Istiqlol timsoli

0
2052
marta ko‘rilgan.

Biz yosh avlodlarimizni boshlagan buyuk ishlarimizning munosib davomchilari etib tarbiyalamoqchi bo‘lsak, hech shubhasiz, qanday og‘ir, shu bilan birga, sharafli yo‘lni bosib o‘tganimiz, dunyo hamjamiyati tan olayotgan yuksak yutuq va marralarimiz tariximiz solnomasida o‘chmas iz qoldirishi, xalqimizning ongu tafakkurida muhrlanishi, milliy g‘oyamiz, mafkuramiz asosiga aylanishi shart.

Bu vazifani birinchi navbatda kim mahorat bilan amalga oshira oladi? Albatta xalq manfaati, Vatan taqdirini qalbidan, yuragidan o‘tkazib yashaydigan siz, hurmatli jurnalist da’vatkor so‘zi, ibratli faoliyati bu borada hal qiluvchi o‘rinni tutadi, deb ishonaman.

Islom Karimov

 

Istiqlol ijodimga qanot bag‘ishladi,

deydi O‘zbekiston Respublikasi 1-darajali Davlat mukofoti

sovrindori Rustam Yermetov

Har bir davlatning o‘ziga xos ramzi bo‘ladi. Xalqimiz baxt qushi – xumodek laylaklarni ham juda qadrlaydi. Laylak uya qurgan maskanga tinchlik, qut-baraka, osoyishtalik, ezguliklar, baxt-saodat kiradi, deb niyat qilishadi. Vatanimizning yuragi – “Mustaqillik” maydonidagi laylaklar bilan bezatilgan arka yurtimizning ramziy darvozasi! Mamlakatimizning ramziy darvozasining ulug‘vor kengliklarida osmon o‘par balandliklarida oppoq laylaklar samo quchmoqda, Markaziy arkaning ikki tomonidagi kengliklarning ustida esa laylaklar bir oyog‘ini ko‘tarib orom olishyapti. Betakror manzaralar oldida lol qolib, o‘ylanasiz, ular nega bitta oyoqda turib osoyishta uzoqlarga boqishyapti!? Parvoz qilayotgan laylaklar hamda bir oyog‘ida orom olayotgan laylaklar timsolida go‘zal hayot falsafasi mavjud. Laylaklar baland uchadi va tinch yurtlarga maskan quradi. Qachonki, qo‘ngan joyida o‘zini bexavotir sezsa, bir oyoqda turib dam oladi. Unda Vatan mustaqilligining parvozlari baland va shukuhli, yurtimiz osoyishta va qut-barakali bo‘lishiga tilakdoshlik niyatlari mujassamlashgan. Darhaqiqat, tinchliksevar, elparvar yurtimiz odamlarining har biri mustaqil O‘zbekistonning parvozi yuksak, yurtimiz tinch, xonadonlarimiz qut-barakali bo‘lishini va kelajak avlodlar baxtli-saodatli yasashini istaydi.

Toshkentning markaziy maydonidagi uchta manument bir-biriga uyg‘un bo‘lib, ko‘ngillarga kuvonch bag‘ishlab turibdi. Poytaxtning go‘zal markaziy maydoniga 1991 yil 5 sentyabr kuni “Mustaqillik” maydoni nomi berildi. U yerdagi totalitar davrdan qolgan ramzlar o‘rniga Mustaqil O‘zbekiston xaritasi aks etgan yer sharining ramzi qo‘yildi. Bu timsol o‘zbek xalqi asr davomida orzu qilgan Mustaqil O‘zbekiston davlati vujudga kelganini ifodaladi. “Mustaqillik” manumenti yonidagi “Baxtiyor ona” haykali yurtning qut-barakasi bahordan boshlanganidek, yurt kelajagi sog‘lom va baxtiyor farzanddan boshlanishini ifodalaydi. Shuning uchun yurtimizda sog‘lom avlod tarbiyalash vazifasi mustaqillikning ilk yilidan-oq umumxalq harakatiga aylantirildi. Darhaqiqat, bugungi kunda har bir ona-bola Vatan g‘amxo‘rligini his qilmoqda. Ona va bola muhofazasiga bo‘lgan e’tibor yuksakligini butun jahon ahli tan olmoqda. “Baxtiyor ona” haykali ana shu hayot haqiqatini ifodalab turibdi. Laylaklar aks ettirilgan arka esa “Ezgulik” monumenti deb ataladi. Bir-biriga uyg‘un uchta timsollar”Mustaqillik va ezgulik” manumenti sifatida yurtimiz odamlariing oppoq orzularini ifoda etadi. Darhaqiqat, o‘tgan 25 yil ichida poytaxtimizning bosh maydoni Vatanimizning tinchligi, elimiz odamlarining bunyodkorligi, baxt – saodati ramzi bo‘lib qoldi.

