“Qisasi Rabg‘uziy” asarining o‘ziga xos xususiyatlari

0
5230
marta ko‘rilgan.

Milodiy 1309–1310 yillarda yozilgan “Qisasi Rabg‘uziy” asarini kitobat olamining go‘zal, betakror bir obidasiga qiyos etgulik! Yozma yodgorlikda Odam Ato va Momo Havodan tortib, Muhammad Mustafogacha yashab o‘tgan payg‘ambarlarning hayoti, ezgu o‘yu amallari hikmatlar, rivoyatlar orqali mohirona aks ettirilgan. Unda Sharq falsafasi bilan qadimiy milliy qadriyatlarimiz uyg‘unlashib ketgan.

Qadimiy turkiy tilni o‘zida ifoda etgan bebaho durdona ikki kitobdan iboratdir. Sobiq sovetlar davrida hayoti va ijodi o‘rganilishi taqiqlangan allomaning ushbu asari Mustaqillik sharofati va tariximizga munosabat o‘zgarganligi tufayli darsliklardan o‘rin oldi. Masalan, 9-sinf adabiyoti majmuasiga Nosiruddin Burhonuddin Rabg‘uziy(oxirati obod bo‘lsin)ning mashhur asarlaridan namunalar kiritilgani buning isbotidir. “Qisasi Rabg‘uziy” asari o‘zbek nasriy adabiyotining birinchi yirik namunasidir.

El orasida qadimdan mashhur bo‘lgan bu asar “Payg‘ambarlar qissasi” yoki “Avliyolar qissasi”deb ham yuritiladi. Zero, asarda Odam Atodan boshlanib, Muhammad alayhis-salomgacha o‘tgan barcha payg‘ambarlar haqida zikr etiladi. Kitobda afsonaviy payg‘ambarlar bilan birga payg‘ambarlashtirilgan shaxslarga, jumladan, Luqmoni hakim, Iskandar Zulqarnaynga ham katta o‘rin berilgan.

Asar muqaddimasida aytilishicha, qo‘lyozma Xorazmda Raboto‘g‘uz degan joyning qozisi Burhonuddin o‘g‘li Nosiruddin tomonidan musulmon dinini qabul qilgan, e’tiborli mo‘g‘ul beklaridan hisoblangan Nosiruddin To‘qbug‘aning iltimosiga ko‘ra, hijriy 709 (milodiy 1309–1310) yilda yozilgan. Nosiruddin Rabg‘uziy asarni deyarli bir yillik tinimsiz mehnatdan so‘ng hijriy 710 yilning Hut (melodiy 1310 yil 21 fevral-21mart) oyida nihoyasiga yetkazadi. Bu haqida qo‘lyozmaning so‘zboshisida ya’ni, Rabg‘uziyning o‘zi tomonidan yozilgan birinchi kitobdagi muqaddimada keng qamrovli sharh berilgan.

Shuningdek, muallif ikkinchi kitobning she’riy xulosasida ham uni qachon yozganligini ifoda etadi. “O‘zgalar dunyo lazzati deb, qimmatbaho toshlardan mol dunyo yiqqanida, xushmanzara joylarda ko‘ngil ochib yurganida men so‘zdan gavharu dur tuzdim”, deb bashorat qiladi. Darhaqiqat, ushbu kitob o‘lmas ganjina bo‘lib, asrlardan asrlarga, xalqlar tilidan o‘zga xalqlar tiliga o‘tib kelyapti. Rabg‘uziy uni shunday ifoda etadi:

O‘zgalar ko‘p olamunchoq tuzdilar el tizginib,

Man guvar, dur, yinju tuzdim, kezmadim yobon yozi.

Yetti yuz o‘n erdi yilg‘akim bitildi bu kitob,

Tug‘mish erdi ul o‘g‘urda Hut saodat yulduzi.

