Buyuk islohotlar, ulug‘vor  o‘zgarishlar sharofati: Bugungi  Urganch 

0
219
marta ko‘rilgan.

Bolaligim, o‘smirligim cobiq sovetlar davrining oxirgi yillariga to‘g‘ri kelgan. Har maktabning yozgi ta’tilini anamning (buvim) uyida o‘tkazar edim. Maktabni tugatgach o‘qishga kirdim, Armiyada Buxoroda xizmat qildim, ishga tushdim, ancha yillar u yerga bora olmadim. Tog‘am, buvim olamdan o‘tishganida, oxirgi yo‘lga kuzatish uchun Xorazmga bordim. 

Bolaligim o‘tgan ko‘chalarni, Urganch shahrini ko‘rib lol qoldim. Mamlakatimizdagi buyuk islohotlar, ulug‘vor  o‘zgarishlar, tinchlik osoyishtalik sharofati ekanligini Urganchning yangi qiyofasida chuqur his qildim. Bolaligim o‘tgan ko‘chalarning butunlay yangi jamolidan, kichkintoylarga yaratilgan shart-sharoitlardan,  go‘zalliklardan dilim yayradi.

Buvim yashaydigan uyning bir tomoni  Komsomol ko‘li(bugungi “Yoshlik ko‘li”), bir tomoni Urganch shahrini teng ikkiga bo‘lib oqadigan Shovot kanali edi. Amudaryodan Shovotga undan yopga(anhor) undan ko‘lga suv oqib kelib ko‘ldan zeykashga quyilardi. Ko‘lga suv quyiladigan joy bolalar cho‘miladigan maskan bo‘lib, u temir arganak(panjara-reshetka)lar bilan ajratib qo‘yilgan edi. Bu joy shahar bolalarining sevimli maskani bo‘lib, u paytlar shaharda birorta bolalar basseynlari yo‘q edi. Cho‘milish joyidan  kattalar suzib borib kelayotgan orolchalarni tomosha qilardik. Kattalar  orolchadan bolalarga turli xil baqachanoqlar olib kelishardi.  Menga u yer juda sirli tuyulardi.

Bir kuni buvim tog‘amga kema olib kelishni topshirdi. Biz hammamiz kemaga minib ko‘lni sayr qildik va orolchada to‘xtadik. U yer qum barxanlari, tikanak gullar, yontoq bilan to‘la edi. U yerdan bu yerga kaltakesaklar yugirgilab o‘tib qolar, tog‘avachcham O‘tkir aytganidek  buzovoshlar qumni  yorib chiqib yugirgilab yana qumga singib ketardi. “Bu yerda ilon ham bormi?” so‘rayman qaynoq qumni surib joy ochayotgan tog‘amdan. Bo‘lishi mumkin bu yerga odam deyarli o‘tmaydiku. Ana u qamishlar orasida bo‘lishi mumkin deydi u.

  – Buzovosh chaqadimi?– so‘rayman O‘tkirdan

  – Yalab ketsa, shishadi va rosa qichishadi,– deydi u.

    –  Ilon va buzovosh odam kelgan joydan qochadi,– deydi meni xotirjam qilish uchun buvim.

Tog‘am buvimni qumga ko‘mdi va o‘zi cho‘milgani ketdi. O‘tkir unga ergashdi. Cho‘milgani ham bormasdan buvimning yonida yig‘lab turibman. Xolam bo‘lsa ularning boshida soyabon tutib, bemolol kitob o‘qib  o‘tiribdilar.  Men buvimning ilon, chayonlar cho‘qishidan qo‘rqib yig‘lab turibman. Soyabon tagiga kir senga bir ertak aytib beraman,–dedi buvim.

O‘shanda buvim bizga Xiva shahrining mana shunday qumlar ustida bunyod etilgani haqida hikoya qildi. Buvim bilan ziyoratga bir necha marta borgan edim. Ertaksimon muzey shaharning ana shunday qum ustida qurilganiga ishonmadim. Lekin buvimning mayin ovozi, qiziqarli rivoyatlaridan tinchlangan edim.

