Urganchdagi qasrlar farovonlik timsoli

0
297
marta ko‘rilgan.

Urganch shahridagi 35 ta mahallaning teng yarmini namunaviy mahallaga aylantirish bo‘yicha qurilish va obodonlashtirish ishlari olib borilmoqda.

Ularning biri “Yoshlik” – ko‘chasidir. “Yoshlik” ko‘chasining zamonaviy me’moriy uslubi ko‘zni qamashtiradi desak xato bo‘lmaydi. Mazkur ko‘cha o‘rnida uch-to‘rt yil burun pastqam eski turar – joylar mavjud edi. Qisqa davrda uning qiyofasi tubdan o‘zgardi. Bu yerda kottej tipidagi turar-joylar bilan birga “Yoshlik” sport majmuasi, Turizm va mehmonxona xo‘jaligi kasb-hunar kolleji, bolalar bog‘chasi, 2-son bolalar musiqa va san’at maktabi, bir-biriga uyg‘un namunali turar-joylar qurildi. Bu yerda bunyodkorlik bosqichma bosqich amalga oshirilayapti. “Yoshlik” ko‘chasidagi turar-joylarning aksariyati auksion asosida aholiga sotildi va bir xil me’moriy loyiha asosida qurish sharti bilan berildi. Hozir bu yerda bir yuz yigirma sakkiz xonadon istiqomat qilayapti. Turar-joylar ikki qavatli kottej uslubida bo‘lib, uning birinchi qavati maishiy xizmat ko‘rsatish shaxobchalari uchun mo‘ljallangan. Ularning birida muzqaymoq sotilsa, birida kompyuter tuzatish ustaxonasi, yana birida maishiy asbob – uskanalar tuzatish ustaxonasi yana birida shirin pishiriqlar do‘koni, go‘zallik saloni, to‘y liboslari saloni joylashgan. Xullas, bu shaharcha odamlari o‘ziga kerak barcha narsani shu yerning o‘zidan topishlari mumkin. Shuningdek, har bir xonadon egasi tadbirkorlik bilan shug‘ullanish imkoniyatiga ega. Bu esa oilalarga qo‘shimcha daromad, qut-baraka olib kelmoqda

Xorazmliklar urfu odatiga ko‘ra kechki mahalda eshigi oldiga suv sepib yurgan ayol bilan salomlashdik. U uyiga taklif qildi. Uy bekasi Zulayxoning besh farzandi bo‘lib, eri Shavkat Solayev quruvchi ekan. Zamonaviy tipda qurilgan xonalarni bir-bir aylanib chiqib orqa hovliga chiqdik. Hovlida sozanda Xushnud Solayevga duch keldik. Ikki aka-uka yonma-yon uy olgan bo‘lib, o‘rtada devor qurishmagan ekan.

– Termiz ko‘chasida eski ko‘p qavatli uylarda yashaganmiz, uning yonida bu uyimiz jannatga o‘xshaydi. Birinchi qavatda muzqaymoq sotadigan do‘kon ochdim. Bu xam oilamga qo‘shimcha daromad keltiryapti. Bu yerdagi har bir xonadonda ana shunday imkoniyat bor. Ko‘rib turibsiz uylarning tashqi qiyofasi bir xil, uyning ichki xonalarini esa har kim o‘zining didi va oilasining talabiga qarab qurishga ruxsat berildi. Ko‘chamizda “Yoshlik” sport majmuasi va Turizm va mehmonxona xo‘jaligi kasb-hunar kolleji joylashgan. Bular bolalarimiz ta’lim-tarbiyasida bizga qo‘l kelishiga aminman. Biz yashashga qulay va so‘lim ana shunday mahallada yashayotganimizdan juda xursandmiz, – deydi Xushnud Solayev.

Uyimiz yonida “Yoshlik” sport majmuasi borligi bizning, bolalarimizning baxti degim keladi. U yerda sportning barcha turlari bo‘yicha to‘garaklar mavjud ekan… – deydi xonadon sohibasi.