Darhaqiqat, allomaning o‘zi aytganidek, asarni duru gavharga qiyos etgulik. Ayni paytda bu kitobni butun jahon ahli o‘qib o‘rganayotganligi buni tasdiqlaydi.

Asarning eng qadimiy qo‘lyozmasi XV asrda ko‘chirilgan bo‘lib, u Britaniya muzeyida saqlanmoqda. Ushbu nusxaning faksimelisi mashhur matnshunos K. Gronbek tomonidan 1948 yili Kopengagenda nashr qilingan. Qarangki, bizning kitobxonlarimizga o‘qish ta’qiqlangan kitob, o‘sha davrda Yevropada keng tarqalgan va qiziqish bilan o‘qilgan.

Rabg‘uziy asarining qo‘lyozma nusxalaridan eng mo‘tabarlaridan yana biri Rossiya Sharqshunoslik institutining Sank-Peterburg bo‘limida S-245 inventar raqami bilan saqlanayotgan nusxasi bo‘lib, u XV yoki XVI asrda ko‘chirilgan deb taxmin qilinadi.

“Qisasi Rabg‘uziy”ning boshqa nusxalari keyingi davrlarda ko‘chirilgan bo‘lib, bularning leksikasi vaqt taqozosiga ko‘ra o‘zgarib borgan. XIX asrning ikkinchi yarmi va XX asrning boshlarida yodgorlik Toshkent, Qozon shaharlarida litografiya asosida bir necha marta nashr qilingan. Asarning to‘la teksti ilk marta rus turkshunos olimi N. I. Ilminskiy tomonidan 1859 yili Qozon shahrida e’lon qilingan. Bu nashr nisbatan keyinroq ko‘chirilgan nusxaga asoslangan bo‘lib, til jihatdan asl nusxadan ancha farq qiladi.

XIX asr oxirlari va XX asrning boshlarida “Qisasi Rabg‘uziy”ning ayrim parchalarining ruscha tarjimasi, ba’zi lingvistik sharhlar bilan P. M. Melioranskiy, S. YE Milov, N. F. Katanov, N. F. Ostroumov kabi olimlar tomonidan o‘quvchilar hukmiga havola qilingan. Olimlarning asarga bo‘lgan e’tiborining o‘zi ham bu asarning katta ahamiyatga ega ekanligini ko‘rsatib turibdi.

Ayniqsa, ushbu asar milliy kitobatimiz tarixining durdonasi ekanligi bilan ham katta ahamiyatga ega.

Nosiruddin Burxonuddin Rabg‘uziyning (oxirati obod bo‘lsin) “Qisasi Rabg‘uziy” asari Mustaqilligimiz sharofati va bir guruh olimlarimizning sa’y-harakati bilan kitob javonlarimizdan o‘rin oldi. Asarning eng qadimiy qo‘lyozmasi bo‘lmish, XV asrda ko‘chirilgan, Britaniya muzeyida saqlanayotgan nusxaning faksimelisi ya’ni mashhur matnshunos K. Gronbek tomonidan 1948 yili Kopengagenda nashr qilingan faksimile-“Qisasi Rabg‘uziy” kitobini tayyorlovchilar – filologiya fanlari nomzodlari Abdullo Yunusov, Hamidullo Dadaboyev tomonidan asos qilib olingan. “Yozuvchi” nashriyotida 1990 yil chop etilgan kitobga filologiya fanlari doktori, professor Ergash Fozilov so‘zboshi yozgan. Oyatlar, hadislar, arabiy she’rlarni hozirgi o‘zbek tiliga filologiya fanlari nomzodi Yusufxon Shokirov tarjima qilgan.

Biroq, ushbu asarning tili juda murakkab bo‘lib, bugungi kitobxonning tushinishi juda qiyin. Shuning uchun ushbu kitobni qadimiy turkiy tildan bugungi zamonaviy o‘zbek tiliga o‘girib, barcha kitobxonga tushinarli bo‘lishiga intildik. Zero, oradan yetti asarlik davr o‘tgan. Turkiy adabiy tillar, turkiy tilda bunyod etilgan yozma manbalar shakllanish va rivojlanishning murakkab bosqichlarini bosib o‘tgan.

