QAYNONAM SABOQLARI: HAR SO‘ZI HIKMAT EDI…

0
159
marta ko‘rilgan.

Inson barcha narsani unitsa ham yangi hayotga, oila ostonasiga, kelinchaklik olamiga tashlagan dastlabki qadamlarini hyech unitmaydi. Ana shu odimlarimni eslaganimda hamisha shukrona aytaman.

Katta xonadonga bosh kelin bo‘lib tushdim. Qaynonam to‘qqiz nafar farzand ko‘rib voyaga yetkazgan, mulohazali, og‘ir-bosiq ayol edi. Tong saharda ko‘cha, hovlini supurib bo‘lgunimcha qaynisingillarim nonushta tayyorlashardi. Bir kuni qo‘limni yuvib endi qatorga qo‘shilib o‘tirsam, onajonim (qaynonam deyishga tilim bormaydi) imo qilib, meni chetga chaqirdi.

–   Qizim, bu hovli-eshik mengacha, siz kelguncha ham supirib-sidirilgan. Ukalaringiz, singillaringizning ko‘zi sizda. Hyech qaerda yosh kelin-kuyovni hayotga tayyorlaydigan maktab yo‘q. Ular uchun birinchi ibrat bo‘lasiz. Yangi kelinchaksiz, qora gulli ko‘ylak kiyganingiz yaxshimas. Yosh kelinchakka yarashmaydi.  Sepingizdagi eng chiroyli kiyimlaringizni tepib-tepib kiying. Dasturxon boshida chiroyli liboslaringizni kiyib o‘tirsangiz, hammamizning bahri-dilimiz ochiladi. Uy yumushini hyech kim tugatolmaydi. Kelinchaklik davringiz esa g‘animat. Pardoz-andoz qilishga erinmang. Farzandlik bo‘lgach, ko‘p narsaga ulgurmay qolasiz. “Qush inida ko‘rganini qiladi”, –degan naql bejizmas. Men o‘qimagan, bir omi ayolman. Bolalarimni hayotga tayyorlashda siz menga ko‘makchi bo‘lishingiz kerak. Har so‘zingiz, kiyinish-yurish turishingiz – bir maktab ekani esingizdan chiqmasin, – dedi. Shundan keyin oilada o‘zimni erkinroq tuta boshladim. Mehmonday qimtinib emas, eng faol mezbonga aylanishga harakat qildim.

Uyimizga juda ko‘p mehmon kelardi. Vodiyliklar udumiga ko‘ra, dasturxon yozishdan oldin qo‘lga suv quyiladi. Chilopchin bilan obdasta qaynonamning uyida yelim xalta bilan o‘rab qo‘yilar edi. Bir gal olib chiqib kelgan mehmonlarning qo‘liga suv tutdim. Ularni kuzatgach, oftobga qo‘yib quritilgan o‘sha anjomlarni o‘z joyiga qo‘yishim talab etildi. Bu holat menga uncha xush kelmayotganini yuz-ko‘zimdan sezgan onam menga uqtira boshladi:

 – Bolam, qaynonam buncha injiq ekan, deb dilingiz xijil bo‘lmasin. Birorta sandiq yoki javonimda qulf yo‘q. Bolalarimdan boshqa hyech narsaning hisobini bilmayman. Ammo, to‘rtta narsaga hushyor bo‘lishingizni talab qilaman. Dasturxon solishdan oldin mehmonning ko‘zi tushadigan birinchi narsa – shu chilopchin bo‘ladi. Ba’zi xonadonlarga mehmonga borsangiz, kirlanib qorayib ketgan idishga qo‘l yuvasiz. Ko‘nglingiz g‘ashlanib, ta’bingiz xira tortadi. Bir bosh qo‘yni pishirib dasturxonga tortgan bo‘lsa ham, o‘sha uyda taom yemayman. Choynakning jo‘mragi kirlangan bo‘lsa, choy ichgan piyoladan qaymoq yo tuxum isi kelib tursa ta’bim tortmaydi. Mehmonga kiyiladigan oyoq kiyim chiroyli, pokiza bo‘lishini xush ko‘raman. Bir marosimga borishdan oldin qizlarim kavush-mahsimni chinniday qilib artib tozalab qo‘yadi. Chunki, mezbon har ostona xatlaganda mehmonning oyoq kiyimiga ko‘zi tushadi. Qo‘li bilan ushlab chetga oladi. Ko‘cha supurayotgan paytingiz olisdan odamning qorasi ko‘rinsa o‘zingizni chetga oling. To‘yga otlangan odamlarning yuz-ko‘zini changga burkab, ko‘ngliga ozor bermang. O‘g‘limning hurmatini qilsangiz ukalari ham qadr qilishni sizdan o‘rganadi.

 Aytganlarini qildim. Mehmonning oyoq kiyimi yo‘lda g‘uborlangan bo‘lsa, yuvib, artib qo‘yishni o‘rgandim, bolalarimga ham shuni o‘rgatdim.

– Meni aytganim boshqa, sizdan ko‘rgani “paraktika” bo‘ladi-da, bolam, – deganlari rost ekan. Qaynisingillarim ham tushgan joylarida tinib-tinchib ketishdi. Endi xotira sandig‘imni titkilab ko‘rsam, onamizning har bir gapi, har ishining o‘zi bir ma’naviyat darsi ekan.

