarini sun’iy ravishda so‘ndirmasdan, balki o‘yinchoqlar orqali ilhom berish lozim.

Oydin Sa’dullayeva

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.