Besh qit’a uzra kezar Navoiy

0
47
marta ko‘rilgan.

9 fevral – buyuk o‘zbek shoiri, mutafakkir Nizomiddin Mir Alisher Navoiyning tavallud kuni. Ushbu sana munosabati bilan mamlakatimiz bo‘ylab keng miqyosda ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar, uchrashuvlar va davra suhbatlari o‘tkazish an’anaga aylangan.

Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasida bo‘lib o‘tgan davra suhbatida she’riyat mulkining sultoni qoldirgan ulkan merosni o‘rganish va tadqiq qilishning ma’naviy-ma’rifiy ahamiyati haqida so‘z bordi.
 
Milliy kutubxonaga 1948 yili ulug‘ bobomiz nomi berilgan. Bu maskanning «Nodir nashrlar» bo‘limida Alisher Navoiy asarlari qo‘lyozmalari saqlanmoqda.
 
– Navoiy she’riyatning 16 xil janrida ijod qilgan, – deydi tadbir ishtirokchisi Izzatillo Musayev. – Uning g‘azal, ruboiy, tuyuq, fard, qit’a, muxammaslarini o‘qib, bu kabi janrlarda hyech bir shoir Navoiydek ijod qilmaganini anglaymiz. “Umidim uldurki va hayolimga andoq kelurki, so‘zim martabasi avjdan quyi enmagay va yozgan asarlarimning tantanasi a’lo darajadan o‘zga yerni yoqtirmagay”, deb yozgan edi buyuk shoir. Bugun chindan ham shoir asarlari dunyo bo‘ylab yuksak parvoz etmoqda. Ahli jahon uning ma’naviyat chashmasidan bahramand bo‘lmoqda.
 
Tadbir doirasida she’riyat kechasi, Navoiy ijodiga oid film namoyishi va kitoblar ko‘rgazmasi tashkil etildi. Shoir g‘azallari bilan aytiluvchi qo‘shiqlar barchaga xush kayfiyat bag‘ishladi.
 
Nasiba Ziyodullayeva, O‘zA

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.