Akademik N.I.Vavilov hayratlari

0
556
marta ko‘rilgan.

Rossiyaning Sankt-Piterburg shahrida butun umrini ilm-fanga baxshida qilgan  Nikolay Ivanovich Vavilovning 130 yilligiga bag‘ishlangan konferensiya mazkur yilning noyabr oyida  Butun Rossiya o‘simlikshunoslik institutida (VIR) bo‘lib o‘tdi. Olimning tavalludiga bag‘ishlangan anjumanga dunyoning 24 mamlakatidan genetik, seleksioner, agrotexnik va tarixchi vavilovshunos olimlar qatnashdi.

Ular safida mamlakatimizdagi Turon akademiyasining akademigi, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, professor Dilorom Yormatova ham qatnashib, o‘zbekistonliklar nomidan so‘zga chiqdi. Olima N.Vavilovning  o‘z vaqtida O‘zbekistonda olib borgan tadqiqotlariga qiziqib o‘rganib chiqdi. Olimning “ Pyat kontenentov” nomli kitobini o‘zbek tiliga tarjima qildi. 

 Quyida Dilorom Yormatovaning olim faoliyati va unga bag‘ishlab o‘tkazilgan anjuman haqidagi mulohazalarini e’tiboringizga havola qilamiz.

 

        Insonning umrni juda qiziq. Kimdir nom-nishonsiz o‘tib ketadi. Shunday insonlar ham  borki, hayotida u o‘zini emas, yurtini, odamlarni ularning yaxshi turmush kechirishini orzu qilib yashaydi, har bir daqiqasini ishga yana ishga, ilmiy kashfiyotlarga bag‘ishlaydi. XX asrda yashab o‘tgan, buyuk inson akademik Nikolay Ivanovich Vavilov ana shunday igna bilan quduq qazigan insonlardan edi. N.I.Vavilov o‘ta kuchli qobiliyat egasi bo‘lib, 23 tilda so‘zlashgan va 26 mamlakatning akademigi bo‘lgan.  Jahondagi 65 mamlakatning o‘simliklar olamini o‘rgangan hamda ularning madaniy va yovvoyi turlarini topish uchun piyoda kezib chiqqan hormas-tolmas  inson edi. Fidoyi olim tomonidan yig‘ilgan 46555 ta o‘simliklarning yovvoyi shakllarining urug‘lari  O‘simlikshunoslik institutida saqlanmoqda.

        Olimning tavalludiga bag‘ishlangan mazkur yilning  noyabr oyida bo‘lib o‘tgan konferensiyada har kuni uchta zalda yigirma beshdan ortiq turli mavzudagi ma’ruzalar tinglandi. Olimlar bugun XXI asrda ham N.I.Vavilov olib borgan ishlarning barhayotligini, hali olimning kashfiyotlari to‘liq o‘rganilmaganligi haqida so‘zlashdi.

        “Olimning olib borgan ilmiy ishlari shunchalik son-sanoqsiz edi-ki, uning amalga oshirgan ishlarini bir necha institut xodimlari bajara olmasdi”,-deya ta’kidlashdi. 1929  yilda  Vavilov  sobiq SSSR Fanlar   Akademiyasining   akademigi    etib   saylanadi .  1929 -1935 yilda   VASXNIL   prezidenti  vazifasi unga ishonildi. Sobiq SSSRda genetikaga oid barcha kashfiyotlar unga tegishli bo‘lgani uchun 1930  yilda  birinchi marta tashkil etilgan SSSR Fanlar akademiyasi   genetika   institutining   direktori   lavozimi ham shu olimga topshirildi. Olimning   tashabbusi    bilan mamlakat bo‘ylab,   bir  qator    ilmiy    tekshirish    muassasalari    tashkil   etildi. Vavilov agronomiya, seleksiya, genetika  fanlarining  iste’dodli asoschisi va  tashkilotchisi   edi. 1923 – 1940  yillarda N.I.  Vavilov   va  Butun Ittifoq o‘simlikshunoslik institutining   tadqiqotchi ilmiy xodimlari jami   I80  ekspeditsiyada ishtirok etishdi. Institutning jahon kolleksiyasi 1940 yilda 250000 ta namuna, shundan 66 ming bug‘doy namunasi, 10000- makkajo‘xori, 23000 ming oziqabop o‘simliklar va hokazodir. Hozir bu kolleksiyadagi urug‘larning bahosi yo‘q, chunki Vavilov davrida terib olingan ko‘pgina o‘simliklarning ayrimlari bugun dunyo florasidan mutlaqo yo‘qolib ketgan.

