30 mart kuni Gruziya poytaxti Tbilisi shahrida dzyudo bo‘yicha nufuzli Gran-pri musobaqasi start oldi. Ushbu nufuzli musobaqada o‘zbekistonlik sportchilar ham ishtirok etishlari haqida xabar qilgandik. Bugungi bahslarda ikki nafar sportchimiz ishtirok etdi.
-66kg vazn toifasida gilamga chiqqan hamyurtimiz Shahram Ahadov ilk jangida mezbonlar vakili Zviad Xubulurini, keyin ozarbayjonlik Elchin Huseynovni mag‘lubiyatga uchratdi. Chorak finalda esa afsuski u braziliyalik Daniel Kargninga imkoniyatni boy berib qo‘ydi. Shunday bo‘lsada, hamyurtimizda bronza medali uchun kurashish imkoniyati saqlanib qoldi. O‘tish bahsida u gruziyalik Niko Chikaidzeni taslim etdi. Bronza medali uchun kechgan bellashuvda esa u boshqa bir mezbon sportchi Lasha Giunashvilidan ustun kelib, Gran-Prining bronza medali sohibiga aylandi.
Shahram Ahadov yanvar oyida bo‘lib o‘tgan Tunis Gran-Prisida oltin medalni qo‘lga kiritganini ham eslatib o‘tish lozim.
-60kg vazn toifasida yurtimiz sharafini himoya qilgan Doniyor Sultonboev armanistonlik Vagan Xovsepyan va Qirg‘iziston vakili Otar Bestaevni mag‘lubiyatga uchratgandi. Ammo, yarim final yo‘llanmasi uchun kechgan bahsda u mezbon sportchi Lukumi Chkvimianiga yutqazib qo‘ydi.
Ma’lumot uchun, musobaqaning ertangi kun bahslarida o‘zbekistonlik sportchilardan G‘iyosjon Boboev, Sharofiddin Boltaboev va Shermuhammad Jandrievlar ishtirok etadilar.
Manzil: O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi matbuot xizmati