Innovatsion g‘oya: Sog‘liqni saqlash vazirligi tashabbusi bilan har bir mahallada “SALOMATLIK MAKTABI” tashkil etiladi

0
192
marta ko‘rilgan.

Sog‘liqni saqlash vazirligi tashabbusi bilan barcha mahallalarda sog‘lom turmush tarzini mutlaqo yangicha tartib va ta’sirchan usullarda targ‘ib qiluvchi “Salomatlik maktablari” tashkil etilmoqda.

Mazkur maktablar Sog‘liqni saqlash vazirligi, Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha respublika kengashi, O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi, Maktabgacha ta’lim vazirliklari va O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’lim markazining “Aholini maqsadli patronaj bilan qamrab olish, ularda tibbiy madaniyatni shakllantirish hamda oila va ta’lim muassasalarida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etish to‘g‘risida”gi qo‘shma qarori ijrosi doirasida shakllantirilmoqda. Shu bois, ushbu maktablar faoliyatiga Sog‘liqni saqlash vazirligi bilan bir qatorda yuqoridagi tashkilotlar ham mas’ul etib belgilandi.

 — “Salomatlik maktablari”ning asosiy vazifasi tibbiy madaniyatni oshirish, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etish, kasalliklarning oldini olish va reproduktiv salomatlikni muhofaza qilishga qaratilgan birlamchi profilaktika ishlarini keng jamoatchilik orasida olib borishdir, — deydi sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari Elmira Basitxanova. —Ushbu maktablaring o‘ziga xos jihati shundaki, bunda hisobot va ma’lumot yozish kabi qog‘ozbozlik ishlaridan chekinilib, asosiy diqqat-e’tibor aholi orasida sog‘lom turmush tarzini ta’sirchan va samarali usullar orqali targ‘ib qilishga qaratiladi. Ayni paytda Sog‘liqni saqlash vazirligi “Salomatlik maktablari” faoliyatini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha yo‘riqnoma ishlab chiqdi. Shuningdek, bu yo‘nalishda amalga oshirilishi rejalashtirilgan targ‘ibot tadbirlar dasturi tayyorlandi. Loyihadan kutilgan natijaga erishishda mutaxassislarning malaka va mahoratini oshirish muhim ahamiyatga ega. Shu maqsadda Sog‘liqni saqlash vazirligida doimiy videoanjumanlar tashkil etilib, sohaga oid yangiliklar, patronaj ishlari bo‘yicha yangicha uslublar mutaxassislarga yetkazilmoqda.

“Salomatlik maktablari” har bir mahallada jamoatchilik asosida faoliyat yuritadi. QVPlar, qishloq va shaharlardagi oilaviy poliklinikalarning umumiy amaliyot vrachlari, patronaj hamshiralar, mahalla faollari, ta’lim muassasalarining ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha mas’ul xodimlari, jismoniy tarbiya o‘qituvchilari, ta’lim muassasalari shifokorlari hamkorlikda mazkur jamoat tuzilmasiga birlashib, oilalarda, aholi orasida, ta’lim muassasalarida o‘quvchi yoshlar orasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etadi.

Sog‘liqni saqlash vazirligi Axborot xizmati

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.