10 dekabr kuni O‘zbekiston Davlati gimni qabul qilingan kun

0
601
marta ko‘rilgan.

Mustaqil O‘zbekiston ahli uchun 10 dekabr kuni Davlat gimni qabul qilingan kun sifatida tarixga muhrlangan. Konstitutsiya shodiyonalariga gimn quvonchlari qo‘shilib ketishi tasodif emas. Yurtga baland shuhratu shukuh tilab uyushtirilgan go‘zal, e’zozli an’anadir.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashning XI sessiyasida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilingan edi. Xuddi shu sessiyada 10 dekabr kuni Mustaqil respublikaning Davlat gimni haqidagi Qonun ham tasdiqlandi.  Mana shunga yigirma besh yil bo‘lyapti. Ayni kunlarda mamlakatimizda ushbu shodiyonalar keng nishonlanmoqda.

Mutal Burxonov musiqasi, Abdulla Oripov she’ridan iborat gimn. xalqimizning faxriga, g‘ururiga aylandi. Zero, “Milliy timsollar va ramzlarning har biri milliy g‘ururimizni, yuksaltirishga xizmat qiladi.  Ularning har biri-katta bir darslik, kuchli tarbiya vositasidir”, deydi mamlakatimiz birinchi prezidenti I. Karimov. Bu ayni haqiqat! Mamlakatimiz bosh Qomusi va gimni qabul qilingan ushbu sessiyada deputat sifatida qatnashgan bolalarimning otasi, Respublikada xizmat ko‘rsatgan jurnalist Namoz Sa’dullayevning uyga quvonch bilan kirib kelganligini hamon eslayman. U hayajon bilan shunday degan edi: ”Mustaqillik tom ma’noda mustahkamlandi. Kecha Konstitutsiyamiz qabul qilingan bo‘lsa, bugun madhiyamiz tarix sahifalariga muhrlandi. Endi u mamlakatimizning ramzi sifatida jahon siyosat maydonlarida jaranglaydi. Vatan mustaqilligi, tinchligi, farovonligi, taraqqiyoti abadiy bo‘lsin.  Endi yagona Vatan, yagona taqdirmiz” degan edi. Va u zavq-shavq bilan Cho‘lponning yillar davomida ta’qiqlangan olovli she’rini jaranglatib o‘qigan edi.

Xalq dengizdir, xalq to‘lqindir, xalq kuchdir.

Xalq isyondir, xalq olovdir, xalq o‘chdir

Xalq qo‘zg‘olsa kuch yo‘qdirkim to‘xtatsin,

Quvvat yo‘qkim, xalq istagin yo‘q etsin.

Milliy g‘urur, millat iftixori u kishini ruhlantirgan edi. Milliy g‘urur shunday kuchli ruhiy holatki, u tufayli tarixiy yaxlitlik, til, madaniyat, ma’naviyat, iqtisodiy hayot va kelajak birligi millat vakillarining qalbida chuqur o‘rin olib,  milliy birdamlik tuyg‘usini uyg‘otadi. Milliy birdamlik esa yetuk va mukammal ma’naviy fazilat sifatida qadrlanadi.

Mustaqil O‘zbekiston gimnining maqsad-muddaosi murg‘ak jondagi shaxsni uyg‘otish, yuksak ijtimoiy murod-maqsadlar mezonlariga muvofiq ravishda kamol toptirishdan iboratdir.

Ra’no Zaripova,

O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan jurnalist

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.