O‘zbekiston allomalar yurti

0
6591
marta ko‘rilgan.

Mustaqillikning birinchi kunidanoq mamlakatimizda azaliy va avvaliy milliy qadriyatlarimizga, qadimiy madaniy obidalarimizni ta’mirlashga, buyuk allomalarimizning nomlarini qayta tiklashgaa alohida e’tibor berila boshlandi.

Hozir O‘zbekistonda 74 ta qadimiy ziyoratgoh mavjud. Ular mamlakatimizda yashab o‘tgan allomalarning nomlari bilan bog‘liq. O‘zbekistonda asrlar mobaynida yaratilgan, rivojlantirilgan g‘oyat katta ilm, mo‘jizakor ijodiy mehnat bor. Jahon ilm durdonasiga behisob hissa qo‘shgan buyuk o‘g‘lonlari, o‘z zamonasining ilm olamining sultonlari yashab o‘tgan! Bugungi kunda jahon bo‘yicha ishlatilayotgan 1 dan 9gacha bo‘lgan matematik raqamlariga nolni qo‘shib, XX asr fani – kibernetikasiga asos solgan olim deyarli 1200 yil avval yashab o‘tgan bizning ajdodimiz – al-Xorazmiy! Algebra fani, mashhur allomaning ismi bilan bog‘liqligi, ya’ni al-Jabr bora-bora algebraga aylanganini, Algaritm so‘zi Al-Xorazmiy so‘zining assimiliatsiyaga uchragan shakli ekanligini va bizning avlod uni o‘qib matematikani o‘rganayotganligini bugungi kunda jahon ahli tan olyapti.

Yerning dumaloq shaklda ekanligini isbotlab, dunyo xaritasini tuzgan va uni globus shaklida birinchi aks ettirgan ensiklopedik olim ham Al Xorazmiyga zamondosh. yurtdoshimiz Abu Rayhon Beruniy ekanligini o‘quvchilar ongi-shuuriga qayta-qayta quyish an’anaga aylanganligi kishida iftixor tuyg‘usini yuksaltiradi.

Mukammal tibbiyot qonunlarini yaratgan Beruniy va Xorazmiylarning zamondoshi Abu Ali ibn Sino kitoblaridan jahon tibbiyotida hamon dasturulamal sifatida foydalanilmoqda. Agar e’tibor bersak, “Tib qonunlari”da murakkab jarrohlikdan tortib, oddiy ovqatlanish madaniyatigacha o‘rgatilgan. Inson salomatligini avaylash avvalo o‘zidan, oddiy ovqatlanish madaniyatidan boshlanadi, degan o‘gitlari bugungi kunda har bir farzandga singdirilmoqda?!

Daryolar suvini o‘lchaydigan uskuna yaratgan va dastlab Nilning suv hajmiyu sig‘imini o‘lchab bergan bizning vatandoshimiz va yuqorida tilga olingan allomalarga zamondosh al-Farg‘oniy!

“Ziji Kurogoniy” asarida yulduzlar jadvalini tuzib falakiyot ilmini dunyoga tanitgan ham bizning ajdodimiz 14 asarda yashab o‘tgan Mirzo Ulug‘bek!

Mirzo Ulug‘bekga deyarli zamondosh hazrat Alisher Navoiyning “Majolis-ul-nafois” va Nasoimul-muhabbat” asarlarida ajdodlarimizning ta’rifu-tavsiflari go‘zal ifoda etilgan 500 dan ortiq shoiru fuzaloni e’tirof etganlar. Ajdodlarimizdan urf bo‘lgan bu an’anani kelgusi avlodlarimizga yetkazish bizning burchimiz. Beruniy, Xorazmiy, Sohibqiron Amir Temur, Mirzo Ulug‘bek, Alisher Navoiy, Zahiriddin Bobur, Jaloliddin Manguberdi kabi ulug‘larimiz navqiron avlodning g‘urur tog‘laridir. Mamlakatimiz istiqloli tufayli Islom madaniyati va taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shgan Zamaxshariy, Imom Buxoriy, Moturidiy kabi allomalarning kitoblari o‘rganila boshlandi

Darhaqiqat, Turonzamin sadosi – ma’naviyati, madaniyati, ma’rifati dunyo kabi qadimiy va ulug‘vor! Ajdodlarimish mehnatining mahsuli bo‘lmish hoyat qimmatli va eng qadimiy qo‘lyozma “Avesto”dagi go‘zal bitiklar ham anna shundan dalolat beradi. Eramizdan oldingi davrda yaratilgan yozma manba “Avesto”da olamni munavvar qiluvchi quyosh Sharqdan chiqishi tilga olinadi. Zero, quyosh bilan olam munavvarlashadi, jamiki tabiatu mavjudot harakatga keladi.

Zero, tabiat o‘z quyoshi bilan, inson o‘z ijodiy faoliyati bilan ajralib turadi. Biz dunyoga mashhur allomalarni bejiz tilga olmaymiz. Undan maqsadu muddaomiz yagona – millatning yuzi bo‘ladigan, buyuk Vatanimizga munosib komil inson tarbiyalash, ya’ni rango-rang gullariga hamohang “jajji chechaklarni” parvarishlashdir.

 

Ra’no Zaripova,

O‘zbekiston Respublikasida Xizmat ko‘rsatgan jurnalist

 

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.