       Ushbu kolleksiyadagi urug‘lar nihoyatda ehtiyotlik bilan saqlanadi, chunki ular yangi navlar yaratishda otalik yoki onalik o‘simlik vazifasini bajarib keladi. Faqatgina Rossiya seleksionerlari emas, dunyo seleksiyasida yangi navlar yaratish borasida qimmatbaho material bo‘lib qolmoqda.

       N.I.Vavilov 1926 -1927 yillarda katta ekspeditsiyada bo‘ldi. U Afrika,  O‘rta  yer  dengizi   mamlakatlari va yevropa, Aljir, Tunis, Marokko, yegipet, Suriya, Falastin, Gretsiya, Kipr orollari va Italiya, Ispaniya va Portugaliya, O‘rta yer dengizidan Qizil dengizga, Somali va  Efiopiyaga bordi. Xuddi shu orada Mrkaziy Osiyo respublikalarida ham N.I.Vavilov bir necha marta bo‘ldi. Shu ekspeditsiya tufayli Vavilov monografik tavsifga ega bo‘lgan hamda genetikaning asosi yotgan gomologik qator nazariyasi uchun  katta material to‘pladi.

Dushmanlari tomonidan qilingan tuhmatlar, chaquvlar tufayli olimning chet ellarga chiqishi taqiqlandi, ishlardan olib tashlandi, keyinchalik esa 1940 yilning iyun oyida Ukrainaga qilgan safarida buyuk olim qamoqqa olinadi. Ana shu vaqtda qilingan tintuvda olimning  qanchadan qancha qo‘lyozmalari yo‘qolib ketdi. NKVD xodimlari shafqatsizlik bilan qo‘lyozmalarni olib ketishgan va yo‘q qilib yuborishgan. Lekin Vavilovning kotiba –stenografisti urush yillari va evakuatsiya bo‘lishiga qaramasdan asarning ko‘lyozmalarini   ehtiyot qilib asrab qolgan. Bugungi kunda chop etilgan nashrlari o‘sha paytda yarmi saqlanib qolgan asarlari asos bo‘lgan.

O‘zbekiston va N.I.Vavilov

           Genetika fanining asoschisi bo‘lgan olimning ishlari bugungi kunda ham O‘zbekistonda katta ahamiyatga egadir, chunki olim mamlakatimiz uchun iqtisodiy ahamiyatga ega bo‘lgan olamshumul ishni bajarib ketgan. O‘zbekiston juda qadimdan paxta tolasi yetishtirib beruvchi mamlakatlardan biri bo‘lib keladi. 1920 yillargacha O‘zbekistonda kalta tolali kam hosilli Afrika g‘o‘zasi ekilgan. Respublikamizda 1925 yillardan keyin N.I.Vavilovning aralashuvi bilan hosildorligi yuqori, o‘rta tolali Amerika g‘o‘zasi ekila boshlandi.

