O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning «Tinchlik jarayoni, xavfsizlik sohasida hamkorlik va mintaqaviy sheriklik» mavzusida Afg‘oniston bo‘yicha yuqori darajadagi Toshkent xalqaro konferensiyadagi nutqini o‘qib…

0
209
marta ko‘rilgan.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan tashkil etilgan mazkur konferensiya jahon hamjamiyatida juda katta qiziqish uyg‘otdi. Anjumanda 25 davlat va xalqaro tashkilot vakillari ishtirok etganligini O‘zTV orqali kuzatdik, internet sahifalarida o‘qidik, butun jahon ahli e’tiborida turganligini his qildik.

Davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek, Afg‘oniston O‘zbekiston uchun nafaqat yon qo‘shni – jon qo‘shni, balki mushtarak ma’naviy qadriyatlari mavjud mamlakatdir. O‘z nutqida mamlakatimiz rahbari shunday dedi: “Azal-azaldan Amudaryoning ikki tomonida o‘zaro o‘xshash tillar, umumiy muqaddas din va mushtarak ma’naviy qadriyatlar birlashtirib turadigan xalqlar yashab kelmoqda.
Amudaryo biz uchun hamisha tiriklik manbai bo‘lib kelgan, ammo odamlarning erkin harakat qilishiga, savdo aloqalarini yaqindan rivojlantirishga, ilm-fan sohasidagi yutuqlar bilan o‘rtoqlashishga va bir-birini madaniy jihatdan boyitishga hyech qachon to‘sqinlik qilmagan.

Afg‘on zaminida Markaziy Osiyo Uyg‘onish davrining Abu Rayhon Beruniy, Lutfiy, Alisher Navoiy, Kamoliddin Behzod, Zahiriddin Muhammad Bobur, Boborahim Mashrab kabi buyuk namoyandalari va boshqa ko‘plab bizning ulug‘ ajdodlarimiz yashab ijod qilganlar”. Bu samimiy so‘zlar kishi qalbining mehr tuyg‘ularini yanada kuchaytiradi.

Davlatimiz rahbari O‘zbekiston Respublikasi va Afg‘oniston Islom Respublikasining birgalikdagi tashabbusi bilan o‘tkazilayotgan mazkur anjuman xalqaro hamjamiyat tomonidan Afg‘onistonda tinchlik va barqarorlikni ta’minlash bo‘yicha olib borilayotgan amaliy sa’y-harakatlarning mantiqiy davomi ekanini ta’kidladi.

“Bugungi kunda O‘zbekiston va Afg‘oniston o‘rtasida yaqin siyosiy, savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar aloqalar yo‘lga qo‘yilgan. Afg‘onistonda millionlab o‘zbeklar yashaydi. Afg‘oniston Konstitutsiyasiga muvofiq o‘zbek tili mamlakatning rasmiy tillaridan biri hisoblanadi…Barchamiz qat’iy ishonamizki, xavfsizlik yagona va bo‘linmasdir va uni faqat birgalikdagi sa’y-harakatlar bilan ta’minlash mumkin. Biz xavf-xatarlarning ba’zi birlarini “o‘zimizniki”, boshqasini esa “birovniki”, deb qabul qilmasligimiz kerak, aniqroq aytganda, bunday qilishga haqqimiz yo‘q”. Bu so‘zlarni o‘qir ekanman, jurnalistik faoliyatimda o‘zim suhbatlashgan, oq yuvib, oq tarab o‘stirgan jigarbandini afg‘on urushiga kuzatib, tobutini qabul qilib olgan onalarning faryodlari ko‘z oldimga keldi. Afg‘on urushidan nogiron bo‘lib qaytib, armon bilan yashayotgan yigitlar xayolimdan o‘tdi. «Afg‘on urishiga ketibdi» degan xabar o‘zbek xalqining ham yuraklariga qo‘rquvni joyladi, bolasining taqdiridan xavotir olib yashashdek og‘riqni yurak-yurakdan tuydi. Onalar jigarbandiga sog‘lik-omonlik so‘rab, Yaratganga yolvorib tunlari tonglarga ulanar edi. Otalarning dardi esa ichida edi.

Nafaqat O‘zbekistonimizda, balki Ona sayyoramizning ko‘pgina mamlakatlarida afg‘on urushi zulmlari, jabru jafolariga duch kelgan avlodlar ulg‘aydi, ko‘plab oilalarning farzandlari adolatsiz urush qurboniga aylandi. Urush olovi minglab oilalarni qon yig‘latdi, go‘daklarni yetim qildi. Yoshlarning baxtiga zomin bo‘ldi.

