O‘zbekiston biznes uchun eng qulay sharoitlar yaratish bo‘yicha yetakchi 10 ta islohotchi davlat qatoriga kirdi

0
115
marta ko‘rilgan.

Jahon banki va Xalqaro moliya korporatsiyasining (XMK) «Biznesni yuritish 2018» yangi reytingida O‘zbekiston 74-o‘rinni egalladi.

2017 yilning 31 oktyabrida e’lon qilingan «Biznesni yuritish 2018: ish o‘rinlarini yaratish uchun islohotlar» hisobotiga ko‘ra, O‘zbekiston 190 davlat orasida 74-o‘rinni egalladi va o‘tgan yilga nisbatan o‘z reytingini 13 pozitsiyaga yaxshiladi.

Qolaversa, mamlakat biznes yuritish uchun eng qulay sharoitlar yaratish bo‘yicha islohotchi davlatlarning birinchi o‘ntaligiga kirishga muvaffaq bo‘ldi. Amalga oshirilayotgan islohotlar O‘zbekistonning ishbilarmonlik muhitini yaxshilash va biznes yuritish sharoitlarini soddalashtirish bo‘yicha yevropa va Markaziy Osiyo mintaqasi davlatlari orasida yetakchiga aylanishiga imkon berdi, deb xabar qilmoqda O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi axborot xizmati.

Jahon bankining «Biznesni yuritish 2018» hisobotidagi 10 ta indikatorning 6 tasi bo‘yicha sezilarli o‘sishning qayd etilganligi ham ishbilarmonlik muhitini yaxshilash borasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar ko‘lami va natijadorligidan darak bermoqda. 

Tadbirkorlik sub’ektlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish va hisobga qo‘yish tizimining tubdan takomillashtirilgani tufayli O‘zbekiston korxonani ro‘yxatdan o‘tkazish ko‘rsatkichi bo‘yicha 11-o‘rinni band etdi. Bu yo‘nalish bo‘yicha mamlakat AQSh, Yaponiya, Fransiya, Germaniya, Italiya, Ispaniya, Daniya va boshqa rivojlangan davlatlarni ortda qoldirdi. 

2017 yilning 1 aprelidan boshlab mamlakatda tadbirkorlik sub’ektlarini onlayn ro‘yxatdan o‘tkazish tizimi ishlay boshladi, unga ko‘ra ro‘yxatdan o‘tish jarayoni avvalgi ikki ish kuni o‘rniga atigi 30 daqiqani band etmoqda. Tadbirkorlik sub’ektini ro‘yxatdan o‘tkazish jarayoni onlayn tarzda to‘ldiriladigan ariza asosida amalga oshirilmoqda. Bunda ariza beruvchiga mazkur tizim orqali ta’sis hujjatlarini o‘z ixtiyoriga ko‘ra namunaviy shakllar asosida rasmiylashtirish imkoni beriladi. 

Joriy yilning 9 oyi davomida o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 1,3 marta ko‘p kichik biznes sub’ektlari tashkil etilganining o‘ziyoq mamlakatda biznes ochishning oson ekanligidan dalolat beradi.

2016 yilning 1 yanvaridan boshlab tadbirkorlik sub’ektlarini elektr tarmoqlariga foydalanishga tayyor holda ulash tartibining joriy etilganligi bu jarayonda bevosita tadbirkorlik sub’ektlari ishtirokini talab etadigan ma’muriy tartib-taomillarni soddalashtirish va qisqartirish imkonini berdi. Avvallari elektr ta’minoti tizimiga ulanish uchun tadbirkorlik sub’ektlari 7-10 idoraga borishlari talab etilgan bo‘lsa, bugunga kelib buning uchun “yagona darcha” markazlariga birgina ariza bilan murojaat qilish kifoya. Qolgan qadamlar – texnik shartlar tayyorlashdan to tarmoqqa ulashgacha – barchasi hududiy elektr tarmoqlari korxonalarining maxsus xizmatlari tomonidan ariza beruvchilar ishtirokisiz amalga oshiriladi.

Natijada elektr tarmoqlariga ulanish ko‘rsatkichi bo‘yicha O‘zbekiston 56 pog‘ona yuqorilab, reytingda 27-o‘rinni egalladi hamda bu indikator bo‘yicha AQSh, Niderlandiya, Yangi Zelandiya, Ispaniya, Latviya, Turkiya, Qozog‘iston, Kanada, Isroil kabi mamlakatlardan o‘tib ketdi. 