Bizga tikilib suhbatlarimizni qiziqish bilan eshitib turgan qizcha Ozodaxon etiborimni tortdi. U 28-maktabning 6-sinfida tahsil olar ekan. “Umid nihollarida qatnashdingmi?, – so‘radim undan. “Bu safar qatnashmadim. Kelgusi safar albatta qatnashaman. Bu tadbir uyimizning yonida bo‘lib o‘tdi. Qiziqib tomosha qildim. Badiiy gimnastika bilan suv sportiga qatnashishni orzu qilyapman, u esa yonimizdagi sport majmuasida mavjud ekan.-deydi u.

Orzulari bir olam bu oila bilan xayrlashar ekanmiz, xonadon obodligi, to‘kinligi, orzularning qanot qoqishi mamlakatimizdagi ijtimoiy-siyosiy barqarorlik ifodasi ekanligini yuragimizdan his qildik.

“Yoshlik” sport majmuasi. Ushbu maskan Urganch shahrining ijtimoiy infratuzilmasini yaxshilash va arxitektura qiyofasini o‘zgartirish maqsadida bunyod etilgan maskanlardan yana biri bo‘lib, uni “Sport shaharchasi” deb nomlasak ham bo‘ladi. Zero, bu inshoat 10 gektar yerni egallaydi. Atrofi bog‘-rog‘larga burkangan. Majmua – shaharchada 1 ta yopiq sport maneji, 2 ta yopiq sport zallari, 1ta yopiq suzish havzasi va yozgi stadionlar barpo etildi. Unda gimnastika, suv sporti, boks, tennis, voleybol, futbol, og‘ir va yengil atletika, milliy kurash, dzu-do, yunon-rum kurashi, trenajyor zallari uchun alohida alohida yozgi va qishqi mashg‘ulot zallari mavjud. Har bir bino sportning qay bir turiga mo‘ljallangan bo‘lsa shunga moslashtirib bezatilgan.

Majmuaning bosh maydoniga “Sport – tinchlik elchisi” deb yozilgan. Yana shuni alohida ta’kidlash kerak – ki. ushbu shaharchada go‘zal yashil maydon yaratilgan. Xorazmda yerning sho‘rlik darajasi kuchli, ekin-tikin, bog‘-rog‘ yaratish qiyin. Bu yerdagi manzarali yashil maydonlarni barpo etish uchun ularning tuprog‘i yuzasi bir metr olib tashlanib, serhosil dalalarning serunum tuprog‘i bilan almashtirildi. Bu yerda 42,2 milliard so‘mlik bunyodkorlik va obodonlashtirish, ko‘kalamzorlashtirish ishlari bajarildi.

U yerda suzish bo‘yicha trener Shavkat Xo‘jayev bilan suhbatlashdik, u bu yerga Toshkentdan taklif etilganligini faxr bilan gapirdi.

– Toshkentda ishlagan ekansiz poytaxt basseynlari bilan bellasha oladimi? – so‘radik undan.

– Inshoat Germaniya mutaxassislarining loyihasi asosida qurilgan. Ularning mas’uliyatli xalq ekanligini jahon tan oladi. Suv havzasiga kelsak, yuring o‘z ko‘zingiz bilan ko‘ring, mana bu hovuz suvini isitish va tozalash xonasi. Hovuzdagi suv shu yerdan boshqariladi. Unga besh xil modda qo‘shiladi. Suv nihoyatda tiniq bo‘lishi kerak, sportchilarning mashqlari, suv ostidagi har bir nozik harakati ko‘rinib turishi lozim. Bu borada jahon talablariga javob beradi. Bu yerdagi birinchi musobaqa – “Umid nihollari” ishtirokchilarining bellashuvi bo‘ldi. Urganchlik sakkiz nafar o‘spirin yigit – qizlar g‘oliblar safidan o‘rin oldi. Ular orasida Madina Ibrohimova, Dilafro‘z Sayidova, Komila Qalandarova, Mexriniso Qo‘ziyeva, Denis Galkin, Muhammad Abduraimov, Jalolidddin Shavkatov va Javohir Shaxnazarovlar bor. Ularni kuzatib mashqlarini muntazam davom qildirsa, jahon arenalarida javlon uradi, degan umiddaman. Men viloyatimiz yoshlari bilan faxrlandim. – deydi u.