          Amerikalik professor Xarland bilan ham 1925 yilda Toshkentda paxtachilikni rivojlantirish uchun uchrashuvlar o‘tkazdi. Olim ushbu uchrashuvdan so‘ng paxta seleksiyasi va urug‘chiligini yuksaltirish uchun qator tavsiyalar berdi. Olim dunyo bo‘ylab sayohatida 6 mingdan ortiq g‘o‘zaning turlarini yig‘ib kelgan edi. Qaysi paxta ekadigan mamlakatda bo‘lsa eng yaxshi paxta navlari va turlarining urug‘larini o‘zi bilan olib kelar edi. N.I.Vavilov o‘zbekiston pahtachiligining rivojlanishiga o‘z hissasini qo‘shgan yirik olimlardan biri hisoyublanadi.                                                   

         O‘zbek dehqoni avval sitrus o‘simliklar, kartoshka, pomidor, makkajo‘xori, soya, smorodina, malina va yana qancha ekinlarni bilmas edi. Olimning Butun Ittifoq bo‘yicha 115 xududda olib borgan “Geografik ekishlar”idan so‘nggina o‘simliklarni biologik xususiyatlariga qarab joylashtirish boshlandi. Ana shunda O‘zbekistonga biologik xususiyatlariga ko‘ra mos kelgan bir qator yangi ekinlarni moslashtirish masalasi ko‘rib chiqildi.

             N.I.Vavilov hayoti va ijodini o‘rganganimizda olimning O‘zbekiston bo‘ylab bir necha marta safarda bo‘lganini yozib qoldirgan, chunki Markaziy Osiyo dehqonchiligi uni juda qiziqtirgan. 1918 yil fevralda  o‘z safarlarida yig‘ib kelgan urug‘lardan  bir yilda ikki marta hosil olish uchun Samarqand viloyatidagi Kattaqo‘rg‘on tumani hududida joylashgan Zarafshon tajriba dalasiga bug‘doy urug‘larini jo‘natdi. Va uning hosildorligini kuzatib, samarasini isbotlab asarlar yozdi. Bir yilda ikki marta hosil olish tajribalarini kuzatib, xulosalarini qoldirgan edi.

1918 yil yoz oylarida birinchi marta marta Qizil shaloladagi Turkiston tajriba qo‘rg‘onida bo‘lib, bu yerda ekilgan kuzgi don ekinlarining zararlantirilgan lalmi maydonlari bilan tanishdi.

1933 yil olim O‘zbekiston paxtachiligini o‘rganish uchun kelgan Amerikalik olim S. Xarland sharafiga berilgan ziyofatda bo‘lib mazmunli nutq so‘zladi va paxtachilikda olib boriladigan ishlarni bir-bir belgilab berdi. Shu yili O‘zbekistondagi Paxtachilik tajriba qo‘rg‘onida bo‘ldi. O‘zbekistonga buyuk olim oxirgi marta 1937 yilda kelib O‘rta Osiyo o‘simliklarini himoya qilish institutida G.D.Ugryumov bilan uchrashdi.

          N.I.Vavilov doimo kelajakni ko‘ra olgan olimlardan edi. Haligacha hyech kim ekmagan subtropik o‘simlik zaytunni Markaziy Osiyo respublikalarida o‘sha paytdayoq ekib ko‘paytirishga e’tibor bergan. 1929 yilda Qrimdagi Nikitskiy nomli Botanika bog‘ida yetishtirilgan zaytun ko‘chatlarini  iqlimi issiq bo‘lgan hududlarga jo‘natgan.

Bu yil yoz oyida Sochidagi subtropik ekinlar insititutining kutubxonasida bo‘lganimda juda qiziq ma’lumotlarni o‘qidim. Unga ko‘ra bir qator ilmiy tekshirish institutlar bilan bir qatorda Andijon o‘rmon xo‘jalik tajriba qo‘rg‘oniga 12 dona va Samarqanddagi tajriba boqqa 5 dona zaytun ko‘chatlari jo‘natilgan. Olimning shaxsiy topshirig‘iga ko‘ra 1933 yilda Suxumidan mamlakatning 53ta tajriba qo‘rg‘oniga zaytun ko‘chatlari jo‘natilganligi haqida ma’lumotlarga duch keldim.  Mana bugungi kunda O‘zbekistonda ham zaytun ko‘chatlarini moslashtirish bo‘yicha bir qator ishlar olib borilmoqda. Ushbu ishlarning natijasi sifatida Turkmaniston davlatida zaytun plantatsiyalari tashkil qilindi va zaytun sanoatini yuksaltirish asosida ishlar olib borilmoqda.

