Al Xorazmiy avlodlarimiz

0
211
marta ko‘rilgan.

O‘tgan 2017 yil universitetimiz hayotida unutilmas va  quvonchli  yil bo‘ldi.  Mamlakat  Prezidentii   2017 yil 15 martdagi  qarori bilan Toshkent axborot texnologiyalari universitetiga Muhammad Al Xorazmiy nomi berildi.  Ta’lim dargohimizda ulug‘ alloma nomini abadiylashtirish hamda uning buyuk va bebaho merosini chuqur o‘rganish bilan bog‘liq qator tadbirlar amalga oshirilmoqda.

 Men ushbu dargohga o‘qishga kirishni juda orzu qilgan edim. Bu yerda tajribali ustozlar, professor-o‘qituvchilar ta’lim berishayotgani hamisha e’tiborimni tortar edi. Ta’lim  muassasamizda  iste’dodli talabalar juda ko‘p,  tengdoshlarimiz bilan faxrlanamiz.  2017-2018 o‘quv yilida filialning 4 bosqich talabasi Doniyor Xo‘jamov  Muhammad Al Xorazmiy nomidagi stipendiyaga sazovor bo‘ldi.  2017 yilning 17-21 noyabr kunlari Rossiya Federatsiyasining Novosibirsk shahrida bo‘lib o‘tgan Dasturlash bo‘yicha ochiq chempionatda  O‘zbekistonimiz nufuzini himoya qilgan oliy o‘quv yurtimiz iste’dodli talabalari- Muhammad Al Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti Urganch filialining “TUIT Uugench Branch” jamoasi  munosib  o‘rinni olishdi.

Filialimizda o‘tgan 2005-2017 yillar mobaynida 6 nafar talaba  Beruniy nomidagi Davlat stipendiyasini  qo‘lga kiritgan.  2006 yilda Beruniy nomidagi Davlat stipendiyasiga Otabek Xo‘jayev, 2008 yilda Shaxnoza Matchanova, 2010 yilda Muhabbat Rahmanova,  2011 yilda Akbar Xadjayev,  2013 yilda Quvandiq Otajanov, 2016 yilda Yo‘ldosh Sultonovlar sazovor bo‘lishgan. O‘zbekiston radiotexnika, elektronika va aloqa ilmiy-texnik jamiyati stipendiyasiga, O‘zbekiston Respublikasi axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligining stipendiyasiga 10 dan ortiq talabalar sazovor bo‘lganlar.

Oliygohimiz talabalari  bir qator olimpiada va tanlovlarda qatnashib, faxrli o‘rinlarni egallab kelishmoqda. Jumladan, 2010-2017 yillarda Temur Yusupov, Ozod Yusupov, Temur Sa’dullayev, Quvondiq Otajonov, Temur Qutliboyev, Jonibek Xojiboyev, Yo‘ldosh Sultonov, Qudrat Ibodullayev kabi yoshlar  respublika fan olimpiadalarida faxrli o‘rinlarni egallashgan. Sarvar Ollaquliyev Oliy Majlis Senati tomonidan tashkil etilgan “Parlamentarizm bilimdoni – 2013” tanlovida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan.

Har yili o‘tkazilayotgan Dasturlash bo‘yicha jahon chempionatining  chorak va yarim finallarida  filial talabalari munosib qatnashib kelmoqdalar. Shuningdek, viloyat miqyosida o‘tkaziladigan ko‘rik tanlovlarda ham talabalar faxrli o‘rinlarni olib kelmoqdalar   Filial talabasi Sarvar Ahmedov 2013 yilda “Software” dasturlash xalqaro olipiadasining mutlaq g‘olibi bo‘lib, tashkilotning stipendianti bo‘lgan. Filial talabalari 2014-2015 yillarda “Yurt kelajagi” iqtidorli yoshlar Respublika tanlovining “Dasturiy ta’minot” nominatsiyasida g‘olib bo‘lishgan.

Yutuqlar o‘zi-o‘zidan qo‘lga kiritilmaydi, albatta. Bu muvaffaqiyatlar ortida filialimiz profeesor- o‘qituvchilarining katta mehnatlari yotibdi. Chunki, o‘z tajribasini yoshlardan ayamayotgan va butun kuch- g‘ayratini  biz  bilan baham ko‘rayotgan ustozlarimiz bilan qanchalar faxrlansak arziydi. Professor-o‘qituvchi Pirnafas Yusupov,  fizika-matematika fanlari nomzodi, dotsent Qudrat Mamedov, Dilmurod Saidov, Shavkat Ismoilov, Iroda Hajiyeva kabi ustozlarimiz fanlardan puxta saboq bermoqdalar.   

