BO‘SM va IBO‘SM rahbarlari bilan uchrashuv

0
139
marta ko‘rilgan.

24 mart kuni Toshkentda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti farmoni ijrosi yuzasidan katta yig‘ilish tashkil qilindi. 

Unda O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi raisi Umid Ahmadjonov, O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vaziri Shoakram Isroilov, uning birinchi o‘rinbosari Oybek Kasimov, MOQ bosh kotibi Jasur Matchanov, shuningdek, respublikamizda faoliyat olib borayotgan ixtisoslashtirilgan bolalar va o‘smirlar sport maktablari, bolalar va o‘smirlar sport maktablari rahbarlari, viloyat jismoniy tarbiya va sport boshqarmalari boshliqlari hamda sport federatsiya va assotsiatsiyalari mutasaddilari ishtirok etishdi. 

Yig‘ilishni Jismoniy tarbiya va sport vaziri Shoakram Isroilov ochdi.

– Bugungi yig‘ilishdan asosiy maqsad muhtaram Prezidentimiz tomonidan imzolangan sportga oid farmon ijrosini jadallashtirish, IBO‘SM va BO‘SMlar faoliyatini takomillashtirish, ularning samaradorligini kuchaytirishdir. Sir emaski, IBO‘SM, BO‘SM tizimida ko‘plab masalalar, muammolar to‘planib qolgan. Buni barchamiz yaxshi bilamiz. Bugungi kunda respublikamiz bo‘yicha 228ta bolalar va o‘smirlar sport maktablari bor. Ularda 8133 nafar xodim faoliyat yuritmoqda. 301 635 nafar bola sport bilan shug‘ullanib kelmoqda. Ixtisoslashtirilgan bolalar va o‘smirlar sport maktablari soni esa bugungi kunda 53tani tashkil qiladi. Ularda 1865 nafar xodim faoliyat yuritib, 40 716 nafar yosh sporti mashg‘ulotlarda ishtirok etadi. Davlat ularning barchasini moliyalashtiradi. Katta miqdorda mablag‘ ajratadi. Ammo tan olish lozim, samaradorlik o‘ta past, turli muammolar to‘planib qolgan, – dedi Shoakram Isroilov.

Shuningdek, yig‘ilishda bundan buyon har bir yosh sportchi haqida ma’lumotlar bazasi yaratilishi shart ekanligi ta’kidlandi. Tahlillar shuni ko‘rsatmoqdaki, sportga ixtisoslashtirilgan maktablarda 99 foiz rahbar o‘z qo‘l ostidagi sporti haqida to‘liq ma’lumotga ega emas. Bu borada vazir bir necha sport maktablari direktorlaridan ma’lumotlar so‘radi va to‘liq javob ololmadi. IBO‘SM va BO‘SM rahbarlariga barcha sportchi borasida to‘liq ma’lumotlar bazasini yaratish borasida topshiriq berildi. Qolaversa, bundan buyon kerakli barcha shart-sharoitlar yaratib berilishi, bunday maktablar barcha kerakli sport anjomlari bilan ta’minlanishi ma’lum qilindi. Shunga yarasha natija ham talab qilinishi alohida ta’kidlandi. 

Milliy olimpiya qo‘mitasi raisi Umid Ahmadjonov esa davlatimiz rahbari tomonidan imzolangan farmon va qaror samarali ishlashi endi faqat va faqat o‘zbek sporti oilasiga bog‘liq ekanligini ta’kidlab o‘tdi.

– Ixtisoslashtirilgan bolalar va o‘smirlar sport maktablari faoliyatini ko‘rib, tahlil qilib chiqdim. Bundan buyon viloyat sport boshqarmasi boshlig‘i o‘sha viloyatdagi barcha sport turlariga, xususan katta futbol klubidan tortib, bolalar va o‘smirlar sport maktablaridagi ish samaradorligiga bevosita javob beradi. Bugungi yig‘ilishimizda yosh va iqtidorli sportchilarni saralab olish, sport maktablari o‘rtasida musobaqalar tizimini yo‘lga qo‘yib olish va boshqa muhim masalalar bo‘yicha takliflarni ko‘rib chiqamiz. Asosiy e’tiborni olimpiya sport turlariga qaratamiz. Bekorga sizlarni vaqtingizni olib, uzoq viloyatlardan chaqirganimiz yo‘q. Seleksiya, musobaqalar o‘tkazish tizimi va boshqa masalalar borasida takliflaringizni bering. 

Shuningdek, endi xalqaro musobaqalarga faqat Milliy olimpiya qo‘mitasi hamda Jismoniy tarbiya va sport vazirligi ruxsati bilan boriladi. To‘g‘ridan-to‘g‘ri viloyatdan chiqib ketishlar bo‘lmaydi. Axir ular O‘zbekiston sharafini himoya qiladilar-ku. Biz o‘sha musobaqadagi ishtirokni lozim topsak, u yerga jo‘natamiz. Ular uchun sharoitlarni yaratib beramiz. 

Muhtaram Prezidentimiz tomonidan sportga oid katta farmon va qaror imzolandi. Endi uni samarali ishlashini ta’minlash o‘zimizga bog‘liq. Ahil oila sifatida, bir yoqadan bosh chiqarib, ishni to‘g‘ri yo‘lga qo‘yib olishimiz lozim. Shunday tizim yarataylikki, u 40-50 yil ishlasin. Katta-katta natijalar keltirsin. Viloyat sport boshqarmalari bu yo‘lda respublikamizdagi sport federatsiyalari bilan yaqindan hamkorlik qilishlari lozim, – dedi Umid Ahmadjonov.

Uchrashuvda O‘zbekiston sport faxriylari kengashi raisi, MOQ raisi maslahatchisi Komiljon Xudoyberganov ham nutq so‘zlab, farmonning sportimiz taraqqiyotida tutgan o‘rni va o‘z navbatida bunday g‘amxo‘rlik o‘zbek sporti tarixida xech qachon bo‘lmaganligi, endi shunga yarasha halol va vijdonan ish olib borish lozimligi haqida so‘z yuritdi.

Manba: O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.