– Men momoqaynonaning qo‘liga kelin bo‘lib tushganman. Enam yurolmay bir joyda o‘tirardilar. Xizmatini qilganim uchun ko‘p duo olganman. “Tuproq olsang – oltin bo‘lsin bolam. Boshqorong‘ilik paytingda ko‘ngling nima tusasa, enamga erimga, bolamga deb ilinib o‘tirma. Bu nozik palla sanoqli kunlarda o‘tib ketadi. Yuragingning ostidagini ehtiyot qilsang, hyech narsadan siqilmasang, shu bir donagina sag‘irimning atorofi to‘la pahlavon bo‘ladi”, – deya yelkamni silab qo‘yardilar. Bu qaytar dunyo mendan sizga, sizdan keliningizga qaytaveradi, deb o‘z tarixidan ham gapirib qo‘yardilar.

Ro‘zg‘orimiz to‘kis, yeb-ichish, kiyishdan hyech kamimiz bo‘lmasa-da, hammamiz teng mehnat qilardik. Ipak qurti boqardik, go‘daklarimizni onamizga qoldirib, g‘o‘za chopiqqa chiqib ketardik. Mahalla qizlarining sarposini tikib o‘tirsam beminnatim taom pishirib yegani chaqirardi. Singillarim ham mendan chevarchilik sirlarini o‘rgandi. “Oila – katta saltanat, erning vaziri– ayol, ijrochi sizlar-da, bolam”,– deb, bizlarni erkalatib qo‘yardilar. Kitob o‘qishga vaqt toping, bolam. Shoir qizni kelin qildim, deb quvonganman. Charchasangiz, ro‘zg‘or yuki og‘irlik qilganda ota-onangizga borib dard aytmang, menga ayting. Siz endi bizning bolamizsiz, derdilar!

Qaynotamning ishdan qaytishiga alohida tayyorgarlik ko‘rardik. Hovlilar supurilib, suvlar sepilardi. O‘zi uchun ajratilgan ko‘rpacha yozilardi. Onam qaerga to‘y-ma’rakaga borsalar ham, dadam ishdan kelganlarida uyda bo‘lardilar. Hovlimiz jannatning o‘zi edi. Ularning biror marta dadamga gap qaytarganini, yoki buyurgan ishlarini malol olganini eshitmaganman. Bir kuni qaynotamdan nohaqdan koyish eshitgan onamga rahmim kelib: “Men bunday ish qilganim yo‘q, desangiz bo‘lmaydimi, onajon, indamay ketaverasizmi?”,-desam: “Ro‘zg‘or tarozisida biri baland kelsa, biri past kelishi kerak. Agar er-xotin teng kelaman deb, aravani ikki tarafga tortsa, oila but bo‘larmidi. Biri qahr qilganda, biri mehr bilan qarasa o‘rtadagi ilohiy rishta mustahkam bo‘ladi. Dadangiz ham birozdan so‘ng o‘zi xato qilganini anglab, mulzam bo‘ladi”,- dedilar.

Qishin-yozin qoshidan o‘sma uzilmaydigan onamiz hammamizga o‘sma qo‘ydirardi: “Bu dunyoga hammamiz mehmonmiz. Mehmonga borayotgan odam pokiza, chiroyli bo‘lib boradi. Uyda xuddi mehmonday orasta bo‘linglar. Toki erlaringiz mening xotinim olamda eng sarishta, go‘zal ayol, deb quvonib yursin,” – derdi. Bir dasta sadarayhon solingan guldon doim xontaxta ustida turardi. To‘ng‘ich farzandim dunyoga kelgan kuni, tong saharda hamshira bir quchoq gul bilan xonamga kirib keldi: Guldastalar bilan qaynonangiz keldi. Bizga atalgan gullar ham bor ekan, deb kulib qo‘limga shishachada siqilgan o‘sma ham tutqazdi. Sevinib ko‘zlarimga yosh keldi. Shu birgina mehr bilan barcha tortgan azoblarim yodimdan chiqib, dilim yorishdi. Bola bilan o‘ralashib, uy yumushiga ortmay qolsam, onajonim: “Bitta bolaga shuncha abgor bo‘lsangiz, keyin nima bo‘ladi”, – deb koyib berardi. Bir kuni qo‘shiq xirgoyi qilib beshik tebratib o‘tirganimni ko‘rib, qizim, alla ayting, qo‘shiq boshqa, alla boshqa. Ona suti bolaga oziq bo‘lsa, alla uning ko‘nglini tarbiya qiladi, degandilar.

Endi  o‘zim kelin tushirib qaynona bo‘lganimda, o‘sha kunlar bir-bir ko‘z oldimdan o‘tadi. Qaynonam keng fe’lli ayol bo‘lgani uchun men yaxshi kelin bo‘ldim. Oilam mustahkam bo‘ldi. Uch nafar farzand ko‘rdik. To‘ng‘ichimiz el xizmatiga yelka tutdi. Qizlarim oydek kelin bo‘ldi, tushgan xonadonida duo olib xizmatini qilishyapti. Gohida men qanday qaynona ekanman? – deb o‘ylab qolaman. Kelinimga saboq bo‘lguvchi qanday xislatim bor? Sal narsaga jizg‘anak bo‘lib, birovning bolasini rangini sarg‘aytirib qo‘ymasmikanman, deb o‘ylanaman. Biroq, lahza o‘tmay, qalbimga muhrlangan onajonim saboqlari bor-ku, nima g‘amim bor, deya shukrona qilaman.

Nabiramizning ismini Ominaxon deb, atadik. Qosh-ko‘zi, qarashlari, tabiatidagi mayinlik ham xuddi onamizga o‘xshaydi. “Onajon” deb erkalaymiz. Hayot davom etadi. Yaxshidan bog‘ qoladi, degan ibora zamirida katta ma’no bor ekan. Ulkan daraxtlar ildizidan ungan nihollarimiz bo‘yiga qarab quvonib yashashlik baxti hammamizga nasib etsin.

Munavvara USMONOVA, shoira

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.