Deputatlar va yoshlar uchrashuvi

0
38
marta ko‘rilgan.

Mamlakatimizda olib borilayotgan islohotlarning yangi davrida yoshlarning faolligini har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga, zamonaviy dunyoqarash, bilim va ko‘nikmaga ega yoshlar safini yanada kengaytirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Ushbu maqsadlarni o‘z vaqtida va tizimli ravishda amalga oshirilishini ta’minlash uchun Prezidentimizning qator Farmon va qarorlari, Davlat dasturlari, chora-tadbirlar qabul qilinib, amaliyotga keng joriy etilmoqda.

Qayd etish joizki, ayniqsa, «Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili»da bu boradagi ishlar ko‘lami yanada kengaymoqda. Bunda yoshlarni qonun ijodkorligi jarayoniga keng jalb etish, ularning muhim tashabbus va takliflaridan qonun loyihalarini ishlab chiqish va takomillashtirish jarayonlarida foydalanish muhim ahamiyat kasb etadi.

Shu nuqtai nazardan Oliy Majlis Qonunchilik palatasida deputatlar va yoshlarning muntazam o‘tkazib kelinayotgan uchrashuvlari o‘sib kelayotgan avlodning siyosiy ongini yuksaltirish, qonun ijodkorligi sohasidagi tushunchasini kengaytirish, eng muhimi, parlament va deputatlar korpusi faoliyati haqida bilimini boyitishda amaliy jihatdan har tomonlama foydali bo‘lmoqda.

2021 yil 1 mart kuni o‘tkazilgan ana shunday uchrashuvda deputatlar, quyi palataning Yoshlar masalalari bo‘yicha komissiyasi a’zolari hamda Toshkent davlat yuridik universitetining professor o‘qituvchilari va talabalari ishtirok etdi.

Uchrashuvda yoshlarga Qonunchilik palatasi faoliyatining tashkiliy-huquqiy asoslari to‘g‘risida batafsil ma’lumot berildi. Ular quyi palatadagi siyosiy partiyalar fraksiyalari, qo‘mitalar, komissiyalar hamda deputatlarning qonun ijodkorligi faoliyati bilan yaqindan tanishtirildi.

Tadbir davomida yoshlarga qonun loyihalarini ishlab chiqish, ularning Qonunchilik palatasida dastlabki tarzda ko‘rib chiqilishi hamda loyihalarni yalpi majlis muhokamalariga tayyorlash va qabul qilish jarayonlari xususida so‘zlab berildi.

Muloqotlar jarayonida talabalar tomonidan berilgan savollarga xalq vakillari atroflicha javob qaytardilar. O‘z navbatida, bo‘lg‘usi huquqshunoslar tomonidan parlamentarizm va qonun ijodkorligini rivojlantirish, bu jarayonda yoshlarning faol ishtirokini yanada kengaytirishga qaratilgan qator takliflar ham ilgari surildi.

Shuningdek, talabalar Oliy Majlis Qonunchilik palatasining majlislar zallari hamda muzeyi faoliyati bilan yaqindan tanishtirildi.

Manbaa: parliament.gov.uz

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.