Oradan yillar o‘tgan bo‘lsa-da, afg‘on muammosi odamlar xotirasida qoldirgan vahima va qo‘rquv hali unutilgani yo‘q. Uning sovuq izlari hamon odamlar taqdirida aks etib turibdi.
Afsuski, afg‘on urushi yillar o‘tgan sari jang maydonlaridan narkobiznes, terrorizm, ekstremizm kabi ko‘zga ko‘rinmas urush o‘choqlariga ko‘chdi. Endi bu zamindagi notinchlik va zo‘ravonliklar, nohaq qon to‘kishlar na faqat qo‘shni mamlakatlar, balki dunyoning barcha mintaqalariga tahdid solishi shubhasiz.

Davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek, jafokash Afg‘oniston zaminidagi to‘qnashuvlar, “urush olovi” afg‘on xalqining o‘z tanlovi emas, aksincha, chetdan tiqishtirilgan fitna natijasidir. Ana shu notinchlikdan afg‘on xalqi ko‘p yillar jabr chekib kelmoqda, millionlab odamlar o‘z uyini tashlab o‘zga yurtlarda osoyishtalik izlab sarson-sargardon bo‘lib yuribdi.
Davlatimiz rahbari o‘z nutqida ta’kidlaganidek, bu zamindagi keskinlik Markaziy Osiyo mamlakatlari jahon iqtisodiyotining faol integratsiya jarayonlaridagi ishtirokiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Misol uchun, tinch Afg‘oniston savdo-iqtisodiy, transport-logistik imkoniyatlari bilan O‘zbekistonga boshqa mintaqalarga dengiz orqali qisqa yo‘l bilan chiqish imkonini berar edi.
Xalqimizda «Qo‘shnining tinch, sen tinch», degan naql bor. Afg‘onistonda qariyb 40 yildan buyon davom etib kelayotgan mojaro afg‘on xalqining hayotini, tinchini buzish bilan birga sivilizatsiyasini orqaga surib tashladi. Bu hududda paydo bo‘lgan inqiroz, aholining qashshoqlashuvi dunyo hamjamiyatidan allaqachon globallik kasb etgan ushbu muammoga birgalikda amaliy yechim topishni taqozo qilmoqda. Shu maqsadda keyingi yillarda qator loyihalar amalga oshirildi, muloqot guruhlari tashkil etildi.
O‘zbekiston 2017 yilda Afg‘oniston muammosini hal etish bo‘yicha o‘tkazilgan turli xalqaro va mintaqaviy anjumanlarda, jumladan, kengaytirilgan tarkibdagi Moskva uchrashuvi (aprel), “Kobul jarayoni” (iyun), Afg‘oniston Islom Respublikasiga oid mintaqaviy iqtisodiy hamkorlik konferensiyasi (Ashxobod, noyabr), “Osiyo yuragi – Istanbul jarayoni” (Boku, noyabr-dekabr) va Xalqaro muloqot guruhi yig‘ilishida (Oslo, dekabr) yuqori darajada qatnashdi.

Davlatimiz rahbari BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida Afg‘onistondagi vaziyatni barqarorlashtirish bo‘yicha O‘zbekiston pozitsiyasini bayon qildi, bu borada aniq takliflar bildirdi. Noyabr oyida Samarqand shahrida BMT shafeligida o‘tgan “Markaziy Osiyo: yagona tarix va umumiy kelajak, barqaror rivojlanish va taraqqiyot yo‘lidagi hamkorlik” mavzusidagi xalqaro konferensiyada Afg‘onistonning mintaqaviy iqtisodiy jarayonlarga qo‘shilishi yo‘lidagi tashabbuslar ilgari surildi.
O‘zbekiston va Afg‘oniston Prezidentlarining oliy darajadagi uchrashuvlarida mamlakatimizning bu boradagi ijobiy pozitsiyasi o‘zaro manfaatli kelishuvlar orqali yanada mustahkamlandi.

Prezidentimiz tashabbusi bilan tashkil etilgan mazkur forum o‘z formati va Afg‘oniston muammosi bo‘yicha aniq yechimlar topishga qaratilgani bilan ilgarigi xalqaro anjumanlardan farq qiladi. Shu bois uni o‘tkazish tashabbusi dunyo hamjamiyati tomonidan keng qo‘llab-quvvatlandi. Nufuzli xalqaro tashkilotlar, siyosatshunoslar va ekspertlar tomonidan Afg‘onistonda tinchlik va xavfsizlikka erishish, shu orqali nafaqat Markaziy Osiyo, balki unga tutash mintaqalarda tinch taraqqiyotni ta’minlashga xizmat qiluvchi mazkur konferensiya afg‘on xalqining muammolarini hal qilish bo‘yicha aniq takliflar ilgari surilishi bilan amaliy ahamiyatga ega, degan fikrlar bildirildi.
Jumladan, Afg‘oniston Islom Respublikasi Prezidenti Muhammad Ashraf G‘ani Afg‘onistonda tinchlik va xavfsizlikni ta’minlash yo‘lidagi O‘zbekiston tashabbusi g‘oyat qadrli ekanini ta’kidladi.

