Beruniy” nomli hujjatli film hamda turk va ingliz tillarida chop etilgan “Beruniy” kitobining taqdimoti

0
115
marta ko‘rilgan.

Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov Turkiya safari doirasida turkiyalik bir guruh olimlar bilan uchrashdi. Istanbulning eng nufuzli universitetlaridan biri bo‘lmish Beruniy universitetida tashkil etilgan mazkur uchrashuvda Marmara fondi prezidenti Akkan Suver, Beruniy universiteti rektori Adnan Yuksel, professor Bekir Karlig‘a hamda bir qator davlat va jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

Adnan Yuksel o‘zbekistonlik mehmonlarni qarshi olarkan ilmi, ijodi bilan dunyoga ezgulik ulashgan Imom Buxoriy, Abu Rayhon Beruniy, Alisher Navoiy kabi buyuklarimiz tuproqlaridan salom keltirgan bu insonlar biz uchun juda aziz va qadrlidir,- deya vazir tashrifidan mamnun ekanini bildirdi.

Do‘stona uchrashuv davomida Turkiya va O‘zbekiston hamkorligida suratga olingan “Beruniy” nomli hujjatli film namoyishi hamda turk va ingliz tillarida chop etilgan “Beruniy” kitobining taqdimoti ham o‘tkazildi. Mazkur asar o‘zbek tiliga tarjima qilinmoqda. Hujjatli filmda allomaning bolaligidan to buyuk mutafakkir bo‘lib yetishgunga qadar bo‘lgan davr aks ettirilgan.

Muloqot chog‘ida universitet rektori qayd etganidek, buyuk qomusiy olim Abu Rayxon Beruniy ilm-fan sohasida katta meros qoldirgan alloma, matematika va astronomiya ilmining bilimdoni sifatida Sharq va G‘arbda e’zozlanadi. Shuning uchun ham buyuk mutafakkir haqida hali ko‘plab ilmiy ijodiy asarlar, hujjatli va badiiy filmlar suratga olinadi, uning ilmiy asarlari talabalar, professor olimlar tomonidan chuqur o‘rganiladi.

Shu o‘rinda Madaniyat vaziri ham ko‘rsatilgan yuksak ehtirom, iliq do‘stona munosabatlardan mamnun ekanligini bildirdi. “Beruniy” kitobi hamda hujjatli filmi uchun o‘zbek xalqi nomidan minnatdorlik izhor etdi.

– Mamlakatlarimiz o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlik va yaqin do‘stlik rishtalarining mustahkamlanganligi, ikki davlat rahbarlarining bir-biriga qo‘l bergani, biz ijodkorlar uchun ham juda katta hamkorlik eshiklarini ochdi. Bu madaniy va ma’rifiy sohadagi faoliyatimiz bizning qardosh va birodar millat bo‘lib, birgalikda boshlagan katta ezgu ishlarimizning debochasidir. Xalqingiz bilan qiladigan ishlarimiz hali juda ko‘p. Bugun turk dunyosi o‘zining “Men”ini ayta boshladi. Jahon taraqqiyotida, islom sivilizatsiyasida, ilmiy madaniyatning yuksalishida, butun turkiy xalqlar bir ovozdan “Men” deyishi yo‘lida O‘zbekistonning ulushi juda katta. Va bu turk dunyosi uchun manfaatlidir,- dedi Nazarbekov.

Turk xalqining, turk olimlarining yurtimiz farzandi, buyuk alloma Beruniyga ko‘rsatgan ehtiromlari bizda, yoshlarimizda faxr tuyg‘usini yana bir bora his qildiradi. Beruniydek buyuk allomalarning nomi,  yurtini ulug‘laganlarning yaxshiliklari va ezgu ishlari hamisha dillardan dillarga ko‘chaveradi. 

GUJUM.UZ

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.