Kitobni o‘qir ekanmiz, Nosiruddin Rabg‘uziy o‘z asarini ayni navro‘zi olam arafasida me’yoriga yetkazgani ham tasodif bo‘lmasa kerak, deb o‘ylaymiz. Chunki, undagi insonlarni bir-birlariga jabr – zulm qilmay, nohaq qon to‘kmay, xarom – xarish ishlarga berilmay, sharm-hayoni e’zozlab yashashga undovchi o‘g‘it va hikmatlari navro‘zi olam kabi bugungi kunda ham o‘z mohiyatini yo‘qotgan emas. Asarda e’tiqod va iymonga sodiqlik, pok axloqning hirsu hasad, qonxo‘rlik, badnafslik ustidan g‘alabasi tasvirlanadi. Qadimiy turkiy so‘z san’atining go‘zal va g‘aroyib obidasida payg‘ambarlar hayoti Sharqning donishmandligi ila go‘zal afsona va rivoyatlar orqali aks etgan.

Rabg‘uziyning kitobida ta’kidlanishicha, Odam Atodan Muhammad alayhis-salomgacha bir yuz yigirma to‘rt ming payg‘ambar o‘tgan. Ba’zi payg‘ambarlar bir davrda zamondosh bo‘lib, yonma yon yashashgan. Masalan, Rabg‘uziy o‘z asarida Muso bilan Xizirni, Muso bilan Xorunni, Muso bilan Lutni, Dovud bilan Ishmuilni, Xizir bilan Ilyosni, Maxaharqiyo bilan Yunusni zamondosh deb tasvirlaydi. Masalan, Rabg‘uziy Ilyos payg‘ambarning hayotini tasvirlaganida shunday suhbatni keltiradi:

  • Sen Jalil tog‘ida turgan Ilyosmisan?-so‘radi Armala.
  • Bale, – javob qildi Ilyos.
  • Men sen aytayotgan so‘z uchun uch yuz yetmish payg‘ambarni o‘ldirdim. Ularning yetakchisi sensan. Men seni o‘ldi deb hisoblayman. Sen o‘z oyoqing bilan o‘limga kelding.

Demak, Rabg‘uziy o‘z asarida ta’kidlashicha, Ilyos payg‘ambar bilan zamondosh uch yuz yetmish payg‘ambar bo‘lgan.

Rabg‘uziyning birinchi kitobida Odam Ato alayhis-salom, Shis alayhis-salom, Idris alayhis-salom, Nuh alayhis-salom, Hud alayhis-salom, Solih alayhis-salom, Ibrohim alayhis-salom, Ismoil alayhis-salom, Is’hoq alayhis-salom, Lut alayhis-salom, Yoqub alayhis-salom, Yusuf alayhis-salom, Muso alayhis-salom kabi o‘n uch nafar payg‘ambar hayoti va faoliyati haqida alohida hikoya qilinadi.

Ikkinchi kitobida esa Muso alayhis-salom, Xorun alayhis-salom, Dovud alayhis-salom, Ishmuil alayhis-salom, Sulaymon alayhis-salom, Maxaharqiyo alayhis-salom, Yunus alayhis-salom, Ilyos alayhis-salom, Jirjis alayhis-salom, Luqmoni raximahullohi, Uzayr alayhis-salom, Zakariyo alayhis-salom, Yahyo alayhis-salom, Iyso alayhis-salom, Zulqarnayn, Muhammad Rasululloh kabi o‘n yetti nafar yalovoch va tarixiy shaxslarning hayoti va faoliyati haqida hikoya qilinadi.