2016 yildan boshlab tadbirkorlik faoliyati uchun tanlov asosida yer maydonlari ajratish tartibining amaliyotga joriy etilishi tufayli qurilishning barcha bosqichlarida – loyiha hujjatlarini tayyorlash bosqichidan to ob’ektlarni ishga tushirguncha bo‘lgan jarayonlarda ruxsatnomalarni rasmiylashtirish tartiblari sezilarli darajada soddalashdi. Natijada yer uchastkalarini olish va qurilishga ruxsatnomalarni rasmiylashtirish uchun talab etiladigan tartib-taomillar soni 23 tadan 17 tagacha qisqarib, bu qurilishga ruxsat olish ko‘rsatkichi bo‘yicha mamlakat reytingining 12 pog‘onaga yaxshilanishiga xizmat qildi.

Soliq ma’muriyatchiligini soddalashtirish va tadbirkorlik sub’ektlariga soliq yukini qisqartirish masalalari – mamlakat rahbariyatining doimiy diqqat markazida. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi prezidentining 2017 yil 18 iyuldagi “Soliq ma’muriyatchiligini tubdan takomillashtirish, soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlarning yig‘iluvchanligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoniga muvofiq, soliq ma’muriyatchiligi jarayoniga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish, soliq to‘lovchilarga, eng avvalo, tadbirkorlik sub’ektlariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqotsiz elektron xizmat ko‘rsatishga to‘liq o‘tish soliq tizimini isloh etishning muhim yo‘nalishlarining birinchisi sifatida belgilandi. 

Soliq hisobotlarini topshirishning to‘liq elektron shakliga o‘tganligi hamda soliqlarni masofadan to‘lash amaliyotining kengayishi soliqqa tortish ko‘rsatkichi bo‘yicha mamlakat reytingining sezilarli yaxshilanishiga sabab bo‘ldi (138-o‘rindan 78-o‘ringa). «Biznesni yuritish» jamoasi ekspertlari baholariga ko‘ra, O‘zbekistondagi tadbirkorlik sub’ektlariga soliq yuki darajasi AQSh, Avstraliya, Germaniya, Shvetsiya, Turkiya, Xitoy va Rossiya kabi davlatlardagidan ancha pastdir. 

«Yagona darcha» markazlari orqali amalga oshiriladigan mulkni ro‘yxatga olish ko‘rsatkichi bo‘yicha O‘zbekiston o‘z mavqyeini mustahkamlab, jahon reytingida 73-pog‘onani band etdi.

Shu o‘rinda, tadbirkorlik sub’ektlariga «yagona darcha» tamoyili bo‘yicha davlat xizmatlari ko‘rsatish yagona markazlari faoliyatining samaradorligini alohida qayd etib o‘tish zarur. Ularning faoliyati ruxsatnomalar va litsenziyalarni rasmiylashtirishning oshkoraligi va tezkorligini ta’minlash, davlat organlari o‘rtasida o‘zaro hamkorlikning elektron shakllarini joriy etish, qolaversa, byurokratik to‘siqlar va ariza beruvchilarning moliyaviy xarajatlarini sezilarli darajada qisqartirish imkonini bermoqda. Ijobiy tajribani inobatga olgan holda 2017 yilda faqat «yagona darcha» markazlari orqali ko‘rsatiladigan davlat xizmatlari soni 2 martaga – 16 tadan 34 tagacha oshirildi. 

Davlat xizmatlari ko‘rsatish tizimini takomillashtirish bilan birga, investorlar huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishni kuchaytirish borasida ham faol ishlar olib borilmoqda. Korporativ boshqaruvning ochiqligi va aksiyadorlik jamiyatlari faoliyati to‘g‘risidagi, jumladan, jamiyatning ijro organi, kuzatuv kengashi va taftish komissiyalari a’zolariga hisoblangan va to‘langan to‘lovlar haqidagi ma’lumotlarni oshkor etishga bo‘lgan talablarning kuchaytirilganligi O‘zbekistonga «Minoritar investorlar himoyasi» indikatori bo‘yicha 62-o‘ringa ko‘tarilib olish imkonini berdi.

Yakunda O‘zbekiston korxonani ro‘yxatdan o‘tkazish (11-o‘rin), elektr tarmoqlariga ulanish (27), shartnomalar ijrosini ta’minlash (39), kreditlash tizimi (55), minoritar investorlar himoyasi (62), mulkni ro‘yxatdan o‘tkazish (73) va soliqqa tortish (78) yo‘nalishlari bo‘yicha jahonning birinchi 100 mamlakati qatoridan joy oldi.

«Biznesni yuritish 2018: ish o‘rinlari yaratish uchun islohotlar» ma’ruzasi Jahon banki guruhi yillik nashrining 15-soni hisoblanib, unda tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish sohasidagi tartibga solish normalari baholab boriladi. Tadbirkorlik faoliyati uchun qulay sharoit yaratish bo‘yicha jahon reytingini Yangi Zelandiya boshqarmoqda. Shuningdek, kuchli beshlikdan Singapur, Daniya, Koreya Respublikasi va Hongkong (Xitoy) joy olgan.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.