yevropa Ittifoqining tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha Oliy vakili Federika Mogerini o‘z nutqida Afg‘onistondagi vaziyatni baraqarorlashtirishga oid tashabbusni qo‘llab-quvvatlashini, bu masala yevropa Ittifoqining doimo e’tiborida turishini qayd etdi.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi Antoniu Guterrish mazkur anjuman ishtirokchilariga videomurojaat yo‘llab, unda ushbu forum Afg‘onistonda tinchlikka erishish yo‘lida alohida ahamiyatga ega ekanini ta’kidladi.

Afg‘onistondan O‘zbekistonga kelib o‘qiyotgan, afg‘onistonlik o‘zbek qizi Asila Nabizoda ham o‘z yurtida tinchlik o‘rnatilishini doim orzu qilib kelganligini ta’kidlab shnday dedi: – O‘zbekistondagi tinchlik va barqarorlik, taraqqiyot, xalqning farovon turmushiga doim havas bilan qaraganmiz. Ayniqsa, bu zaminda katta shukuh bilan o‘tadigan bayramlar, sayillarni telekanallar orqali oilaviy tomosha qilardik. O‘zbekistonning birinchi Prezidenti Islom Karimovga ota-onamning hurmati juda baland edi. Bu inson afg‘on muammolariga doim e’tibor qaratgan, afg‘on xalqiga doim yordam berishga harakat qilgan. Bu xayrli ishlarni Prezident Shavkat Mirziyoyevning davom ettirayotganidan juda mamnunmiz. Afg‘onistonga oid konferensiyani tashkil etishdagi tashabbuslaridan butun afg‘onistonliklar minnatdor. Konferensiyani bevosita kuzatish uchun bizga imkoniyat yaratib berildi. Ayni paytda internet orqali konferensiya doirasida bo‘layotgan voqyealar haqida Afg‘onistondagi yaqinlarimiz bilan muloqot qilib turibmiz. Xalqning xursandchiligining cheki yo‘q. Ular konferensiyada katta natijalarga erishilishidan juda umidvor. 

Bu sa’y-harakatlar, samimiy e’tiroflar kasb taqozosi bilan xalq ichida yurganimda ko‘rganlarimni, kuzatganlarimni, suhbatlashganlarimni xayolimga soldi. Uzoq Pitnakda ish safarida yurganimda oldimga bir ona keldi. “ Qizim, kelinim haqida yozing, iltimos”,- deb qoldi. Avval qaynona-kelin mojarosidir-da deb o‘yladim. Hikoyasini tinglasam, u terrorga, afg‘on urushiga qarshi nola edi.

So‘na enaning hikoyasi

Ochig‘i, dunyoning men uchun tug‘ilganiga uch yil bo‘ldi. Dunyoning asl lazzatini tota boshlaganimga, hayotning tub ma’nosiga yeta boshlaganimga uch yil bo‘ldi. Men uni enaginam deb suyaman. Chunki, u bepoyon sevgi, behad samimiyat, beo‘lchov sadoqat, yengib bo‘lmaydigan kuch va qudrat timsoli! Enaginam mitti va kurtakcha bo‘lsa-da, shu darajada ulug‘vorki, hayotning mohiyatini aks ettiradi. Hayot undan boshlanadi. Enaginam shu darajada iffatli, shu darajada ajoyibki, Ollohni nuri deya suyaman uni. Yaratgan egam qayta bergan enaginam deb suyaman uni. Tilab-tilab, urushni qarg‘ab-qarg‘ab Ollohdan so‘rab olganim Tilavusjon deya suyaman uni. Nazarimda undan shirin, undan lazzatli, undan iffatli narsa yo‘q.

– Otajon, hammaning ikki qo‘li bor. Nega sizda bitta? – deya so‘radi Tilavusjon nevaram o‘g‘limdan.
Vujudim titrab ketdi. Chunki, o‘g‘lim afg‘on urushini eslashni yomon ko‘radi. Juda serjahl, serzarda bo‘lib qoladi. Hozir enaginamni jerkib tashlaydi, deya titrab ketdim. Kelinim hamishagidek vaziyatni yumshatdi: “Oppoqqinam, seni go‘zal, sog‘lom tug‘ilishing uchun yovuz devlar bilan urishib qo‘lini oldirgan”.