Shuningdek, payg‘ambarlarning zavjasi(xotini) yoki volidasi(onasi) bo‘lgan avliyo, salohiyatli ayollarga ham lutfan alohida sahifalar bag‘ishlagan. Odam Ato yonida Momo Havoni, Ibrohim payg‘ambar bilan Sora raziyallohu anhuni, Ismoil payg‘ambar bilan onasi Bibi Hojarni, Yusuf bilan Zulayhoni, Iysoning volidasi Bibi Maryamni, Muhammad Rasululloh yonida Xadicha raziyallohu anhu va Oyisha raziyallohu anhuni go‘zal tasbehlar bilan aks ettiradi.

Bu ikkala kitobda yigirma to‘qqiz nafar payg‘ambar va tarixiy shaxslar haqida alohida qissalar mavjud bo‘lib, ularning hayoti, faoliyati hadislar, sharqona rivoyatu hikmatlar orqali juda qiziqarli ifoda etilgan. Qur’oni karimdan oyatlar keltirilishi asarning orginalligini oshirgan. Ikkinchi kitobning o‘zida yetti yuzga yaqin oyatu hadislardan misollar keltiriladi.

Shuningdek, rivoyatlar va hikmatlar orqali farishtalar bilan parilarning, obidlar bilan zohidlarning farqi nimadaligi, Ya’juj bilan Ma’juj haqidagi axborotlar asosli va g‘oyat go‘zal ifodasini topgan. Mis, simob, temir, oltin kabi kimyoviy elementlarning kashf etilishi, ishlatilishi ham ushbu soha egalarini, kimyogarlarni qiziqtirishi tabiiy. Kimyoviy elementlarning kitobdagi ifodasi ota-bobolarimiz azal-azaldan ilmu fanga juda qiziqqanligini o‘zida aks ettiradi.

Sharqda Iskandar Zulqarnayn deb tilga olingan shaxsning Aleksandr Makedonskiyga daxldorligi, Zulqarnayn nisbasiga oid talqinlar shunchalar xilma xilki, bu muammo yechimi dunyo olimlarini mudom o‘ylantirib, bahslarga sabab bo‘lib keladi. Chunki, uning tarixiy shaxs va adabiy obraz sifatidagi talqinlari ba’zan bir-biridan keskin farq qiladi, shuningdek, Zulqarnayn nisbasi haqida ham turli xil qarashlar mavjud.

Zulqarnaynga oid ilk manba Qur’oni Karim bo‘lib, “Kahf” surasining 83: 98 oyatlarida u haqida qimmatli ma’lumotlar berilgan. Ushbu muborak manbada Iskandarning avval g‘arbga borib, bir qavmni to‘g‘ri yo‘lga chaqirishi, keyin esa Sharqqa borib boshqa bir qavmni hidoyatga chorlashi ta’kidlanadi. Rabg‘uziy ham Zulqarnayn haqida Qur’oni Karimga asoslanib yozganligi keltirilgan misollaridan ko‘rinib turadi. Masalan: “Zulqarnayn Iskandariya nomli joydan bo‘lgani uchun Iskandar deb ataldi. Zulqarnayn ham unga keyinchalik berilgan nom bo‘lib, yer yuzining mag‘ribidan mashriqigacha bosib olib, bo‘yinsundurgani uchun shunday ataldi. Qarn arab tilida muynuz(munguz, shox) demakdir. Ikki muynuzlik degan ma’noni anglatadi. Zulqarnayn boshidagi kiyimi(dubulg‘asi)da oltindan ikkita shox bor edi. Mavlo Taolo unga payg‘ambarlik yubordi. Urdilar shoxlari sindi. Yana aytishlaricha, u ikki qarnli bo‘lib yashagan edi. Yana uning payg‘ambarligiga ham ixtiloflar bor. Ba’zilar payg‘ambar edi dedilar, ba’zilar Olloh yorliqagan malik edi dedilar.