1916 yilda birinchi marta olim Shimoliy Eron, Farg‘ona vodiysida bo‘ladi va yasmiq va fista o‘simliklarining vatani O‘zbekiston ekanligini aniqlab berdi.

Olimni qadimgi Xorazm  dehqonchiligi juda qiziqtirib kelgan, hamma tomoni sahrolar bilan o‘ralgan, ammo o‘rtada go‘zal, yam-yashil o‘simliklar makoni bo‘lgan  vohani o‘rganishga harakat qilgan. 1923-1924 yillarda birinchi marta injener agronom  D.D.Bukinich bilan birgalikda  Buxora va Xorazmga bordi. Ikkinchi marta bir o‘zi 1925 yilda Xiva dehqonchiligini o‘rganib chiqdi va juda qiziqarli ma’lumotlarga ega bo‘ldi. Xorazm vohasi Vavilovdan oldin tarixchi arxeolog olim V.V.Bartold tomonidan o‘rganilgan edi. Olim Xorazmning eramizgacha bo‘lgan  yillardagi dehqonchiligi haqida V.V.Bartold ma’lumotlarini o‘zining izlanishlari bilan taqqosladi.             1925 yilda Xorazmda olib borgan  agrobotanik tadqiqotlarini to‘rt yildan so‘ng chop etdi. Olgan ma’lumotlari to‘g‘riligiga o‘zi ishonch hosil qildi. Olgan ma’lumotlariga ko‘ra u paytda Xorazmda asosan kuzgi  bug‘doy (Triticum uulgare Vill.) ekilgan, bug‘doyning bahorgi navlari deyarli uchramagan. O‘sha paytda ekilgan kuzgi bug‘doylar 8 turga mansub bo‘lib, kuzgi yumshoq bug‘doy bo‘lib, oddiy xalq tilida “Buxor-bug‘doy” deb nomlangan.

Sholining  (Oryza sativa L.) turi Xorazmda keng tarqalgan Urganch, Gurlan i Xazorasp tumanlarida katta maydonlarda ekib kelingan, Vavilov ekspeditsiyasiga ko‘ra sholining 7 turi ekilgan. Olimning Xorazm dehqonchiligi haqidagi asarida Xorazm qovunlarining shirinligi va ta’mi haqida eramizgacha bo‘lgan 11 asrda Xitoyliklar ma’lumotlar qoldirgan deb yozadi. Xiva dehqonchiligi tarixini o‘rgangan olim, undagi o‘simliklar turi Sharqiy va Janubiy Afg‘oniston va Sharqiy Hindiston dehqonchiligiga o‘xshashligini yozib qoldiradi. Shuningdek, Xorazm dehqonchiligining Amudaryo quyilishida yoyilib joylashishini  Nil daryosining Misrga quyilishidagi o‘zani bilan tenglashtiradi. Har ikki o‘zanda bir xil o‘simliklar dunyosi mavjudligini taqqoslaydi.

Ilm ahliga dunyoda tengi yo‘q boylik qoldirgan, kelajakni oldingan ko‘ra olgan inson qamoqda ochlikdan va kasallikdan 56 yoshida o‘lib ketadi, oradan ko‘p yillar o‘tib oqlanadi. Bugun uning nomiga qancha ilm dargohlari, ko‘chalar qo‘yilgan, uning ishlarini minglab shogirdlari asarlarini o‘qib davom ettirishmoqda. O‘zbekiston qishloq xo‘jaligini rivojlantirishda ham  buyuk olimninig izlanishlari hamon asqatadi va yosh olimlarimiz uchun ham katta maktab bo‘lishi tabiiy! Shuning uchun ham asarlari qayta – qayta chop etilib o‘rganilmoqda.

D.Yormatova,

 O‘zbekiston Davlat jahon

tillari universiteti professori

 

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.