Asal bayrami

0
324
marta ko‘rilgan.

Poytaxtimizdagi “O‘zko‘rgazmasavdo”  pavilonlarida dekabrning birinchi o‘n kunligida “Asal bayrami” va asal mahsulotlari ko‘rgazma – yarmarkasi bo‘lib o‘tdi.

Ushbu tadbir O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 16 oktyabrdagi ”Respublikamizda asalarichilik tarmog‘ini yanada rivojlantirish chora –tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida belgilangan vazifalarni bajarish asosida uyushtirildi.

Unda asalarichilik tarmog‘ini boshqarish tizimini tubdan takomillashtirish, tarmoqda naslchilik ishlarini ilmiy asosda tashkil etish, asalarichilik xo‘jaliklari faoliyati samaradorligini oshirish, asal mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi va turlarini yanada ko‘paytirish, asalni qayta ishlash bo‘yicha zamonaviy texnologiyalarni joriy etish, sohaning eksport salohiyatini oshirish, shuningdek, asalarichilik sohasidagi ilg‘or tajribalarni respublikamizning barcha hududlarida tatbiq etish maqsadi belgilangan edi.

Tadbirda 250 mingdan ortiq asalarichilik ho‘jaliklari o‘z mahsulotlari bilan qatnashishdi. O‘zbekiston asalarichilar uyushmasi raisi Sherali Suyarqulov ma’lumotiga ko‘ra, bu yil ular tomonidan 15 ming tonnadan ortiq asal xalqqa yetkazib berilgan. Shuningdek,  ko‘rgazma doirasida  Xitoy Xalq respublikasiga  200 tonna, Polshaga 20 tonna asal yetkazib berish shartnomasini tuzishgan.

Bu samarali ishlarda ko‘rgazma qatnashchisi “Vodiy asali” MChJ boshlig‘i  Pattayev Abdulhofizning ham munosib hissasi bor. Ular oilaviy tadbirkor.  Ular asalarichilar sulolasining uchinchi avlod vakillari hisoblanishadi. Ularning 750 quti asalarisi bo‘lib, bu yil ikki yarim tonna hosil olishdi.  Ko‘rgazmada u xoridorlar bilan to‘rtta shartnoma imzoladi.

”Omon Zomin” MChJ rahbari Nazarov Erkin ham oilaviy tadbirkor. U beshinchi sinfidayoq Zomin tog‘lariga chiqib asalchilik bilan shug‘ullanib, ota-onasiga yordam bergan. Bu kasb ularga ham avloddan avlodga o‘tib keladi. Ularning ham mingdan ortiq asalari qutisi bor. Bu yil 185o kilogram asal xalqqa yetkazib berdi.  U ham ko‘rgazma doirasida beshta shartnoma tuzishga erishdi.

Bo‘stonlik tumanining yakka tadbirkori Mavjuda Maxsumova  10 yildan beri asalarichilik bilan oilaviy shug‘ullanadi.  “Biz bu sohada faoliyat yuritayotgan to‘rtinchi avlodmiz. Bo‘stonlik tog‘larida, Aydarko‘l bo‘ylarida va Arnasoy tomonlarda giyohlar asosida asal olamiz. Shuningdek, Rossiya asalchilari bilan ham hamkorlikni yo‘lga qo‘yganmiz. Chunki xalq  o‘rmon asallarini ham so‘rashadi.”,-deydi u. Ushbu xo‘jalikning  bu sohada ikkinchi bir yo‘nalishi ham bor. Tadbirkor  asalari uyalarini ko‘paytirib, asalarichilikni boshlovchilarga ustozlik qilishmoqda. Kasb sirlarini o‘rgatib, tadbirkorlar safini kengaytirishga hissa qo‘shib kelishmoqda. U ham ko‘rgazma doirasida yangi ish boshlashni istayotgan besh kishi bilan ustoz-shogirdlik shartnomasini tuzdi. U shunday dedi: “Bunday ko‘rgazsa o‘tkazilishi an’anaga aylanib qolishining tarafdori edim. Bu yerda muloqot bor, tajriba almashish imkoniyati mavjud. Biz shundan xursandmiz. Tashabbusning an’anaga aylanishida tilakdoshmiz”.

Ayshaxon Oxunova,

jamoatchi muxbir

 

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.