Jajji vujud nazdida bir zumda dunyo razolat va qabohatga aylandi, ko‘zlari katta-katta ochilib, hayratdan so‘z topa olmay qoldi. Vijillab yog‘diradigan savollari birpas tindi, so‘ngra qurqibgina so‘radi.
– Otajon, devlar qo‘lingizni uzib olishganida og‘ridimi?
– Albatta, og‘riydi-da, asosiysi, otang seni yaxshi ko‘rganlar,– javob qiladi onasi.
Yana savolni chuqurlashtiravermasin deyman-da, olib ketaman.

Bu sobiq Sovet Ittifoqining xatosi deb aytsam, enaginam tushunarmidi? O‘g‘ilginamning afg‘on urushidan kelganidan keyingi iztiroblarini aytsam hamon-hamon yuragim hapriqib ketadi.
Maktabdayoq ko‘z ostiga olib yurgan sinfdosh qizining uyiga dasturxon ko‘tarib bordim.

– Hozir ikki qo‘li but erkaklar ro‘zg‘or boqa olmayapti, oqsoq o‘g‘ling bir qo‘li bilan uy qura olarmidi?– deyishdi qizning ota-onasi.
Dasturxonimni ochmasdan umidsiz qaytarishdi. Uyga qaytyapman-u, miyamda bitta fikr aylanadi. Aybsiz aybdor o‘g‘limga endi nima deyman. Qanday qilib umidlarini chilparchin qilaman. Urushni qarg‘ayman. O‘shanda o‘g‘limning chekkan iztiroblarini so‘z bilan ta’riflab bo‘lmaydi. Biroq, kelinim- quralayginam qat’iyat ko‘rsatdi. Ota- onasini o‘zi ko‘ndirdi. To‘y-tomosha qildik, biroq, to‘rt yil farzandli bo‘lishmadi. Yana o‘g‘limning ko‘zlariga mung endi. Mening ichimni it tirnaydi. Bir o‘g‘limga qarayman, bir kelinimga. Kelinim hamishagidek mehribon, baxtli, ko‘zlari chaqnaydi. Sabr-toqat, mehr-muhabbat timsoli edi u. Urush olovini yoqqanlarni qarg‘ayman. Yurtga tinchlik, o‘g‘limga farzand tilayman. Ollohning nomidan aylanay, sinovlaridan keyin siylovlari bor ekan. Nevaram qutlug‘ qadam bo‘ldi. Enaginam tug‘ilgan kuni Vatan mustaqilligi e’lon qilindi. Xususiy korxonalarga yo‘l ochildi. Bor- budimni to‘plab, o‘g‘limga magazin va makaron sexi ochib berdim. Maktabdayoq hisob- kitobga yaxshi edi… Ro‘zg‘orini tortib ketdi, Hozir uy quryapti. Institutda sirtdan o‘qiyapti.

Onaning so‘zlarida o‘tli g‘azab va nafrat, ham hayotbag‘ishlovchi shavqat va muhabbat bor, ham dard bor, ham g‘alaba bor. G‘alaba – bu mustaqillik bergan shuur va nur!
So‘na enaning hikoyasidan go‘zal insoniy hissiyot, ezgu yaratuvchilikka chaqiriladigan nido, inson g‘ururi va xolis niyati mujassamlashgan holat yaqqol namoyon bo‘ladi. Tinchlikka da’vat aks etadi. U terrorizmni, u yoqqan alangani qoralaydi. Ogohlikka chaqiradi. Bu hikoya ekkan nihollarning mevasini, qurgan uylarning rohatini, farzandlarning kamolini ko‘ray desang yovuzlikkka qarshi kurashmog‘ing lozim, degan haqiqatni barchamizga yana bir bor eslatadi. Haqiqatda “terroristning millati, elati, Vatani yo‘q!” O‘z Vatanini osmon yanglig‘ kengliklarga tenglab ulug‘lovchi xalqimiz buni yaxshi biladi.

Shuning uchun ham jahon ahli Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning Afg‘onistonda tinchlik jarayoni, xavfsizlik sohasida hamkorlik va mintaqaviy sheriklikka erishish yo‘lidagi tashabbusini qo‘llab quvvatlamoqda. Davlatimiz rahbarining terrorizmga qarshi kurashda birdamlikka, sobitqadam bo‘lishga, ogohlikni qo‘ldan bermaslikka chorlashini butun jahon ahli qo‘llab quvvatlayotganligi barchamizni farahli tuyg‘ularga to‘ldiradi.
Ra’no Zaripova,
O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan jurnalist

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.