Endilikda taekvando bo‘yicha milliy terma jamoamiz Janubiy Koryeyada o‘quv-mashg‘ulotlari o‘tkazadi

0
239
marta ko‘rilgan.

Kuni kecha O‘zbekiston taekvondo assotsiatsiyasi prezidenti Botir Parpiyev hamda Janubiy Koryeyaning taekvondoni rivojlantirish jamg‘armasi raisi janob Kim Song Te o‘rtasida yurtimizda mazkur sport turini rivojlantirish borasida zamonaviy infratuzilmani yaratish va uni jihozlash, shuningdek, milliy terma jamoamizni Janubiy Koryeyada o‘quv-mashg‘ulotlarini o‘tkazish, qator turnirlarni tashkil etish loyihalari bo‘yicha memorandum imzolandi, — deya xabar beradi O‘zbekiston Taekvando Assotsiatsiyasi.

— So‘nggi yillarda o‘zbekistonlik taekvondo ustalari xalqaro musobaqalarda muvaffaqiyatli ishtirok etib, jahon va qit’a chempionatlarida g‘alaba qozonishmoqda, — deydi Kim Song Te. — Bunga yurtingizda jismoniy tarbiya va sportni ommalashtirish borasida olib borilayotgan islohotlar asosiy omil bo‘lmoqda. Bundan buyon hamkorligimiz natijasida sportchilaringiz muntazam ravishda dunyoning kuchli sportchilari ishtirokida Janubiy Koryeyada o‘tadigan yig‘inlarda qatnashishlari mumkin. Bundan tashqari, yurtingiz sportsevarlariga taekvondo bilan to‘laqonli shug‘ullanishlari uchun jamg‘armamiz tomonidan sport kiyimlari va zarur jihozlar ham taqdim etamiz.

Xabaringiz bor, joriy yilning avgust oyida Butunjahon taekvondo federatsiyasi rahbari Cho Chung Von respublikamiz prezidenti qabulida bo‘lib, mazkur uchrashuv doirasida mamlakatimizda ushbu sport turini aholi, xususan, yoshlar o‘rtasida yanada rivojlantirish, yirik xalqaro turnirlarni muntazam o‘tkazib borish, terma jamoalarni musobaqalarga tayyorlash borasidagi hamkorlik masalalari muhokama qilingan edi. Mazkur memorodum ana shu uchrashuvning hosilasi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.

Sur’at O‘zbekiston Taekvando Assotsiatsiyasi saytidan olindi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.