Xo‘janiyozova Shakarjon Yusupovna

0
203
marta ko‘rilgan.

Xorazm viloyati hokimining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari Shakarjon Yusupovna Xo‘janiyozova 63 yoshida vafot etdi. Dafn marosimida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Xorazm viloyati hokimligi va Shakarjon Xo‘janiyozovaning oila a’zolariga yo‘llagan ta’ziyanomasini O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining davlat maslahatchisi Qahramon Quronboyev o‘qib eshittirdi. Shakarjon Xo‘janiyozova Bog‘ot tumanining Nukus qishlog‘idagi qabristonga dafn etildi, deya xabar beradi Xorazm viloyati hokimligining matbuot kotibi Shuxrat Matkarimov xorazm.uz saytida.

1955 yilda Xorazm viloyatining Bog‘ot tumanida tug‘ilgan Shakarjon Xo‘janiyozova joriy yilning 25 yanvaridan viloyat hokimi o‘rinbosari lavozimida ishlab kelayotgandi. Bundan avval, u Xorazm viloyati hokimining tashkiliy, iqtisodiy va ijtimoiy rivojlantirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari, viloyat Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi, shuningdek, Bog‘ot tuman hokimi lavozimida mehnat qilgan.

Xo‘janiyozova ish faoliyatini 1977 yil Bog‘ot tuman jamoa xo‘jaligi hisobchiligidan boshlagan bo‘lib, keyinchalik shu tumandagi 6-sonli o‘rta hunar-texnika bilim yurti direktori o‘rinbosari, so‘ngra direktori bo‘lib ishlagan.

U O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi deputati va mamlakat parlamenti ikki palatali davrida Oliy Majlis Senati a’zosi sifatida faoliyat yuritdi.

U hukumatimiz tomonidan «Mehnat shuhrati» va “Fidokorona xizmatlari uchun” ordenlari, «O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan qishloq xo‘jaligi xodimi» faxriy unvonlari bilan taqdirlangan.

“Xorazm viloyati jamoatchiligi og‘ir judalikka uchradi. Bevaqt o‘lim ajoyib inson, mohir tashkilotchi, iqtidorli rahbar, meribon ona Xo‘janiyozova Shakarjon Yusupovnani 63 yoshida oramizdan olib ketdi. Elimizning qadrli farzandi, ajoyib inson, yurt ravnaqi va el farovonligi uchun tolmas kurashchi Shakarjon Xo‘janiyozovaning porloq xotirasi qalbimizda mangu yashaydi”, deyiladi xorazm.uz saytida bir guruh safdoshlari tomonidan yozilgan ta’ziyanomada.

«Sog‘lom ona va bola» markazi va gujum. uz sayti tahririyati ham Shakarjon Xo‘janiyozovaning bevaqt o‘limi munosabati bilan uning oila a’zolariga hamda yaqinlariga chuqur ta’ziya bildiradi.

Shakarjon Xo‘janiyozovaning oxirgi manzili- yotgan qabri nurga to‘lsin!  Olloh oxiratini obod qilsin!

 

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.