Ana shu ostrovda ulug‘vor o‘zgarishlar bo‘lganini eshitib ko‘rgani o‘tdim. O‘sha kimsasiz maskanga buvimlarning uyi yonidan ko‘prik qurilgan. Unig yoysimon va chiroyli reshetkalangan joylariga suyanib uzoq-uzoqlarni kuzatdim. Buvimning rivoyatlari qo‘loqim ostida jaranglagandek bo‘ldi. Bolaligimda qum ustida shahar qurilishiga ishonmagan edim. Biz ostrov deb atavchi orolchadagi ulug‘vor manzarani  ko‘rib birinchi bor buvimning haqligiga tan berdim. Orolchaning bittasida mamlakatimizning go‘zal tarixiy obidalari– Xiva, Samarkand, Buxoro, Shahrisabz manzaralari aks etgan bo‘lib, yo‘laklari turfa gullar bilan bezatilgan edi.


Ikkinchi tomonida esa mamlakatimizning tog‘li manzaralari ya’ni g‘orni kesib o‘tgan poezd ifodalangan bo‘lib, g‘or ichida ertaklarning qahramonlari tasvirlangan edi. Yana birida esa o‘yingohlar ishlab turardi. Men bir payt qo‘rqqan bu orolchada bolalarning quvnoq tovushlari jaranglab milliy qo‘shiqlar taralardi. Billur buloq suvlari bilan bezangan sharshalarni tomosha qilib paroxod-kafega kirdim. Bu yerda ota-onalari bilan muzqaymoq yeb o‘tirgan bolalarni, ko‘zni quvnatadigan manzaralarni zavq bilan tomosha qildim. Oppoq billurdek arkadan chiqib, Shovot bo‘ylariga yo‘l oldim.


Sharifboy tog‘amning ko‘p qavatli uyi Shovot kanalining bo‘yida joylashgan bo‘lib, kanalning eng obod joyi shu yerlar edi. Binoning tepasiga chiqib biz Urganch shahri manzaralarini O‘tkirbek bilan tomosha qilardik. U paytlar sanoqligina  ko‘p qavatli uylar bor edi. Shovotning shiddat bilan oqishi bizga zavq-shavq bag‘ishlardi.  U tepadan juda go‘zal ko‘rinar edi. Sharifboy tog‘am biz bolalarni dam olish kunlari  Shovotga cho‘milishga olib borardi. Biz u yerga tushishga qo‘rqardik, chunki, tez oqardi. Bizni bo‘yniga o‘tqazib navbatma navbat suvga olib kirib bo‘ynida cho‘miltirib, yana chekkaga olib chiqib qo‘yardi. Shovot bo‘ylari qumlik, tikanaklar o‘sgan, dam oluvchilar tashlab ketgan shishalar bilan to‘la edi. Bir so‘z bilan aytganda qarovsiz edi. Navbatdagi cho‘milishga borayotganda biz O‘tkir bilan bellashadigan bo‘ldik Qum qaynab turar oyoq qo‘yib bo‘lmas edi.  Kim shu qumlikdan tez yugirib o‘tadi deb bellashdik. Men oyog‘imni kesib oldim. Tog‘am oyog‘imni bog‘lab qo‘ydi-da meni tinchlantirish uchun Xorazmshohlar davlati, Chingizxonga qarshi kurashgan Jaloliddin Manguberdi jasorati haqida gapirib berdi. Men shunday botir o‘g‘lonni ko‘rgim keldi.

– Tog‘a Xivaga olib borib ko‘rsatib keling,- so‘radim.

– Olib borardimu, u kishiga qo‘yilgan yodgorlik yo‘q,– dedilar.

–Lenin bobo, Pushkin, Maksim Gorkiy, Komonavtlarning haykallari bor-ku ularniki nega yo‘q,- deya ajablandim.

