O‘zbekiston xalq shoiri Muhammad Yusuf she’ri: BIZ BAXTLI BO‘LAMIZ

0
11320
marta ko‘rilgan.

Mamlakatimizda aziz va mo‘tabar ayol zotini ulug‘lash, ularning davlat va jamiyat hayotida tutgan o‘rni va nufuzini oshirish, xotin-qizlarimizning oilalarda ma’naviy-axloqiy muhitni mustahkamlash, farzandlarimizni milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida, sog‘lom va ma’nan barkamol etib tarbiyalash, yurtimizda olib borilayotgan tub islohotlarni muvaffaqiyatli amalga oshirish hamda aholi farovonligini yuksaltirish borasidagi ulkan xizmatlarini munosib qadrlash maqsadida qishloq xo‘jaligi, sanoat, tadbirkorlik, fan-texnika, innovatsiya, ta’lim-tarbiya, sog‘liqni saqlash, madaniyat, san’at va boshqa sohalarda alohida tashabbus ko‘rsatib, samarali mehnat qilib kelayotgan bir guruh ayollarimiz O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni bilan faxriy unvonlar, orden va medallar bilan mukofotlandi.

 Xalqaro xotin qizlar bayrami tantanasidagi nutqida mamlakatimiz Prezidenti shunday deb ta’kidladi: ” Vatanimiz taraqqiyoti, xalqimiz farovonligini oshirish, sog‘lom va barkamol avlodni voyaga yetkazish, oilalarni mustahkamlash borasidagi munosib xizmatlari uchun xotin-qizlarimizdan bir guruhi davlatimizning yuksak unvonlari, orden va medallari bilan taqdirlandi. Mukofotlanganlar orasida o‘zining noyob iste’dodi bilan Vatanimiz shuhratini dunyoga tarannum etgan atoqli olimlarimiz, shoir va adiblarimizning sadoqatli umr yo‘ldoshlari ham borligini alohida ta’kidlamoqchiman. Ularning ko‘pchiligi bugungi davramizda ishtirok etmoqdalar. 
Haqiqatan ham, o‘zining ilmiy va adabiy maktabini yaratgan ulkan olim va ijodkorning rafiqasi bo‘lish oson emas. Buni bilgan biladi, bilmaganlar bilib qo‘ysa, faqat foyda bo‘ladi. 

Mana shunday mehribon, oqila, zukko opa-singillarimiz o‘z umr yo‘ldoshlari – mashhur ilm-fan va adabiyot namoyandalarini doimo qo‘llab-quvvatlab, ularga ilhom bag‘ishlab kelganlari, ma’naviy tayanch bo‘lib, fidoyilik namunasini ko‘rsatganlari har qanday yuksak tahsinga loyiqdir” .

Ular safida O‘zbekiston xalq shoiri Muhammad Yusufning rafiqasi,  Toshkent shahridagi Muhammad Yusuf nomidagi jamoat fondi rahbari Salyamova Nazira «Fidokorona xizmatlari uchun» ordenini olishga muyassar bo‘ldi.

Mayli-da, kimgadir
Yoqsa, yoqmasa,
Ularga qo‘shilib
Yig‘lasharmidik.
Biz baxtli bo‘lamiz
Xudo xoxlasa,
Xudo xohlamasa
Uchrasharmidik…

Rayhon hidlaringni
Yo‘llarimga sep,
Kut meni, har oqshom,
Ko‘kka oy chiqqan.
Faqat, yig‘lamagin,
Gunohim ne deb,
Aybing — onang seni
Chiroyli tuqqan!..

Menga bir tabassum
Hadya et, ey yor,
Nur tomsin
Lablaring sohillaridan.
O‘zing ayt, senday qiz
Yana qayda bor,
Kipriklari uzun –
Kokillaridan?..

Iymanib yashama
Xayol pinjida,
Yoyil, yayra jonim,
O‘rtanma g‘amda.
G‘iybatlarga chida,
Tuhmatga chida,
Sen bittasan, axir,
Yorug‘ olamda.

Men esa oshig‘ing
Sening — eng g‘arib.
Tundan so‘z qarz olib,
Tongga tutguvchi.
Sening yoningda ham
Seni axtarib,
Sening yoningda ham
Seni kutguvchi.

Ista, tiz cho‘kaman
Hozir oldingda,
Sevdim, sevganimdan
Uyalmoq nechun.
Barcha farishtalar
Sening qalbingda
Ijarada turgan
Qizlar men uchun!..

Biz baxtli bo‘lamiz
Xudo xohlasa,
Xudo xohlamasa,
Uchrasharmidik?!

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.