Guruhimiz rahbari, tabiiy fanlar kafedrasi katta o‘qituvchisi Komiljon Bobojonov dars jarayonlarini noan’anaviy uslubda o‘tkazib, fizika faniga bo‘lgan qiziqishimizni yanada oshirmoqda. Eng muhimi, talabalarning mustaqil bilimini samarali tashkil qilish maqsadida virtual ta’lim yaxshi yo‘lga qo‘ygan. Darslarimiz audio, video, animatsiyalarga boy, multimediya materiallari yordamida o‘tmoqda. Bular esa  fanga bo‘lgan qiziqishimizni yanada oshiryapti. Virtual ta’lim tizimiga ulanib, fan bo‘yicha ma’ruza matni, amaliy mashqlar va ayniqsa laboratoriya mashg‘ulotlari uchun zamonaviy texnologiyalardan  foydalanishimiz ushbu fanni yanada chuqurroq o‘rganish imkoniyatini yaratmoqda. Shuningdek,  savollar va testlar orqali o‘zimizning bilimimizni baholash, monitoring qilish imkoniyatiga ham egamiz.

           Mana bugungi kunda mamlakatimizning oliy ta’lim dargohlarida tahsil olayotgan yuzlagan yoshlar xorijda o‘qib-o‘rganib, el koriga yaraydigan mutaxassis  bo‘lib qaytmoqdalar. Koreya, Germaniyada o‘qigan  tengdoshlarimiz juda ko‘p. Tanlagan sohamni yanada mukammal o‘zlashtirish, ertaga tajribali soha xodimi bo‘lish maqsadim bor. Hozir ingliz tilini  mustaqil o‘rganyapman. Koreya davlatida o‘qishni niyat qildim. Buning uchun yanada ko‘proq o‘z ustimda ishlashim, fan saboqlarini  puxta egallashim zarur. Bunda menga tajribali ustozim Komiljon Bobojonov yaqindan yordam bermoqda.

            Oliygohimizda biz yoshlarning har tomonlama yetuk mutaxasis bo‘lib yetishishimiz uchun barcha sharoitlar mavjud. “Kompyuter injiniring”, “Dasturiy injiniring”, “Telekommunikatsiya texnologiyalari” va “AKT sohasida kasb ta’limi” va “Axborot xavfsizligi” (sohalar bo‘yicha) kabi 5 ta ta’lim yo‘nalishlari hamda “Kompyuter injiniring” kabi 1 ta magistratura mutaxassisliklari bo‘yicha kadrlar tayyorlash yo‘lga qo‘yilgan.

2013 yil TATU Urganch filialining yangi binosi jahon talablari asosida jihozlanib foydanishga topshirilgan edi. Hozir  o‘quv auditoriyalari soni 30 taga, 750 nafar talabaga mo‘ljallangan laboratoriya xonalari  5 taga, lingofon sinflari 1 taga, kompyuter sinflari soni 7 taga va axborot-rusurs markazidagi umumiy kitoblar fondi 16020  taga yetgan. Bugungi kunda filialda jami 792 nafar bakalavr va 5 nafar magistrlar tahsil olishmoqda. Ularga 58 nafar professor-o‘qituvchilar ta’lim- tarbiya berishyapti.

 160 o‘ringa mo‘ljallangan talabalar turar joyida yoshlar yashashi  va ta’lim olishlari uchun barcha shart-sharoitlar yaratilgan. Yotoqxonada turli ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar, savol-javob kechalari tez-tez o‘tkaziladi. Bu tadbirlar talabalar o‘rtasida o‘zaro ahillik, hamkorlik do‘stona munosabatlarni yanada mustahkamlashga  yordam bermoqda.

           Yaqinda filialimizda Yoshlar ittifoqi boshlang‘ich tashkiloti tashabbusi bilan “Eng faol va tezkor dasturchi” ko‘rik-tanlovi o‘tkazildi. Ushbu bellashuvda birinchi bosqich talabalari o‘zaro kuch sinashdilar. Dasturiy injiniring yo‘nalishi  talabasi Alisher Razzoqberdiev g‘oliblikni qo‘lga kiritdi. Ikkinchi o‘rin dasturiy injiring yo‘nalishi  talabasi Shohruh Sa’dullaevga, uchinchi o‘rin esa kompyuter injiniring yo‘nalishi talabasi Abdulla Abdullayevga nasib qildi.

             Buyuk va benazir olim,  fan olamida mashhur  alloma Al Xorazmiy merosini davom ettirish va munosib yashash  uchun astoydil harakat qilayotgan tengqurlarimiz mehnatlari ertaga o‘z natijasi va samarasini ko‘rsatishiga ishonaman.

Gulyor Palvanova,

Al Xorazmiy nomidagi TATU Urganch filiali 1 bosqich talabasi

 

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.