Yangidan bunyod etilayotgan Yoshlik ko‘chasining bir qismi “Mash’al” mahallasiga tegishli. Ushbu ko‘chaning orqa tomonida ham xuddi shunday yana bir yangi ko‘chada bir-biriga uyg‘un uylar bunyod etilyapti. Ichki ko‘chadagi uylarda maishiy xizmatga rejalashtirilgan xonalar yo‘q, xalos.

Yangidan bunyod etilayotgan Yoshlik ko‘chasining ichki tomonlari “Temir yo‘lchilar” mahallasiga qaraydi. Bu mahallada yana bir ko‘cha “G‘alaba” ko‘chasi qaytadan bunyod etildi. Bu yerda 19ta ko‘p qavatli turar-joy namunali tipda qurildi. Bu ko‘chani ko‘rganimda bolaligim esimga tushdi. Yoshligimizda tandirlar ko‘cha yuziga qurilardi. Goh u uy yonidan goh bu uy yonidan non hidi ufirib turardi. O‘tgan ketganga “non tuzini totib keting”, deya mulozamat qilinardi. Mahalladagi keksalarga, yotgan bemorlarga issiq non olib kirilardi. Bu yerda ana shu qadriyat qayta tiklangandek tuyuldi menga. Ikkita uyga bitta novvoyhona qurilgan. Novvoyxonaning atrofi gulzorga aylantirilgan, dam olib o‘tiradigan yoz kezlarida muzqaymoq yeb suhbatlashib dam oladigan joylari ham mavjud bo‘lib, ushbu imkoniyatlarga havasingiz keladi. “Bu massivda o‘nta novvoyxonamiz bor. Bu mahallamiz ahli uchun yangi ish o‘rinlari ham desak arziydi. Ko‘rib turibsiz tandirlar ham ikkita birida non yopilsa, birida samsa yopiladi”. – deydi mahalla mas’ul kotibi Muyassar Polvonova. Shuningdek, mahalla uchun qurilayotgan bino ham shu yerda joylashgan ekan. Bu avvalgi mahallaga qiyoslasak butunlay o‘zgacha qiyofada, zamonaviy loyiha asosida qurilgan. “Bu yerda mahalla idorasi, militsiya tayanch punkti, turli xil o‘quv markazlari joylashgan. Mahalla bolalariga turli tasviriy san’at, tikuvchilik, to‘quvchilik, duradgorlik kabi turli xil hunarlar o‘rgatilishi ko‘zlangan. Yonida futbol va basketbol maydonchalari sport maydonchalari ham mavjud. Bu mahallamiz bolalarini sog‘lom durkun o‘sishiga va bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazishiga yordam beradi, – deydi Muyassarxon.

Shahardagi “Jingavuz” mahallasi viloyatda o‘tkazilgan “Eng namunali fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organi” tanlovda g‘olib bo‘ldi. Bu mahallada ham faqat ko‘p qavatli uylar joylashgan. Mahallaning o‘ziga xos tomoni shundaki, o‘z duradgori, o‘z novvoyi, o‘z tikuvchisi, o‘z to‘quvchisi bor. Bu mahalla patent olib ishlayotgan hunarmand-tadbirkorlar juda ko‘pligi bilan ajralib turadi. Shuning uchun bu mahallada tarbiyasi og‘ir bolalar, jinoyat sodir etgan bolalar, ichki ishlar ro‘yxatida turgan jinoyatchilar yo‘q. Eng namunali mahallalardan biridir.