Hozir o‘sha damlarni eslab Shovot bo‘yidagi obod manzaralarga qiyoslab qalbim tog‘dek yuksaldi. Ravon asvalt yo‘llar, yo‘laklarga uyg‘un charog‘on chiroqlar, ikkala qirg‘oqni tutashtiruvchi zamonaviy ko‘priklar ko‘zni quvontiradi. Eng asosiysi bolalikda ko‘p eshitganim, men uchun yuksak qahramonlik timsoli bo‘lgan Jaloliddin Manguberdi maydoni bunyod etilgan bo‘lib, sevimli qahramonimning siymosi qad rostlagan edi.

yer yuzidagi birinchi qo‘l yozma bizning mamlakatimizga daxldor ekanligini tasdiqlovchi Avesto maydoni, BMTining bu  kitob haqidagi fikrlari Shovot bo‘ylarini bezab turibdi.


 Bu yerdan o‘tib Al Xorazmiy yodgorligi poyiga borib, allomaga ta’zim bajo keltirdim. Bolaligimda orzu qilgan narsalarni ko‘rib ko‘nglim yayradi. Xuddi ana shunday qadriyatlarimizga monand qilib obod qilingan Shovot bo‘ylarini maxsus sayohat uchun qo‘yilgan paroxodda aylanib chiqdim. Shovot bo‘ylarining obodonlashtirilgani, milliy urf-odatlarga munosib madaniy dam oladigan maydonlar va maishiy xizmat ko‘rsatadigan mo‘jazgina binolar vujudga kelganligi kishini quvontiradi. Mustaqil O‘zbekistonning birinchi prezidenti Islom Abdug‘anievich Karimov ta’kidlaganidek, “O‘tmishsiz kelajak yo‘q”ligini qalbimga yana bir boy tuydim.

Bir paytlar buvim dugonasini yo‘qlab boradigan temir yo‘l bo‘yidagi pastqam, jin ko‘chalarni ko‘rish uchun shu yoqqa burildim. U ko‘chalardan asar qolmagandi. U yer endilikda “Yoshlik” ko‘chasi deb atalgan bo‘lib, bir-biriga uyg‘un zamonaviy uslabda qurilgan hovlilar vujudga kelibdi.

“Yoshlik” sport majmuasi ham shu yerda ishga tushgan ekan. O‘n gektar yerni egallagan majmuadagi basseynga kirib bolaligimizda shaharda bolalar hovuzi bo‘lmaganini esladim. Sport ustasi bolalarning harakatlarini nazorat qilib epchillikka o‘rgatayapti. Bolalarni bellashuvini ham tashkil etib, rag‘batlantirayapti. Zamon talablariga mos ulug‘vor basseyndan chiqib, badiiy gimnastika bilan shug‘ullanayotgan qizlarning go‘zal harakatlarini tomosha qilib, go‘zal shaharga go‘zal harakatlar yarashadi, deb  qo‘yaman.

Milliy kurash yo‘nalishiga kirib  buvim hikoya kilgan Pahlavon Maxmudni ko‘z oldimga keltirdim. Insholloh, bu yerdan yana jahonni ezguligi va jasoratidan lol koldirgan Pahlavod Maxmudlar chiqishini tiladim. U yerdan chiqib Olimpiya zahiralari kollejiga kirdim. O‘quv zallaridan, mashg‘ulot maydonlaridan chiqib kelayotgan gurros-gurros bolalarni ko‘rib, mamlakatimizning birinchi Prezidenti aytgan “Bolalarimiz bizdan bilimli, kuchli, dono va albatta baxtli bo‘lishi kerak degan so‘zlarini esladim. Albatta bugungi yoshlar baxt va saodat quchog‘ida. Ayniqsa keyingi ikki yil ichida jahonning sport maydonlaridagi bellashuvlarida mamlakatimiz yoshlarining erishayotgan yutuqlari barcha sohadagi keng qamrovli islohotlarning samarasi desak arziydi.

 Ko‘rganlarim, eslaganlarim bizdan “obod va ozod vatan qolsin” degan hikmatli so‘zlarni eslatdi.

Javlon SA’DULLAEV

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.