”Kahf” surasidagi bu oyatni dalil qilib keltiradilar:”Darhaqiqat, Biz unga (Zurqarnaynga) bu Yerda saltanat-hukmronlik berdik va (ko‘zlangan) barcha narsasiga yo‘l imkoniyat ato etdik”(18: 84)”.

Rabg‘uziy o‘zi yozgan so‘z boshida mengacha payg‘ambarlar qissasi ko‘p yozilgan ularndan o‘tib biror narsa deyishim qiyin deb ma’lumot beradi va kamtarligini ham namoyon etadi. Bitta shu jumlaning o‘zi ham ajdodlarimizning ilmga bo‘lgan e’tiborini anglatadi.

Rabg‘uziy Muhammad Rasululloh hayoti va faoliyatini go‘zal qahramonliklarning namunasi qilib ko‘rsata olgan. Shuningdek, asarda Muhammad payg‘ambar Hindistonga musulmonlikni qabul qilishlari uchun xat jo‘natgani ta’kidlanadi. Diplomatik aloqalarga ham o‘rin beradi.

Tabiiyki, asar tilida mavjud bo‘lgan so‘zlarning ayrimlari bugungi kitobxon uchun tushunarsiz. Vaqt o‘tishi, turli ijtimoiy-siyosiy voqealarning sodir bo‘lishi natijasida turkiydagi ba’zi so‘zlar o‘z umrini yashab bo‘lgan va iste’moldan chiqib ketgan. Masalan: ud, uy-sigir; to‘ra – qonun-qoida; uv – uy, joy kabi so‘zlar.

Shu bilan bir qatorda hayot sinovlariga bardosh bergan va bugungi kunda ham tilimizda faol qo‘llanilayotgan juda ko‘p so‘zlar Rabg‘uziy yozib qoldirgan bebaho durdonaning har bir satrida uchraydi. Masalan, tishi-xotin so‘zi respublikamizdagi ba’zi viloyatlarning shevasida hali ham ishlatiladi.

Tirguk-tirgavuch. Xorazm shevasida u tirgak deb hozir ham ishlatiladi. Rabg‘uziy qo‘llagan ushoq so‘zi kichik, mayda-chuyda degan ma’noni anglatadi. Bu so‘z Xorazm shevasida bugungi kunda jussasi kichkina bolalarga nisbatan ham ishlatiladi. Har holda qadimiy ushbu so‘zlar bugungi kunda o‘z mohiyatidan uzoqlashmagan. Sizloq – so‘zi asarda tish og‘rig‘i ma’nosida ishlatilgan. Bugungi kunda ham qattiq og‘riqli yaraga sizloq, sizlovuq deyiladi. Asarda takya qilmoq ya’ni yostiqqa suyanmoq so‘zi mavjud. Xorazm shevasida taka so‘zi bugun ham yostiq ma’nosida ishlatiladi. Tangmoq-o‘ramoq; navmid-umidsiz, noumid; iya-ega, sohib; xarbuz-tarvuz; chanoq-yog‘och idish, tovoq; og‘-to‘r, tuzoq; daf(dap)-doira; sichak (secha) – chumchuk; ovuch-kaft, hovuch; kirpich – g‘isht; ashoq-past; avlo-yaxshiroq, afzalroq; kezik(gazik)-navbat; qo‘ndog‘lab-yo‘rgaklab; yurtug‘ (yirtiq kiyim – kechak)-teshik; o‘kcha-tovon; amurd (almurd)-nok; buz-muz. Xorazm shevasida bu so‘zlar bugun ham aynan shu ma’noda ishlatiladi.

Ko‘kilamoq-rashk qilmok; yozilamoq-yozilmoq; bag‘irsoq-rahmdil, oq ko‘ngil; isurmoq-mast, kayf. Bu so‘zlar ham hozir ko‘pgina shevalarda ishlatiladi.

