Buxoro ahli bu zaminning salohiyati va imkoniyatlariga yarasha mehnat qilishi va yashashi kerak

0
62
marta ko‘rilgan.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev hududlar rivoji, aholi hayoti bilan yaqindan tanishish maqsadida 21-22 yanvar kunlari Buxoro viloyatida bo‘ldi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.  

Davlatimiz rahbari 22 yanvar kuni erta tongda Bahouddin Naqshband maqbarasini ziyorat qildi. O‘tganlar xotirasiga Qur’on tilovat qilinib, Alloh taolodan yurtimizga tinchlik-farovonlik, xalqimizga salomatlik va saodat tilab duo o‘qildi.

Buxoro shahrida Prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirokida xalq deputatlari viloyat Kengashining navbatdan tashqari sessiyasi bo‘lib o‘tdi.

Yig‘ilishda Vazirlar Mahkamasi, respublika vazirlik va idoralari, viloyat, tuman va shahar sektorlari rahbarlari, faollar qatnashdi.

Sessiyada tashkiliy masala ko‘rildi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2020 yil noyabr oyidan buyon Buxoro viloyati hokimi vazifasini vaqtincha bajarib kelayotgan Botir Komilovich Zaripov nomzodini viloyat hokimi lavozimiga tavsiya etdi.

–  Viloyatni boshqarish, odamlarni safarbar qilish oson ish emas. Buni Zaripovning o‘ziyam tushunyapti. Men uni turli lavozimlarda sinaganman, oxirgi uch oyda hokim vazifasini bajaruvchi sifatida sizlar ham sinadingiz. Buxoroning suvini ichib, changini yutib ulg‘aygan yigit viloyat sharoitini yaxshi biladi. Eng muhimi, buxoroliklarni yaxshi ko‘radi, –  dedi Shavkat Mirziyoyev.

B.Zaripov 1969 yilda G‘ijduvon tumanida tug‘ilgan. Bank sohasida turli lavozimlarda ishlagan. 2016-2020 yillarda respublika qurilish materiallari sanoatini boshqargan.

Xalq deputatlari, oqsoqollar so‘zga chiqib, nomzodni qo‘llab-quvvatladi. Ovozga qo‘yish natijalariga ko‘ra, Botir Zaripov Buxoro viloyatining hokimi etib tasdiqlandi.

–  Buxoroi sharifdek joyga, uning buyuk xalqiga rahbar bo‘lish hammaga ham nasib etmaydi. Ana shu ishonch doim qulog‘ingiz ostida tursin. Kunlar, yillar shiddat bilan o‘tadi. Agar buxoroliklar «viloyatimizga to‘g‘ri kadr kelgan ekan», deb rozi bo‘lsa, men ham o‘zimni baxtiyor sezaman, –  dedi Prezident.

Shuningdek, viloyat hokimining birinchi o‘rinbosari lavozimiga investitsiyalar va tashqi savdo vaziri o‘rinbosari lavozimida ishlab kelgan Nozimjon Xolmurodov, Buxoro viloyatining prokurori vazifasiga Markaziy saylov komissiyasi raisi o‘rinbosari bo‘lgan Mahmud Istamov hamda Vobkent tumani hokimi lavozimiga Farhod Umarov tayinlangani ma’lum qilindi.

Yig‘ilishda O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish vazifalari bo‘yicha ma’ruza qildi.

– Buxoroning bugungi rivoji ma’qulmi, degan savolga mening javobim: yo‘q. Boshqa viloyatlardagi rivojlanishdan 10 yil orqada qolyapti. Korrupsiya, poraxo‘rlik barham topmayapti. Yalpi hududiy mahsulotda qishloq xo‘jaligi ulushi 50 foiz ekani eski zamondan nishon. Sanoat, xizmat ko‘rsatish, tadbirkorlik bo‘yicha viloyatning imkoniyatlari juda keng. Tuman hokimlari, sektor rahbarlarining dunyoqarashi o‘zgarishi kerak, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Joylardagi muammo va imkoniyatlarni mahalla darajasida o‘rganish, aholi bandligi va daromadini ta’minlash, tadbirkorlikni rivojlantirish bo‘yicha yangi ish tizimi joriy etilishi ta’kidlandi.

– Endi jamiyatimizda boshqacha yo‘nalish bo‘ladi – mahalla katta kuchga aylanadi. Agar mahalla raisi bilimli, fidoyi bo‘lsa, kayfiyat ham, iqtisodiyot ham o‘zgaradi, – dedi davlatimiz rahbari.

Shu maqsadda viloyatga ishchi guruh yuborilgan, shahar va tumanlarga vazirlik, idora va tijorat banklari rahbarlari biriktirildi.