Bayramlarda, tantanali kunlarda poytaxtning Markaziy maydoni shukuhli davrimizni ifoda etadi. Yosh avlod, munis onalar, donishmand otalar, mehmonlar va yangi hayotga qadam qo‘yayotgan oppoq liboslardagi kelin – kuyovlar oq yaktakli laylaklar ifodalangan “Ezgulik arkasi”dan o‘tib, O‘zbekiston xaritasi aks etgan “Mustaqillik” manumenti yonidagi “Baxtiyor ona” haykali poyiga gullar qo‘yib, ta’zim bajo keltiradilar. Hatto oddiy ish kunlarida ham ham bu go‘zal maskan saylgohga aylangan. Ko‘kka bo‘y cho‘zgan favvoralar ostida sayl qilib huzurlanayotgan ona-yu bolalarni kuzatganda beixtiyor bir oyoqda turgan laylaklarga boqasiz. Naqadar uyg‘un va uyqash betakror manzara! Bu onlar yurt tinchligini, xalqimiz hayoti osoyishtaligini, xonadonlar qut-barakali ekanligini ifodalab turgani bilan dillarni yanada ezguliklarga to‘ldiradi. Ular abadiyat qasri bo‘lib bolalarni Vatanga muhabbat ruhida tarbiyalashga munosib hissa qo‘shib turibdi.

Mustaqillik maydonining yonida 2009 yilda muhtasham O‘zbekiston xalqaro anjumanlar saroyi qad rostladi. Anjumanlar saroyining kumushdek tovlanayotgan mahobatli gumbazi ustida bir juft oppoq laylaklar mag‘rur qo‘nim topgan. Ularni uzoqdan kuzatsangiz, go‘yo uzukka qo‘yilan durdek tovlanib turibdi. Go‘yo ular mamlakatimizga tinchlik, ijodkor olijanob xalqimizga baxt-saodat tilayapti. Shuningdek, xalqimiz, millatimiz asrlar davomida odamiylik, insonni qadrlash, mehr-oqibat, bag‘rikenglik kabi ezgu fazilatlarni ko‘z qorachig‘idek asrab-avaylab, necha-necha avlodlarga bezavol yetkazib kelayotganini anglatib turibdi.

Yurtimizning go‘zaligiga go‘zallik, elimiz odamlarining quvonchiga quvonch qo‘shayotgan oq yaktakli laylaklarning haykaltaroshi Turon akademiyasi akademigi, O‘zbekiston Respublikasi 1-darajali Davlat mukofoti sovrindori Rustam Yermetov bo‘ladi. U ayni kunda Kamolliddin Behzod nomidagi milliy rassomlik va dizayn institutida talabalarga dars berib. yoshlarga ustozlik qilmoqda. Biz u kishiga bir necha savollar bilan murojaat qildik:

– Laylaklar Mustaqillik maydonida, Anjumanlar saroyining gumbazida mo‘jazgina ko‘rinadi, siz ijod qilayotgan onlaringiz muhrlangan suvratlarga e’tibor bersak, qator tirgak va ustunlar qo‘yilgan holda quruvchilardek ijod qilyapsiz. Albatta, bu zahmatli mehnat va ulug‘vor ijodkorlik ekanligini his qildik.

– Albatta, kuzatganingizdek, kichik maketlardan ko‘ra katta narsani yasash qiyin kechadi. Uni mitti modeldan ulug‘vor asl nusxaga yetkazish va mustahkam mis metalga o‘tkazish lozimligi haykaltaroshdan yanada ko‘p mehnat va kuch – quvvat talab qiladi.

Ushbu go‘zalliklarning asosiy muallifi O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimov bo‘lib, ularning o‘y-fikrlari, yorug‘ g‘oyalari, donishmandona ko‘rsatmalari, cheksiz e’tibori va g‘amxo‘rligi asosida yaratildi. Ushbu mehnatim davomida xalqimizning har qadamiga, har bir parvoziga kamarbasta bo‘lib turgan mustaqil davlatimizning donishmand yurtboshisi borligini yanada yaqindan his qildim.