Shuningdek, o‘z mazmun – mohiyatidan biroz uzoqlashgan so‘zlar ham mavjud. “Bodiya” so‘zi asarda-cho‘l, dasht, sahro, biyobon ma’nosida ishlatilgan. Xorazmda palov yeydigan maxsus idishni bodiya deb yuritishadi. Asarda “arig‘” so‘zi pokiza, sof ma’nosida ishlatilgan. Xorazmda bugun bu so‘z ozg‘in, nimjon ma’nosida ishlatiladi. Asarda “yobon” so‘zi cho‘l biyobon ma’nosida ishlatilgan. Xorazmchada bugun u yovon deb ishlatiladi. Cho‘l, biyobondan tashqari qishloq ma’nosini ham anglatadi.

Asarning til nuqtai nazaridan yana bir qimmatli tomoni bor. Bugungi kunda o‘zbek tilida ishlatilayotgan astronomik, jo‘g‘rofiy va boshqa yo‘nalishdagi terminlarning qadimgi ekvivalentini topsa bo‘ladi. Masalan, ruxom-marmar tosh; rishvat-pora; savma’a – xristianlar ibodatxonasi, monastr; qushlug‘ oshi-nonushta.

Ajdodlarimizning ilm sohasidagi ildizlari chuqur ekanligini anglatadigan so‘zlar ham mavjud. Aqron-sayyora; baqir-mis; Saqit – Zuhra, Venera; tuch-bronza.

Xulosa qilib aytish mumkinki, Rabg‘uziyning payg‘ambarlar haqidagi qissalari ham badiiylik, ham til nuqtai nazaridan katta e’tiborga loyiq yozma yodgorlikdir. Unda qadimiy qadriyatlarimiz ila sharq falsafasi uyg‘unlashib ketgan. Masalan, birinchi kitobdan o‘rin olgan as-samovati-Samoning siyrati, Sifati al-arazna-Yer siyrati qismi bilan tanishsangiz, rivoyatu hikmatlar dunyoviy ilmlarga ham uyg‘unligini his etasiz. Bugungi fanda ham yer turli qatlamlardan iborat ekanligi aytiladi va har birining o‘z nomi bor. Bu asarda ana shu yer qatlamlarining kadimgi nomlaridan ogoh bo‘lish mumkin.

Bu asar XIV asrning boshida yaratilgan bo‘lsada, hamon o‘z ahamiyatini yo‘qotmagan. Sharqona falsafamizga, milliy qadriyatlarimizga hamoxang asar o‘z go‘zalligi bilan dillarni ravshanlashtiradi.

Asarning birinchi kitobidagi “Bayt. Bahoriyot. Mavlono Nosiruddin Rabg‘uziy:” sarlavhali she’ridan navro‘zi olam o‘sha davrlarda ham qadrli kadriyat bo‘lganini anglaymiz:

Kun hamalga kirdi ersa keldi olam navro‘zi,

Kechdi bahman, zamharir qish qolmadi qori buzi.

Bu misralarda zamharir qish kechdi, buz(muz) va qor ham ketdi, bahman (ilk bahorda keladigan qattiq sovuq) kechdi, hamal kelib navro‘zi olam o‘zligini namoyon qildi, deyilmoqda.

Darhaqiqat, bu kitob sharqona qadriyatlarimizga hamohang. Rivoyat va hikmatlar esa xalqimiz hayotining mazmun-mohiyatini, ezgulik, yahshilik, mehr-oqibat ila yashashga intilishini anglatadi. Payg‘ambarlar haqidagi rivoyatlarning har birida esa katta hikmat bor. U ezgulikka, diyonatga, imonli bo‘lishga chorlaydi.

Hurmatli kitobxon, quyida sizga chuqur hurmat va ehtirom bilan birinchi kitobning Odam Ato haqidagi qissani e’tiboringizga havola etamiz.

 

Ra’no Zaripova,

O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist

Nodira Sa’dullayeva,

Toshkent davlat sharqshunoslik instituti o‘qituvchisi

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.