Bu mahallaning o‘ziga xos tomoni shundaki, yaqin-yaqingacha axlatxona bo‘lib yotgan tashlandiq yerlar o‘zlashtirilib, sport maydonchalari, bolalar maydonchalari mahalladoshlarining kuchi bilan bunyod etildi. Mahalla atrofi ham turfa gullar bilan o‘rolgan bo‘lib, mo‘jazgina bog‘larni eslatadi.

Shahar bilan bellashayotgan qishloqlar

Yuqori do‘rman. Urganch tumanidagi Yuqori do‘rman qishlog‘ida 50ta uy foydalanishga topshirilib, uning har biri 2014 yilda 112 million so‘mdan narxlangan bo‘lib 15 yilga kreditga berildi.

– Uyimiz Urganch shahridagi Guzar ota maqbarasi yonida bo‘lib, eski uylar edi, mahallamiz buzilib ketdi. Mahalladoshlarimning barchasiga uy qurilishiga yer ajratishdi, hamda 70-80 milliondan mablag‘ berishdi. Ammo, uy qurishning o‘zi bo‘ladimi!. Ko‘p qavatli uylarda yashashni taklif etishdi. Biz shahar bilan yonma – yon joylashgan Yuqori Do‘rman qishlog‘idagi namunali uylardan ajratishni hokimiyatdan iltimos qildik. Nafaqaga chiqishimda menga shunday go‘zal va shinam tayyor uy nasib qiladi deb hech o‘ylamagan edim. Bir o‘g‘limiz va ikki qizimiz bor, erim shofyor. Ikkala qizimni uzatganman. Ko‘nglim tinchib maza qilib yashayapman. – deydi mamnunlik bilan Zamira Bekchanova.

– Biz ham shahardan ko‘chib keldik. Bu uy bankda ishlaydigan o‘g‘limga Umrbek Yusupovga berildi. Yosh oila sifatida o‘g‘limga rasmiylashtirilgan uyda o‘g‘lim, kelinim va nevaralarim bilan yashaymiz. Qurilish boshlanganida 25 foyizini to‘ladik. Qolganini 15 yil davomida to‘laymiz. Eng asosiysi bunday uyni qurish oson emas. Qurilish materiallari juda qimmat. Agar o‘zim uy qurganimda bunday narxga shunday go‘zal uyni yigirma yilda ham qurib tugata olmasdim. Yangi uyning pulini birgalashib to‘layapmiz.” – deydi Otaboy Yusupov.

– Men yurtimiz rahbarlaridan juda minnatdorman. Bu uylar yurtboshimiz ta’kidlagan so‘zlarning ya’ni shahar bilan qishloqning borib-borib farqi qolmaydi. Aksincha qishloq afzal bo‘lib boradi, deganlarining aynan isbotidir” – deydi erining so‘zini qo‘llab quvvatlab Zulfiya Yusupova.

Xuddi ana shunday uylar Xorazmning har bir tumanida, har bir qishlog‘ida qurilmoqda. Masalan, Xiva tumanining “Shomaxulun”, “Julyon”, “Sayot”, “Eskiqiyot” qishloqlarida qator na’munali uylar qurilib foydalanishga topshirildi. Xonqadagi “Olaja” qishlog‘ida “Istiqlol” nomli yangi mahalla bosqichma bosqich bunyod qilindi

Rejalar, loyihalar, ulug‘vor qurilish maydonlari bilan tanishar ekanmiz, shunday xudosaga keldik: ijtimoiy-siyosiy barqarorlikka erishilgan mamlakatdagina iqtisodiyot baravj rivojlanadi, yurt obodligi, xalq farovonligi yo‘lidagi sa’y-harakatlar ko‘zlangan natijalarni beradi.

Ra’no ZARIPOVA,

O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.