Farxobdek Sobirov eng yosh atletlardan biri

0
93
marta ko‘rilgan.

O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi matbuot xizmati xabariga ko‘ra, AQShning Anaxaym shahrida davom etayotgan og‘ir atletika bo‘yicha jahon chempionatida 4 dekabr kuni terma jamoamiz a’zosi Farxodbek Sobirov dast ko‘tarish mashqida dunyoning eng kuchli atletlari qatoriga kirib, kumush medalini qo‘lga kiritgandi. Farxodbek dastlabki urinishida 175 kg. toshga buyurtma berib, uni ortiqcha qiyinchiliksiz ko‘tara oldi. 
 
Yosh atletimiz keyingi urinishlarda 177 va 183 kg. og‘irlikdagi toshlarni ham o‘ziga bo‘ysundirib yakunda o‘z vazn toifasida ikkinchi o‘rinni egalladi. Ushbu vazn toifasida oltin medal eronlik Sohrab Moradiga nasib etdi. U Farxodni bor yo‘g‘i 1 kilogrammga ortda qoldira oldi. Bronza medaliga esa litvalik sportchi Aurimas Didzbalis ega chiqdi. Uning qayd etgan natijasi 176 kg. bo‘ldi. 
 
E’tiborli tomoni, Farxobdek Sobirov ushbu vazn toifasida ishtirok etgan eng yosh atletlardan biri edi. Ammo shunga qaramay u 20 yoshida kattalar o‘rtasidagi jahon chempionatida oltinga teng bo‘lgan kumush medalini qo‘lga kirita oldi. Nasib qilsa Tokio 2020 Olimpiya o‘yinlarida Sobirov o‘zining eng navqiron yoshida bo‘ladi. Demak, kunchiqar yurtda tashkil etiladigan yozgi Olimpiya o‘yinlarida Farxodbek Sobirovdan ham umidlarimiz katta bo‘ladi. 
 
Ma’lumot uchun, Farxodbek Sobirov shu kunga qadar yoshlar o‘rtasidagi jahon chempionatlarida ikki marta g‘oliblikni qo‘lga kiritgan. 2016 yili Gruziya poytaxti Tbilisi va 2017 yilda bo‘lajak Olimpiya o‘yinlari mezboni Tokioda hamyurtimiz sharafiga madhiyamiz yangrab, muzaffar bayrog‘imiz sarbaland ko‘tarilgandi. AQShdagi nufuzli musobaqada qo‘lga kiritilgan kumush esa Farxobdek uchun kattalar o‘rtasidagi jahon chempionatidagi ilk sovrin bo‘lib qoladi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.