Xalq va haqiqatni ardoqlagan Navoiy

0
469
marta ko‘rilgan.

Vaqt o‘z maromida ohista oqadigan daryoga o‘xshaydi. Yaratganning yaralmishi bo‘lmish vaqt va uning maromiga har neki erkin singishsa, uning boqiy hamnafasiga aylanadi, o‘zligini namoyon qiladi. Asarlari Sharq falsafasining uzviy bir qismi bo‘lgan Alisher Navoiy haqida ana shunday deyish mumkin. Tarix silsilasi oldida uning o‘z mavqei, shonu-shuhrati, sabog‘u an’analari alohida ahamiyatga molik. U xalqimizning g‘ururi va faxridir!

Xalq va haqiqat mangudir. Haqiqat egiladiyu sinmaydi, deydi xalqimiz. Haqiqatni, adolatni ardoqlagan kishilar esa xalqqa aylanadilar. Demak, ular birgalikda mangudir. Bu matematika tili bilan aytsak, isbot talab qilmaydigan aksiomadir. Xalq va haqiqatni ulug‘lagan Alisher Navoiy asarlari ham siymosi ham mangudir

El shod bo‘lsa, yurt obod bo‘ladi

 

Haqiqat va xalq yetti mo‘jiza yanglig‘ go‘zal va tovlanayotgan kamalakday hayratomuz, quyosh yanglig‘ so‘nmasdir. Chunki haqiqat bor joyda el tinch va shod bo‘ladi, el shod bo‘lsa, yurt obod bo‘ladi.

Hazrat Alisher Navoiy satrlari bejiz emas: El shod o‘lmas, mamlakat obod o‘lmas.

XX asr nihoyasida xalqimiz qaramlikdan qutildi. Yurt ozodligi, til ozodligi istiqlol birla qalblarga, shuurlarga nur bo‘lib yo‘g‘rildi. Istiqlol, Istiqbol, Islohot so‘zlari dilimizga uyg‘unlashdi. Ana shu uch tushuncha, uch ezgulik birla qisqa vaqt ichida yangilanish jarayoni vujudga kelib, demokratik-huquqiy davlat qurish yo‘liga dadil tushib oldik.

1991 yil 4 sentyabrda Prezident Islom Karimov O‘zbekiston Milliy bog‘ida qad ko‘tarayotgan Alisher Navoiy haykalini va bog‘da olib borilayotgan qurilish ishlarini ko‘zdan kechirayotib, yodgorlikning ochilishida nahor oshi tortilib, Qur’on tilovat qilib yuborilishini aytganlarida tinglab turgan har bir kishining qalbi bir qalqib tushgani tabiiy. Bu bilan jamiyatda adolat tamoyillarini hayotga singdirish yo‘lida yana bir muhim qadam qo‘yildi. Zero, mustaqil O‘zbekistonimizning milliy qadriyatlariga monand tadbiri hazrat Alisher Navoiy nomi bilan boshlanganligi tasodif emas. “Xamsa” asaridagi Saddi Iskandariy dostonida obod, ozod yurt va odil podsho orzusi kuylanadi. Hazrat Navoiyning ozod va obod yurt haqidagi orzu – umidlari bugungi kunda amaliyotda o‘z ifodasini topmoqda.

Vatanimizning ozod va obod bo‘lishini ta’minlashga, erkin va farovon hayot bunyod etishga dadil intilayotgan xalqimiz turmushida ro‘y berayotgan ulkan o‘zgarishlar, respublikamiz ichki va tashqi siyosatining o‘ziga xosligidandir. Islohotlarni chuqurlashtirish, adolatli va ma’rifatli demokratik jamiyat barpo etish borasidagi faoliyatning ustuvor yo‘nalishlarini ro‘yobga chiqarishning dolzarb masalalari har tomonlama teran tahlil etilganda “Biz hech qachon hech kimdan kam bo‘lgan emasmiz, hech kimdan kam bo‘lmaymiz” degan allaqachon shiorga aylanib ketgan so‘zlarni eslaymiz.

Bugungi mustaqil O‘zbekiston Navoiyning yana bir asari-“Farxod va Shirin” dostonida kuylangan obod va ozod mamlakat haqidagi orzularining amaliyotidir, desak arziydi.

Mustaqillikdan keyin sog‘lom avlod tarbiyalash vazifasi umumxalq harakatiga aylantirildi. El-yurt havas qiladigan farzand tarbiyalash tuyg‘usi barcha xalqimizga, har bir millatdoshimizga birdek tanish va birdek aziz. Farxod-u Alpomishdek alp o‘g‘lonlar, Shirinu Barchinoydek oy yuzli, go‘zal xulqli qizlar tavsifi allomaning har bir dostonu sheriyatida kuylanishi bugungi kun bilan, bugungi davr bilan hamohang.

Mustaqillikdan keyin mamlakatimiz birinchi prezidenti I. Karimovning”Xotirasiz kelajak yo‘q” degan shiorlariga amal qilib O‘zbekiston televideniyesida “Moziydan yog‘dular” turkum ko‘rsatuvlarini tayyorladik. Ana shunda ssenariylarimning o‘q ildizlari allomaning “Majolis-ul-nafois” va Nasoimul-muhabbat” asarlari bo‘ldi.