Yurtimizning yuragi – mamlakatimizning bosh maydoniga olijanob xalqimizning mehnati mujassamlashgan. Ushbu ulug‘vorlikka kichkinagina mexnatim mahsuli qo‘yilganligi meni behad quvontiradi. Bu ulug‘vor markaziy maydonga kamtarona mehnatim singgani mening omadim, baxtim deb o‘ylayman.

Nevaralarim, shogirdlarim bilan Mustaqqillik maydoniga tez-tez boraman. Baxtiyor kelin – kuyovlarni, milliy bayramlarimizni nishonlayotgan ko‘zlarida quvonch porlayotgan yurt odamlarini, maydonni qiziqish bilan tomosho qilayotgan mehmonlarni ko‘rganimda qalbim hapriqib ketadi. Ularga mehnatim ma’qulmi, ularning roziligini ola bildimmi deb ko‘zimdan yosh chiqib ketadi. Zero, ularning bari pirovardida xalqimiz va ularning osoyishta hayot kechirishlari uchun yaratilgandir. Unday paytlarda Vatan mustaqilligini alqayman. Bolalarimga, shogirdlarimga “Shukr denglar, qanoat qilinglar, bu laziz damlarning qadriga yetinglar, qaroqlarim” deyman.

Biz suhbatlashib o‘tirganimizda turmush o‘rtog‘i o‘zlarining ta’biri bilan aytganda”eng yaqin yordamchisi” Shohidaxon Yermetova yana yangi-yangi rasmlarni olib keldi. Ularning birida Koreya respublikasida bo‘lib o‘tgan anjuman aks etgan. Rustam Yermetov ushbu anjumanda O‘zbekiston davlati Mustaqil bo‘lganligi uchun qatnasha olganligini e’tirof etadi:

– Meni Koreyada bo‘lib o‘tadigan haykaltaroshlarning an’anaviy anjumaniga taklif qilishdi. Anjuman doirasida haykaltaroshlik ko‘rgazmalari mavjud “bog‘i eram”ga olib borishdi. U maskanga barcha mamlakatlardan san’atkorlar yig‘ilib, o‘z Vatanining haykaltaroshlik hunarini namoyish etishar ekan. Va mamlakat nomidan esdalik sifatida shu yerda yaratilgan asarini qoldirishar ekan. Ushbu ijodiy ko‘rgazmaning yonida mamlakat ramzi – bayrog‘i qo‘yilar ekan. Barcha mamlakatlar qatorida bizning O‘zbekiston bayrog‘i turganini ko‘rganimda quvonchimga quvonch qo‘shilganini tassavur eta olmaysiz! Shuningdek, asarimning yoniga ikki tilda “O‘zbekiston – Koreya” deb yozib qo‘ydim. E’tibor bering, avval o‘zbek tilida so‘ngra, koreys tilida bitilgan. – deydi u faxr bilan.

Haykaltarosh yozuvlarni, O‘zbekiston bayrog‘ini ko‘rsatib, o‘zi yasagan qush timsolini bir – bir sharhlab quvonadi. “Hayotda o‘z o‘rningni topa olishing, mehnatingni qadrlanishi ijodkor uchun katta baxt deb bilaman. Bular haqida nevaralarimga so‘zlab berayotganimda, dunyoda bekor yashamadim, mustaqqillikka munosib hissa qo‘sha oldim deb quvonaman.” – deydi u.

Darhaqiqat, Rustam Yermetov aytganidek, ulug‘vor Vatan munosib xizmat qilish katta baxt. Zero, poytaxtdagi “Mustaqillik” maydoni – Vatan yuragi, istiqlol timsoli! “Ezgulik arkasi” esa mamlakatning ramziy darvozasi. Xalqimizga qanot, elga tirgak – pok orzular timsoli laylaklar esa unga uyg‘unlashib, katta ma’no-mohiyatni o‘zida ifoda etadi. “Mustaqillik va zzgulik” manumentlari juda ko‘plab kishilarning mehnatini, ijodkorligini ifoda etib turibdi. Bu maydon insonning buyukligini, azizligini, ijodkorligini, bunyodkorligini ifodalab turibdi. Ta’bir joiz bo‘lsa, Bosh maydonimizdagi ezgulik, tinchlik, baxt-saodat, qut-baraka elchisi laylaklar go‘yo elimizning vatanparvar va mehnatkash kishilariing shukronasini bildirib turibdi.

Vatanimiz mustaqilligi baland uchayotgan laylaklardek yuksak parvozli bo‘laversin!

Ra’no Zaripova,

O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan jurnalist

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.