«El-yurt umidi» jamg‘armasi direktori o‘rinbosari Javohir Ahmedov: Bir nafar talabaning xorijda tahsil olishi 75 ming dollarga tushadi

0
73
marta ko‘rilgan.

Prezidentimizning 2021 yil 11 fevraldagi “Davlat xizmatchilari va mutaxassislarni xorijda tayyorlash hamda ularning salohiyatini yanada oshirish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoniga muvofiq, “El-yurt umidi” jamg‘armasiga alohida vazifalar belgilangan.

Farmonda belgilangan vazifalar, ularning ahamiyati va ijrosi yuzasidan O‘zA muxbiri “El-yurt umidi” jamg‘armasi direktori o‘rinbosari Javohir Ahmedov bilan suhbatlashdi.

– Mazkur farmon jamg‘armamiz faoliyatini tubdan takomillashtirishga asos bo‘ladigan hujjat bo‘ldi, desak adashmagan bo‘lamiz, – deydi J.Ahmedov. – Xususan, jamg‘armaning 3 ta ta’lim dasturi asosiy ta’lim dasturlari sifatida e’lon qilinadigan bo‘ldi. 2021 yildan boshlab bakalavriat, magistratura va doktorantura dasturlari jamg‘armaning asosiy ta’lim dasturlari, deb hisoblanadi. Shu dasturlar asosida xorijdagi nufuzli universitet, ilmiy markaz va kompaniyalarda ta’lim olish tashkil etiladi.

Jamg‘armaning 4 asosiy yo‘nalishi mavjud. Birinchisi, bu davlat va jamiyat boshqaruvi, ikkinchisi, qonun ustuvorligini ta’minlash, sud-huquq sohasi tizimi, uchinchisi, ta’lim, soliqni saqlash va boshqa ijtimoiy sohalar, to‘rtinchisi, iqtisodiyot sohalari va tarmoqlari yo‘nalishlari kesimida tanlov kvotalari e’lon qilinadi. Jamg‘armaning asosiy ta’lim dasturlari bilan bir qatorda uning yo‘nalishlari ham belgilab olindi. Ilk bor bakalavriat dasturi asosida xorijdagi nufuzli universitetlarga 3 yildan 4 yilgacha bo‘lgan muddatda ta’lim olish tashkil etildi. Magistratura dasturida 1 yildan 2 yilgacha, doktoranturada esa bu ko‘rsatkich 1 yildan 4 yilgacha bo‘lgan muddatlarni o‘z ichiga olishi mumkin.

E’tiborli jihati shundaki, mazkur farmon bilan jamg‘armaning ta’lim dasturidan tashqari maqsadli stajirovka dasturlari tashkil etilishi belgilandi. Maqsadli stajirovka bu respublikamizdagi barcha vazirlik va idoralarning ustuvor mutaxassisligida e’lon qilinadi. Ularning buyurtmalari bilan jamg‘arma yirik-yirik xorijiy kompaniyalar bilan stajirovka dasturlarini tashkil etib beradi.

– “El-yurt umidi” jamg‘armasi tashkil etilgandan buyon qancha talaba yoki davlat xizmatchisini xorijga malaka oshirishga yubordi?

– Jamg‘armamiz tashkil etilganiga 2 yil bo‘ldi. Mana shu muddatda mingga yaqin yosh mutaxassislarimizni magistratura, doktorantura, stajirovka va malaka oshirish dasturlari doirasida dunyoning rivojlangan 30 dan ortiq mamlakatlarida ta’lim olishi va stajirovka o‘tashi tashkil etildi. Bugungi kunda 932 nafar mutaxassisimiz mamlakatimizga qaytib kelib, 200 dan ortiq soha va yo‘nalishlarda, vazirlik idoralarda faoliyatini davom ettiryapti. “El-yurt umidi” jamg‘armasini bitirib kelgan nomzodlarga vazirlik va idoralarda talab yuqori bo‘lmoqda.

– “El-yurt umidi” jamg‘armasi tomonidan malaka oshirishga yuborilgan xodim uchun davlat tomonidan qancha mablag‘ ajratiladi?

– 2021 yilda tasdiqlangan davlat byudjeti parametrlariga ko‘ra, jamg‘arma dasturlarini moliyalashtirish uchun 62 milliard so‘m ajratilgan. Shu bilan birga, mazkur farmon bilan vasiylik kengashiga 2 oy muddatda 1 talabaga ketadigan xarajatlarni tasdiqlash bo‘yicha topshiriq berilgan.

Bir so‘z bilan aytganda, jamg‘armamiz tomonidan xorijga yuborilgan stipendiantlarimizning barcha xarajatlari – o‘qishi, yashashi, transport xarajatlari qoplab beriladi. Ilgari top 500 talik reytingga kirgan oliy ta’lim muassasalari moliyalashtirilgan bo‘lsa, mazkur farmon bilan top 300 talik reyting moliyalashtiriladi. Aytish joiz, xorijiy oliy ta’lim muassasalarining qanchalik reytingi yuqori bo‘lsa, shunchalik o‘qish qiymati ham yuqori bo‘ladi. O‘tgan yillarda 1 nafar talaba xorijda tahsil olishi uchun 75 ming dollargacha mablag‘ to‘liq moliyalashtirilgan. Talaba o‘qishni tamomlab qaytib kelganidan so‘ng 7 yil davomida ishlab berish sharti qo‘yilgan. Hozirda bu borada o‘zgarishlar amalga oshirilmoqda.

– Xorijda o‘qigan stipendiant qandaydir sabablarga ko‘ra o‘qishdan chetlashtirilsa yoki davlat tashkilotida ishlay olmasa, bu jarayonda jamg‘arma tomonidan qilingan xarajatlar qanday qoplanadi?

– Juda dolzarb mavzuni ko‘tardingiz, avvalo, stipendiant g‘olib bo‘lganidan keyin u bilan to‘rt tomonlama shartnoma imzolanadi. Shartnoma shartlarida shu masala kiritiladi.

Jumladan, stipendiant uzrli va uzrsiz sabablarga ko‘ra talabalar, magistrlar yoki doktorantlar safidan chetlashtirilgan holatda, birinchi navbatda, stipendiantga sarflangan barcha xarajatlarni qaytarish haqida vasiylik kengashiga qaror chiqaramiz. Vasiylik kengashi qarorni tasdiqlaganidan keyin sudning qarori bilan stipendiantdan ushbu xarajatlar qoplanadi.

– Chet elga o‘qishga yuborilgan kadr O‘zbekistonga qaytib kelishni xohlamadi. O‘qishni tugatganidan keyin o‘qigan mamlakatida ishlashni xohladi. Bunaqa jarayonlarda qanday yo‘l tutiladi?

– To‘g‘ri, xorijda tahsil olayotgan talabalarimizning ba’zilari xorijiy davlatlarga mahliyo bo‘lib yoki yuqori maosh taklif qilsa, fikri o‘zgarishi mumkin. Bunday holatlarning oldini olish maqsadida 4 tomonlama shartnoma imzolayapmiz. Mazkur shartnomada ota-onasiga agar farzandi chet eldan qaytib kelishni istamasa, sarflangan xarajatlarni qoplab berish shartini qo‘yamiz.

O‘zA muxbiri Shahnoza MAMATUROPOVA suhbatlashdi. 

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.