Hazrat Alisher Navoiyning ushbu asarlarida ajdodlarimizning ta’rifu-tavsiflari go‘zal ifoda etilgan 500 dan ortiq shoiru fuzaloni e’tirof etganlar. Najmiddin Kubro, Zamaxshariy, Mirzo Ulug‘bek, Pahlavon Maxmud va boshqa allamoyu sarkardalar haqida ko‘rsatuv tayyorlaganimda albatta hazratning kitobiga qayta-qayta murojaat qilardim.

So‘ngra “Sog‘lom avlod” gazetasida bosh muharrir bo‘lganimda “Moziydan yog‘dular” sahifasini tashkil etdik. Gazeta sahifalarida yoritilayotgan maqolalarni berishdan oldin hazrat Navoiyning ushbu kitoblarini varaqlab alloma haqidagi fikrlari bilan tanishardim. Ularni olimlar yozib kelgan maqola bilan muqoyasa qilardim. Hazrat Alisher Navoiyning tarixni chuqur anglagan ensiklopedik olim bo‘lganiga yana bir karra imon keltirardim.

Ajdodlarimizning xotirasini yodlashdek ulug‘vor an’ananing qayta tiklangani mustaqilligimiz sharofaati bo‘ldi. Alloma Beruniy, hazrat Xorazmiy, Najmiddin Kubro, Imom Buxoriy sohibqiron Amir Temur, Mirzo Ulug‘bek, Alisher Navoiy, Zahiriddin Bobur, Jaloliddin Manguberdi kabi o‘zbek allomayu jahongirlarini, teran mushohada qiluvchi siyosat arboblari siymosi mustaqillik sharofaati bilan qayta qaddini ko‘tardi.

Toshkent “Islom madaniyati poytaxti” degan qutlug‘ nomga sazovor bo‘ldi. Tabarruk yurtimiz – O‘zbekiston o‘zida Sharq tarixi, ma’rifati, madaniyati, san’ati, xo‘jalik hayoti rivojining go‘zal namunalarini jamlagan va jahon ahliga ko‘z-ko‘z qilgan ma’jizakor makon ekanligini mustaqillik sharofaati bilan isbotladi.

 

Til va tafakkur uyg‘un

 

Til va tafakkur uyg‘unligi Sharq falsafasining uzviy bir yo‘nalishidir. Alisher Navoiy bobomiz turkiy til go‘zalligini bu tilda tafakkur qilib bu tilda go‘zal asarlar bitish mumkinligini o‘z davrida isbotlagan edi. Navoiy Nizomiy panjasiga panja urmoq oson emas deb, turkiy tilda go‘zal ”Xamsa”ni yaratib ona tilini ulug‘ladi. O‘ziga asarlari bilan haykal qo‘ydi. Mustaqil O‘zbekiston ham o‘zbek tiliga davlat tili maqomini berib uni ko‘klarga ko‘taryapti.

Mustaqil O‘zbekiston kishilarining oldida turgan vazifalardan biri – rasmiy tilda ham go‘zal asarlar yaratish mumkinligini isbotlash edi. Sobiq sovetlar davrida o‘zbek tilida qonunlarni tayyorlanishini, zarurat bo‘lganda boshqa tillarga o‘girilishini qalbida Vatan tuyg‘usi bo‘lgan har bir ziyoli orzu qilardi. Zero, qonunlar o‘zbek xalqi, uning osoyishtaligi, Vatan taraqqiyoti, yurt tinchligi uchundir. Ayni kunda qonunlarimiz ham o‘zbek tilida tayyorlanib, so‘ngra boshqa tillarga o‘girilmoqda. Mustaqil mamlakatimiz konstitutsiyasida belgilanganidek, har bir kishi o‘zligini tanisa, o‘z huquqini bilsa huquqiy demokratik davlatga aylanadi. Zero, “Davlat tili to‘g‘risida”gi qonunning 19–moddasida belgilanganidek qonunlarimiz o‘zbek tilida yaratilib, zarurat bo‘lganda boshqa tillarga o‘girish belgilanganligi bu milliy qonunchiligining yutug‘idir. Men Oliy Majlis Qonunchilik palatasida deputat sifatida faoliyat olib borganimda bu tuyg‘ularni yanada chuqurroq his qildim.

Bu ham alloma Alisher Navoiyning orzulari amalga oshganligining ifodasidir.

Darvoqe buning uchun barcha sohalarda olib borilayotgan islohotlar, ular berayotgan samaralarni ko‘z oldimizga keltirsak, Navoiy orzulari amalga oshayotganligining guvohi bo‘lamiz. Ana shundagina istiqlol buyuk ne’mat ekanligini, mamlakatimizdagi ulug‘vor o‘zgarishlar, hayotbaxsh islohotlar, avvalo, respublikamizda hukm surayotgan tinchlik, totuvlik va mehr – oqibatning mevasi, Alisher Navoiy kabi allomalarimizning orzusi ekanligini yana bir karra anglaymiz. Xalq irodasi, el idroki yigirma olti yil ichida bir necha bor sinovdan o‘tdi va davlatimizning oqilona siyosati tufayli tinchligimizni asrab qoldik. Zero, xalqimiz tanlagan yo‘l tinchlik, bosqichma – bosqich taraqqiyot yo‘lidir.

 

Ra’no Zaripova,

O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan jurnalist

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.