Mavjud 544 ta mahallaning har biri o‘rganilib, 333 tasi “qoniqarli”, 182 tasi “o‘rta” va 29 tasi “past” rivojlanish toifalariga ajratildi. Aholiga daromad manbai yaratish zaxiralari aniqlangan.

Davlatimiz rahbari ishsizlik muammosiga alohida to‘xtaldi. Yangi ish o‘rinlari ochish va o‘z-o‘zini band qiluvchilarga sharoit yaratish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi. Oilaviy tadbirkorlik, yoshlar biznes loyihalariga 390 milliard so‘m imtiyozli kreditlar ajratilishi belgilandi. Har bir tumanda bittadan kasb-hunar maktabi tanlab olinib, uning bazasida monomarkazlar tashkil etiladi, mahallabay o‘rganish natijasi o‘laroq ishsizlar, yoshlar va ayollar talab yuqori kasblarga o‘rgatiladi.

Buxoro viloyatida 2021-2022 yillar uchun umumiy qiymati qariyb 19 trillion so‘m bo‘lgan 713 ta investitsiya loyihasi shakllantirilgan. Shundan 555 tasi bu yil amalga oshirilishi, 14 mingdan ziyod yangi ish o‘rni yaratilishi rejalashtirilgan.

Xizmat ko‘rsatish sohasi salohiyatini to‘liq ishga solish, ziyorat turizmini yanada rivojlantirish zarurligi ta’kidlandi. Jumladan, qadimiy “G‘ijduvon qo‘rg‘oni”ni qayta tiklab, ochiq osmon ostidagi muzey barpo etish, Vobkent tumanidagi “Shirin” qishlog‘ini etnoturizm maskaniga aylantirish, Peshku tumanining Afshona qishlog‘ida “Ibn Sino zamonasi” majmuasini tashkil etish bo‘yicha topshiriqlar berildi. Buxoro zardo‘zligi va zargarligi xalqaro festivalini o‘tkazish tashabbusi ilgari surildi.

Ijtimoiy sohalarni rivojlantirish, yangi ta’lim va tibbiyot muassasalari tashkil etish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Joriy yilda Buxoroda Prezident maktabi faoliyat boshlaydi. Matematika, axborot texnologiyalari, kimyo-biologiya va fizikaga ixtisoslashgan 16 ta maktab tashkil etiladi. Shuningdek, 18 ta maktabni rekonstruksiya qilish belgilangan.

Davlatimiz rahbari yoshlar masalalariga alohida to‘xtaldi.

– Yoshlarda juda ko‘p g‘oya, intilish bor. Ularga sharoit yaratib, yelkadosh bo‘lsak, ular juda katta kuch, qudrat, imkoniyat va kelajak egasi bo‘ladi, – deya ta’kidladi Shavkat Mirziyoyev.

Sessiyada infratuzilmani rivojlantirish, ichimlik suvi va oqova tarmog‘ini yaxshilash, yo‘llar qurish va ta’mirlash bo‘yicha ham vazifalar belgilandi.

– Men hamma viloyatlarimizni yaxshi ko‘raman, hurmat qilaman. Lekin Buxoroning imkoniyatlari, salohiyati hyech qaysi viloyatda yo‘q. Bu zaminga xudo bergan, uning har qarichi tarix, ilm. Buxoroliklar buning qadriga yetsa hyech qachon kam bo‘lmaydi, – dedi pirovardida davlat rahbari.

Prezidentimiz Buxoro shahrining Nizomiy mahallasida qurilgan zamonaviy uylarni borib ko‘rdi.

Ilgari bu hududda pana-pastqam, kanalizatsiyasi yo‘q uylar bo‘lib, shahar ko‘rkini buzib turardi. O‘tgan yili bu yerda 7 qavatli zamonaviy uylar, savdo va xizmat ko‘rsatish shoxobchalari barpo etildi.

Shavkat Mirziyoyev mehnat faxriysi Ne’mat ota Hotamov xonadoniga kirdi. Dasturxon atrofida dildan suhbat bo‘ldi.

Bu oila oldin shu mahalladagi eski uyda istiqomat qilar edi. Endi barcha ushbu zamonaviy mavzeda yashayotganidan rozi.

Davlatimiz rahbari xalqimiz mana shunday zamonaviy sharoitlarda yashashga munosib ekanini ta’kidladi.

Shu yerda Buxoro viloyatida avtomobil yo‘llari qurish va ta’mirlash, Buxoro shahrida oqova suv inshootlari qurish, eski ko‘p qavatli uylar qiyofasini yangilash rejalari haqida axborot berildi.

Shu bilan Prezidentimizning Buxoro viloyatiga safari yakunlandi

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.