2018 yilda rasmiy sanalarni nishonlash davrida qo‘shimcha ishlanmaydigan kunlarni belgilash va dam olish kunlarini ko‘chirish to‘g‘risida

0
170
marta ko‘rilgan.

 “2018 yilda rasmiy sanalarni nishonlash davrida qo‘shimcha ishlanmaydigan kunlarni belgilash va dam olish kunlarini ko‘chirish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 28 dekabrdagi PF-5290-son farmoni  Prezident.uz saytida e’lon qilindi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 28 dekabrdagi PF-5290-son farmoni

2018 yilda fuqarolarning rasmiy sanalarni nishonlash davrida to‘liq dam olishi uchun qo‘shimcha shart-sharoitlar yaratish va dam olish, bayram kunlaridan oqilona foydalanishi, shuningdek, ichki turizmni yanada rivojlantirish maqsadida: 

1. 2018 yilda quyidagi qo‘shimcha dam olish kunlari belgilansin: 

2 yanvar – seshanba; 

20 mart – seshanba; 

31 avgust – juma. 

2. 2018 yilda quyidagi dam olish kunlari ko‘chirilsin: 

6 yanvar – shanba 3 yanvar – chorshanbaga; 

17 mart – shanba 19 mart – dushanbaga; 

24 mart – shanba 22 mart – payshanbaga; 

25 avgust – shanba 23 avgust – payshanbaga; 

26 avgust – yakshanba 24 avgust – jumaga; 

8 sentyabr – shanba 3 sentyabr – dushanbaga; 

15 sentyabr – shanba 4 sentyabr – seshanbaga; 

29 dekabr – shanba 31 dekabr – dushanbaga. 

3. Belgilab qo‘yilsinki: 

byudjet tashkilotlarida qo‘shimcha dam olish kunlari har yilgi mehnat ta’tilining davomiyligini uch ish kuniga qisqartirish hisobiga qoplanadi, har yilgi mehnat ta’tili davrida saqlanadigan o‘rtacha oylik ish haqi miqdorini hisoblashda mehnat ta’tilining amaldagi davomiyligi hisobga olinadi, unga ushbu farmonning 1-bandiga muvofiq belgilangan qo‘shimcha dam olish kunlari qo‘shiladi; 

byudjet tashkiloti hisoblanmagan tashkilotlarda ushbu farmonning 1-bandiga muvofiq qo‘shimcha dam olish kunlari mehnat ta’tiliga qo‘shimcha boshqa kunlar bilan bir qatorda tashkilotning moliyaviy imkoniyatlaridan kelib chiqqan holda, mehnat shartnomalari yoki ish beruvchi tomonidan kasaba uyushma qo‘mitasi bilan kelishib qabul qilinadigan boshqa ichki hujjatlarda belgilanadi; 

har yillik mehnat ta’tilining davomiyligi qisqartirishni hisobga olgan holda 15 ish kunidan kam bo‘lmasligi kerak. 

4. O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi (A.Xaitov): 

O‘zbekiston Respublikasi Kasaba uyushmalari federatsiyasi kengashi (Q.Rafiqov), O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi (A.Abduhakimov), Moliya vazirligi (J.Qo‘chqorov) va Iqtisodiyot vazirligi (B.Xo‘jayev) bilan birgalikda xodimlarning dam olish va bayram kunlaridan oqilona foydalanishini ta’minlashni inobatga olgan holda kelgusi kalendar yili uchun qo‘shimcha dam olish kunlarini belgilash va dam olish kunlarini ko‘chirish to‘g‘risida har yili 15 oktyabrdan kechikmasdan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin. 

O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi (J.Qo‘chqorov) bilan birgalikda Kasaba uyushmalari federatsiyasi kengashi (Q.Rafiqov) bilan kelishgan holda ushbu farmon qoidalarini hisobga olib, yillik mehnat ta’tili paytida saqlab qolinadigan o‘rtacha ish haqi miqdorini aniqlash bo‘yicha yo‘riqnomani bir oy muddatda belgilangan tartibda tasdiqlasin; 

har yili 15 noyabrgacha kelgusi kalendar yil uchun ish vaqti kalendarini o‘rnatilgan tartibda ishlab chiqsin va tasdiqlasin. 

5. O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi (A.Abduhakimov) O‘zbekiston yoshlar ittifoqi (Q.Quronboyev), Kasaba uyushmalari federatsiyasi kengashi (Q.Rafiqov), “O‘zbekiston havo yo‘llari” MAK (U.Rozuqulov) va “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ (A.Shukurov), Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda dam olish bayram kunlarining uzaytirilishini hisobga olgan holda, respublika aholisi uchun ichki turizm va faol dam olish yo‘nalishlarini, transport va mehmonxona xizmatlari uchun chegirmalar berilishini hamda aksiyalar o‘tkazilishini tashkil etsin. 

6. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar, shaharlar va tumanlar hokimlari:

aholining uzaytirilgan bayram (dam olish) kunlarida maroqli va foydali dam olishini tashkil etish bo‘yicha tizimli choralar ko‘rsinlar; 

Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi (A.Abduhakimov) va Milliy teleradiokompaniya (A.Xo‘jayev) bilan birgalikda bayram kunlari o‘tkaziladigan tadbirlar to‘g‘risida aholini keng xabardor qilishni ta’minlasin. 

7. O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi kengashi (Q.Rafiqov): 

mehnat jamoalari o‘rtasida ushbu farmonning maqsadi, mazmun-mohiyati to‘g‘risida tushuntirish ishlarini tashkil etish; 

uzaytirilgan bayram kunlarida xodimlar va ularning oila a’zolarining maroqli dam olishini ta’minlash yuzasidan kasaba uyushmalari tashkilotlarining ishini faollashtirish tavsiya etilsin.

8. O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi (A.Xaitov) Adliya vazirligi (R.Davletov) bilan birgalikda qonunchilikka ushbu farmondan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida ikki oy muddatda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin. 

9. Ushbu Farmonning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov va O‘zbekiston Respublikasi bandlik va mehnat munosabatlari vaziri A.A.Xaitov zimmasiga yuklansin. 

O‘zbekiston Respublikasi
            Prezidenti                                                                                      Sh.Mirziyoyev 

 

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.