O‘ZBEKONA INSONPARVARLIK TUYG‘USI

0
55
marta ko‘rilgan.

2020 yilning 23 sentyabr sanasi O‘zbekiston tarixiga alohida sahifalarda bitib qo‘yildi. Shu kuni Birlashgan Millatlar Tashkilotining yuksak minbaridan birinchi marta O‘ZBeK TILI – ulug‘ Navoiy tili jarangladi! Bunday tarixiy baxt davlatimiz Rahbari – PREZIDENT Shavkat Mirziyoyevga nasib etdi. Imonim komilki, ushbu sana yig‘ilish qatnashchilarining, qolaversa, BMT solnomachilarining ham e’tiboridan chetda qolmadi.

Har qanday so‘zning qaysi minbardan turib aytilayotganida ham hikmat ko‘p. Muhtaram Prezidentimiz nutqini qayta-qayta tinglar ekanman, o‘zimizning qon-qonimizga singib ketgan jondek qadrdon o‘zbekona so‘zlarimiz baralla jarang­laganidan o‘zgacha g‘urur-iftixor tuydim. “Hozirgi tahlikali va murakkab vaziyat”, “muntazam muloqot, ishonch va yaqin hamkorlik”, “huquq va erkinliklar”, “adolatli tizim”, “inson huquqlari”, “millatlar­aro totuvlik”, “dinlararo bag‘rikeng­lik” singari o‘nlab so‘zlar, iboralar, jumlalar zamonamizning jahon miqyosidagi eng dolzarb, eng nozik muammolariga taalluqli qarashlarni to‘laqonli izhor etishga naqadar loyiq va qodir ekanligini ko‘rsatdi.

Muammo esa ko‘p – hayot insoniyat oldiga kutilgan va kutilmagan muammolarni ko‘ndalang qo‘ymoqda. Ayrim davlatlar hududida yoxud mintaqa doirasida vujudga kelayotgan tabiiy va texnogen ofatlar globallasha borgani sayin ularni mahalliy sharoitlarda bartaraf etish imkoni qolmayapti. Binobarin, achchiq va sertashvish savol kun tartibidan tushmayapti: inson aql-idroki, tafakkuri, ma’naviyati – salohiyati qattol va shafqatsiz savollarga javob topishga qodirmi? Nima qilmoq kerak? Bashariyatni istiqbolda qanday qismatlar kutmoqda?

Tarixning takrorlanishini ayt­maysizmi?! Dunyoning ko‘plab mamlakatlariga vayronalik, qirg‘in keltirgan Ikkinchi jahon urushi BMTdek tuzilma vujudga kelishini taqozo etgan bo‘lsa, oradan 75 yil o‘tgach, 2020 yilgi pandemiya balosi zamonaviy dunyo uchun Birlashgan Millatlar Tashkiloti qanchalik zarurligini ko‘rsatmoqda. Axir, “dunyoning ijtimoiy-iqtisodiy manzarasi butunlay boshqacha tus olayotgan” bir mahalda birdan-bir to‘g‘ri va oqilona yo‘l bor, bu – o‘zaro hamkorlik va o‘zaro ishonchga asoslangan muloqotdir.

Prezidentimiz alohida ta’kidlab o‘tgan qator masalalar – yoshlar hayotini to‘g‘ri yo‘lga qo‘yish, ularni kelgusi hayotga munosib qilib tarbiyalash, jamiyatda ayollar faolligiga erishish, global iqlim o‘zgarishlari asoratini kamaytirish, barcha davlatlar parlamentlari faoliyatini yangi bosqichlarga ko‘tarishga doir taklif va mulohazalar o‘zining hayotiyligi, ahamiyati va dolzarbligi bilan diqqatga sazovordir. Shu o‘rinda nutqda urg‘u berilgan yana ikki muammo xususida alohida to‘xtalish lozim.
Biri – Afg‘onistonda ijtimoiy barqarorlikka erishish, ikkinchisi – dunyo miqyosidagi qashshoqlik, kambag‘allikni bartaraf etish.

Afg‘onistonda o‘n yillar mobaynida davom etayotgan notinchlik tufayli ham “Qo‘shning tinch – sen tinch”, degan naql tillardan tushmay qolmoqda. Ya’ni jafokash afg‘on xalqining tinchligi – mintaqaning, jumladan, O‘zbekistonning ham tinch­ligidir. Milliy-mahalliy xunrezlik qachongacha davom etishi mumkin?! Nahotki, barcha sog‘lom kuchlar birlashib ushbu muammo yechimini topmasa?!
Prezident Shavkat Mirziyoyev aniq taklif tashlamoqda o‘rtaga: “Birlashgan Millatlar Tashkiloti huzurida afg‘on xalqining dardu tashvishini tinglaydigan, doimiy faoliyat ko‘rsatadigan qo‘mita tashkil etish lozim”.

Insoniyat aql-idrokining shiddat ila taraqqiy etib borayotgani hyech kimga sir emas. Biroq hamon shunday ekan, yer kurrasining qaysidir hududlarida son-sanoqsiz insonlar ochlik, qashshoqlik, nochorlikdan aziyat chekayotgani – nobud bo‘layotganidan tashvishlanish eng aqli raso insonlar vazifasi, burchi emasmi?! Bir burda nonga, bir qultum ichimlik suviga zor, bemakon – bevatan ko‘chmanchilikdan o‘zga ilinji qolmayotgan zamondoshlarimiz og‘irini yengil qilish BMTdek eng nufuzli xalqaro tashkilotning burchi – missiyasiga aylanmog‘i darkor! Dunyoning qaysidir puchmog‘ida och-nahor bandalarning mavjudligi oqil insonlarni behalovat etishi muqarrar.

O‘zbekiston Rahbarining barcha g‘oyalari, takliflari o‘zining o‘zbekona insonparvarlik tuyg‘ulari bilan yo‘g‘rilgani, qat’iyati va mag‘rur ­jaranglashi bilan ham alohida ahamiyat kasb etdi.

Xurshid DO‘STMUHAMMAD,
yozuvchi

“O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasidan

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.